Shaharda Is’hoq va Ismoilday inoq aka-uka yo’q edi. Jumladan, bir kuni otalari “pulim oz, ikkovingizdan faqat biringizga kiyim olib bera olaman, tanlang, qay biringizga kiyim olib beray?”, deganida, ikkovisi ham “akamga olib bering, men akamning eski kiyimini kiyaveraman” yo “ukamga olib bering, o’zi umr bo’yi meni kiyimimni kiydi” deya qashshoq otalari bergan yilda bir keladigan imkoniyatni ham bir birlariga ra’vo ko’rardilar. Ismoil yig’lasa Is’hoqning dili parcha-parcha bo’lib ketar, Is’hoq och qolsa Ismoilga yegan ovqati totimas edi. Afsuski, ular ota-onalaridan erta yetim qolishdi. Otalari konda ko’mir kovlardi, bir kuni u ehtiyotsizlik tufayli noto’g’ri toshga zarba berib yubordi. Kon qulab uni va jamoasining qolgan barcha a’zolarini tosh bosib qoldi. Keyinchalik qarindoshlari ularning murdalarini topishga ko’p urindilar, ammo baribir topolmadilar. O’sha payt aka-uka sakkiz-o’n yosh edilar, oradan ikki yil o’tib, ularning onalariga bir badavlat odam turmushga chiqish taklifini berdi. Umrida kir yuvish mashinasini, tez yurar va qimmatbaho avtomobilni, to’rt so’tix ham kelmaydigan loysuvoq uydan bo’lak uyni ko’rmagan ayol, bariga qo’l siltadi va boyagi boy odamga turmushga chiqdi. Ikki o’g’lini esa singlisiga, o’zining ham uchta farzandi bor singlisining uyiga tashlab ketdi.

Xolalari ularni juda yaxshi ko’rar, biroq uning turmush o’rtog’i o’z farzandlariga qo’shib ayolining jiyanlarini ham boqishga ko’nmasdi. Natijada, u yetimlarni uydan xaydab yubordi. Qish. Izg’irin sovuq. Atrofni tizza bo’yi qor qoplagan edi. Egnida qalinroq kiyimi ham yo’q Is’hoq va Ismoil ko’chada bedor sang’ib yurardilar. Sovqotib ketishsa katta-katta savdo markazlariga yashirincha krib olishar, o’sha yerda isinib yana bemaqsad, benajot aylanib yurishaverardi. Bir kuni chiroyli kiyingan, gilosning xushbo’y ifori kelib turadigan atir sepib olgan, qo’llarida qo’sha-qo’sha uzuklar, bo’ynida qavat-qavat marjonlar taqqan go’zalgina bir ayol kelib ularning egniga yangigina, hech qancha kiyilmagan ikkita issiq kiyim kiygazib ketdi, qo’llariga oz-moz pul berdi, Is’hoqning qo’liga kichikkina non ham berdi:

— Sizlarga qo’limdan kelani qadar ko’maklashdim, qaniydi, agar ilojim bo’lganida bor-budimni berardim! Bir paytlar meni ham sizlarday azamat o’g’illarim bo’lgan – ayol yig’lab yubordi – istasangiz, mana uzuklarimni olaqoling – ayol qo’llaridagi uzuklarini yechib birini Is’hoqqa, birini Ismoilga berdi:


— Tashakkur, xola! – ayol kulimsirab qo’ydi va ko’zlarida shashqator yosh bilan ularni tark etdi. Is’hoq qo’lidagi kichikkina non bo’lagini ikkiga bo’lib yarmini Ismoilga tutqazdi. Ular nonni birga baham ko’rdilar.

Oradan hech qancha o’tmay, ular onalarining Yoqub ismli qarindoshi uyidan panoh topdilar. Onalarining tutingan akasi, eng qiyin ahvollarida doim ko’mak bergan amakivachchasi bo’lgan bu badavlat qarindoshlari ularni uyga kiritdi. Ularni o’zi tarbiyalab, katta qildi. Ovqat, turar joy, kiyim, xullas, hayot uchun nima kerak bo’lsa barini berdi. Ularni o’zining o’gillariday qabul qildi. Bir kuni yangi otalari Ismoilning qo’lidagi uzukni ko’rib, uni qayerdan olganliklarini so’radi. Ular bo’lgan voqeani batafsil aytib berdilar. Ma’lum bo’lishicha, ularga kiyim va uzuklarni berib ketgan ayol Yoqubning sobiq ayoli bo’lib, ularning ikki farzandlari avtohalokatda vafot etgani tufayli ajrashib ketishgan ekan.

Shu tariqa aka-ukalar Yoqub amakilarining tarbiyasi ostida ulg’aydilar, voyaga yetdilar. Yoqub ikkovini o’qitdi, o’qimishli qildi, ishga joylab qo’ydi. Ismoil yigirma ikkiga kirganida Laylo ismli bir qizga uylandi. Is’hoq to’yga sovg’a sifatida uch yillik ishlab yiqqan puliga yosh oilaga uy sotib olib berdi. Qulaygina, shinamgina uychada yashalgan bir yildan so’ng Layloning homilador ekanligi ma’lum bo’ldi. Shifokorlarning ayticha, ular egizak farzand kutishayotgan ekan. Bu yangilikdan bo’lajak ota-ona qanchalik quvongan bo’lsa, Ish’oq ham shunchalik quvondi. Hammasi a’lo darajada edi, toki bir kuni Layloning boshi aylanib hushidan ketmagunicha. U birdan yo’talib, qon qusa boshladi, ko’ngli aynib, tomog’idan hech nima o’tmay qoldi. Go’yoki ichida bir nima yorilganday edi. Uch kundan so’ng uning ahvoli nihoyatda yomonlashib ketdi. Shifokorlar ayol qornidagi bolalari halok bo’lganini aytib, ularni olib tashlash lozimligini tushuntirdi. Jarrohlik amaliyotini paytida Laylo jon berdi. Shifokorlar nobud bo’lgan egizaklarni olib tashlar ekanlar, qarshilarida turgan daxshatni ko’rib hayratda qoldilar, doya hushidan ketib qoldi, hamshiralar va qarindoshlari o’zlarini yo’qotib qo’ydilar. Chamasi, egizaklar qorinda ozuqa talashib bir birini yeb qo'ygandi. Birining boshi yo'q, birining yuragi yarimta, ikkovi ham qora qonga belangan.

            Shoh Jahon – Namangan shahridagi Prezident maktabi 9-sinf o’quvchisi