Rasul otaning qo‘lidan choy ichib turgan piyolasi yerga tushib ketdi. Tilla suvi yugurtirilgan, maxsus buyurtma bilan yasalgan paxta gulli piyola polda ikki bo‘linib sinib yotardi. U aravachasida turib siniqlarga tikilgancha, barmoqlarini ochib-yopib harakatlantirishga urindi. Rasul ota qo‘llari ham bo‘yinsunmay qo‘yganini his etish dahshati bilan yolg‘iz qolgandi.
— Keyingi navbat qayerimga? Yurakkami?- o‘z o‘ziga gapirdi.
Rasul otaga qarab turuvchi Munira opa tezgina yetib keldi.
— Nima bo‘ldi, bova? Qo‘lingiz kuyib qolmadimi?
Bu mehribon, kuyunchak ayoldan Rasul ota minnatdor edi. “Qarigan chog‘imda yaxshiyam shunday insofli odamlarga kunim qolgan,- xayolidan o‘tkazardi u- yaxshiyam. O‘z bolamga malol kelayotgan bir paytda, nimadir evaziga bo‘lsa ham bu mehribonchilik baribir yaxshi. Kimdir mehrga zor kimdir pulga. Azaliy dunyo qonuni- bir-birimizning kemtigimizni to‘ldirib yashab ketaverarkanmiz.
Lekin bir narsa og‘ir. O‘limingni boshqalarga qo‘shilib o‘zing ham kutishing va qiladigan ishing qolmaganini bilib yashashda davom etish… ham zerikarli. Oxirgi vaqtlar otam ko‘p tushimga kiryapti. U xotiramda o‘sha 30 yoshlar atrofidagi yosh, baquvvat, ishchan holda muhrlanib qolgan. O‘zi ham shunday paytida to‘satdan ayrilib qolgan edik. Hech kutilmaganda bo‘lib o‘tgan barisi. Menimcha, odamni qancha yil yashagani bilanmas, qanday yashagani bilan umrini o‘lchash kerak. Otam yosh ketdi, ammo ko‘p ishlar qilishga ulgurdi. Bir baxti ham shu ekan uning. Chaqmoqdek yonmoq, zulmatni yoritib, o‘z olovida o‘zi yonib yo‘qolmoq. Bir umr sudralib, tutab o‘tgandan ko‘ra shu yaxshi ekan.
— Qo‘lim aytganni qilmay qo‘yyapti. Qaridik. Endi birin-ketin har joyimiz “ish tashlash” e’lon qilaveradi.
— Bugun duxtir kelishi kerak edi. Ko‘rikdan o‘tadigan paytingiz bo‘ldi. Unga qayeringiz bezovta qilayotgan bo’lsa ayting, dori yozib beradi, tuzalib ketasiz.
— Aytaylik- meni o‘tmish bezovta qilyotgan bo‘lsa, duxtiringiz og‘rig‘imga davo topib bera olarmikin?
— Bilmasam- hech narsani tushunmay jilmaydi ayol.
— Unda kerakmas. Hech kimni ko‘rgim yo‘q.
Munira opa piyola siniqlarini yig‘ishtirib olgach chiqib ketdi.
Rasul ota butun umr savdoning ichida yurdi. Avval do‘konda sotuvchilik qildi, keyin do‘konlarga mahsulot yetkazib berishga o‘tdi, birin-ketin do‘konlar ochdi. Eh-heye bu qo‘llar qanchadan qancha pul ko‘rdi, yaxshi-yomon ishlarga tegdi. Endi esa bu ahvol. Qaltiraydi. Shu o‘ylar bilan bazo‘r qo‘liga telefonini olib uyining ishlarini yuritadigan yigit, Munira opaning eri Qodirjonga telefon qildi.
— Qodir, men choyxonaga tushmoqchiman.
