"Ketgin", -deyman hayqirib, “kelgin”, -deyman yashirib,

Kiprigim-la dil tilib, tun yig'layman bosh urib,
Ko'zlaringga boqsam, o, qolar ko'zda yosh qurib,
To'kilganman yerparchin, xazonlar a’zoyimdir.

Ko'nglim misli qadahdir, may xo'plading, darz ketdi,
Sochim to'zg'itdi shamol, men Xudoga arz etdim,
Xatlar yubordim so'ngsiz, boy et, seni qarz etdim,
Yozsang , tiriklik bayroq, yozmasang-qazoyimdir.

Dil sinig'in teraman, xazon-u xas oralab,
Yozgan maktublaringga bosaman yuz bora lab,
Qalam-gul, qo'lim-tikan, ishqim oqqa qoralab,
O'y suraman, dil yo'ling ko'z tikkan fazoyimdir.

Ketmoqliging ayon-u, qaytmoqliging gumondir,
Sog'inchim suzar-kema, ilinjlarim ummondir,
Mavhumlik mavjudlikmas, yomondan-da yomondir,
Kelganing-mukofotdir, ham mening jazoyimdir.

          *****

O'rik guli misol to'kilsa,
Terib olsang, nigohlarimni.
O'ychan oyga boqib o'tirsam,
Eslatmasa gunohlarimni.

Uchmasaydi bo'g'zimdan qushlar,
To'kilmasa edi tomchilar.
Senga eltar faqat shu tushlar,
Ashkim oy ko'ksiga tamchilab...
Sochlarimni tarab ketadi,
Kipriklaring erkalab mayin.
Unutmoqqa bardosh yetadi,
Deyman, yana ishq qilar mayib.

Uyg'onmayin, astagina kul,
Oy ko'shkidan chopganim sensan.
Ketma, endi meni ham tushun,
Tushlarimdan topganim sensan...

                *****

Ketsang, zorlanaman men, kelsang, orlanaman men,
Kuzda gullab chunonam, yozda qorlanaman men,
Yo'l to'ssang uyalaman, gul tutsang uyalaman,
Olsam-u, olmasam ne bo'lar deb o'ylanaman.

Visol onlarin kutib, andishaga qo'l tutib,
Ko'rmaganda sog'inib, ko'rganda ichga yutib,
Ketmog'ingga ham qo'ymay, qaymog'ingga ham qo'ymay,
Ko'zlaringga ham boqmay, ko'zga joylanaman men. 

Sog'inchning tarog'ida sochlarimni tarayman,
Yoningda “ket” deyman-u ketsang, yo'ling qarayman,
Oh, shunday telbamanki, borligingni o'ylasam,
Baxtliligin bilmagan baxtga aynaman men.