Muhammad Ali
U Muhammad Aliga oʻxshamasdi. Yoʻq, aslo bunday emas. Hatto bir tuki ham. Ali yelkalari keng, gavdasi yoʻgʻon, boz ustiga koʻzlari purmaʼno, yuzi jahldor va sergoʻsht edi. Qorachadan kelmagani ham bu toifa mengzashga xalal berardi. Mushtlashish uslubi ham unikidan tubdan farq qilardi. U Alidan farqli ravishda dinamikasi yengil va oʻta ketgan hujumkor emas, metin himoyaviy taktikaga koʻproq suyanib, qarshi hujumlarni pusib kutardi. Shu jihati boshqa bir bokschi — Rokki Marchianoni eslatib yuborardi. Ammo Rokkidek xushsurat, sochlari uzun yoki nigohi telbanamo emasdi baraka topgurning.

Uning ismini hech kim toʻliq aytmasdi. Toʻliq ismi-sharifi faqat ommaviy nashrlar, hujjatlar, moliyaviy shartnomalar va janglar payti ring suxandonining tanishtiruv marosimida yodga olinardi, xolos. Qolgan paytda esa u Abrakadabra edi. Bunga sabab boʻlgan narsa shunda ediki, uni raqibiga bexos beradigan aperkot zarbasi mavjud boʻlib, koʻzboylogʻichning fokusiga oʻxshagan shu jihati koʻpincha noshud, oʻziga bino qoʻygan, uning kamariga daʼvogarlik qilib, ringga kekkayib chiqqan raqiblarini chuqur nokaut holatiga tushirib qoʻyardi. Shu tufayli muxlislari va boks dunyosi vakillari uni shu laqab bilan atashni xush koʻrishardi.

Uning navbatdagi janggi bahorning mayin oqshomlaridan biriga toʻgʻri keldi. Okean ortidagi moʻjaz joy — Las Vegasdagi qimorxonalardan birining keng va muhtasham saroyidagi ringda uni oʻzidan koʻra jussasi bahaybat, taʼbir joiz boʻlsa, unga ikkita keladigan, Lotin Amerikasidan kelgan daroz ispan yigiti kutib turardi. U bu jangga naqd toʻrt oy tayyorgarlik koʻrgan, shu toʻrt oy davomida vataniga ham bormagan, mashgʻulot zalidan ostona hatlab koʻchaga chiqmay qattiq shugʻullangan, na uyqusining, na hordiq chiqarishining tayini boʻlmagandi. Xullas, it yotish- mirza turish bilan oʻtkazdi bu muddatni. Toʻrt oy faqat mashgʻulotlardan iborat boʻldi umri. Erta sahardan to kun botargacha, qora terga botib, oʻzga tilda soʻzlashadigan murabbiylari bilan boʻlajak jangga tayyorgarlik rejasini avjiga chiqardi. U chempion edi va undan koʻpchilik koʻp narsa kutayotganini teran his qilib turardi.

Jang boʻladigan kuni u tashkilotchilar ijaraga olgan shohona limuzinda madaniyat saroyiga yetib keldi. Kiyim almashtirish xonasida qoʻliga qizil charm qoʻlqopini kiyib, tishini himoya qiladigan vositani shitob lunjiga tiqdi. Bu vaqtda murabbiylari tinmay unga nimanidir uqtirishar, ammo ularning maslahat va tavsiyalari u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqib ketardi. U tezroq ringga chiqishni va koʻzi qizil matoni koʻrgan buqadek qonga toʻlishini chunonam istardiki, oyoqlari oʻziga buysunmay bir joyda turmasdi. Nihoyat, oʻz jamoasi bilan tashqariga chiqdi. Jamoasi aʼzolaridan biri-boshiga shlyapa kiygan novcha qora tanli yigit uning zeb berilgan chempionlik kamarini koʻtarib — oldinda, uning oʻzi jigarrang yaltiroq xalatiga burkanib — oʻrtada, murabbiylari — orqada, sevimli qoʻshiqlari sadosi ostida ulkan qandillar bilan yoritilgan, hashamatga burkangan saroy zalida ommaga koʻrinish berishdi. Zalda tumonat odam, hamma Sharqdan kelgan chempionni koʻrish umidida oʻrnidan qoʻzgʻalgan, toʻgʻrida sajdagohiga aylangan ring unga peshvoz turardi. U olomonning qoʻllab-quvvatlashi va qizgʻin olqishlariga koʻmilgancha, yoʻlakdan shoshilmay ring oldiga borgach, bitta urinishda uning ichiga sakrab tushdi va atrofidagi olomonga qoʻllarini baland koʻtarib, yoʻriqnomada qayd etilgan kabi minnatdorchilik bildirdi, eʼtiborlari uchun boshi osmonda ekanligini havoda yurak tasvirini chizgancha mamnun holda va jilmayib koʻrsatdi.