Rasul ota Qodir kelguncha aravachasining mo‘rvatini bosib deraza yoniga bordi. Ko‘chada yosh bolalardan bo‘lak hech kim ko‘zga tashlanmadi. U og‘ir xo‘rsindi. Qodir aravachani surib uyning yuqori va birinchi qavatlarini bog‘lab turadigan, faqat Rasul ota foydalanadigan, boshqa payt onda-sonda kelib turadigan nabiralarining o‘yinchog‘i bo‘lgan lift orqali pastga tushdi. Saroydek qurilgan uyning orqasida, uning mahobatiga yarashiqsiz turgan, rejasiz qurilgandek va erta-indin buziladigandek tasavvur uyg‘otadigan, mahalladagilar “Choyxona” deb ataydigan bir xonali uyga olib kirdi.
— Endi meni yolg‘iz qoldir,-dedi Rasul ota sovuqqina qilib.
Qodir bugun xo‘jayinining ahvoli yaxshi emasligini xotinidan eshitgan, shuning uchun anchadan beri hech kim kirmagan joyga bir o‘zini qoldirib ketgisi kelmasdi. Ammo Bova aytganini qildiradiganlardan ekanligini bilgani uchun indamadi. Chiqayotib eshikni biroz ochiq qoldirdi va sezdirmasdan uni kuzatib turdi. Rasul ota xonadagi buyumlarni sinchiklab tomosha qilib chiqdi. Bir paytlar bu yer odam bilan gavjum edi. Kunosha osh qilinar, bekor qoldi deguncha mahallaning yoshi kattalari, pensioner chollari shu yerga yig‘ilardi. Yil o‘tgan sari ularning davrasi kichrayib bordi. Mana endi Rasul otaning bir o‘zi yolg‘iz, kech kuzda daraxt shoxida qolgan so‘nggi bargdek titrab, shuppayib turibdi. Keksayganda uzoq yashashning bitta yomon tomoni- sen o‘lim haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq o‘ylaysan. Har yaqining ketganda, yo bir begonani bo‘lsa ham o‘limini eshitsang qalqib tushasan. Eski tegirmonning navbati senga kelib to‘xtab qolgandek, u qachon yana aylana boshlashini bilmasdan, ammo buning muqarrarligini bilib, kutib, azob chekasan…
Rasul otaning choyxonasi avval boshda otasining baqqollik do‘koni edi. U hamma narsa boshlangan, bolaligida katta-katta orzular qilgan joyda turib, o‘y surardi. Bu yerda ham ma’nan ham ruhan dam olayotganini his etar, o‘tmish bilan, xotiralar bilan yuzma yuz qolish xush yoqardi. Tashqarida uni qoniqtirmaydigan, eslasa sira ko‘ngli to‘lmaydigan- hayoti, to‘rt tomon sochilib yotgan oilasi bor edi. “Rasul, nima uchun yelib-yugurib yashading? Aslan senga kerak bo‘lmagan narsalar uchun nega joningni jabborga berding? Yig‘ding uy qilding, yig‘inding dang‘illama to‘y qilding. Bular o‘zingdan boshqa hammaga kerakdir. Ammo o‘zing nimani xohlaganding? Balki, yagona arzirli topilmang- shu joy, shu eski-tuski narsalarning qadrini anglash bo‘lgandir. Bilmadim. Bular senda eng boshidan bor edi, qadri esa yo‘q. Arzimas narsalar uchun umringni o‘tkazding, yo‘qlikka sovurding. Shuni tushunib yetganingda esa yashashga kechikkan ekansan”
Rasul ota choyxonaning so‘nggi mehmoni, yon qo‘shnisi O‘rozqul ota yotoqda qolib kelolmay qolganidan so‘ng choyxonasiga kirmay qo‘ygandi. O‘zi bolalari har tarafga tarqab ketgach mung‘ayib qolgan, kenjasi ham alohida yashashni istaganda qarshilik qilmagandi. Ular bayram, dam olish kunlari kelib ketib turishadi. Hozir shularni bir-bir xayoldan o‘tkazar ekan Rasul ota to‘satdan Qodirni chaqirib:
— Anvarga telefon qil, bugun kechga yetib kelsin,- dedi hozirgi ahvoliga nisbatan ancha bardam ovozda. Qodir xo‘p bo‘ladi degancha biroz nariga borib telefonda gaplasha boshladi.
