Kuzdan boshlanadi sizni sog'inish,
Bahorga eltmaydi umid uchquni.
Ko'zimda ko'nglimning ko'yi akslanar,
Sizsiz og'u kabi har bir yutumim.

 Bunda sariq choyshab yopingan yo'llar,
Daraxtlar shoxlari bo'salardan mast.
Kuz sizni soladi yana yodimga,
Sentabr qo'shig'i tinmoqni bilmas.

 Qadamlab boraman notalar aro,
Sol, mi, sol,
So'ng dorillaydi do.
Bosgan qadamimda xazonlar raqsi,
Ko'nglingiz ko'nglimni chorlaydi g'oyo.

Kuzlanib boradi shahar, yo'l, o'lka,
Sog'inchdan xazonlar bu dam o't olar.
Tobora tezlashar sog'inch yomg'iri,
Ivib ketar ko'ksimdagi notalar.
 

Sizni sog'inishdan boshlanadi kuz...

 ****

Sen yonursan,
yuragingga bir o‘t tushgan,
Ham yomg‘ursan,
yaqin borsam ko‘nglim ivir.
Yo‘q, sen nursan,
kaftlarimda yaralgan nur,
Seni bunyod etgan tilim aytgan shivir.
 

Qizg‘onursan, o‘zgadan ham, o‘zingdan ham,
O‘rtanursan,
baxtga loyiq emaslikdan.
Nigohlaring botib ketar yuragimga,
Bir imkon ber armonlarga bermaslikka.

Uyg‘onursan,
tushlarimning quchog‘ida,
faqat unda baxtlidirsan, ham masrursan.
Sen bir baxtsan, men ham senga loyiq emas,
Yaqin borsam,
ruhim yonar,
O, sen nursan!