Erkin aka, hozirgi adabiy jarayonga munosabatingiz qanday? Adabiyotimizning bugungi darajasi sizni qanoatlantiradimi? Bir kitobxon sifatida, abadiyotga daxldorlik da’vosidagi adabiyot ramzlar ortiga yashirinib ish ko‘rishga zo‘r bermayaptimikan, degan xavotir bor menda. Goho san’at voqelikni real tasvirlashdan qo‘rqqani uchun mavhumlikka yuz burmayaptimi, degan xayolga boradi kishi. Shu haqda siz qanday fikrdasiz?

 

– Ko‘zingiz tushgandir, uch-to‘rt yil burun “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida bir suhbatim chiqqan, men unda adabiy jarayonni goh to‘xtab, goh siljib qoladigan nosoz aravaga o‘xshatgan edim. Bugun o‘sha muqoyasamdan xijolatroqman. Kaminani qanoatlantiradimi-yo‘qmi, harqalay, keyingi chog‘larda adabiyotimizda bir jonlanish, ko‘tarilish bordek. Ketma-ket durustgina asarlar, yangi nomlar paydo bo‘layotir. Demak, arava yo‘lga tushgan, obod-obod manzillardan umid qilish mumkin…
Darvoqe, siz aytgan ramzu majozlar orqali ish ko‘rishning nimasi yomon? Badiiyatning asosiy shartlaridan emasmi bu?! Jo‘nlik yomon, yalang‘och bayon yomon. Tasvirni atay mavhumlashtirishni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, u endi boshqa gap. Ramzlardan foydalanishni ko‘r-ko‘rona mavhumlashtirish ishtiyoqidan farqlamoq kerak. Voqelikni zo‘rma-zo‘raki mavhumlashtirib ko‘rsatishga urinish ko‘pincha muallif maqsadining yetarli idrok etilmagani, aniq-ravshan emasligidan yoki behuda mahorat da’vosidan kelib chiqadigan hol. Ammo quruq voqeanavislik yo‘lidan borsangiz yana bir balo! Bunda me’yorni saqlash muhim shart. Asli iste’dodning bir alomati ham me’yorni his eta bilishda emasmi, nima dedingiz?
To‘g‘risi, sizning tashvishingizda jon bor. Ba’zi narsalarni o‘qib boshingiz qotadi: ro‘yi zamindagi hayotni tasvirlayaptimi bu yo osmoni falakka chiqib ketdimi? Alahsirashni eslatadigan bu so‘zlar bo‘tqasidan muddao nima? Muallifning o‘zidan gap so‘rasangiz, yo baqrayib turaveradi (“Bo‘lgan-turganim shu, kerak bo‘lsa, tushunib ol!”), yo ko‘zini osmonga oladi (“Sen yangicha uslublarni anglamaydigan bir nodon bo‘lsang men nima qilay?!”). Qo‘yavering, “bolalarcha go‘llik kasali” bu, bir kun kelib o‘tib ketar, esi kirib qolar. Xohlamasa, o‘zidan ko‘rsin – yozgan kitobini xotinidan boshqa hech kim o‘qimaydi!
– “Men o‘zimni quvontirgan, qayg‘uga solgan, qiynaydigan narsalarning barini obrazlarga aylantirishga, poeziya bag‘riga joylashga o‘rganganman. Mening hamma asarlarim katta bir iqrornomaning bo‘laklaridir”, degan ekan Gyote. To‘g‘ri, muallifning shaxsiy iqrorlari va e’tiroflaridan mutlaqo holi bo‘lgan asarni topish mahol. Ammo bu qarash haqiqatga qay darajada muvofiq?
