Qarogʼim ichida turar soʼnggi barg,
Qayta gullamogʼim osonmas, gumon.
Tomchilar ostida titrab turar dard,
Balki, yashamogʼim chindan dargumon.
Koʼzlarim toʼrt qilar u sovuq simlar,
Milyon zarralarga sochilgan qadr.
Kim uchun yashadim,
Qalbimda kimlar,
Аzoblar—poyimda kovlangan qabr.
Ol endi,
Roʼyoga almash yuragim,
Ming oʼlib, ming bora tirildi ruhim.
Faqat, koʼzlaringda kelar tunagim,
Qayta uygʼotmasa beshafqat xukm.
Uxlasam,
Zumrad tushlarim aro,
Moviy osmonlarda baxt toʼla nigoh.
Аbadiy uxlasa u baxtiqaro,
Taʼqibin toʼxtatsa ming bitta gunoh.
Tosh boʼlgan diydamda erib ketsa qor,
Qarogʼing ichida isinsa koʼnglim.
Kuzak yaprogʼidek boʼlma xoru zor,
Ey, yurak,
Taqdirga jimgina koʼngin.