Rasul otaning choyxonasini “XX asr buyumlari muzeyi” deb nomlasa ham bo‘lardi. Bu yerda eski, ammo ishlaydigan radio, muzlatkichdek keladigan televizor, patifon, ikki xil samovar( biri to‘ylarda choy qaynatadigan katta samovar, ikkinchisi misdan yasalgan, kampirlar shkaf ustida asraydigan yaltiroq mis samovar) bir paytlar bedanalar to‘ldirib sayragan, hozir esa burchakda ustma ust dumalab yotgan to‘rqovoqlar, eski qimmatbaho idishlar, bir paytlar faqat kazo-kazolarning uyida ko‘rish mumkin bo‘lgan qizil mebellar, osmasoat, xontaxta, sandal, moychiroq, yog‘ochdan yasalgan shaxmat, eng tepaga, mixga ilib qo‘yilgan rahmatli Sodiq buxgalterning o‘sha mashxur yog‘och donali cho‘ti. Bu yerga keluvchi hamma “muzey”ga nimadir olib kelib qo‘shishgan edi. Ular azbaroyi choyxonani to‘ldirish uchun emas, yangi uylari imidjiga mos kelmagani uchun chordoq, yoki yerto‘laga tushgan aziz buyumlarini saqlab qolish uchun ham keltirib qo‘yishar edi. Choyxona butun bir tarixning tilsiz shohidi bo‘lgan buyumlarga to‘la edi. Bulardan xabarsiz odam eshigiga “Mehr-ko‘zda” deb yozilgan xonaga bosh suqqudik bo‘lsa, eski-tuski narsalar saqlanadigan omborxona deb o‘ylashi ham mumkin edi. Rasul ota ko‘zlarini yumib, bo‘yniga og‘irlik qilayotgan boshini oldinga solintirib o‘yga cho‘mgancha, choyxonasida uzoq qoldi. charchaganini his etgach, Qodirni chaqirdi. Anchadan beri uni kuzatib turgan Qodir xonaga kirdi. U aravachani haydab ketar ekan Rasul otaning yelkasiga tashlab qo‘yilgan sharf yog‘och stolga ilinib qolganini ko‘rgach to‘xtadi. Qodir mixdan sharfning uchini chiqarib olib o‘z yo‘lida davom etdi.
— Otam menga nimadir demoqchidek,- dedi Rasul ota
— Nega unday deyapsiz? hayron bo‘ldi Qodir. Rasul otadan javob bo‘lmadi.
Bu stulda maktabda o‘qigan paytlari o‘tirib dars qilgan. Uning maktab popkasini ilib qo‘yish uchun otasi mix qoqib bergandi. Otasi uning o‘qishiga e’tiborli, qattiq qo‘l edi. Rasul ota o‘z otasini eslaganda uning shaxsiga nisbatan kuchli hurmat tuyar, ehtimol qo‘rqardi. Buni o‘zi ham ajratolmasdi. Qo‘rqishiga sabab bo‘lmasa ham undan hayiqardi, holbuki otasi uni urmagan, faqat bir marta juda qattiq urishgan. U vaqtlar maktabda o’qib yurgan bola edi. Choyxona o‘rnidagi do‘konga bitta ro‘zg‘orga nimaiki kerak bo‘lsa hammasini olib kelib sotishardi. Rasul otaning biznesga kirib kelishi shu yerdan boshlangan edi. U otasiga hisob ishlarida yordam berar, otasi bozorga yangi mahsulotlar olib kelgani ketganida do‘konga qarab turardi. Shunday kunlarning birida o‘rtog‘i O‘rozqulning otasi, yon qo‘shnisi Havas amaki do‘konga kirdi. Avval otasini so‘radi, uning yo‘qligini bilgach esa nasiyaga ba’zi narsalar olmoqchiligini aytdi. Rasul nima uchundir pulsiz narsa bergisi kelmay “Dadam qarzga savdo qilma deganlar” deb yolg‘onladi. Buni juda tabiiy, ishonarli aytdiki, yolg‘onni qiyib qo‘yganidan o‘zidan mamnun ham bo’ldi.
