Kech tushib, kuni bilan olamni buzgan shovqin-suron tindi. Motamsaro oy yorug’i yoritib turgan Chubuk daryosi bilan Qizilchako’y oralig’idagi janggohdagi sukunatni faqat o’liklar bilan aralash-quralash bo’lib yotgan yaradorlar va jon berayotganlarning ingroqlari, egasiz qolgan, besaranjom va uyum-uyum murdalardan hayiqib, yurishga yo’l topolmay bezovtalangan hurkak otlarning notinch kishnashlari buzardi.

     Bu keng maydonda qandaydir bir soya jonsiz jasadlar orasidan zo’rg’a qadam tashlab, tentirab yurardi. Bulutlar changalidan yulg’inib chiqqan oy shu’lasi ustiga tushdi-yu, soya qiyofasi yorishdi. U o’g'li jasadini izlab yurgan Ona – turk onasi edi. Ona ko’zlaridan oqayotgan shoshqator tomchilar oy nurida yaltirab tovlanardi. U farzandi ismini aytib chaqirar, farzandiga atagan shirin so’zlarini aytib bo’zlardi. Uning bu bo’zlashlari bir-biri bilan urushib, bir-birini chavaqlagan va  qiynalib jon berayotgan har ikki taraf navkalari uchun yaqin va tanish edi. Bechora ona tilidan ko’chgan so’zlar har ikki tomon anglaydigan tilda – turk tilida edi. Bir tilda so’zlashgan, ammo hukmdorlari til topolmaganlari uchun bir-birlariga tig’ o’qtalgan navkarlar dunyodan ko’z yumish oldidan quloqlariga eshitilgan ona nolasi ostida, uzoqlarda qolgan volidalari nomlarini tilga olib, jon berardilar.

     Ona janggohda uzoq tentirab yurdi. Uzoq vaqt uning nolasi oy nuri chulg’agan maydon uzra goh kuchayib, goh pasayib jaranglab turdi.

- O’g'ilginam!.. O’g'lonim!.. Qutlug’begim!.. – xitob qilardi onaizor yig’i va qayg’udan zaiflashgan titroq tovush bilan. Ba’zan yurakni ezuvchi yig’i onani bo’g'ib, so’zini bo’lib qo’yardi. Shu kuyi u janggohni uch aylandi.

     Shu payt ona qulog’iga ingragan tovush eshitildi. Dam o’tmay ingragan tovush yana eshitildi, ingragan odam endi qandaydir bir so’zni aytganday bo’ldi. Ayol tovush chiqarib, juda sekinlik bilan uning nomini aytganini eshitdi.

     Ayolning avzoyi badani titrab ketdi, peshonasidan marjon-marjon sovuq ter chiqdi, dahshatdan ko’zlari qinidan chiqib ketay dedi. Kimdan so’rayotganini o’zi ham bilmasdan, baland ovoz bilan so’radi:

- Kim u?!.. Meni chaqirayotgan kim?

     Javob eshitilmadi. Ammo dam o’tmay…

     Ona dong qotib qoldi, ko’zlari dahshatdan kengayib ketdi. U o’g'lining tovushini tanigan edi.

- Ena!.. Enajon! – dedi o’g'lining tovushi.

- Yo tavba! Yo Xudoyim!.. – Esini yo’qotgudek holatga tushgan ona baqirib yubordi. – Nahotki?! …

     Nahotki, bu sen bo’lsang, o’g'lonim, Qutlug’begim?!

     Ona tovush kelgan tomonga bir daqiqa angrayib qaradi-da, keyin birdan murdalar ustidan hatlab, esini yo’qotgan telbadek talmovsirab yugurib ketdi. Nihoyat, o’sha joyga yetib borib, o’g'lining tovushi bir-birining ustida qalashib yotgan jasadlar orasidan chiqayotganini bildi. So’ng ancha zo’r berib, o’g'li tanasini uyum ostidan tortib oldi. Oy nuri bolasining yuzini yoritdi. Ko’zlaridan shashqator yosh oqib turgan onaizor qattiq ho’ngrab yubordi:

- Bu qanday ko’rgulik bo’ldi? Kim seni bu holga soldi?

     U birdan g’azab bilan qaddini rostlab, qo’lini ko’tarib kimgadir tahdidona baqirdi:

- Ming la’nat senga! Ming la’nat!

     O’g'lining qattiq ingrab yuborgani onani hushiga keltirdi. U o’g'li ustiga egilib, uning yuz-ko’zidan o’parkan, siniq tovush bilan bo’zladi:

- Tirikmisan, bolam, tirikmisan?!.. Xudoyimga ming qatla shukur, ming qatla shukur! Hozir men yaralaringni bog’layman… uyga olib boraman…

     Onaning o’tli lablarining tegishidan va bo’zlashidan jon berayotgan o’g'li bir oz hushiga kelib, so’nayotgan ko’zlarini sal ochdi-da, zaif tovush bilan shivirladi:

- Sovuqqotyapman, onajon… Tezroq meni uyga olib bor…

     So’nggi so’zlarni aytar-aytmay uning tovushi tobora xirillab, zaiflasha boshladi, onasini ko’rib ko’nglida uyg’ongan quvonch hayajondan uning madori butunlay quridi.

- Onajon! – dedi u zo’rg’a tovush chiqarib. – Men… men… o’layotibman…

     Ona birdan farzandi olamdan ko’z yumayotganini angladi.

- O’lmay tur, bolam… – deb bo’zladi ona, — Meni yolg’iz tashlab ketma… Sensiz men qanday yashayman?!..

