U bilan qachon, qay tarzda tanishib qolganimni yozib o‘tirishni istamayman, bu bir-birini bilmagan odamlarning tasodifan uchrashib qolishlaridan farq qilmaydi. Uning ta’biri bilan aytganda, biz bir doira ichida aylanayotgan kamchilik odamlardan edik. Qachondir, bu tanishuv, albatta, ro‘y bergan bo‘larkan. Bu hodisa unchalik muhim emas, asosiysi Uning hayotimga qaysi payt kirib kelganida edi. Ishontirib aytamanki, agar o‘sha kun butkul boshqa bir kayfiyatda bo‘lganimda tanishmagan bo‘lardim. Uning hayotimda paydo bo‘lishi ruhiy inqirozni boshimdan kechirayotgan, hayotdan ma’ni axtarib zerikib, tushkunlikka tushib qolgan davrga to‘g‘ri kelgan. O‘sha paytlar ichimdagi boshi oxiri yo‘q savollarga javobni yana hayotdan uzilib qolishimga sababchi bo‘lgan kitoblardan izlayotgandim. Men o‘qigan kitoblar, o‘zim ishongan, suyangan haqiqatlarim bugungi yashayotgan hayotimga to‘g‘ri kelmasdi. Unga moslashish kerakmi yoki O‘zlikni saqlab qolishmi deb arosatda yashayotganimda Uni uchratdim. O‘shandagi holatimni, his etganimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, xuddi ummon ichida mavhumlik sari yolg‘iz suzib ketayotgan odam qutqaruv kemasini ko‘rganda qanday holatga tushsa, Unga men ham aynan shunday qaragandim. U men avval tanigan, bilgan odamlarga o‘xshamasdi, boshqacha edi. Hozir o‘ylab qarasam, dastlab o‘zim xohlagan hayot tarzini Unda ko‘rganim uchun e’tiborim markazida turgan ekan. “Mana, shunaqa xayolni haqiqatga aylantirib yashasa ham bo‘lar ekan-ku!” der edim suhbatlarimiz yakunida. Har kungi yozishmalardan so‘ng o‘zim umr bo‘yi izlab yurgan olamni kashf etayotganday his etardim. U men uchun hayratlar bulog‘i edi, men esa undan qonib-qonib suv ichib hech to‘ymasdim… Suhbatlarimiz mavzusi turlicha edi. Biz hech bir e’tirozsiz san’atdan adabiyotga, tarixdan dinga ko‘chib o‘taverar, bir vaqtning o‘zida ham dunyo kezishning, jamiyat ichida bo‘lishning foydalarini gapira turib uzlatni istardik. Biz bir-birimiz uchun eshiklari doim ochiq, istalgan vaqtda Yurak va Haqiqat bilan kirib borish mumkin bo‘lgan olam bo‘lishni istagandek. Va shuni ishonch bilan ayta olamanki, qanchadir muddat shunday ham bo‘lgan. Bu ikkimiz uchun ham olam ichidagi o‘zgacha bir olamimiz edi. Men ham U ham shaxsiy hayotimiz, oilamiz haqida hamma nasani bilardik, holbuki, ikkimiz ham bular haqida gapirishni yoqtirmaydigan, boshqalarga mutlaqo dardini dasturxon qilmaydiganlar xilidan edik.