Havas amaki qanday xijolat bo‘lib, tomoq qirib olib, tutilib gap boshlagan bo‘lsa xuddi shunday ohangda
“Ha, mayli, mayli, otang shunday degan bo‘lsa, aytganini qilishing kerak, mayli” deb chiqib ketgandi. Keyinchalik ilojsiz qolgan paytlarida, kimdandir yordam so‘rashga to‘g’ri kelganida qo‘shnisining o‘sha do‘konda o‘ng‘aysizlanib turishi ko‘z oldiga kelardi va muhtojlikdan nafratlanardi. Butun umr shunday holga tushmaslik uchun harakatda yashadi.
Otasi qaytgach nima sotganlarini ro‘yxatini aytarkan, qo‘shni bilan bo‘lgan voqeani ham qistirib o‘tdi. U bu ishi uchun otasi maqtab boshini silab qo‘yishini kutgandi, amalda aksincha qattiq dakki eshitdi. Yolg‘on gapirgani, qo‘shnisini mulzam qilgani uchun. Otasi o‘shanda Havas amaki nima so‘ragan bo‘lsa o‘shalarni uning hovlisiga kiritib yuborgandi. U keyinchalik otasining bu ishni nima uchun qilganini va urishish bilan birga urishiga ham loyiq ekanligini tushungandi. Rasul ota kech tushib o‘g‘li kelishini sabr bilan kutdi. U bilan ovqatlanib bo‘lgach, sekin uzoqdan gap boshladi. Anvar ham xotirjam, otasi istagan va uni qiziqtiradigan mavzulardan so‘z ochar, ko‘p jihatdan u otasiga o‘xshardi. Shuning uchun ham Rasul ota Anvarni hamma farzandidan ortiqroq suygandir, nimaiki istagi bo‘lsa qarshilik qilmagandir, hatto alohida yashashiga ham.
— Bu hovli men uchun qanchalik qadrli ekanligini bilasan a, bolam?
— Ha, bilaman. Biz bilan shahar markaziga ko‘chib o‘tishni istamaganingizga sabab hovlini va choyxonangizni juda yaxshi ko‘rishingizdan deb o‘ylaganman
— Haaa, shunday. To‘g‘ri o‘ylagansan. Negaligini ham bilasanmi yo o‘zim aytaveraymi?
— Merosligi uchun.
— U ham. Va yana sen ham boshqalar ham bilmaydigan bir sababi borki, shu haqida gaplashish uchun seni chaqirdim. Bolam, bu hovli-joy bo‘ynimdagi omonat qarz. Uni o‘z egasiga qaytarib bermoqchiman.
— Tushunmadim ota? Sizni qarzingiz bormi? Sizni-ya?- hayratini yashirmadi Anvar. Shu bilan birga uning yuz ifodasida avvalgi xotirjamligidan asar ham ko‘rinmasdi.
