Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Şiiri
Gösterim: 60

Kimlar, nimalarga sarf etib umrim
Kechganligi uchun sendan olisda.
Oshiq bo‘lganligi bois ko‘zlarim
Bu dunyoning hoyu havaslariga.

Bir nur ilinjida baridan kechib,
Falakdan tushganim aro chohlarga.
Xayoling shavqida saroblar ichib,
Ko‘milganim sabab shuncha ohlarga.

O‘zimdan bexabar, sendan bexabar,
Olamdan bexabar yashaganim chun.
Yuragimda qolgan chog‘irrang ishqning
Qonlari qonimda oqqani uchun.

So‘zlardan axtarib hayot totini,
Ko‘ksimni zardobga to‘ldirganim chin.
Faqat g‘am kelganda arzu dod aylab,
Yodimga tushganing uchun kechirgin!

* * *

Gunohga botibman yashayapman deb,
Ko‘nglim ko‘zlarini berkitibdi g‘am.
Shaffof yomg‘irlarda poklanayotib,
Ruhimni tark etdi nastarinlar ham.

Qizargan ufqdek botar ko‘ksimga
Kunlar sanog‘iga yetolmayin kuz.
Shuncha yildan buyon yolg‘on dunyoga
Nega kelganimni bilmayman hanuz?!

Behuda ezilar xazon yuragim,
Qayerga chorlaydi noma’lum yo‘llar?
Bemaqsad kurashdan juda charchadim,
Bilmadim, kimligim qachon fosh bo‘lar?!

Adashib tuyg‘ular to‘polonida
Dilobar hislarim ko‘tarar isyon.
Nahotki, ishqim ham qiyomatgacha,
Qalbimda ochilmay qolar noayon?!

* * *

Buncha kech yukindim, buncha kech topdim,
Maysalar ohidan tanidim seni.
Shuncha yil g‘aflatda kechgan bu umrim,
Balki kechirilmas qiyomat kuni.

Mo‘min musichalar, muslima gullar,
Pokdan-pok nomingga sig‘ingani dam.
Men osiy bir yorning hajrida yonib,
Unutib qo‘yibman borligingni ham.

Qancha soya kelib-ketdi hayotga,
Topmadim yuzingdek biror yuz yorug‘.
Bu yozgan she’rlarning abadiyatga,
Bitta xazonchalik daxli bormi, yo‘q?!..

* * *

Shuncha yil kim uchun yashadim axir,
Jonimni asradim nimaga uzoq?!
Charxi yo‘q falakdek aylanib taqdir,
Baxsh etar ko‘z yoshu bir hovuch tuproq.

O‘lim ham yashashning davomiday gap,
Buncha g‘amlaringda kuydirding bejon.
Do‘stni-do‘st, yorni-yor dedim… hammadan
Faqat senga yaqin edim, Xudojon!

Dunyoda nima bor, o‘zingdan abad,
Omonat lahzalar o‘tar birma-bir.
Ayanchli tuyular xasligim faqat,
Tuprog‘ligim og‘ir botar negadir!

* * *

Senga yoqaman deb, yo‘l topaman deb,
Ishqda, ibodatda adashmadimmi?
Beozor maysalar ko‘z yoshin to‘kib,
Bir umr so‘qirdek yashamadimmi?

Do‘zaxmi vujudim yondirayotgan
Ko‘ksimni kuydirgan gul faryodimu?
O‘zimdan g‘animdek o‘ch olayotgan
Yo‘qotgan qadrimning o‘chmas yodimu?

Javzo bog‘larida tentigan mezon –
Ko‘rgan tushlarimning o‘ngimasmikan?
O‘zim bilib-bilmay men yanchgan xazon
Kimningdir toptalgan ko‘nglimasmikan?

Boshimni poyingdan ko‘tarolmayman,
Ko‘zimdan to‘kilar tun iztirobi.
Yaratgan, ayon et, qalbimdagi ishq,
Bu qaysi dunyoning go‘zal azobi?!