Fursat oʻtib, uning raqibi ham zalga chiqib keldi. U darhaqiqat, boʻyi uzun va devqomat yigit edi. Unga koʻzi tushib, chempionning bir oz koʻngli xijil boʻldi. Lekin bu vaqtinchalik qoʻrquv va bezovtalik darrov oʻtib ketdi-da, oʻzini ruhlantirish va konsentratsiyani jamlash uchun ona tilidagi jargon soʻzlarni baqirib ayta boshladi.

Ringdagi sochi toʻkilgan, keksa hakam ikki raqibni bir-biriga tanishtirib, jang qoidalarini mingʻirlab eslatib oʻtgach, pastda oʻtirgan uch hakamdan biri bongni chaldi va jangga rasman ruxsat berildi. Abrakadabraning raqibi  shuni kutib turgandek, yuziga dahshatli tus berib, darhol oldinga intildi. Chempion xotirjam tarzda himoyalanishga va qulay vaziyat yuzaga kelishini sabr bilan kutishga oʻtdi. Birinchi raund asosan uning “razvedka”si asosida oʻtdi. U raqibini uch daqiqa davomida atroflicha va obdon oʻrgandi. Zaif tomonlarini koʻzdan kechirib, tahlil qildi. Oʻziga yaqin yoʻlatmay, masofada ushlab turdi.

Ikkinchi raundda ham daʼvogar bokschi shashti balandligini koʻrsatish uchun yamlamay yutaman degandek Abrakadabraning ustiga tashlandi, biroq Sharqlik chempion tajribasi evaziga uning qamalidan doim muvaffaqiyatli chiqib ketaverdi. Ammo oʻzi ham biror bir aniq zarba bermadi. Juda zerikarli oʻtdi bu raund ham.

Uchinchi raund shunday ruhda yakuniga yetgach, saroyga yigʻilgan tomoshabinlar orasida sarosima paydo boʻldi. Ular zerikib, esnay boshlashdi va chempiondan muddatidan oldingi gʻalabani, gʻalaba boʻlganida ham nokaut orqali koʻlga kiritiladigan mutloq va chiroyli, ehtiroslarni junbushga keltiradigan gʻalabani talab qila boshlashdi.

-Ringdan tashqariga uloqtir uni, chempion,- dedi ringga yaqin yerda oʻtirganlardan biri-tizzasi ochiq koʻylakda oyoqlarini chalishtirib oʻtirgan nozanin baqirib.- Basharasini bejab qoʻy!

-Bizga nokaut kerak, nokaut,- deyishdi qarib quyilmagan ikkita chol hiringlab.

-Xafsalamizni pir qilma,-deyishdi bir jinsli nikohdagi ikkita ayol oʻpishayotib.-Senga ixlosimiz baland. Muvozanatdan chiqar uni! Boʻla qol!

-Chuqur nokautga tushir uni,- dedi jang tashkilotchilaridan biri boʻlgan-boʻyinbogʻli, orasta kiyingan janob.- Toki oʻrnidan turolmay, kasalxonaga yuborilsin.

