Agar o‘ylarimni qoplasa bulut,
Agar umidlarim qolsa beqanot,
Agarda qalbimni qurshasa sukut,
Agar ado bo‘lsa ruhimda sabot;
Borlig‘im band etib yashash ozori,
Sovuq tumaniga meni o‘rasa,
Qizisa afsusning achchiq bozori,
Xayol o‘kinchlarga meni sudrasa,
Shu zamon shafqat-la boshimga kelib,
Qaddimni suyamoq aslo shart emas,
O‘zbekiston tuni boshing uzra, deb —
Mening qulog‘imga shivirlangiz, bas…

Qomatim chinordek rostlanar shu on,
Ko‘nglim tipirchilar ko‘kka umtilib.
Bolalikdan oshno, firuza osmon
Charx urar boshimda shafqatga to‘lib.
Ajib surur bo‘lar jonimga hamroh,
Menga panoh bo‘lar mo‘jiza bir tun.
Men unga mahliyo, maftunman, ammo,
U kimga mahliyo? U kimga maftun?
Bu yurtda shukuhi, ko‘rkini bir-bir
Tunlarga bag‘ishlar qaynoq kunduzlar.
Elimning behisob armonlaridir
Samoga sochilgan million yulduzlar.

Xayolday cheki yo‘q, oydin ufqlar
Xalqimning ufqday xayolin aytur.
To‘lin oy taratib ufqlarga zar,
O‘zbek tuyg‘usining timsolin aytur.
Dohiy tabiatdan elimga ehson
Sehru sinoatni bo‘lurmu o‘lchab?
Bu tunlar jamolin bir ko‘rgan inson
Yurtiga ketolmay qolsa, ne ajab.
Muhabbat solarkan boshiga savdo,
Hayot solar ekan ruhiga junun,
Dardini tunlarga so‘ylamish Laylo,
Baxtini tunlardan izlamish Majnun…

Rohatda mudraydi xazina tuproq,
Har lahza depsinib mo‘tabar joni.
Bog‘ aro epkinning mavjida shu chog‘
Alisher qalbining shirin javloni…
Bu qadam sharpasi… aziz onaga
Umrbod tolening yulduziday nek.
Yulduzlarga yondosh rasadxonaga
Mag‘rur chiqib borar sulton Ulug‘bek…
Ufqdan ufqqa yoyilgan falak,
Daryolarni quchib, mudragan voha…
O‘zbekiston tuni, o‘zingsan beshak
Beruniy topingan buyuk iloha!

Ulug‘ bobolarning ruhiga xitob
Tog‘larning tun aro yarqiroq boshi.
Huv, tanho buloqda toshadi shu tob
Bechora Furqatning haqir ko‘z yoshi…
Shirin bir xo‘rsinish kezar havoda,
Ba’zan qanot yozar alamli bir oh.
O‘tmish va istiqbol misli shabboda
Nozli tun sochini silaydi, ammo —
Sokin bir darchada titraydi chiroq,
Onajon bag‘rida do‘mboq kenjasi.
Shirin tushlar ko‘rib tamshanar shu choq
O‘zbek tuprog‘ining go‘dak xo‘jasi…

Ona kabi olib boshi uzra tin,
Hattoki tun qilar unga tabassum.
Mening ham xayolim yozib qanotin,
Shu go‘dak boshidan aylanar har zum.
Yarqirab ko‘rinar qadim Buxoro,
Yarqirab ko‘rinar go‘zal Farg‘ona.
Eh, shu shirin fursat, shu go‘zal asno
Ma’sum yulduzingni uyg‘otgil, ona!
Uyg‘ot, barqut tunga termilsin to‘yib,
So‘ngsiz surur bilan simirsin nafas.
O‘zbekiston tuni boshing uzra, deb
Uning qulog‘iga shivirlasang, bas…

1965