Yuzung xurshedtek tobanda bo'lsun,
Jamoling to abad poyanda bo'lsun.

Takallum qil, sochilsun durri gavhar,
Tabassum qil, jahon purxanda bo'lsun.

Yuzungdin burqa' olg'il bir zamone,
Uyolsun oyu kun, sharmanda bo'lsun.

Meni o'lturgali g'amzang qilichi,
Ko'zungdek kofiri burranda bo'lsun.

Pari ruxsorlarning xusravisen,
Seningtek joni shirin qanda bo'lsun?

Agar o'lsam tilarmen tengridinkim,
G'aming jonimg'a,darding tanda bo'lsun.

'Faloni qullarimdindur' demushsen,
Atoiy ushbu so'zga banda bo'lsun.