Kuni kecha Feysbuk tarmog‘idagi “Kitoblar davrasi” guruhining virtual minbariga taklif qilishdi. Imkon qadar berilgan savollarga javob berib, qiziqqanlar uchun ushbu suhbatni saytga ham ulashyapman.
— Nodirabegim, hikoya yozish siz uchun odatmi yoki ehtiyoj?
— Odat emas, ehtimol qalb ehtiyojidir. Reja va tartib bilan yozolmayman, qachon dard qiynasa, ichimdan toshib kelayotgan so‘zlar qog‘ozga tushsa, ancha yengil tortaman. Hikoya faqat ko‘ngil ehtiyojimni qondiradi, moddiy ehtiyojlarni esa jurnalistika. Ijodkor faqat ijodkorligicha qolib ketsa, o‘zini o‘zi boqolmaydi. Yo jurnalistika, yo ssenariynavislik yoki biror shunga yaqinroq yumushlar orqali kun ko‘rish kerak. Umuman adabiyotga aloqasiz kasbda ham ishlab, ham ijod qilayotganlar bor. Kimlardir har kun yozmasa turolmaydi, bu odatga aylangan. Ilhom kelishini kutmay o‘ylaganini yoza oladiganlarni bilaman. Qaydam, men nimadir qiynamaguncha yozolmayman.
— Qaysi janrda ko‘proq kitob yaratilishini xohlardingiz?
— Bu savolni o‘tgan yillarda berganingizda romantizmni tanlagan bo‘lardim. Shu vaqtgacha bu janrdagi kitoblarni do‘konlarda ko‘proq ko‘rishni, yozishlarini istardim. Shuningdek, fantastik, yumoristik janrlarga ham befarq emasdim. Hozir esa faqat realizmni o‘qiyapman. Bu yosh ulg‘ayishi bilan bog‘liq tanlov bo‘lsa kerak. Keyinchalik balki modernizmga ham qiziqib qolarman.
— Hozirgi o‘zbek adabiyoti rivoji uchun nima yetishmayapti, sizningcha?
— Nasrda oladigan bo‘lsam, shiddat, yangilik yetishmayapti. Bir qolipdagi asarlarga o‘ralashib qolganmiz, mavzu tanlashni bilmayapman. Zamonamiz qahramoni hali yaratilgani yo‘q, o‘tgan asrdagi kitoblarga taqlidan yozishda davom etyapmiz. Yigirma birinchi o‘zbek nasri deganda aniq bir gap aytish qiyin, shakllanish jarayoni sust ketyapti. She’riyatda esa yangi ruhni ko‘ryapman. Tarjimachilik ham ancha oqsagan. Fikrimcha, ko‘pchilik ijodkorlarda motivitsiya yo‘q. Adabiy nashrlarning adadi o‘ta kamligi, gonorar qoniqarsizligi, nashriyot muammolari, atrofdan ijodingga munosabat bildirilmasligi, xullas, jamiyatda ijodkor xalqni ortidan ergashtirolmayotgani, o‘zi bilan o‘zi o‘ralashib qolgani achinarli holat. Na moddiy, na ma’naviy rag‘bat bo‘lmasa, hammayam adabiyotda sabot va chidam bilan bir umr qolishi qiyin masala. Ro‘zg‘or, bola-chaqa, turmush degan tashvishlar bor…
— Iloji bo‘lganda, qaysi asardagi qahramonga aylanib qolishni va uni qanday tarafga o‘zgartirishni xohlardingiz?
— Ajoyib savol, hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman bu haqda. Tatyanaga aylanib qolishni istardim, balki. Shunda ehtimol, Oneginni qalb og‘riqlari bilan yolg‘iz tashlab qo‘ymagan bo‘lardim.
— Shu kungacha sizni qiynab kelgan savollarga javob beradigan kitobni o‘qidingizmi?
— Ha, ular juda ko‘p. “Lolazor”, “Martin Iden”, “Yevrilish”, “Telba”, “Jamila”, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Jinoyat va jazo”, “Usta va Margarita”, “Qumdagi ayol”, “Qiyomat” kabi asarlarda o‘zimni o‘ylantirgan savollarimga javob topganman.
— Sizningcha, kitob orqali insonlarni o‘zgartirish mumkinmi? O‘zingizga qaysi kitob ko‘proq ta’sir o‘tkazgan?
— Albatta, o‘zgartirish mumkin. Agar qalb juda qotib qolmagan bo‘lsa. Meni men bo‘lib shakllanishim uchun shu yoshimgacha o‘qigan 50% kitoblarim katta ta’sir o‘tkazgan. Yoshligimda kitob tanlashni bilmay keraksiz kitoblarni ham o‘qiganman, buning uchun achinaman. Tanlab o‘qish kerak, yoningda didi baland kitobxon do‘sting yo ustozing bo‘lsa yanada yaxshi. Bolaligimda albatta X.To‘xtaboyev asarlari kitobxonlikka olib kirgan. Ulg‘aygach ko‘proq Markes, Aytmatov, Dostoyevskiy, Pushkin; o‘zimizdan Tog‘ay Murod, Sh.Rahmon, U.Azim kuchli ta’sir o‘tkazgan, ularni o‘qisam qalban va ruhan boyiyman.
