RIKARDO PLATA — Meksika shoiri. 1994 yilda tug‘ilgan. Meksikadagi “Universidad Autonoma Metropolitana” universitetining ispan adabiyoti bo‘limini tugatgan.  Bir qancha she’riy to‘plamlar muallifi. Meksikadagi nufuzli adabiy nashr hisoblangan «Sardenal» jurnalining asoschisi va bosh muharriri. She’rlari “Circulo de poesia”, “Punto de Partida”, “Buenos Aires poetry”, “Mood magazine” kabi adabiy nashrlarda chop etilgan. 

***

Suyukli insonlarimdan

Kechganim qip-qizil yolg‘on.

Shunchaki buni vaj qilib

Bir kuni qaytmoqlik uchun,

Chiqadi deb vaqt bag‘ridan

 Samimiy umid botqog‘i,

Tashlab ketish istagida

O‘y suraman bil’aks shunday.

Xuddi motam derazasini

Ochadigan uchta qirrali

Ilgakka mengzalgan tun kabi

Tashlab ketish fikri yashaydi

Mudom o‘y va xayollarimda.

Zotan menga befarq bo‘lmagan

Insonlar boqishdi har safar

Qaragandek naqd uch qavatli

Baland uyga- zaif dillari

Hashamatga ruju qo‘yganday.

Eshiklarni atayin ochiq

Qoldirdilar ko‘rib ahvolni,

Baxtga qarshi yopmoqlik uchun

Yo‘qligida tanamda  majol.

Bo‘ldim doim  debochadek gap 

Ishq lazzatin totishlarida,

Bo‘ldim sassiz xilvatgina joy

To‘kmoq uchun ko‘z yoshlarini,

Yuraklarin yo‘rgaklash uchun.

Birin-ketin tashlab ketishgach

Tark etishgach meni birma-bir,

Men ham o‘z odatimga xilof

Ish tutmoqqa bildirdim mayl.

  ***           

So‘zlarimiz birlashadigan

Xonaning to‘rida rostlagan qad

Televizor turadigan javon.

Hurmatimga arzir shubhasiz

Kamolotga to‘lgan yetuk qomating;

Sochlaringni yozar chog‘ing va

Ko‘ylaklarni farqlashdagi

Oshiqlaring marhamati sabab

To‘plagan hayotiy, ulkan tajribang.

Har safar sen yechganda libos

Farishta monand xilqating

Qilar bir zumda aqlimni falaj,

Oyoqlaringdan o‘ttiz darajali

Quyoshning iliq tafti ufurar,

Har bir davringga yakun yasab

Kindiging uzra ko‘tarilar go‘yo oy.

Sen yodimga solasan bot-bot 

Bolalikda orzum bo‘lgan ayolni,

Kimdir suysa, esdan og‘ishlik

Tashhisi bexato qo‘yiladigan

Xipcha belingni qilasan ko‘z-ko‘z.

Ko‘rsat kindigim uzra

Bir nafas haroratga boy

Qomatingni tentakliklarin

Va hamroh bo‘lsin ehtiroslar

Bizga o‘sha yanvar tunidek.

***         

Chizgansan peshonamga

Suratini sen xochning

Barmoqlaring uchi bilan

Erishgansan taqvoga, dinda.

Sen jilmayasan

Tortiq qilib ibodat

Bizlar ishonmaydigan

Qodir Zotga behuda.

Qo‘msamayman shu bois har gal

Uyga qaytish etganda nasib

Biror tayin xotirani hech.

Menga mudom tikilishni

Qo‘ymaydigan bu kimsalar

Bexabardir illo barchasi

Pushti kamaringdan loyim

Bir paytlar qorilganidan.

Men ham qilaman tortiq

Yaratganga behuda toat

Shunchaki u koringga yarab

Daraklashi uchun kun kelib.

Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari