Dasht. qizil qum. So‘nggi saraton

Gulxanlaring so‘ng da’fa yoqib.
Ko‘z oldimda yastanib chunon
Mag‘rur qizdek turasan boqib.

Hadigingmi Sharqning shamoli,
Kuzatarsan beizn, beso‘z.
Xayrlashuv chog‘idek g‘amli
Har ne menga tuyular aziz.

Qanday toza tuyg‘ular bilan
Barxanlaring kechardim yalang.
Sut hidi anqigan tonglardan
To‘kilardi moviy ranglaring.

Nafis iforlaring, sirlaring,
Olov tafting, otashin mehring.
Tomirimda oqar shiviring,
Tortar edi hayajon, sehring.

Odam bo‘lay, devdim, bu qismat
Shoir qildi bazmlarga o‘ch.
Chorlayverding sog‘inganing payt
Unutdilar, unutmading hech.

Qancha jonim tutsam ham yo‘lga,
Meni sendek kutgan yo‘q hech kim.
Xuddi mubham kelajak kabi
Yuragimga kirib kelding jim.

Xayollaring bu qadar ulkan,
Yuksakdasan falakdan go‘yo.
Bildim – shuncha yonganim bilan
Qum zarrangga arzimas dunyo!

Kuyishga arzimas hech narsa,
Tiriklik ham oniy haqiqat.
Haq – yagona! Sen haq ekansan,
Qolgan g‘amlar bari muvaqqat.

Quyosh olib so‘qir kaftiga
Osmon tushar ko‘ksimga qulab.
Senda qolgan oxirgi imkon,
Bir mozor bor yotar huvillab.

U men uchun yaralgan ka’ba –
Qabrlarning evrilar toshi.
U men uchun tavbadir, tavba,
Kezar gumrohlarning ko‘z yoshi.

To‘zonlaring ko‘zimga kirib,
Bag‘rim erur shu lolarang qir.
Faqat senda shon-shuhrat mag‘lub,
Taqdirimiz, manzilimiz bir!

Dasht. Biyobon. So‘nggi saraton…

* * *

Bu cho‘llar mangu beshak,
Karvon bosib kelar yo‘l.
Bir tuyada belanchak,
Birida baxmal zambil.

Qo‘ldan tushmas bir fursat,
Umid degan oltin jom.
Kimga baxt, kimga kulfat
Olib kelar bu oqshom?!

Parvo qilmas dala-tuz,
Qumzorlar – yonar tancha.
Bunda izsizdan-izsiz,
Kelib-ketarlar qancha!

Tinim bilmas shamollar,
Afsona to‘qir gulxan.
Dunyo qayta yaralar,
Bor ekanda, yo‘q ekan…

* * *

Sizni bilmadimu menga tanishdek
Ufq ortidagi pushtirang yo‘llar.
Ko‘zim daryosida yashayotgandek
Nurlarga g‘arq bo‘lib necha ming yillar.

Ayni shu lahza ham yorug‘ sirlarga
Ko‘milgan dunyoga kelganman birrov.
Qonimdan to o‘tli nafasimgacha
Ko‘ksimni kuydirar ishq degan olov!

Sanobar tushlardek barisi ayon,
Oqqushlar ruhimni uyg‘otar ogoh.
Qachondir yelkamda qanot bo‘lganin
Menga eslatadi osmon banogoh.

Noumid emasman agar ayrilsak,
Soyamiz qo‘shilar suman gulida.
Qaysidir hayotda yana uchrashsak,
Balki so‘zlasharmiz qushlar tilida!

* * *

Ko‘zimga to‘kilib kelar xiyobon,
Xayrlashmoq og‘ir so‘nggi yo‘lakda.
G‘amlarga ko‘milib ketasan shu on,
Men esa qolaman xazon ko‘ylakda.

Yuragimga botgan kipriging aro
Ko‘ksimga to‘kilar siniq ilinjlar.
Yana diydoringga yetgunimcha to
Sochimda oqarib ketar sog‘inchlar.

Havasim ko‘karar ostonang quchib,
Bekatlar yam-yashil armonga to‘lar.
O‘zimni unutib, o‘zimdan kechib,
Sening ko‘zlaringda yashagim kelar.

Ismingni yozaman tongda quyoshga,
Tunda to‘lg‘onaman gullardek behush.
Mening olovlarim so‘nmagan yoshda,
Sening ko‘zlaring tush…
kipriklaring tush…

Tutqin qush singari bandilikda dil,
Buncha xayollaring keng osmon qadar.
Yuraman, qarshimda yolg‘izoyoq yo‘l,
Xazon yomg‘iriga cho‘milgan shahar!

* * *

Sening izmingdadir jonu jahonim,
Otashman, isyonman, ishqman bor-yo‘g‘i.
Nega ko‘zlarimdan izlaysan xato,
O‘zi bu dunyoning qayeri to‘g‘ri?!

Hammadan qolgan may quyqasi hayot
Gohi hush, gohida yo‘ldan og‘dirar.
Qumning zarrasidan kichik koinot
Boshimga malomat toshlar yog‘dirar.

Aylanar charx, tarxi buzilgan falak
Qismatim ko‘zlarin to‘ldirib yoshga.
Nima gunohim bor ko‘ngildan bo‘lak,
Oqlaguvchim yo‘qdir Xudodan boshqa.

Meni dilingga sol, joningga yashir,
Azoblar, og‘riqlar barisi o‘tar.
Yuragimni ko‘mib ishqzorlaringga,
Qaqroq lablarimga to‘kilsang netar!