— Meni emas. Bobongni qarzi bo‘lgan. Menga uni to‘lashni vasiyat qilgandi. Bobong o‘lgandan so‘ng aytgan qarzlarini uzsam ko‘chada qolgan bo‘lardik, shuning uchun keyinroq, oyoqqa turib olsam to‘layman dedim o‘z-o‘zimga. So‘ng boyib ketsam orttirib uzishni mo‘ljalladim, umr esa o‘taverdi. Bir kuni esa nafsim bilan kelishdim, hech bir xat hujjat-u da’vogar bo‘lmagan otamning qarzini to‘lashni istamay qoldim. Bolam, bugun men bundan chuqur afsusdaman, va bu xatomni tuzatishni istayman. Agar o‘lsam u dunyoda bobongning ko‘ziga qanday qarashni o‘ylayapman, tunlar uyqu yo‘q, vahima bosadi. Endi hovli-joy ham ko‘zimga ko‘rinmayapti, xotirjamlik istayman. Huv anavi seyfda hovlining hujjatlari bor, istardimki sen uni olib xat-hujjatni tushunadigan odam topib hovlini O‘rozqul amakingni nomiga o‘tkazsang…
— Ota, nimalar deyapsiz? Butun boshli hovlini-ya?!- Anvarning xayoli katta pulni, merosni yana allanimalarni o‘ylab buzildi. Chalkashib ketdi.
— Qo‘shnimizga ya? To‘xtang, qancha o‘sha qarz? Men to‘layman, hovliga tegmaymiz.
— Bobong bir vaqtlar savdo ishlarini boshlash uchun O‘rozqul do‘stimning otasi Havas amakidan hovlining teng yarmini garovga qo‘yib pul olgan, 50 yillik foizi bilan u ancha muncha bo‘ladi.
— Qarz oldi-berdisi haqida qog‘oz, guvoh bo‘lmasa… uni qaytarishimiz ham shartmas-ku ota!
— O‘g‘lim, mendek fikrlayotgan, mening xatolarimni qaytarmoqchi bo‘layotgan yoshligim, umrining har davrida insonga har turli narsalar kerak, men hozir qalb xotirjamligi va qarzni uzishdan bo‘lak hech nima istamayapman. Sen otam desang, menga shularni ber. Yo‘q, desang bu ishga o‘zim kirishaman.
— Ota, xo‘p siz shuni istarkansiz aytganingizdek qilaman. Faqat bu bobomeros hovli joyni birovga berish menga juda og‘ir. Men uchun ham aziz bu bolaligim o‘tgan uy, tushuning. Keling bunday qilamiz, O‘rozqul ota bilan gaplashib hovlini pulini u kishiga bersam, albatta, u kishining roziligi bilan bo‘lsa bu ish.
— Ma’qul, u rozi bo‘lsa bo‘ldi.
— Yaxshi, menga uyni baholatish va pulni topish uchun biroz vaqt kerak. Ungacha O‘rozqul otaga hech nima demay qo‘ya qoling. U kishining yoniga siz bilan birga yuristni ham olib kiramiz.
Rasul ota o‘g‘li bilan gaplashib ancha yengil tortdi. Har holda o‘ylaganidan osonroq bitadigandek edi bu ish. Tunda shirin xayollarga berilib, o‘tmish va bugun o‘rtasida mazza qilib dam oldi. Ertasiga tongda esa o‘rnidan turolmay qoldi. Tez yordam chaqirgan Munira opa bolalariga ham xabar berish kerakmi yo‘qmi deb ikkilandi. Rasul ota tildan qolgan, yupqa kulrang parda bilan qoplangan, shilpiq ko‘zlarida esa qandaydir umid yonib turardi. U bazo‘r ingrab, imo bilan tushuntirdi. Munira opaning ichki sezgisi ishonch bilan xulosa qildi: “Bolalarini chaqirish kerak. Vaqti yetgan”. Tez yordam mashinasi mahallaning ichida “Farovon ko‘cha 15-uy” ni izlab kezdi. Ko‘chaning bir chetidan ketib borayotgan boladan manzilni