Bugun sizni kutdim,
Tongdan shomgacha,
Yurak yozugʼida yozildi xatlar.
Koʼksimda siyohiy gʼussalar qancha,
Qogʼozga tushmagan ming bitta dardlar.
Oppoq qor toʼshaldi,
Junjikdi etim,
Majruh vujudimda yigʼladi kunlar.
Endi xislar sarob,
Soʼzlarim yetim,
Vidoga aylangan hijronli tunlar.
Muzladi nigohim,
Muzladi qarogʼ,
Chalindi nogohon ayriliq kuyi.
Dilimda ilvirar eng soʼnggi yaproq,
Jonimni uchirib yuborar quyun.
Izillar tuygʼular,
Izillar hijron,
Hayot chizigʼida soʼroqlar mezon.
Javobsiz savollar,
Toʼkilgan mujgon,
Turnalar toabad qaytmas biz tomon.
Bugun sizni kutdim,
Behol, bemajol,
Koʼksimda oʼksigan yarodor bir qush.
Koʼzlarim tubiga choʼkadi xayol,
Yana oʼz domiga tortar rangsiz tush.
Bugun sizni kutdim...
Umida Аʼzam - Sizni kutdim
- Ayrıntılar
- Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
- Kategori: Günümüz Özbek Şiiri
- Gösterim: 46