Bilaman, atrofimizda ruhan yolg‘iz, dardi ichida, qayerga qarab ketayotganini anglamaydigan odamlar juda ko‘p. Agar ular huuu o‘sha paytlardagi bizning munosabatlarimizni ko‘rganlarida chin dildan havas qilgan bo‘lardilar. Biz shunchaki tinglovchi, tushungan odam topganimizdan mamnun edik. U har sohada bilimga ega edi: san’at galereyelarida kartinalar qarshisida turib menga soatlab tushuntirshdan erinmasdi. Adabiyotdan boshlangan suhbat tugamasdi, yozuvchilarning shaxsiy hayoti, qiziq-qiziq odatlari haqidagi gaplari tugashini men istamasdim. Hammani ayovsiz tanqid qilar, fikrlaridan o‘zim sevgan asarlarning qadriga putur yetardi. Unga munosib suhbatdosh bo‘lish uchun tinmay o‘qib, izlanib o‘z ustimda ishlay boshladim. Gap orasida tilga olgan asarlarini topib o‘qirdim. Uning oldida biron narsani bilmay qolsam, yer yorilsa-yu yerga kirib ketsam derdim. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay, san’at, adabiyot borasida bilimim o‘sganini sezdim. To‘g‘ri, sira unga teng bo‘lolmadim. U men uchun yetib bo‘lmas cho‘qqi, tirik ensklopediya edi. U bir gapirishga tushib ketsa hech to‘xtamasdi, men o‘zim ham buni sira istamasdim. To‘g‘ri, ba’zida fikrlarimiz ziddiyatga borsa, men yon bosardim. Buni o‘zimga ishonmaganim uchun emas, yo‘q, yo‘q Uni ortiqcha asabiylashtirmaslik uchun qilardim. Chunki U nimanidir uqtirolmasa, men o‘zimnikini ma’qul deb turib olsam qizishib ketar, ovozi ko‘tarilib, ko‘z qorachig‘i kengayib, peshonasini ter bosardi. Shunday paytlar terlagan peshonasini emas ko‘zoynagini takror va takror artib ko‘ziga taqardi. Har turli qo‘l harakatlari bilan gapirib yana erinmasdan gapni eng boshidan boshlab yuborardi. Shunday paytlar ichimda o‘z fikrimda sobit qolgan holda, unikini ma’qul deb topishdan boshqa oqilona chora ko‘rmasdim. Ha, lekin doim ham undan aqlli gaplar chiqmasdi. Masalan, “Qizlar meni ishqimda o‘lib qolishadi” mazmunidagi gaplari g‘ashimga tegardi. Bir kuni Uning gapni shu tomonga buraverishi menga yoqmasligini aytganimda “nima rashk qilasizmi? “ degan savol bergandi. Men uchun rashk va sevgi o‘zaro bir-biriga yaqin tushunchalar bo‘lgani uchun o‘sha lahza nima deyishni bilmasdan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Axir, hali unga nisbatan his qiladiganlarimga aniq mana shu deb nom berolmasdim. Ammo aniq bilardimki, bu sevgi emas edi. Rashk ham qilmayotgandim, faqat mening nazarimdagi bunday arzon obro‘ga U muhtoj emasdi. Esimda, bu javobimdan qah-qah otib kulgandi, ammo kulgisi yasama ekanligi sezilib turardi.
— Shunsi yaxshi, munosabatlarimizga xudbinlik, har xil bema’ni, erka talablar aralashmaydi. Siz sevmasangiz ham meni sevadigan qizlar serob, o‘ynagim kelsa ular bilan ishq o‘yini o‘ynayveraman.
