Bu qandayin g‘amxonadur, g‘amga qonib boradurman,
Dil rishtasin uzolmasdan, shamdek yonib boradurman,
Dunyo mendan, dunyodan men azal tinib boradurman,
Shu ketishda Haqqa yetgum, qaydasiz e, ko‘ngli borlar,
Nuru zulmat orasida o‘zin izlab yurgan xorlar.

Bizdan oldin kelib-ketmish qancha azal Majnunlari,
Bu talx azobidan sarxush, ishqqa tashna jununlari,
Umrimdan to qabrimgacha qonim ichar xununlari,
Ko‘hna olam sirlarini kim manguga anglab yetmish,
Angolmasdan hayot rangin qayg‘ularga ranglab ketmish?!

Xudo suygan bandadurman, g‘ussa bilan siylamishdur,
Loydan bino etgan bilan qalbim nurga biylamishdur,
Bir ilohiy dardlar berib, shirin jonim qiynamishdur,
O‘zimdan toparsiz faqat o‘zimdan axtaring meni,
Hil-hil pishib cho‘qqa tushgan so‘zimdan axtaring meni.

Asli dunyo toshi yengil, yuki og‘ir bozorlig‘dur,
Tiriklikning bori yolg‘on, tortgani chin ozorlig‘dur,
Ruhimizni bog‘lab turgan ichimizdagi zorlig‘dur,
Keling, ishqdan ming bor o‘lib, yana qayta tirilamiz,
Yerdan baland eng pokiza xayollarga berilamiz.

Ko‘ksimdagi zanglab yotgan zanjirlarni uzadurman,
Ayriliqqa chidolmasdan falak charxin buzadurman,
Endi ko‘ngil sulhin yolg‘iz Olloh bilan tuzadurman,
Ortimizdan qolsa bitta yuzsiz dahri dun qoladur,
Ko‘zimizda osmon qadar bir chiroyli mung qoladur.