so‘rashganda yaqin atrofda bunday joy yo‘qligini aytib javob berdi. “Eye, hali adashib qoldikmikan? Shoshganda shu yetmay turgandi o‘zi” dedi haydovchi. Biroz yurgandan so‘ng o‘rta yoshlardagi kishi manzil to‘g‘riligini, ko‘chaning boshidanoq muhtashamligi bilan boshqa uylardan ajralib ko’rinib turadigan Rasul otaning uyi tomon qo‘l cho‘zib: “Ana u uy. Bu yerliklar choyxona ko‘cha deb o‘rganib ketishgan, “Farovon” nomi faqat qog‘ozda” dedi. Tez yordam mashinasi uyga kirib borishi bilan Qodir ularni shoshilinch yuqoriga, bemor xonasiga boshladi. Keng xonada 4-5 kishi bor, Rasul otaning tepasida Anvar engashgancha u bilan gaplashishga harakat qilardi. Otasi ko‘zlar harakati bilan, kuchsiz ingrashga o‘xshagan tovushlar chiqarib bir nimalarni tushuntirishga urinardi. Anvar otasini tushungan, uning ilhaq ko‘zlariga ko‘zida yosh bilan tikilgancha qarzni uzishga va’da berdi. Shundan so‘ng Rasul ota bo‘shashib qoldi. Shifokorlar unga muolajalar qilishdi. Ammo ota ko‘pga bormadi. Uzildi…
Uni so‘nggi manzilga kuzatish uchun tumonat odam yig‘ildi. Farzandlari otasining do‘sti, tanish-bilishi ko‘pligini bilishardiyu ammo bunchalikligini tasavvur etishmagandi. Ta’ziya marosimlarida nabiralar ham bel bog‘lab, “Bobomlab” turishar, kattalar o‘rgatgan gaplarni aytib yig‘lashardi. “Bobojonimooov, suyangan tog‘imoov, bizni tashlab ketgan mehribonimooov”
Faqat Anvarning o‘g‘li sodir bo‘layotganlarini tushunmas, qo‘rqar, bobosi bilan birga kirishni yaxshi ko‘rgan joyi- choyxonaga qochib borib o‘zicha o‘ynab o‘tirardi. Uni bu yerga Rasul ota o‘zi bilan ko‘p olib kelar, tarix haqida, o‘tgan odamlarning hayoti haqida soatlab gapirib berar, bolakay uchun bular mo‘jizalar xonasi-yu bobosi aytib berayotganlari qiziqarli ertaklar edi. Unga endi narsalarni tomosha qilish zavq bermas, qo‘li bilan teginib ushlab ko‘rishni istardi. Servant ustiga chiqib o‘zi uchun notanish bo‘lgan, musobaqadan yutgan sovriniga o‘xshash narsani ehtiyotlab shkaf ustidan tushirdi. Changlarini artdi. Kutilmaganda ortidan:
— Bu yerda nima qilyapsan o‘g‘lim?- degan ovozni eshitdi.
— O‘ynayapman dada. Qarang, men nima topdim. Bu o‘zi nima?
— Qanday qilib olding, axir sindirib qo‘yishing mumkin. Ber, joyiga olib qo‘yaman.
— Dada uyga olib ketay. Endi bobom yo‘q-ku, u kishiga kerakmas-ku.
— Uyimizni chirog‘i bor, bu bizga kerak emas narsa.
— Menga kerak, dada, sovrinimga o‘xsharkan yoniga qo‘yib qo‘yaman. O‘zi qayerini bossa yonadi?
— Hozir yonmaydi, o‘g‘ Ichiga avval kerosin solish kerak, piligi chirib tamom bo‘lgan uni almashtirish kerak. Keyin bu eski narsa, yoqilsa qop-qora bo‘lib tutun chiqaradi.
— Dadaaaa, olib ketaylik xo‘pmiii?
Anvar chiroyli ko‘zlarini mo‘ltiratib qarab turgan o‘g‘liga yo‘q deyolmadi. Tashqariga chiqishgach Qodirga bu yerni yopib, eshigini mixlab tashlashni buyurdi. Oldinda esa o‘zida yo‘q shod o‘g‘li yugurib undan uzoqlashib borardi.