Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Şiiri
Gösterim: 51

Ona, chap ko‘ksimda boshlanar isyon,
Soxta maqtovlarning yo‘qmi oxiri
Keng dunyo bir menga tordek onajon
Sog‘indim…
Ko‘nglim osmonida sog‘inch yomg‘iri!

Mening dushmanimdir qora bulutlar,
Bunda quyoshimning nurlari qani?
Umrim daftarimda achchiq sukutlar,
Men sizni sog‘inib yig‘lagan sari.

Ona, kimga ishondingiz bunchalar
Endi sog‘inmoq ham gunohmi ayting,
Unda men eng katta gunohkor qizman,
Bo‘g‘ziga alamlar to‘lgan hayotning.

Qarang!
Yuragi botir qizingizman men,
Azoblar mening o‘gay singlimdir,
Qishda bahorlarda qolgan izman men ,
Sovuq yegan gullar mening ko‘nglimdir.

O‘n sakkizim o‘tib borar har onda,
Baxtga ko‘zim intiq quchoqlarim keng
Keling tushlarimda bir bora Ona
Yolg‘on bo‘lsada…
«Sen yaxshi qizsan ona qizim» deng!