Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Şiiri
Gösterim: 2548



Besh-olti yosh edim chamasi

Ko‘lga olib borganda bobom.
Bir to‘p oqqushlarning galasi
Suv bo‘yida etardi xirom.

Yuragimda zarra g‘ubor yo‘q,
Qamishzorlar chayqalar beg‘am.
Bir xil rangdan iborat borliq,
Qanday go‘zal edi bu olam?!

Ertaklarga to‘la ko‘zlarim,
G‘am neligin bilmasdi hali.
Xotiramda qolgani shu zum
Zangor ko‘lning zumrad xayoli.

Anglab bo‘lmas qandaydir sog‘inch
Va ko‘ngilni o‘rtaguvchi zor.
Siz ham sayr etganmisiz hech
Qushlar bilan dunyoni bir bor?

Bobom, men, ko‘l, bir it ovora,
Shunday kechar edi yoz, qishlar.
Bolaligim eslasam darrov
Ko‘rinadi o‘sha oqqushlar.

* * *

Ko‘nglini rom etmadi sharob,
Shon-shuhratga qo‘ymadi ixlos.
Bir xaroba kulbada yo Rab,
Kun ko‘rardi avliyoga xos.

Tengdoshlari xayolin mangu,
Band qilganda hayot, ishq, taqdir.
Havaslardan ustun bir tuyg‘u,
Faqat uni etgandi asir.

Sezdirmasdan chekardi qayg‘u,
Olislarga ko‘zini tikib.
Bu dunyoda yashar edi u,
U dunyoning g‘amini chekib.

* * *

Balki, sizga shunday tuyular,
Hammasi bir tushdek noayon.
Samodagi zangori yo‘llar
Ko‘zlarimda bo‘lar namoyon.

Och to‘lqinlar chayqalar behol,
Yonayotgan shafaq ko‘ylagi.
Menga tanish ko‘rinar shamol,
Va daryoning notinch yuragi.

Qirg‘oqlarga kelganman avval,
Qadim suvlar aylagan bunyod.
Chog‘langanman yashashga har gal,
Yo‘l bermagan beshafqat hayot!

O‘shanda ham ko‘k tortgan pushmon,
Zamin borim sezmagan bir dam.
Charx davvorga boqaman hayron,
Nahot, qayta tug‘ilgan bo‘lsam?!