– Bu gapning nimasiga ajablanasiz? Gyote haq, albatta. “Anna Karenina – aslida mening o‘zim” degan Tolstoy ham haq. Har qanday asar muallifning shaxsiy iqror va e’tiroflaridan oziqlanadi-da. Tanlagan qahramonlariyu voqelik shuning ifodachisi bo‘ladi. Muallifning qarash va e’tiqodiga zid voqelikni aks ettirgan biron asarni bilasizmi, ayting. Zamonlar o‘tib u o‘zgacha talqin qilinishi – e’tibor topishi yoki inkor etilishi boshqa masala. Odam o‘z bo‘yidan baland sakray olmaydi deymiz-ku. Demak, gap ana shu e’tiqodning nechog‘li ahamiyatli ekanida. Chinakam badiiy asarda fikr-qarashlar goho muallifning “bo‘yi”dan o‘zib ketishi mumkin. Muayyan asar va muallif shaxsiyatining har doim ham muvofiq kelmasligi shundan. Siz yozuvchiman deganning hammasi ham olijanob bo‘ladi deb o‘ylaysizmi, nima? Ammo asar bitayotganida u olijanob bo‘lmoqqa majbur! Aks holda o‘zidan ko‘rsin. Axir, adabiyotning asl mohiyati, vazifasi insonni olijanoblikka da’vat etish emasmi?
– Yaqinda Kolumbiya universiteti olimlari XX asr o‘zbek adabiyoti namunalarini ingliz tilida chop etish bo‘yicha ish olib borayotgani haqida ma’lumot oldik. Nashr qilinadigan asarlarni saralash bizning mutaxassislarimiz zimmasida ekan. Ana shu asarlarning taxminiy ro‘yxati bilan tanishishimga to‘g‘ri keldi. Ammo mazkur ro‘yxatdagi ba’zi asarlarning badiiy saviyasini u darajada yuksak deb bo‘lmaydi. Ular zamonaviy o‘zbek adabiyoti haqida to‘liq tasavvur bera olmaydi. Shu vazifa sizning zimmangizga tushsa qaysi asarlarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?
– Adabiyotu san’at asarlarini baholash ta’b, did, saviya, hatto kayfiyatga bog‘liq masala. Barchaga birdek ma’qul tushadigan asarni topish qiyin – did, saviya har xil. Siz aytgan to‘plamni tuzuvchilar ham tirik jon, yanglishishi mumkin, mutolaa doirasi torroq bo‘lishi mumkin va hokazo. Unaqa antologiyalarning mazmun sifati har doim ham ko‘ngildagidek bo‘lavermaydi, ishoning. Ular ko‘pincha to‘plovchilarining badiiy did, saviyasini aks ettiradi, xolos. Biroq har ne bo‘lganda ham bu ishda shaxsiy munosabatlarni bir chetga qo‘yib, insof, adolat bilan ish tutgan ma’qul. Chunki u har kuni nashr etiladigan oddiy to‘plam emas, necha o‘n yilliklar osha bir martagina chiqadigan milliy antologiya. Uni o‘qigan ajnabiy kitobxon millatingiz, xalqingiz, madaniyatingiz haqida ma’lum tasavvur hosil qiladi. Bunday antologiya tuzishga kirishganda, ko‘pdan-ko‘p xos talablardan tashqari, odam millatparvar, vatanparvar ham bo‘lmog‘i lozim. Biror joyga mehmon bo‘lib borayotgan kishi egni-boshiga qarab olishi kerak-da, to‘g‘rimi?
Endi siz kuyinib tilga olgan antologiyaga kelsak, mening undan xabarim yo‘q ekan, nimalar kiritilganiyu kiritilmaganini bilmayman, shunga ko‘ra hozirdan bir nima deyishim qiyin. U yog‘ini aytadigan bo‘lsam, o‘sha to‘plamni men tuzganimda ham kimdadir e’tiroz tug‘ilishi tabiiy edi. Hali aytilganidek, u mening did-saviyamga mos bo‘lar edi-da. “Har kimning o‘z ta’bi bor” degan gap bejiz emas. Nisbatan oqilona yo‘li shuki, bunaqa masalalar Yozuvchilar uyushmasi ishtirokida, ko‘pchilikning o‘rtasida hal etilsa tuzuk.