U yana kulishga urindi, bu esa uning hozirgi holatini achinarli ko‘rsatardi. O‘sha paytlar men uning bu xil gaplarini o‘xshamagan hazillar deb hisoblagan bo‘lsamda, o‘ylab qolardim, saxiy tabiat tuganmas go‘zalligidan bir chimdim ham ato etmagan, hech kimga yaxshilik tilamaydigan, negativ atrofga sochadigan shu odamni qanday qilib sevish mumkin? Muhabbatning ko‘zi ko‘r deyishadi, men esa unga qo‘shimcha qilishim mumkin. U albatta, bir kuni shifo topadi. Va o‘z-o‘zini inkor etadi…
***
Dastlab Unga nisbatan xayrixohligim qachon yo‘qolganini bilmayman. Bunga bitta sababni aynan ko‘rsatolmayman ham. Esimda, birinchi qilgan ishim o‘zini “o‘zbek adabiyotining zabardast vakili” deb hisoblovchi, ammo hech qayerda nomiga duch kelmaganim, (bir tomoni o‘zini PR qilishni yoqtirmasdi) bu “kamtar daho”ning nashr etilgan ishlarini qidirib topish bo‘lgan. Adabiy muhit va yozishdan ko‘ngli sovuganini aytgan edi, shuning uchun uning she’rlarini topib o‘qish uchun gazeta arxivini titishga to‘g‘ri kelgan. Topilgan she’rlardan o‘zim tanigan inson ruhi va yuksak badiiyatni izlab o‘qib chiqqanman. Bunisi bo‘lmasa boshqasidan kutgan narsamni topaman degan umidda, oltin qazuvchilardek izlanganman. (Hozir bu menga ahmoqlik bo‘lib tuyiladi) Va bu voqea Undan hafsalam pir bo‘lishining boshlanishi bo‘lgan. Balki, uning iste’dodi yo‘qligi adabiyotni tushunishi va teran tahlil etishiga xalaqit qilmas, ammo odamning o‘zida yo‘q narsani bor deb illyuziyaga berilishi xavfli. Chunki uning bu ishi birinchisi va so‘nggisi bo‘lmaydi. Keyinchalik menga aytgan ko‘p gaplari yolg‘onligini, Uni yaxshi taniydiganlar bilan suhbatlardan so‘ng angladim. Samimiyat- odamlarning ko‘nglidan joy olishda eng kuchli qurol bo‘lsa, men unga ikki qo‘lini ko‘tarib osonlikcha taslim bo‘lganlardan biri edim. Uning qiyinchilikda o‘tgan o‘tmishi va baxtsiz buguniga hamdard bo‘lib o‘zimni savob ish qilyotgandek sezardim. O‘sha paytlar men uchun aldayotgani yoki rost gapiryotgani emas, uning o‘zi gapirib yengil tortayotgani muhim edi. Shunday bir odamlar toifasi bo‘ladi, o‘zini jabrdiyda ko‘rsatib mehr-e’tiboringizni o‘g‘irlaydigan. Oxiri qanday yakun topishidan qat’iy nazar shular orasida o‘zi maza qiladigan ruhan majruh odamlar. Fan shunday xulq-atvorli odamlarni “psixopat” deb atagan, men esa ularni “hayotiy energiyangni so‘ruvchi vampir” degan bo‘lardim. Va tushundimki, o‘zi haqidagi menga aytgan gaplarining hammasi iste’dodsiz, adabiyot ichida o‘rnini topolmagan odamning o‘z “men”ini namoyish qilish uchun topgan chorasi ekan. Men endi U dastlab tanigan qiz emasdim va o‘zimni undan olib qocha boshladim. U nimadir o‘zgarganini sezdi, ammo hech nima demadi. Natijada, tabiiy ravishda bir-birimizdan uzoqlashdik va eng qizig‘i ikkimiz ham bundan xafa emasdik. Go‘yo, aslida ham shunday bo‘lishi kerakdek. Agar hammasi mana shu nuqtada, ikkimiz ham ilimiq munosabatlarga rozi holda yashayverganimizda, bir kun kelib U hayotimda yarq etib porlab tezda o‘chgan yulduz-odamlar qatorida xotiram “arxiv”idan joy olgan bo‘lardi. Ammo, biz o‘sha “bir doira ichidagi odamlar” yana uchrashib qoldik. Bunisi endi mutlaqo kutilmaganda sodir bo‘ldi. O‘sha kungi tadbirga men o‘z odatimcha kechikib bordim va chekkadan, odamlar ko‘zi tushmaydigan joydan o‘rin oldim. Kattaroq bir amaldor matbuot anjumanida jurnalistlar qarshisida turar, bir soatlar chamasi, aniq savollarga mujmal javoblari bilan yig‘ilganlarning ensasini qotirib o‘tirardi. Men ozmi ko‘pmi bu odam haqida bilardim, shuning uchun hayron bo‘lmasdan o‘z ishim bilan band bo‘lib yig‘in tugashini kutdim. Va nihoyat, hammasiga yakun yasalganda bundan eng ko‘p quvongan shu amaldorning o‘zi bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Ketishga chog‘lanarkanman, eshikdan chiqaverishda U bilan duch bo‘lib qoldik. Biz ko‘rishmaganimizga ancha bo‘lgandi, men beixtiyor ich-ichimdan Uni sog‘inganimni sezdim. Ammo, to U bilan ko‘zimiz ko‘zimizga tushmaguncha bu haqida o‘ylamagandim ham.
