Men bahordan yaralganman tongga intiq,
Faqat baxtdan to'kiladi ko'zimdan yosh.
Binafsha-yu boychechakdan ifor olib,
Menga ism qo'yib berdi bobo quyosh.

Men bahordan yaralganman, qonimda ishq,
Ayoz muzin eritguvchi olov so'zman.
Farzand so'rab ko'z yosh qilgan onam uchun,
Yoshligida "laylak tashlab ketgan" qizman.

...shundan beri hayot og'ir, yetmas chidam,
Yurak xasta, dilim xasta, ko'nglim g'arib.
Rost, charchadim, gul umrimning bog'laridan
Gul axtarib...

Men bahordan yaralgandim. Qulayapman!
Ayozlarga bardosh bermay, oh, o'rtanib.
Men qishdan to ko'klamgacha omon qoldim,
Ishq o'ranib...

***

Vaboga chalindi hislarim,

Suvchechak toshidi kònglimga.

Qólingni siltabon ketding-a,

Bugun ishq yuz tutdi òlimga.

 

Bari-bari xazon bo'lgan-u,

Lek yodgoring--nafratim tirik.

Kechayozgan yolģon maktubing

Qalbim uchun bòldi kafanlik.

 

Orzularga qirg'in keldi sòng

Sevgi òldi kòmildi shu on.

Sening sabab, faqat sen sabab

Otash yurak bugun qabriston.

 

Hech bòlmasa gul qòygani kel...

***

 

Orzularim otingdek oppoq,

Xayollarim itimdek daydi.

Tezroq...tezroq...otingga minib

Kelsayding.

 

Hijronimni qayga yashiray,

Qaysi sandiq siģdirar dardni?!

Sevgini baxt deyishar, ayt-chi,

Shu baxtmi?

 

Qachongacha kulmay yashayman,

Qachongacha kipriklarim nam.

Ishqqa iqror bo'lgan, ayt, ózi

Senmisan?!

 

Men hech kimni sevmayman desam,

Ishonmagin, bu yolg'on so'zim.

Berkinmachoq o'ynading-a, chiq

Yutqizdim....

***

Ishq bir taraf, nomus bir taraf,

Kurashdik,sen jangchi,men jangchi.

,, Yashasin g'alabaaa!" deysanmi,

Qo'ysangchi...qo'ysangchi...

 

Men taslimman va biz mag'lubmiz,

Taqdirga bosh egdim, oh, netay?!

Qani ayt, umid-la termulgan

Ko'zlaringni qanday unutay?

 

Majburmiz, azizim, qismat shu,

Boricha tan olgin dard qafasini.

Kel, birga olaylik, eng so'nggi

Ishq nafasini.

 

Men sendan butunlay ketaman, kechir,

Tushun, nafasingni qiynar g'uborman!

Agar  ketar bo'lsam, ,,xayr" desam ham,

O'tinaman...

Qo'llarimni qo'yib yuborma.

 

Ishq bir taraf, nomus bir taraf...

 

         🍁🍁🍁

Yaxshiyamki, yaxshiyamki, Yaratganim,

Dilginamni she'r zavqi-la chog'lab qo'ygan.

Sinovlarning daragini sezgan momom

Kokilimga bardoshini bog'lab qo'ygan.

 

Shungamikin, irodamning po'sti qalin,

Shungamikin, kurashlardan charchamadim.

Kuragimni yerda ko'rib quvonganlar,

Ko'nglingiz-ey, berkitilgan darchamidi?

 

Biroq dardga taslim bo'lish qonimda yo'q,

Bahorlarday qarshi olgum umrim qishin.

Ehtimolki, sinovlarni suyadigan

Paydo bo'ldi yana bitta Choliqushi...

 

Olamimdan chiqolmayin jimib ketsam,

Bormangizlar meni sindi degan o'yga.

Sinovlarning daragini sezgan momom

Kokilimga bardoshini bog'lab qo'ygan.

 

🍁🍁🍁

Yòlga chiq, muhabbat, ishq uchun,

Ayrilib ketamiz  biz  yo'qsa.

Kurashga otlandim bir òzim,

Sen yòqsan...

 

Jangdaman, umidim, ishqim-la,

Yengilay demadi hech ģanim.

Ruh taslim... biroqki tòxtamas,

Kurashga tòymagan bu tanim.

 

Jimgina boshimni qòydim-u,

Taqdirga bosh egdim, ayt, netay?!

Harakat qilmading, yengildim,

Unutgin, unutay...

 

Charchadim bizni he-ech suymagan

Taqdirga teskari yugurib.

Sen bòlsang hattoki kelmading,

Ulgirib...

 

Endi kech, sensizdir yuragim,

Sensizdir sevgi bor ertaklar.

Hayot deb atalmish arava

Mudragan ruhimni yetaklar.

Yutqizdik!

***

Sahna...

Katta zal--hashamga ko'milgan dunyo,

Sahna... Chulg'ab olgan meni hayajon.

Oyoqlarim titrar, titrar lablarim,

O'qiyotgan she'rim misli chala jon.

 

Katta zal. Hashamga burkangan sahna,

Qo'rquv bolalaydi oh, borgan sari.

Hammaning nigohi menda, men esa

Izlayapman sening ko'zlaring.

 

Qani, hayajonni kesguvchi qilich,

Qani, qo'rquvimni osadigan dor?

Topdim... Aytgin, nega ko'zlaring yumuq?

Och... Menga boq...

Ishonchimni uyg'otib yubor!

 

Yuragim "duk-duk"i yengadi meni,

Qo'rquv tegrasida yasholmam tokay.

Bir lahza ko'zingni ochgin, azizim,

Qa'riga o'zimni berkitib olay...

 

Katta zal. Hashamga burkangan sahna...

 

***

Mening buvim ertak aytib uxlatmadi,

O'ylar edim u kishida yo'qmi rahm.

Tunda ertak so'rasam goh derdi:"Qani,

Bir qaytar-chi,

"Bismillahir rohmanir rohiym"...

 

Ulg'ayganman mo'jizakor qalpoqcha-yu

Baliqdanmas, Yaratgandan so'rab yordam.

"Qaytar"-desa, kalimani bod-bod aytib,

Qo'rqib o'sdim ajinamas, shaytonlardan.

 

Buvim yodga tushaverar va o'gitlar,

Yodga olsam bolaligim--bahorimni.

Qòģirchoģim, derdim bir kun yashaydigan

Kòzlari yo'q sochli makkajòxorimni.

 

Katta hayot "katta" qizni kutib oldi,

O bu olam, muhabbat-la go'zal ekan.

Cho'pchak bilan uyg'otmoqchi bo'lma, dunyo,

Mening buvim ertak aytib uxlatmagan...

 

🍁🍁🍁

So'nggi xatni qayga uchiray,

Baxt tarafmi, yo dard tomonga?

Rizolikni so'rashim kerak,

O'tgan bo'lsa yaxshi-yomon gap.

 

Mujgonimni uchirmoq uchun

Manzilingni izlashim tabiiy.

Sariq rangga kirgan emishman,

Ostonada turgan kuz kabi...

 

Yomg'ir yog'ar, tomchi dardsimon,

Hijron kuyin chalar u axir.

Umrimizning ayro yo'lidan

Bizni kuzga kuzatdi taqdir.

 

Sen kulishni uddalay olding,

Mensiz baxtni tuyding qaydadir.

Yaprog'idan ro'molcha tutdi

Birinchi sentabr...

 

Muattar Mamatkarimova