Yashirmaylik, begonaparastroqmiz. Ya’ni – boshqalar zo‘r-u, biz sal beriroq, ularning asarlari yaxshi-yu, o‘zimizniki sal mundayroq… Yo‘q, baralla aytsa bo‘ladi: katta adabiyotimiz bor, yaxshi-yaxshi asarlarimiz bor! “Oldingdan oqqan suv-da” deb burun jiyirmasdan, ularni xolis nazar bilan o‘qimoqni, qadrlamoqni ham o‘rganaylik.
Xabaringiz bor, biz “Tafakkur” jurnalida jahon adabiyotidan namunalar yoritib boramiz. Lekin bitta hikoya tanlash uchun necha-necha to‘plamni varaqlab chiqishimizni bilasizmi?! Durdona deganlari har kuni topilavermaydi. Ba’zi narsalar, kechirasiz-u… “o‘zimiz qatori”. Axir, jahon boshqayu biz boshqa, jahon adabiyoti bir tarafu biz bir taraf emasdirmiz! O‘zbek adabiyoti o‘sha biz mahliyo bo‘lib qaraydigan jahon adabiyotining bir bo‘lagi, havas qilgulik, munosib bo‘lagi…
– Barcha vijdonli ziyolilar singari sizni ham Vatan va millatni mukammal ko‘rish istagi tashvishga solishi tabiiy. Ayting-chi, uzoq yillik ijodiy izlanishlaringiz shu ezgu maqsadga qay darajada xizmat qila oldi? Ehtimol, bu istaklarning ijobatini ko‘rish uchun “boshqa yo‘llardan ham foydalanish kerakdir…” degan fikr biror marta bo‘lsa ham xayolingizdan o‘tganmi?
– Yozganlarim nimagadir xizmat qilgan-qilmaganini aytish mening vazifamga kirmasa kerak. Buni tusmollamoqqa ham haddim sig‘maydi. Lekin shunisi aniqki, nuqul ta’rif-tavsif bilan maqsadga erishib bo‘lmas. Shu vatan, shu millat meniki degan odam uning kamchiliklaridan kuyinadi, goho achchiq gaplarini ham qaytarmay aytadi, yozadi. Buyuklardan kimdir, Belinskiy bo‘lsamikan, “O‘ziga tik qaray bilgan millatgina yuksaladi”, degan ekan. Xalqimiz ham “Do‘st achitib gapirar” deydi-ku!
“Boshqa yo‘llardan foydalanish” degan so‘zingizga, to‘g‘risi, uncha tushunmadim. Men o‘zimni kamtarin bir qalamkash sanayman, qalamdan boshqa qurolim yo‘q, boshqasiga da’vo ham qilolmayman.
– Deyarli barcha qahramonlaringizni ushalmagan orzular o‘kinchi iztirobga soladi. Mazkur holat Asqar, Shamshodbek, Berdiboylardan tortib Bolta Mardonu Jiydalidan chiqqan Jo‘raqulgacha – barcha obrazlaringizda uchraydi. Bu nimadan dalolat? Nahotki, Tangri “insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan bo‘lsa…”
– Ustoz Asqad Muxtorning so‘zlari-da. Naqadar topib aytilgan shoirona ta’bir! “Baxt izlash azobi bilan jazolash…” Hamma so‘zining tagiga chizib qo‘ygingiz keladi, shunday emasmi?