-Chipta olganimga afsuslantirma meni,- dedi gamburger tishlab oʻtirgan baqaloq.-Majagʻlab tashla uni, boʻtam!

Toʻrtinchi va beshinchi raund oraligʻida raqibi charchashni boshladi. Buni Abrakadabra toʻsatdan sezib qoldi. Lotin Amerikasidan kelgan daʼvogar endi shasht bilan oldingi intilmas, ringda bemaqsad aylanib-aylanib holdan toyar,  har oʻttiz-oʻttiz besh soniyada halloslagancha unga yopishar va klinch holatida nafasini bazoʻr rostlab olardi. Uning oʻzi esa bir maromda, oʻz taktikasiga tayanib jangni davom ettirar, lekin saroy boʻylab taralgancha qulogʻiga qoʻrgʻoshindek quyilayotgan yuqoridagi mazmundagi gap-soʻzlar uni asabiylashtirib, quyushqondan chiqarishga shay turardi.

Oltinchi raund arafasida — unga murabbiylari qizgʻin koʻrsatma berayotgan bir paytda tashkilotchilardan biri norozi bir qiyofada yoniga keldi.

-Jangni muddatidan oldin yakunlashing kerak,-dedi u qulogʻiga pichirlab.- Odamlar shuni talab qilishyapti. Eshitmayapsanmi? Senga shuning uchun yuqori gonorar toʻlayapmiz. Shu esingdan chiqmasin.

-Tushundim,-dedi chempion boshini qimirlatib va asabiylashib oʻrnidan turdi.

Uning tomirlaridagi qon yanayam gupurdi, qoʻlqoplarini bir-biriga ishqalab, oʻljasini tilka-pora qilib yuborishga chogʻlangan yirtqichdek ring oʻrtasiga keldi. Raqibi hali  oʻrnidan turmagan, murabbiylaridan biri unga jon holatda ring chetida nimanidir qoʻllari harakati bilan tushuntirardi. Abrakadabra uni tetik holda kutib turarkan, beixtiyor atrofidagi olomonga bir qur nazar soldi. Olomon hanuz undan nokautni talab qilardi. “Bularni maktabdagi tarix oʻqituvchimiz gapirib bergan Kolizeydagi johil rimliklardan, men va manavi ispanni gladiatorlardan nima farqimiz bor” deb oʻyladi  keyin bir xoʻrsinib qoʻyib. Shundan soʻng, bolaligi koʻz oldida gavdalandi. Olis Fargʻona vodiysida qolgan bolaligi… Oʻshanda juda shoʻx bola edi, hech kimga oʻzini xafa qildirib qoʻymasdi. Goh kimningdir burnini pachoqlar, goh kimnidir tagiga bosib doʻpposlardi. Albatta, u buni shunchaki qilmas, ular uni haqorat qilishgan, kamsitgan boʻlishardi. Shunda oʻsha kaltak yegan bolalarning yaqinlari uylariga kelib shikoyat qilishar, otasi esa buni koʻtarolmay shimining tasmasi bilan uni ramaqijon qilib, oʻlgudek savalardi.

-Oqpadar!- derdi har savalaganida,- Yuzimni yerga qaratding el-yurt oldida.

Maktabda esa direktor oʻz xonasiga chaqirib olib, “sen bezorisan” degancha unga kamida yarim soat tarbiyaviy dars oʻtardi.

-Bir insonni ikkinchi insonning yuziga musht tushirishi hatto dinimizda ham qoralanadi,- derdi darsning soʻnggida chakka tomirlari achchiqlanishi natijasida boʻrtib chiqib. -Musulmon bolasi zinhor bunday qilmasligi lozim.

Endilikda uning har bir jangini otasi televizor qarshisida oʻtirib tomosha qiladi va gʻalaba qozongach, bir pasda qoʻngʻiroq qilib tabriklaydi.

-Nokautchi, oʻgʻlim,- deydi shodligidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay.- Ota oʻgʻil!

