Qayda eding o‘sha olov yillarim,
Bag‘rim bezaganda ishq g‘unchalari.
Chorlaganda olis manzilga yo‘lim,
Xayolim yoqqanda nur kechalari.

Qaynoq lablarimga yugurganda o‘t,
Yaratgan ko‘nglimga yaqin kelganda.
Uyg‘onib ismingni etganimda yod,
O, naqadar jondan aziz bilganda.

G‘amga botganimda qaylarda eding,
Orzu-havaslarim sovurganda kul.
Sovib ketganimda butun olamdan,
Bo‘shab qolganida yuragim butkul.

Yo‘qligingga ishontirib o‘zimni,
Taqdirning hukmiga tashlaganim payt.
Endi ostonamda qaysi yuz bilan
Jilmayib turibsan, ey, notavon baxt!