Holatiy qissa
1.
Vaqt suzar edi…
To’xtadim, yo’l chopdi. Men to’xtadim,
ammo yo’l quyun misoli chopdi.
Alanga qo’pardi yo’lim ustida.
O’ngimda oyoqni shol qildi qo’rquv,
Ortimda kofar edi abrsuv!
Qismatimni titdim,
Ozod bayot bitdim,
Iloha boshimga chachvonni tashla –
Shamol to’zg’itmasin ortiq sochimni!
2.
Makon to’xtab qolgandi…
Qo’lingdan mung’ayib tushib ketdi nay,
Turasan cholg’usiz ishoramga shay.
Surati bejonsan, ammo Sendagi vujud
Falakning burjida xayol suradi
Va shunda ko’zlaring botinan
hayqirayotganing aytib turadi.
3.
Oy shu’lasiz edi…
Tun zulmat pardasin tortdi.
Nihoyat, dilingdagi
tilga ko’chadi
Hayqiradi ichingda
bir sas:
-Oz qoldi, to’xtab tur, ketma!
-Yolvoraman, so’z och.
To’xta, bir nafas
Tongga chiqib olsak bas!
Subhi sodiqqa
omon yetsak bas!
Aytaman:
-Hodisa ro’y beradi…
Hali uyquga ketasan,
uzoq uyquga
Mehvaringda muhtasham
tush ko’rasan –
Yurak haroratini,
qalbim mahobatini…
Hali bir tush ko’rasan –
Muborak tushki,
Dardingni
mangu olguvchi
Mening hali
nafas olib turganimni
abadiy yodga solguvchi.
Aytasan:
– Xayriyat, so’z ochding! Sukuting
hurkitdi. Baxtni yomon qo’rqitdi.
Har tun osmonga boq,
Nursiz — yulduzsiz.
Ketma! Oz qoldi, to’xtab tur!
Sukut qilma.
Yolvoraman, tag’in bir nima de.
To’xta, bir nafas
Tongga chiqib olsak bas!
Subhi sodiqqa
omon yetsak bas!
Va yana aytasan:
– Har tong menga
jamil Kalom aytib tur!
Har subhidam qutlug’
calom aytib tur!
2015 yil. 11 iyul – ramazon oyi.