Yashaysan

yomg‘irning

shitirlarida...

Sen kuzni sevasan unutib o‘zni,

bari oson kechar kuzning bag‘rida:

bo‘g‘zingga tikonday qadalgan so‘zni

bir qultum suvdayin yubording yutib!

Tomchilar... bunchalar go‘zal, serfusun!

Yomg‘irpo‘shing atay unutib,

naqadar, naqadar baxtlisan bugun!..

...Kun kelib,

kuz seni gulxanda yondirar balki,

olovrang gullarsan unda ehtimol

va xandon otarsan soxta, qalbaki...

sen tomon boqishlar yig‘lar telbahol...

Kun kelib,

ko‘zoynak ortidan boqadi fursat,

yonasan. 

Kul kabi sapchir so‘zlaring.

Ko‘zlaring alanga olmaydi faqat,

sening ho‘l, jiqqa ho‘l ko‘zlaring...

Sen 

kuzni 

sevasan.

*

Men shovqinga aylangan edim

sen bo‘ylagan chog‘ing qalbimga.

“Tiyramohni uyg‘otma”,-deding,

barmog‘ingni bosding labimga.

 

Qarog‘imda yonardi bog‘lar.

kipriklarim o‘t oldi shu zum.

Shivirlading bag‘ringni dog‘lab:

“Yum ko‘zingni, ko‘zlaringni yum!”

 

Qat-qatlarim chokini so‘kdim,

bir daraxtday yasholmadim tinch.

Dedim: “Xazon xazon emasdir,

u – hijronga aylangan sog‘inch!”

 

Shamollarga ergashdim gohi,

goh termuldim turnalar tomon.

“Vido kuyin tinglama”,-deding,

quloqlarim berkitding shu on.

 

Bir kun tinar yillar isyoni,

bir sokin kuy yangrar ichimda

va o‘shanda men bu dunyoni

tark etarman oyoq uchida...

          *

Xotiralar tomchilar g‘amgin,

o‘shanda ham bor edi armon.

Yuragimga berardi taskin

achchiq qahva,

sevimli inson.

Oyna orti – sarg‘ish bir tilsim,

oyna orti – muallifsiz kuy.

Hazrati Ishq, kezmoqdasiz jim,

og‘riqqa boy berganim – sizku!

Qo‘llarimda Bobur devoni,

men sig‘ingan 

hamda u suygan,

qat-qatlari ko‘nglim misoli

barmoqlarin labidan kuygan...

Kuzda yo‘qdir zarracha firib –

xazonlarda tomchilar izi.

Kiprigimdan turadi anqib

rutubatli kunlarning isi.

Achchiq tonglar uraverar bong,

sevimlilar bamisli sarob.

Menga taskin berolmay hayron

achchiq qahva, 

sevimli kitob...

 

          *

Qo‘llaringda umid otli

bir gul qoldi, betil qolding.

O‘rtamizda diydor otli 

bir yo‘l qoldi, bedil qolding.

Bu taqdirning tadbiridan 

toldim, desam, eshitsayding,

bir guldonda so‘lgan gulday

qoldim, desam, eshitsayding...

Ey yaqinim, mandan so‘ra,

nadir sabr, nadir bardosh?

U – buloqning ko‘zin bosgan

yuz asrlik zil xarsangtosh.

Dard bir qushmi, kesikqanot,

og‘ir-og‘ir parvozlari,

yo naymi u, tog‘ ko‘ksida 

gul undirgan ovozlari?

Ming qismatning zardasidan 

zada yer-u falak – sevgi.

Bu dunyoning bir kamini

to‘ldirolmay halak sevgi.

Qo‘llaringda umid otli

bir gul qoldi, betil qolding.

O‘rtamizda diydor otli 

bir yo‘l qoldi, bedil qolding.

          *

Bilaman, sening ham azoblaring bor,

goho og‘riqlarga berolmaysan chap.

Sen ham sirlaringni qilmaysan oshkor,

xo‘rsinib qo‘yasan ko‘zguga qarab.

 

Bilaman, sening ham xayollaring bor,

yomg‘irda ivigan qanotday og‘ir.

Sen ham bitta tushni ko‘rasan takror,

hayot ham ro‘yoga aylanar oxir...

 

Bilasan, mening ham hislarim sarson,

men ham yasholmayman ko‘ksimni kerib.

Bilasan, mening ham yurak-bag‘rim qon

sening kulgularing sinig‘in terib.

 

Dunyoga yalinib cho‘kmaymiz ham tiz,

muhabbatimizdan taralar viqor

va baxtga intilib yashayveramiz,

axir bizda yana ming yil umr bor!

 

Bir so‘z haqida ballada 

 

Kimlardir hijronga berar chap,

Kimlar baxt tomonga talpingan...

