1.

Dunyomiz bor edi…

Biz qasr qurgandik ko’nglimiz uchun—
Dunyomiz bor edi, juda rangin edi,
Subhidam misoli chandon sokin edi,
Ammo buni tasvirlay olmayman sira.
Baxtning naqshin tasvirlay olmaganimdek.
Sahnimiz behudud osmon edi,
Benazir edi,
muhtasham Behishtdagidek.
Qalbimiz niliy ummon edi,
Unda suzmoq bir imkon edi.
Faslimiz mudom bahor edi,
Fusunkor,
betakror edi.
Tilda, dilda
Iqror bor edi —
qaror bor edi.

2.

Kuydan qasr qurgandik…

Biz ko’rfazda kuy chalgandik
Mastura ehsos bilan.
Shunday —
Kuydan qasr qurgandik
Ko’nglimiz uchun!

3.

Boqiy Kulimsa…

Hayot bu —
So’nggi nafasimiz
Qirqilgunga qadar
Tugallanmas qissa.
Bu chinakam
Hodisa—
Sevgidan mukammal,
Ishqdan buyukroq!

Bizmi?
Bizki,
Ohki—
Yengiltak, huzursiz-orsiz
Bozingar —
Iqlimi aynigan
Muhitdan bezgan.

Bizmi?
Bizki,
Ohki—
Mukammal Dunyoda
Nomukammal bo’lgan
shunchaki
oddiy bir kimsa!

Mening esa
Labimda
Sokin tomayotgan
jilva
Bu aslida —
Boqiy Kulimsa!

4.

Qish kelishin anglagan edik…

Qish kelishin anglagan edik!
Qo’klamda dil tomchilagan chog’
Eslaysizmi, ko’rkam edi bog’?
Men o’shanda shaffof hovuzda
Baxtning rangin asragan edim.
O’sha kezlar anglarmidingiz?!
Chunki dilband, xushnud edingiz.
Go’yoki,
Boqiydek
Baxt bir tortiq edi.
Chunki
Yoshlik
shami mudom
yoniq edi.

5.

Dastlabki sinish…

Endi-chi, endi?
Sag’algina sochingiz oqish 
Ohki, bir kun mening ham sochim
Siznikidek bo’lar oppoq, qish
Qo’zingizda qotar nishablik!
Kundan-kunga quyiga enish
Fitratimizga yot xo’rsinish,
Bu chinakam dastlabki sinish!
Asraganim Baxtning rangi edi…
Qish kelishin men bilgan edim
Asraganim Baxtning rangini
Sizga lutfan ilingan edim.

6.

Pinak buzmadim…

Va bir kuni
Ha, esladim 
Aprel` edi.
Asl fasl edi.
Mana,
tag’in, esladim…
Sentyabr edi.
Kuz edi.
Kunlar nursiz, tunlar yulduzsiz edi.
Siz umidsiz shashtingizdan qaytdingiz
Mendan pinhon, nelarnidir aytdingiz,
Meni mukammal bilmaganingiz bois.
Men pinak buzmadim.
Sizni sizdan yaxshiroq bilganim bois.
Men o’shanda o’zimga qaytdim.
Tongda, tunda faqat salot aytdim.

7.

Bu chinakam
salot fasli edi.
Kuz faslining
asli edi.

8.

Ahdimni buzmadim…

Siz ba’zan sabrsizlik qilasiz,
Chegarani buzasiz.
Meni mukammal bilmaganingiz bois
Men pinak buzmayman.
Sizni sizdan yaxshiroq bilganim bois.
Ahdimni buzmayman
Va xayol ummonida
behuda suzmayman.
Yot reja tuzmayman.

Deysiz:
– Men
buni anglab yetdim.
Siz qasamni buzmaysiz.
Yot reja tuzmaysiz.
Ba’zan uzoq o’ylab qolaman…
Aytaman:
– Sizdagi manzarani tasvir etaymi?
Mudhish ro’yo ichida
Kutdingiz, sabringizni yutdingiz.
Aytasiz:
– Ajabo, bularning barin bilasiz,
Aqlimni ko’p shoshirasiz.
Aytaman:
– Agar istar bo’lsangiz, qay tomoningizda
Chirkin shamol huzursiz
kezib yurganin
aytib beraman.
So’raysiz:
– Bularni qaydan bilasiz?
Aytaman:
– Agar Robbim dilga solmas bo’lsa…
Men aslida bir ojiz kimsa.
Menki,
mening lablarimda
olov yo’q,
otash yo’q 
Kuydirguvchi…
Pokiza nafas bor,
tegrangizga chirkin
Shamol yaqinlashsa
Pok Ixlosla
So’ndirguvchi.

10.

Bunda musaffo havo
Va pok orzu mujassam…

Biz shunchaki nafas olmadik
Va shunchaki xo’rsinmadik ham.
Chunki qo’limizda bor malham
chunki qarorimiz mustahkam!
Bunda ishonch,
bunda musaffo havo
va pok orzu,
Bunda bari mujassam.

11.

Zulmat mangu chekilsin…

Zulmat mangu chekilsin.
Qora tun cho’ksin,
Cho’kkan kabi kema langari,
Kiprik uzra sokin tomchilang
Tongda zarif shabnam singari…

12.

Hayot bu —
So’nggi nafasimiz
qirqulgunga qadar
Tugallanmas qissa.
Bu chinakam
Hodisa—
Sevgidan mukammal,
Ishqdan buyukroq!

Bizmi?
Bizki,
Ohki—
Yengiltak, huzursiz-orsiz
Bozingar —
Iqlimi aynigan
Muhitdan bezgan.

Bizmi?
Bizki,
Ohki—
Mukammal Dunyoda
Nomukammal bo’lgan
shunchaki
oddiy bir kimsa!

Mening esa
Labimda
Sokin tomayotgan
jilva
Bu aslida —
musaffo
Boqiy kulimsa!

2015 yil, 21-22 noyabr tongi