Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 3725



Yaqinda turk saytlaridan birida mana bu naqlni o‘qib qoldim:

Turklar tarixi son-sanoqsiz urushlar bilan to‘ladir. Biz bu urushlardan forig‘ bo‘lib, na o‘z yurtlarimizni tiklay olgan, na o‘zimiz tinch hayot kechira olganmiz. Bunda bizning aybimiz qanchalik bo‘lsa, dushmanlarimizniki ham shunchalikdir.

Chunki sarhadlarimizda miltiq o‘qtalib turgan,uyimizga kirib dag‘dag‘a qilgan, kallasida ming bir makru hiyla tuzgan dushmanlarimiz doim shunday o‘ylashardi:

– Turklarga tinchlik bermaslik kerak, toki boshqa hududlarga olg‘a ketolmasinlar.

Buning uchun ham tez-tez boshimizga balolar yog‘dirar, urushlar ochardi, Bolqon millatlarini «Istiqlol!» deya qichqirtirardi.

Biz bunday to‘xtovsiz urusharkanmiz, u zamonlar askarga olinmagan g‘ayrimusulmonlaru boylik uchun iymonu yurtini sotishga tayor millatfurushlar boyib boraverardi.

Ularning nechun boy, bizning nechun kambag‘al qolganimizni bir qishloqlik mo‘ysafidning Mustafo Kamol Otaturkka bergani qisqa bir javobi, o‘ta chiroyli tarzda izohlaydi.

Otaturk, Mersin shahriga borganida, shahardagi ulkan binolarni ko‘rib, so‘radi:

– Bu qasr kimniki?
– Armani Kirkorniki…

– Anavi ulkan bino-chi?
– Yunon Yargoniki…

– Anavi-chi?
– Yahudiy Solomonniki…

Otaturk biroz asabiylashdi:
– Ular bu binolarni qurayotganda, sizlar qayerda edingiz?

To‘planganlar orasidan bir qishloqlik oqsoqolning ovozi keldi:
– Bizmi qayerda edik? Biz Yamanda, Tuna (Dunay) bo‘ylarida, Bolqonda, Alban tog‘larida, Kavkazda, Chanoqqal’ada, Sakaryada jang qilayotgandik, poshom…

Otaturk har gal bu onlarni eslarkan:
– Hayotimda javob berolmaganim yagona inson – mana shu mo‘ysafid edi, – derdi.

Naqlni o‘qib bo‘lgach, o‘ylanib qoldim. O‘z-o‘zidan qissadan hissa tug‘ildi:

Tasavvur qilaman: zamon charx aylanib, bizning bo‘lajak Otaturkimiz Toshkentni aylanib yurib, bir to‘da ziyolilarni (muallimu shoiru olimu jurnalistni) qoshiga chaqirib savol bersa:

– Bu koshona nima va kimniki?
– To‘yxona… Oldin o‘g‘riboshi bo‘lgan falon boyvachchaniki…

– Anavi ulkan imorat-chi?
– Restoran… Pismadon otarchiniki..

– Bu bozormi?
– Bozor,bozor… Davlat qurgan, ammo, pattachiniki..

– Anavi-chi?
– Oshxona… Milisa boshlig‘iniki…Uning yana bir necha yoqilg’i quyish shaxobchalari ham bor!

– Mana bu haybatli bino-chi?
– Supermarket… Egasi mahkamada ishlaydi…

– Huv,anavi, ufqni to‘sib turgan imorat-chi?
– Gipermarket… Uniyam egasi apparatda maslahatchilik qilgan…

Bu gaplarni eshitib bizning yosh Otaturkimiz asabiylashib so‘rasa:
– Ular bu binolarni qurayotganda, o‘zlashtirayotganda sizlar qayerda edingiz?

O‘shanda to‘plangan ziyoli ahli orasidan bir ovoz kelsa:

– Bizmi qayerda edik? Biz maktab sinfida, institut auditoriyasida, bir-ikkitagina xonada joylashgan jurnalu nashriyotda, tovushi past radioda, sovuq uyda, qorong‘u ko‘chada, qarigan va kasalvand ota-onamizni, oilamizni, bolamizni boqish uchun begona o‘lkalarda,  inson chidashi qiyin sharoitlarda, doimiy halokatlar xavfi ostida ter to‘kib, topganimizni yurtga yuborib,  tashda, ichda, shaharda, qishloqda xalqimiz uchun bobomeros ma’naviyatimizni asrash uchun, elu yurtning kelajagi bo‘lmish bolalarimiz yuragini chor atrofni bosgan balo-yu qazolardan asrash uchun, “osmondagilar” yerda yurganlar bilan muloqot qiladigan kunlar kelishi uchun jang qilayotgandik, yurtboshim…

2015