Bir ma'sum ko‘chatday avaylab,

“Xayr” so‘zin ekdim qalbingga.

Seningsiz yitmog‘im tayindir,

Lek borman toki sen omonsan.

Bilaman, qo‘llaring mayindir,

Bilaman, sen yaxshi bog‘bonsan...

...Kun kelib, bir Daraxt bo‘lar u,

Bag‘ringga botadi ildizi.

Kurtaklar sabrga to‘lar-u,

Jismingni elaydi gul isi.

Ayonki, sezilmas ohlari

Va qanot yozadi yam-yashil. 

Shoxlari, baquvvat shoxlari

Yuk olib boradi muttasil.

Sen tatib ko‘rmassan mevasin

Yo zog‘lar cho‘qiydi, ehtimol.

Mezonlar za'faron va hazin

Ertaklar to‘qiydi, ehtimol.

Bo‘g‘zimda vovaylo - bechidam,

Bilmayman qay tomon bo‘zlarim.

Chopaman yaproqlar ortidan – 

So‘zlarim, o sorig‘ so‘zlarim...

Shamollar bukolmas qaddimni,

Yalinmam bardosh-u sabrga.

O‘shanda bilaman qadrimni –

Aylanib qolaman “xayr”ga.

          *

Gul to‘kardi uch yillik nihol...

O, unutmam men bu lahzani.

Dedi: “Ma'yus do‘stginam, ne hol,

Xush ko‘rasan achchiq qahvani?”

Yo‘q, yo‘q, qahva emasdir taxir,

Yo‘q, nihol ham emasdir mahzun.

Ko‘ksimda bir yurak bor axir,

Oson emas menga ham, tushun...

          *

Buncha katta ketasan fursat,

Ham yurasan ko‘ksingni kerib.

Buyuk bo‘lsang, kuchingni ko‘rsat,

Men tirikman ming yildan beri!

Shoshma, deya yig‘lamadim zor

Va kunlarim tuyuldi mayda.

Bu dunyodan ko‘z yumdim ming bor,

“Yo hayot!” deb tirildim qayta.

          *

Goh hammasi ko‘rinar oson,

Goh hech narsa tuyulmas sirli.

Va negadir yuzimga ba'zan

Nim tabassum qilar og‘irlik.

Ildizidan kemrilar daraxt,

Quduqdagi tosh erur sabot.

...Ko‘ksingda bir og‘riqman axir,

Meni nega sevasan, hayot?!

          ***

So‘ngaklarda olovlansa gar

Bu dunyoga yot erur alam.

Yer u osmon aro sarosar

O‘sha maygun dardlaring bilan

Sen buyuksan,

Buyukman men ham.

 

Bizlar yurgan yo‘llarga og‘ir,

Vaqt ularga chechaklar ekkan.

Harsanglarga surinib, oxir

Peshonamiz tufroqqa teggan.

Sen kuyuksan,

Kuyukman men ham.

 

Zaminlikmiz, osmonimiz bir,

Bir ohangda biz aytgan izhor.

Kimni o‘yin qilmagan taqdir,

Bir sevgiga toinganmiz, yor.

Sen suyuksan,

Suyukman men ham.

*

Bu safar ham hayalladi kuz,

Bu safar ham erta to‘kildim.

Bu safar ham o‘shanday ma'yus,

Mayin ovoz bilan o‘qildim.

 

Fosh etilgan yurakday sokin

Va o‘limni olgan kabi tan.

Shivirladi yaproqlar xoki:

"Yomg‘ir hidi kelyapti sendan..."

 

Qachonlardir yo‘qotilgan his -

Rangin izlab xazonzor aro,

O darbadar, yetim xo‘rsiniq,

Yana senga keldim ro‘baro‘.

 

Qadim anduh, nadim iztirob...

Bari tanish, barchasi eski.

Tokay kuzga berasan hisob,

Meni she'rga o‘girgan sevgi?!

 

          *

O aytgin,

Sening ham

Bog‘larning oldida egikmi boshing?

Boq, bugun daraxtlar g‘amgusor, mulzam.

Qushlar chug‘urlamas sevinchdan toshib.

Xazonlar suyagin qasirlashlari...

Barini eslayman,

Yuragim og‘rir.

Yengil qadamimiz kimsasiz, g‘arib

Bog‘larning bag‘riga botganin og‘ir.

Va bahor!..

Bog‘larga qildingmi havas,

Gullar iforidan aylanib boshing?

Ular yashnayotir bizga qasdma-qasd,

Biz esa...

Yuribmiz alamdan toshib.

Balki,

Ortga qadam tashlamoq kerak,

Ko‘tarmoq kerakdir hislar qatini.

Balki qalbimizdan boshlamoq kerak

Xazonlar qabrining ziyoratini?!..