     O’g'il so’nggi marta ko’zlarini ochib onaga tikildi va qo’llarini volidasiga cho’zgan holda birpaslik talvasadan keyin jon berdi. Yig’lashga ham madori qolmagan ona o’g'li jasadini mahkam quchoqladi.

     Anchadan keyin jasadni bir amallab yashilrang jun choyshabga o’radi va bor kuchini to’plab, uni sudrab keta boshladi.

     U keksaligiga qaramay hali baquvvat edi. Yig’lab-bo’zlab jasadni sudrab borarkan, goh birdan to’xtab qolar, nimalarnidir o’z-o’ziga telbahol uqtirar va yana turli alpozda yotgan murdalar oralab yo’l bosardi.

     U yana to’xtadi, yana o’z-o’ziga so’zlay ketdi:

- Men seni otang bilan bobong yoniga qo’yaman, o’g'lim! U yer yaxshi, qishlog’imiz ko’rinib turadi. Men ham hovlimizdan turib mozoringni ko’rib turaman… Ko’ramanu, seni eslayman, yig’layman, duolar aytaman… Senga bolalik chog’laringda…

     Shu payt ona yonida kimdir ingrab yubordi. Ona turgan joyida atrofga alangladi-yu, qarshisida unga katta-katta ko’zlarini qadab turgan jangchini ko’rdi. Ona bir zum oy nuri zo’rg’a yoritib turgan jangchi yuziga razm solarkan, dong qotdi. Yigit o’g'liga o’xshab ketardi. O’shanday quyuq qoshlar, o’shanday qirra burkn, o’shanday qalin lablar, o’shanday navjuvon, o’shanday kelishgan… YO rabbim, ular ikki tomchi suvdek bir-birlariga o’xshar edilar! Faqat ona bu ingrab yotgan yigitning ust-boshidan uni turkistonlik ekanini fahmladi. Qachonlardir uning ota-bobolari yashagan Turkistondan… Balki bu yigit bobosi ona yurtimiz deb rivoyat qilgan Nurota tog’laridandir?! Nega u o’z xeshlari boshiga qilich ko’tarib keldi?!

     Shularni o’ylarkan, ona yigitga nisbatan na qahr, na nafrat tuydi. Faqat unga rahmi keldi, xolos. Turkistonlik jangchiga yaqinlashgan ayol egilib yigitning yarasini ko’zdan kechirdi. Yelkasi chopilgan, ko’p qon yo’qotib uzoq hushsiz yotgan, rang-ro’yi qordek oppoq yigit onadan ko’zini uzmasdi. U o’zini dunyoga keltirgan onasini ko’rib turardi. Qarnob dashtida cho’ponlik qiladigan otasi qaerda ekan? U go’yo isitmalab yotibdi-yu, onasi unga parvona bo’lib turibdi. U jilmayib onasini ovutishga urindi:

- Dashtda qorbo’ronda adashib qolibman, ena!.. Kim meni uyga olib keldi?.. Enajon, ichim yonayapti, suv ber… Qo’rqma, ena, qo’rqma, men albatta tuzalib ketaman!..

     Otamga aytmadingmi?.. Aytma… Halizamon otdek bo’lib ketaman… O’zim otamga aytib beraman… Ichim yonib ketyapti!.. Ena, deyapman… Suv ber! Qarab turavermay, suv bersang-chi!..

     Ona turkistonlik yigitning alahsirayotganini sezdi. “Yarasi og’ir”, — deb o’yladi ayol. So’ng yelkasidagi junro’molni olib yigitning ustini yopdi. Bir zum yarador qoshida o’yga botib turdi-da, yana o’g'li jasadi o’ralgan choyshabni sudrab yo’lga tushdi. Bir necha qadam yurar-yurmas, yigitning tovushini eshitib, to’xtadi.

- Ena, deyapman!.. Ena, suv ber!..

     Jang maydonining chetida uning aravasi turardi. Ho’kiz qo’shilgan aravani ona qo’shnisidan so’rab olgan edi. Ona bir amallab o’g'lining jasadini aravaga ortdi.

     So’ng xivchin bilan ho’kizni haydagan bo’ldi-yu, qo’li qotib qoldi. U yana turkistonlik jangchini… o’g'liga o’xshab ketadigan yigitni ko’z o’ngiga keltirdi. Nihoyat, keskin burilib, ortiga qaytdi. Yigit hamon alahsirab yotar, hamon onasidan suv berishni o’tinardi. Ona junro’mol bilan yigitning yelkasini tang’ib bog’ladi, so’ng o’zi bilan olib kelgan qo’y terisini yerga yoyib yigitni unga sudrab olib o’tdi.

     “Uyga olib borib, liboslarini almashtirish kerak! Bo’lmasa, qo’shnilar uni o’ldirib qo’yishlari turgan gap… Yarasi og’ir, ammo tangri marhamat qilsa, tirik qolishi mumkin. bechoraning onasi hozir nima qilayotgan ekan-a?” – o’ylardi to’lin oy yorug’ida qo’y terisi ustida yotgan yigitni sudrab borarkan.

     Bir necha daqiqadan keyin birida hayot so’ngan, boshqasida hayot ilib turgan ikki jangchi tanasi ortilgan arava Qizilchako’y  tomonga qarab yo’l oldi. Aravaga qo’shilgan ho’kizni dunyoning eng mahzun onasi yetaklab borardi.

     Oy to’lin, tong yaqin, ona qayg’usi nihoyasiz edi…

Turkcha