— Sizda yoqqan o‘zbek va jahon adabiyotidagi asarlardan beshtadan sanab bering.
— Jahondan “Yolg‘izlikning 100 yili”, “Onegin”, “Martin Iden”, “Besh qavatli uyning 6-qavati”, “Yevrilish”. O‘zbek adabiyotidan esa “O‘tgan kunlar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Puankare”, “Kollaj”, “Otoyining tug‘ilgan yili”.
— Guruhdagi kitobxonlarga qaysi kitobni, albatta, o‘qib chiqishlarini maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Har kim o‘z didi va qiziqishlaridan kelib chiqib o‘qiyvergani ma’qul. Men tavsiya qilganim kimgadir ma’qul tushmasligi mumkin. Ko‘proq klassik asarlarni tavsiya qilaman, umumbashariy, o‘lmaydigan mavzularda yozilgan asarlar baribir har qanday kitobxonni o‘ziga torta oladi.
— Nega siz tarjimonlik faoliyatingizda hozir tanaffusdasiz?
— Ha, hozir e’tiborimni faqat nasrga qaratyapman, 10 yillik tarjimonlik faoliyatim nihoyaladi.
— Navbatdagi «Mitti hikoyalar» kitobini nashr etish rejangizda bormi?
— Mitti hikoyalar hozir jo‘natmay qo‘yishdi, o‘zim ham yozmayapman, rejada yo‘q.
— Kanalingizda 3600ga yaqin kuzatuvchingiz bor edi. Hozir esa yarmi qolibdi. Bunga sabab nima va bu sizni xavotirga soladimi?
— Menimcha, mitti hikoyalar joylamay qo‘yganim va kanalimni saytimga bag‘ishlaganim uchun ko‘pchilik tark etdi. Lekin yo‘nalishni o‘zgartirganim uchun afsusdamasman. Kamchilik bo‘lsada didli auditoriya qolsa yetarli.
— Toshkentdagi uchrashuvda Ulug‘bek Hamdam “Yolg‘izlik” romanida o‘zimni borimni qanday bo‘lsa yozdim degan. Siz o‘zingizning qaysi asaringizni o‘zingizni boricha aytgansiz?
— Hozir “Bekajon” gazetasida e’lon qilinayotgan “Oysiz tunlar” qissamda ko‘proq o‘zimning ruhiyatimni oshkor qilganman. Boshqa qissalarimda meni uchratish qiyin.
— O‘zini yozuvchi deb tanitishda qora piardan foydalanib, keyin esa ba’zi mashhur yozuvchilarning hayotini o‘zida yasovchilarga qanday qaraysiz?
— Balki tirikligida qandaydir obro‘ bilan yashar, lekin o‘lganidan so‘ng hech kim o‘qimaydi.
— Negadir ijodga qaratilgan kamgina e’tibor, asosan nazmga yo‘naltirilgandek tuyulmaydimi? Ko‘plab she’riyat to‘garaklari, tanlovlarni ko‘rdim, ammo nasrda juda ham kam, biz nazmga ko‘p e’tibor berib yuborganimiz kitobxonlik pasayishiga sabab emasmi?
— Haqsiz. Hamma zamondayam she’riyat vakillari ko‘proq, nasr vakillari kamroq bo‘lgan. Nasr og‘ir karvon deb bekor aytishmagan. E’tibor qaratadigan kattalarning o‘zi shoir bo‘lgach she’riyatga e’tibor kuchayishi tabiiy. Nazm to‘garaklari faol. O‘zim o‘tgan yili nasr to‘garagini ochish taklifi bilan chiqib, uyushmaga 8 oy qatnadim, 10 tacha yosh nosirlar bilan ishladik. Ammo rag‘bat va e’tibor bo‘lmadi to‘garakka. Shu bilan tashlab qo‘ydik.
— Nazmda ham yozib ko‘rganmisiz va bundan xulosangiz qanday?
— Bir necha oq she’r yozganman xolos, nasrdan farqli ravishda unga ko‘proq dard kerak. Nasr maqbulroq menga.
— Ijodingizga nisbatan tanqid bo‘lganmi, ko‘proq qaysi jihatlari?
— Ustozim A.Yo‘ldoshdan ko‘p bo‘lgan, yakuniga nisbatan asosan, hindcha kino deganlar. O‘shandan beri yakunni to‘y bilan yakunlashni to‘xtatdim. 5-10 yil oldingi hikoyalarimdan o‘zim ham uyalaman.
— Boshqa muallif asaridan ilhomlanib yozgan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Ha, bo‘lgan. “Adibning vafoti” — yangi hikoyam yozuvchi Sherzod Ortiqovning realistik hikoyalarini ketma ket o‘qish natijasida tug‘ilgan ilhomdan yozilgan.