— Tadbir qanday o‘tdi, sizningcha?
U hech nimadan xabarsiz o‘zini avvalgidek mulozamatli tutdi.
— El qatori…
— Ipidan ignasigacha o‘zim bosh-qosh bo‘lganman,- allaqanday g‘urur bilan aytdi U. - … bilan ishlarmidingiz?- hayron qoldim men.
— Ha-da, topilmas odam, zo‘r rahbar bilan ishlayman!- ovozi jaranglab eshitilar, U xuddi buni kimdir eshitishi uchun aytayotgandek edi.
— Bundan xabarim yo‘q ekan.
— Siz men haqimda hammasini bilaman deb o‘ylaysiz-a?- miyig‘ida kulib qo‘ydi U.
Tulki! Uning shu turishi izzat-nafsimga tegdi va Uni hozirgina ko‘rganimda yalt etgan ko‘nglimdagi iliqlikni o‘chirdi.
— Hammasini emas, yetarlicha bilaman. …ning jamoasida ishlab uning yomon ishlariga sherik bo‘lib qolmaysizmi?
— Uning qaysi ishlari sizning ko‘zingizga yomon ko‘rinyapti? Nima, siz ham bizni ko‘rolmas, ichiqoralardanmisiz?- kuldi U
— Men unday odam emasligimni yaxshi bilasiz. Uning maddoh, ikkiyuzlamachi va yolg‘onchiligini ham. Hamkasbimiz …ga qilganlaridan xabardorsiz deb o‘ylayman. Hozir esa…
— Ehhh, sizni- gapimni cho‘rt kesdi U - aqlli qiz deb o‘ylardim. Hali ham shundaydir, ammo ba’zi narsalarni tushunishga u kamlik qiladi. Kim hokimiyat tepasiga kelsa ham birinchi ishini muxolifatni yo‘qotishdan boshlaydi, chunki ular ishlashga berishmaydi. Keyin, o‘zingiz ham bilasiz, men har doim boylar tarafida bo‘lganman, chunki ular aqlli, yashashni bilishadi. O‘zbekistonda boylar ko‘paygani yaxshi emasmi? Miyasini ishlatmagani uchun nochor yashayotganlarga ijtimoiy ko‘mak berib, faqat ularga o‘xshaganlarning ko‘payishini qo‘llab-quvvatlayapmiz, xolos. Boy va hokimiyat egasi bo‘lish har qaysi zamonda ham yaxshi yashash garovi. Axir, inson hayotga bir marta keladi u yaxshi yashashga harakat qilishi kerak…
Bu gaplarni bir vaqtlar menga insoniylik haqida va’zlar o‘qigan “do‘stim” gapirayotgandi. Gʻazablanganimdan tilimga bir so‘z kelmasdi, boshqa odam, boshqa vaziyat bo‘lsa shunday kimsalarga aytilishi kerak bo‘lgan bir olam gapim bor edi, ammo ularni tilimga chiqara olmadim. Bu galgi uchrashuvimiz u bilan mening o‘rtamda o‘tibbo‘lmas jarlik paydo qilgandi. U esa yonib-kuyib, ta’bir joiz bo‘lsa chiranib o‘sha boshlig‘ini maqtab gapirardi. Men tanigan buqalamun do‘stim ko‘z oldimda “o‘lib” jirkanch bir kimsaga aylanib qoldi. Va men tezroq u yerdan ketishni istardim.