Ko‘ksimdan bo‘ylagan dardlarim,

Tilimga ko‘chmadi – sir bo‘ldi.
Barmog‘im titradi, yuragim
Shu kecha bir qadah sheʼr bo‘ldi.

Ko‘zingni mahv etdi ko‘zlarim,
Nigohlar suhbati bir bo‘ldi.
Qarog‘lar to‘lishdi yoshlarga
Bu durlar yig‘ilib sheʼr bo‘ldi.

Bir isyon tiladi yuragim,
Shu afg‘on senmiding, sheʼriyat.
Qoshingda sig‘indi yuragim,
Sheʼriyat — eng go‘zal bir niyat.

Men hurlar hasratin tingladim,
Tingladim qanotli so‘zlarni.
Ko‘rdim men Uvaysiy izini
Va ko‘rdim yulduzko‘z qizlarni.

Ilhomim boshimda soyabon,
Jonimga quvvat ber, sheʼriyat.
Yelkamdan ozgina suyabon,
Shiddat ber, hikmat ber, sheʼriyat...

Chokidan so‘kilsa gar ko‘ngil,
To so‘nggi nafasda der bo‘lsam:
Sheʼriyat — abadiy taskindir,
Sheʼr yozsam, sheʼr yonsa, sheʼr bo‘lsam.