— Loyihangiz bo‘lmish «mitti hikoyalar» ko‘pi eski, zo‘raki syujet va so‘zlardan iborat, o‘zim va ba’zi o‘quvchilar fikricha. U hikoyachalar gazetada chop etilardi. Bu e’tirozga nima deysiz?
— Mitti hikoyalar boshida yaxshi yozilayotgandi, keyin siyqasi chiqib ketdi, shuning uchun bu loyihani to‘xtatdim, o‘zim ham yozmayapman, boshqalarnikini ham o‘qimayapman. Gazetalar haligacha shu ruknni tiklab davom ettirishni so‘rashadi. Hozir katta asarlarga urg‘u qaratyapman.
— «Shu asarni men yozgan bo‘lsaydim» deydiganingiz asar bormi?
— Yo‘q, negadir birovni asarlariga unaqa niyat bilan qaramaganman.
— Ijodda faol Nodirabegimning oilada qanday shaxsligi qiziqtiradi. Uch o‘g‘il tarbiyasi, uy yumushlari, keldi-ketdi, saytni yuritish, ijod, tarjima, tadbirlar… Bunga qanday erishyapsiz? Uyquni kamaytirish evazigami yo taomnoma asosan fast-fud, «rollton»mi (hayratlanib bosh qashlagan smaylik)
— Rahmat, qiziq savol. Talabalik bilan xayrlashgach, sakkiz yildan beri uyda ijod qilyapman. Ko‘chaga, transportlarga ketadigan vaqt tejalyapti. Yo‘q, uyqum kam emas, qaytanga ko‘p deb o‘ylayman, sutkasiga 8 soatdan kamaymaydi. Qozonda ham doim issiq ovqat, bolalar tez ochiqadi. To‘g‘ri, ba’zida charchagan bo‘lsam, ovqatga erinib, “yuringlar, sizlarni mehmon qilaman gonorarimdan” deb Evosga ketvoradigan kunlaram bo‘ladi. Gonorar ham bitta kechki ovqat bilan tugab qoladi)) Uch o‘g‘lim juda sho‘x, shovqinda yozishga o‘rganib qolganman. Oila va ijodni teng ushlashga harakat qilaman, biror siri ham yo‘q, tez ishlashim sabab bo‘lsa kerak. Hikoya yozsam ham kunlab yozolmayman, 2 soatda tugataman. Lekin shu ziqliklar ichida o‘zim istagan kitoblar mutolaasiga vaqt yetishmayotgani alam qiladi.
— Hozirda «bestseller» deya taqdim etilayotgan tarjima asarlarning hammasi ham shunday ta’rifga loyiqmi? Tarjimangiz «Tungi tashrif»ga nisbatan e’tirozlar ham bo‘ldi, bunga munosabatingiz?
— Yaxshi adiblardan qilgan tarjimalarim nashriyotlarda chang bosib yotibdi, bestsellerlar esa tez chop etilib, tez sotilyapti. Shularni gonorari kor qilib turibdi. E’tirozlarni kitobxonlarga bildirishsin, ommani didi pasayib ketishiga tarjimonlar aybdor emas. Nashriyotlar ham. Nimaga talab bo‘lsa, shu chiqyapti, sotilyapti. Bestseller deganda hamishayam yengil yelpi asarni tushunmaslik kerak lekin. Tarjimachilikdan qo‘l tortganman, mashaqqatli va beqadr ish.
— «Kitobxonlar davrasi» guruhida qanday loyihalarni amalga oshirishimizni xohlaysiz? Kitob targ‘iboti uchun qanday amaliy ishlar qilish mumkin deb o‘ylaysiz?
— Bu guruhdagi postlarni doim kuzatib boraman. Kitoblarga yozilgan taqrizlarni o‘qiyman. Kitobxonlikka qiziqtirish uchun hozir ko‘p loyihalar amalga oshyapti har jabhada. Taklifim, har haftada bir marta mashhur yozuvchi-shoirlarning dastxati tushirilgan bir nechta kitoblari auksionga qo‘yilib, tushgan pullar bemor bolalar (onkologiya, gematologiya) uchun sarflansa, harna ezgu ish bo‘lardi. Bunda ijod ahli ham, kitobxonlar ham faollik ko‘rsatishsa, kitobxonlik uchrashuvlari nafaqat kitob do‘konlari va ko‘ngilochar maskanlarda, balki zerikarli va tushkun bolalar shifoxonalariga ham ko‘chirilsa, ularni kitob bilan ta’minlashsa, ma’naviy qo‘llab quvvatlash bo‘lardi. O‘zim ham bunda kitoblarim bilan bajonidil ishtirok etardim.
Savollarni «Kitobxonlar davrasi»ning faollari
Muhayyo Abdurahmonova, Elbek Hamroyev,
Iroda Umarova, Mehrigiyoh Bozorova tuzishdi.