Mashrab hijriy 1050 (milodiy 1640) yili Namanganda kambagʻal kosib Valibobo boʻzchi oilasida tugʻilgan (yangi ma'lumotlarga koʻra u 1653 yilda tugʻilgan ekan). U otasidan erta yetim qoldi. Boborahim mahalla maktabida savod chiqardi, madrasada oʻqidi, mulla Bozor Oxundga murid boʻldi. Mashrab yoshligidanoq majnuntabiat, qalandarvash, soʻfisifat qiyofa kasb etib boradi.
     23 yoshlarida Qashqarga - mashhur eshon Ofoqxoʻja huzuriga boradi. She'rlarining guvohlik berishicha, u yetti yil Ofoqxoʻja huzurida boʻlgan. «Mashrab» taxallusini ham unga Ofoqxoʻja bergan. Mashrab pirining bir kanizagani sevib qoladi va buni sezgan Ofoqxoʻja Mashrabni majruh qilib, dargohidan quvib yuboradi. Shundan soʻng shoirning qalandarona hayoti boshlanadi.
     U Namangan - Xoʻjand - Toshkent - Samarqand - Buxoro - Makka -Madina - Istanbul kabi shaharlarni kezadi. Olloh oshigʻi boʻlgan Mashrab tasavvufning naqshbandiya tariqatiga kirib, qalandarlik yo'lini tutdi. Mansur Halloj izidan bordi va oʻshanday oʻlishni orzu qildi, gʻazallarida tariqat odobi, maqsadi va mazmunini bayon qildi, riyokor va ta'magir shayxlarga «Xudo bersin panoh» kabi gʻazallar bitdi, Haq ishqi bilan yondi.
     «Xalq kitobi» sirasiga kiradigan «Devoni Mashrab» («Shoh Mashrab») qissasida Mashrab hayotiga oid ma'lumotlar keltirilgan. «Shoh Mashrabning odatlari shul erdiki, har yerda goʻriston boʻlsa, odamlarni ustuxonlarin koʻrub, yigʻlab aytur erdilarki, ey odamizod, oxir oʻlub, boshinggʻa tushodurgʻon ish budur». Bu qissada Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy va Ofoq xoja «qutbul - olam» degan ulugʻ nom bilan atalgan.
     Mashrab Qabadiyonda Soʻfi Olloyor bilan uchrashadi, 18 yil ayriliqdan soʻng onasi va singlisi bilan diydor koʻrishgan. U Buxoroda Mavlaviyi Sharifdan «Mushkoti Sharif» tahsilini olgan va Abdullaxonning huzurida boʻlib, uni oʻzining karomatlari bilan lol qoldirgan. Mashrab she'rlaridagi lirik qahramon Imodiddin Nasimiyning «Manga sigʻar ikki jahon, man bu jahona sigʻmasam», - deguvchi lirik qahramoniga ma'naviy maslakdoshdir.
          Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
          Chu sultoni azaldurmanki, arshi a'loga sigʻmamdur - misralarida ham buni yaqqol qoʻrish mumkin.
     Boborahim Mashrab 1711 yili Balhda hokim Mahmud Qatagʻon hukmi bilan dorga osib oʻddirilgan, qabri Ishkonmish degan yerdadir.
     Mashrabning tarqoq she'riy merosi 1958-1980 yillarda Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdugʻafurov, Vahob Rahmonov, Komiljon Isroilovlar tomonidan umumlashtirilib, asarlar toʻplami tarzida bir necha bor nashr etilgan.
     Mashrab tasavvuf ilmida Mansur Halloj, Imomiddin Nasimiy, Alisher Navoiy izdoshi boʻlgan. Haq va haqiqatni tanish va unga fido boʻlish Mashrab orzusi edi. U ana shu yuksak muddao yo'lida haqni talab qildi, uni tanidi, olloh ma'rifati unga ma'lum boʻldi, Ollohni sevdi, uning ishqi bilan yonib yashadi va shu e'tiqodi tufayli qurbon boʻldi.
     Adabiy merosi: «Mashrabman», «Keldi», «Sigʻmamdur», «Oʻrtar», «Oʻttum», «Chidayolmas», «Hoh inon, hoh inonma» (Lutfiy gʻazaliga tazmin), «Kalandar boʻl, qalandar boʻl» kabi she'rlari, «Mabdai nur», «Kimyo» asarlari va boshq.