Rahmatli Chingiz Aytmatov qahramonlarning murod-maqsadga yetishuvi bilan yakun topadigan ertaksimon nimadir yozishni orzu qilib o‘tdi. Rus mualliflaridan yana kimningdir shunday gapi esimda: “Azobu iztiroblarni yenggan oshiq-ma’shuq nihoyat limuzinga o‘tirib porloq ufqlar sari yo‘l olsa koshki edi! Lekin ular yo‘lda biror falokatga uchrashi ham mumkin-da, shunisi chatoq. Nachora, hayot deganlari ertak emas…”
German Gessening “Avgust” degan ertaknamo asari bor, bosh ko‘tarmay o‘qiysiz, bag‘oyat puxta, san’atkorona yozilgan. Qizig‘i shundaki, sharq hikmatlarini yodga soladi. Ammo qaytib o‘qigingiz yoki tarjima qilgingiz kelmaydi. Nega? Garchi xotimasi ertaklardagi kabi shodumonlikdan iborat bo‘lmasa-da, asarda ifodalangan hikmat ochiq-ayon: “hayotda baxtiyor bo‘lmoq uchun odamlar seni emas, sen odamlarni sevmog‘ing kerak” degan gap. Zarur, ibratli fikr. Biroq realistik asarga xos sirlilik, murakkablik yo‘q. Hikmat bo‘rtib qolgan… Xulosa shuki, badiiy adabiyot axloqiy muammolardan bahs etishi mumkin, zarur ham, lekin u zinhor axloqshunoslik ilmi emas.
Ushalmagan orzular o‘kinchi, iztirobi bo‘lmasa, u qanday adabiy qahramon, u qanday badiiy asar?! Shu “go‘zal iztirob”ni (Rauf Parfi ta’biri) boshdan kechirmasa, qahramon qanday yuksaladi, qanday idealga talpinadi? Kitobxon unga ishonadimi, undan ta’sirlanadimi? Boya siz sanagan qahramonlarda rostdan ham shunday xislat topilsa… meni xursand qildingiz, rahmat. Kamina chinakam badiiy asarni iztirob mevasi, iztirobnoma deb bilaman. “Dilda darding bo‘lmasa, sardaftarimni kavlama”, demaydimi otashin Mashrab!
Asarda sirqiragan dard bo‘lmasa, iztirob ifodalanmasa, shundan hosil bo‘lgusi tayin maqsad-muddao ko‘rinmasa, o‘quvchi mardumning boshini qotirib nima kerak?!
– Badiiy va publitsistik chiqishlarda siyqa jimjimalar ko‘payib borayotgan kezda o‘ziga xos uslubingiz xalqni adabiyotga, adabiyotni xalqqa yaqinlashtirayotganiga shubha yo‘q. Afsuski, yosh nosirlar orasida so‘zga zargarona yondashuvlar u darajada ko‘p emas. Ustoz adib sifatida ularga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Bir yozuvchimiz bor, yoshligida yozgan asarlarida ifoda chatoq, til g‘aliz edi. Hozir u xiyla nom qozongan, dasta-dasta kitoblari chiqqan, lekin hamon “duduq”. O‘ziga ziyon, har qancha qiziq narsa yozmasin, asarlari yaxshi o‘qilmaydi, bir-ikki sahifasidan o‘tib-o‘tmay tashlab qo‘yasiz. Yozishni boshlagan kezlarida “Bu nima deganing, tilini chumchuq cho‘qigur!” deydigan talabchanroq bir ustoz yoki muharrirga uchramagan-da. Bugun endi shundan gap qo‘zg‘ab ko‘ring-chi! To‘g‘ri, oddiy kitobxon uncha-muncha qusurni sezmasligi, tasvirlangan voqeaga qiziqib, o‘qib ketaverishi mumkin. Lekin bir qarashda silliq, benuqson ko‘rinadigan ayrim matnlarni qo‘lga qalam olib ko‘zdan kechiring-chi, “sog‘” joyi qolarmikan! Afsuski, so‘z-jumlaga e’tiborsizlikni yoshlarimizdangina emas, elga ma’lum ba’zi oqsoqol adiblarimiz ijodidan ham topsa bo‘ladi. Yozuvchilik da’vosi bilan chiqdingizmi, gap san’ati emas, so‘z san’atiga amal qilib, ularni tanlab-tanlab, o‘rni-o‘rniga qo‘yib yozing-da, baraka topkur!
