Mayli-da, kimgadir yoqsa, yoqmasa,
Ularga qo`shilib yig`lasharmidik.
Biz baxtli bo`lamiz Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa uchrasharmidik…

Rayhon hidlaringni  yo`llarimga sep,
Kut meni, har oqshom, ko`kka oy chiqqan.
Faqat, yig`lamagin, gunohim ne deb,
Aybing – onang seni chiroyli tuqqan!..

Menga Bir tabassum hadya et, ey yor,
Nur tomsin  lablaring sohillaridan.
O`zing ayt, senday qiz yana qayda bor,
Kipriklari uzun – kokillaridan?..

Iymanib yashama xayol pinjida,
Yoyil, yayra jonim, o`rtanma g`amda.
G`iybatlarga chida, tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir, yorug` olamda.

Men esa oshig`ing sening – eng g`arib.
Tundan so`z qarz olib, tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham  seni axtarib,
Sening yoningda ham seni kutguvchi.

Ista, tiz cho`kaman hozir oldingda.
Sevdim, sevganimdan uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar sening qalbingda
Ijarada turgan  qizlar men uchun!..

Biz baxtli bo`lamiz Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa, uchrasharmidik?!

Powered by OrdaSoft!