Maktab direktori u har safar  Fargʻonaga borganida bir xalta noz-u neʼmatni qoʻltigʻlab, ochiq chehra bilan uni koʻrgani keladi.

-Sendan nimadir chiqishiga ishonardim,- deydi uni dast koʻtarib, chirpirak qilib aylantirarkan.- Oʻlay agar, ishonardim! Bola boshidan maʼlum, degan gap ayni haqiqat!

Raqibi boshini chayqab-chayqab, qoʻllarini qisirlatib unga yaqin kelganida u oʻziga keldi. Himoyaviy taktikasini unutdi va qoʻqqis hujumga oʻtdi. Buni kutmagan ispan esankirab, koʻzlari ola-kula boʻlgancha ortiga tisarildi. Biroq, endi juda kech edi. Chempion birin-ketin tanasining jigar qismiga zarbalar yoʻllagandi, u bukchayib, tili tanglayiga yopishib qoldi. Shunda ham oʻzini oʻnglab olgandek koʻrinib, bir-ikki zaif zarba qaytardi. Abrakadabra shuni kutgandek, ularga mazax qilgancha chap berdi-da, pastdan uning jagʻiga favqulodda xavfli quroli-tillarda doston boʻlgan aperkot zarbasini berdi. Daʼvogar uni qabul qilib olgach, muvozanatini yoʻqotib, joyidan qalqib ketdi. Borib ring arqoniga urildi-da, unga suyangancha bir necha soniya boshini egib, muallaq turib qoldi. Oradan hech qancha oʻtmay bir qop goʻshtdek ringga yuztuban quladi. Buni koʻrib, shovqin solayotgan saroydagi olomon tinchlanib, atrof jimjitlik qaʼriga choʻkdi. Sukunat shu darajada boʻldiki, mabodo atrofda pashsha uchsa bilinardi.

-Navbatdagi nokaut,- deb hayqirdi shu dam otasining yelkasida oʻtirgancha jangni kuzatayotgan bolakay  zavq bilan sukunatni birinchi boʻlib buzib.

Uning ortidan qolganlar ham “nokaut” deb qichqirishga tushishdi. Olomon oʻzining istaganini olganiga quvonib, bundan mast va shirakayf bir ahvolga keldi va saroy bir lahzada ostin-ustun boʻlib ketdi. Ringda esa Abrakadabra qoʻllarini pastga tushirib, yerda hushsiz yotgan raqibiga indamay tikilib turardi. Raqibiga doktorlar tibbiy yordam koʻrsatisharkan, u beixtiyor oʻziga bagʻishlab sheʼr yozgan vatanidagi shoirning satrlarini esladi. “Xafa boʻlma, farang, oʻzbekning zarbi shunaqa!” deb yakunlanardi oʻsha sheʼr. Uni ancha yillar oldin yozgandi shoir. Oʻshanda u farang yigitini chuqur nokautga tushirgandi. Endi mana ispanni…

Daʼvogarni zambilda koʻtarib, kasalxonaga olib ketishgach, hakam uning qoʻlini namoyishkorona yuqoriga koʻtarib, oʻzgacha ohang bilan gʻolib deb eʼlon qildi. Uning murabbiylari va tashkilotchilar qarsak chalib, hirsini qondirgan olomon qashqirdek uvillab buni tasdiqlashdi va havodan boʻsalar yuborib, shaʼniga balandparvoz maqtovli gaplarni ustma-ust taxlab, pafosli kechinmalarini shoirlardek izhor qilib uni madh etishga kirishishdi. Ertasiga yelkasiga millat bayrogʻi tushirilgan ringdagi rangli surati olisda qolgan ona vatanidagi turli gazeta va jurnallarning muqovasini ajoyib tarzda bezadi. Suratning ostiga  katta harflar bilan “Super nokaut!!! Millat qahramoni oʻzining nokautli seriyasini davom ettirdi. Barchamizga gʻalaba muborak!” deb yozib qoʻyilgandi.

2020 yil, iyul. Fargʻona