Bunday holga asosiy sabablardan biri – adabiy nashrlarimizda talabchanlik susayib ketgani, har doim ham sharaf keltirmaydigan mashaqqatli hunar egasi bo‘lmish chinakam muharrirlarning kamyobligi. Oqibatda – muharrir ham muallifning o‘zi, musahhih ham… goho taqrizchiyu o‘quvchi ham o‘zi!
Yoshlarimizga maslahat berish vakolatim bo‘lsa, aytay: hadeb o‘ziningu bitta-ikkita tengdoshining yozganlarini o‘qiyvermasdan, boshqalarni ham, birinchi galda Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad singari ustozlarni sinchiklab o‘qisin, erinmasa, qiyoslab ko‘rsin. Shoyad bir natija chiqsa. Yoki ular eskirganmi? Nima, o‘zimiz “yangi” bo‘lib qolibmizmi, qachon?
Yana bir maslahat. Shoshmaylik. Bugun yozilganini ertagayoq chiqarishga oshiqmaylik. Adabiy matn bir qaynovda tayyor bo‘ladigan qiyom emas.
Yoshlarimizning havas qilgulik tili “burro”lari ham talaygina. Keling, ro‘yxat qilib o‘tirmaylik. Ertaga bir kun yuzimiz shuvit bo‘lib qolmasin. Garchi, ishni so‘zga mehr qo‘yishdan boshlagan odam keyin borib unga xiyonat qilmasa kerak.
– “Shovqin” romanida qadriyatlardan uzilgan, matbuotchilar ta’biri bilan aytganda, “ommaviy madaniyat” ta’siriga tushib qolgan kimsalar obrazi tasvirlangan. Bundan ezgu maqsadlarni ko‘zlaganingiz ayon. Ammo asaringizda qaltis epizodlar ham yo‘q emas. Komillik yo‘lida nafs va hirs kabi illatlarni yengib o‘tishi lozim bo‘lgan millatning yosh vakillariga bu holat aks ta’sir ko‘rsatmasmikan, nima deysiz?
– Tipik qahramonlarni tipik sharoitlarda tasvirlash; ijobiy va salbiy qahramon… Sotsrealizm ta’siri hali talay zamon qonimizdan arimaydi shekilli. Kimni qahramon qilib olish, uni qay yo‘sinda ko‘rsatish yozuvchining ixtiyorida emasmi? Yaqinda bir roman qo‘limga tushdi (ruscha), qahramonlari – bomjlar, boshpanasiz daydi-sayoqlar, sizu bizning nazarimizda asarga, ayniqsa, roman atalmish polotnoga qahramonlikka sira-sira yarashmaydigan, arzimaydigan kimsalar… Qiziqish bilan o‘qib chiqdim, lekin hecham ularga o‘xshab daydi bo‘lgim kelgani yo‘q, havas ham qilmadim. Yozuvchi keng hayotni tasvirlamog‘i lozim ekan, hayotda shunaqalari ham bor-da, nachora? Hamma gap muallifning munosabatiga, beradigan bahosiga, boringki, maqsad-muddaosiga bog‘liq-da.
Bugun kulgili tuyular, ammo bir vaqtlar Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamalarda romandagi ijobiy va salbiy qahramonlar nisbati barmoq bukib sanab chiqilardi. Menimcha, o‘shanday qolipu quyushqonlardan xoli chinakam adabiyotning qahramoni hayotiy, haqqoniy bo‘lmog‘i kerak, tamom-vassalom! Xudoga shukurki, bizning adabiyotda ham ana shunday obrazlar dunyoga kela boshladi.
Yaqinda ustoz Ibrohim G‘afurov bilan shu borada gurunglashib qoldik. U kishi necha yillardan buyon rus tilidagi “xanja”, “xanjestvo” so‘zlarining o‘zbekcha lo‘nda bir muqobilini topolmayotganini aytib meni hayratga soldi. Inson hayotiga doir jamiki holu holatni nomlamoqqa qodir boy lug‘atimizdan-a! Shundoq zargar tarjimon-a!.. Ma’nosini aniq-tiniq anglab turganimiz shu so‘zga ikkovlashib munosib “egizak” qidira ketdik. O‘zni sipo tutish, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagandek qilib ko‘rsatish, buzoqning haqi deb sut ichmaslik… Lekin aynan, ixcham ifodasi topilmadi, qarang. Vaholanki, milliy fe’l-atvorimizga juda mos keladigan ibora! Axir, o‘zimizni xiyla sipo ko‘rsatmoqqa urinishimiz, musichai beozordek tutishimiz, tiriklikning goho tuban o‘yinlaridan parhezkor qilib ko‘rsatishimiz bor gap-ku!
Kelgan xulosamiz shu bo‘ldiki, harchand fazilatli, solihu olijanob xalq sanalmaylik, bani odamga xos illatu qusurlar bizga ham begona emas! Lekin shuni e’tirof etmoqqa qolganda, garchi tilimizda aniq ifodasi topilmagan bo‘lsa-da, o‘sha “xanja”ligu “xanjestvo” bizda ham yetarli!
Endi “Shovqin”ga kelsak, men unda birovni yomonlash yoki qoralab ko‘rsatishni maqsad qilganim yo‘q, aslo – kechagi zamonda kechgan voqelikni bor-boricha tasvirlamoqqa urindim, xolos. Bunga erisholmagan bo‘lsam yoki siz aytgandek tushunilayotgan bo‘lsa – mening aybim. Lekin boshqa nazar bilan, deylik, haligi “xanjestvo”ni bir chetga qo‘yib o‘qib ko‘rilsa-chi?
…Yoshlarimiz har narsaga aynib-buzilaversa, ayrim ellardagi kabi internetni cheklash, tomlarimizdagi “tarelka”larni yig‘ishtirib olish kerak bo‘ladi…
– Bilamizki, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Asqad Muxtor kabi ustozlar o‘z davrida yosh iste’dod egalarini rag‘batlantirish borasida salmoqli ishlar qilgan. Bugun siz ham ustozlik maqomiga erishgansiz. Sizga shogird tushishni istovchi yoshlar ko‘p. Ayting-chi, “yashashni mas’uliyat deb tushunadigan, qahramonlari hayotga, odamlarga tanqidiy, talabchan nazar bilan qaraydi”gan sizdek adib adabiyotimizning ertasi hisoblangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun nimalar qildi?
– Umrim adabiyot nashriyotiyu adabiy jurnallarda (“Guliston”, “Yoshlik”, “Tafakkur” ham shu jumladandir) xizmat bilan o‘tdi, o‘tayotir. Qo‘lyozma saralashda muallifning yosh-qariligi yoki boshqa “imtiyoz”lariga qarab emas, hamisha muayyan nashr talablari, avvalo, adabiyot manfaatini ko‘zlab ish tutmoqqa harakat qildim. Shu asnoda, tabiiyki, ko‘plab yoshlarimizning asarlari ham qo‘limdan o‘tgan, ma’qul kelganlarini imkon boricha quvvatlab-qo‘ltiqlab nashrga tavsiya etganman. Bugun ularning adabiyotda erishgan yutuqlaridan shoyon g‘ururlanib yuraman.
Beayb Parvardigor, bu borada goho kimgadir yetarlicha mehribonlik qilolmagan yoki talabchanlikni oshirib, ko‘nglini qoldirgan bo‘lsam – aybi bo‘ynimda. Shulardan kimki kiroyi bir asar yozib chiqib kaminaning o‘shandagi xatosini isbotlasa, qo‘shilishib quvonmoqqa tayyorman.

Safarali QURBONOV suhbatlashdi.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.