(“Men yolg’izman, ovozim yolg’iz” kitobiga taqriz)

Dunyo tarixida millat oydinlari,  o’z yurtining ozodligiga munosib hissa qo’shgan millatparvarlar ko’p uchraydi. Ammo ham shaxs sifatida , ham ziyoli, olimlikni birlashtirib, xalqiga o’rnak bo’lib, uning vijdoni darajasiga chiqqan insonlar elning peshonasiga bitgan yo’lchi yulduz bo’ladi, shu diyorga Tangrining rahmat nuri ila boqqani shu bo’ladi. Xususan, bizning ko’p ming yillik tarixga ega o’zbek ulusi har jihatdan komil inson Hazrat Mir Alisher Navoiymi, hozirgi kunda ham mardligi, jasorati bilan xalqimiz orasida faxr bilan yodga olinadigan Abdulhamid Sulaymon Cho’lpon bo’ladimi, bular bizning milliy g’ururimiz, bizning shonimiz-shavkatimizdir. Afsuski, Cho’lpon ham vafotidan yarim asr chamasi vaqt o’tgandan so’ng qadrlangandek, o’tgan asrning so’nggi o’n yilliklarida chin miqyosda zamonaviy jadidchi qiyofasida o’sib chiqqan Dadaxon Hasanovni ming afsus, so’nggi yilarda unchalar qadrlash bo’lmayotgandek edi. Lekin bizni xursand qiladigan yangiliklardan Turkiyaning Karabuk universitetida filologiya fanlari doktori Botir Norboyning tahriri ostida “Ona Turkiston hasrati” kitobi nashrlanishi bo’lsa, 2020-yilda Dadaxon Hasanovning muborak sakson yillik yubileyi munosabati bilan oz sonli bo’lsa-da chop etilgan “Men yolg’izman, ovozim yolg’iz” to’plamidir. Bu oltinga teng kitob haqiqiy vatanparvar shoir va xofiz umrining solnomasidir.

To’plamning yana bir qadrlik jihati shundan iboratki, hozirgi kunda kam eslanayotgan yo e’tibor susaygan zotlarning ismini ham shu to’plamda uchratish mumkin. Masalan: Ibrohim Haqqul, Gulchehra Nurullayeva(Alloh qabrlarini nurga to’ldirsin), Abdulhamid Ismoilov, Shukur Burxonov, Vali Qayumxon, Boymirza Hayit kabi insonlarning Dadaxon Hasanovga atab yozgan maktublari, she’rlari, yoinki maqolalariga duch kelishimiz mumkin. Xususan, “Jahon madaniyati, musiqa san’ati tarixida juda ko’p ulug’ baxshilar, shoirlar o’tgan…  Lekin butun umr  -muttasil bir xalqning achchiq taqdirini, quvonchu alamini Dadaxon Hasanchalik kuylagan shoir –hofiz yo’qdir dunyoda”(Abdurauf Parfi), “Dadaxon Hasan qo’shiqlari qandaydir dil o’tini bosish uchun yoki ko’ngilning chigalini yozish uchun to’qilgan baytlar emas, ular hayotiy asosga ega. Bir joyda haqiqat bo’g’ilsa, insof toptalsa, unga qarshi faryod bo’lib ko’ngilni larzaga solidi. Dildan chiqqan bu qo’shiqlar xalqning bo’g’zida qolib aytolmagan, ko’zida turib tutolmagan g’animlarga, bedardlarga otilgan vijdon toshlaridir”(Hamidulla Boltaboyev), “Dadaxon Hasanning she’rdagi va qo’shiqdagi aniq yutug’i –uning xalq og’zaki ijodiga yaqinligidir. She’ri va qo’shig’iga o’ta falsafiy fikrlar yuklay boshlaganda, ravonlik va samimiyat undan qocha boshlaydi. Uning xafif –o’ynoqi ohanglarida nola bor,  dard-alam bor, nolalarida, nidolarida o’ynoqilik, ravonlik bor. E’tiborsiz tinglovchi bo’lsa, “Yov bosdi-yo, yov bosdi!..” qo’shig’iga ham raqsga tushaverishi mumkin”(Mirzo Kenjabek) kabi ijodkorlar va ziyolilarning tengsiz va haqli e’tiroflariga kitobda ko'p uchratamiz.

Endi bir savol tug’iladi: nega Dadaxon Hasanning ijodini o’rganishimiz kerak? Bu zarurat qaydan paydo bo’lgan? Avvalo, Dadaxon Hasanning iste’dod jihatidan tengsiz ekanligini eslatib o’tmoq joiz. Uning sohir ovozi yoshligidanoq atrofdagilarni maftun etgan. Xofizning eslashicha, yoshlik paytda paxta tergani ketib borarkan, yo’lning uzoqligidan zerikib ketib, hirgoyi qilib borarkan. Oradan biroz vaqt o’tib, terimchilar uning yo’lda ko’rinishi bilan ishini to’xtatib,  yo’l yoqasiga chiqib turadigan odat chiqaradilar, yoki 1971-yilda “Leninni sharaflaymiz” nomli rasmiy konsertda odamlar “Bizga Lenin emas, Dadaxon Hasan kerak” deb, janjal qilganlari va rahbar shaxslarni pastga tushirib yuborib, Dadaxon Hasanga qo’shiq ayttirishgani uning qanchalar katta iste’dodi borligiidan va insonlarning ko’nglidan naqadar katta joy olganligini ko’rsatadi.        

 Ikkinchidan, Dadaxon Hasan o’z davri uchun yetuk serqirra ijodkor ekanligidadir.  O’zi aytmoqchi, u birinchi navbatda shoir. Ijodkor odam aniqki, ohangni, she’rni ingichka tushunadi. Aynan shuning uchun she’rlari dastlab, qo’shiq bo’lib yaraladi. Biz yana kimni ko’rsata olamiz, ham shoir, ham xofiz, ham jurnalist,  shu bilan teng miqyosda  atoqli siyosatchi bo’lgan boshqa bir insonni?

Uchinchidan, uning millatini sevishini alohida ta’kidlash kerak. Aynan shu narsa Dadaxon Hasanning butun ijodini, butun o’y-fikrini, gap-so’zini tashkil etgan. Vatanga muhabbat uning umriga, ijodiga mazmun bag’ishlab turadi. Uning hukumatlar, davrlar, siyosatlar o’zgarsa-da bukilmay, sinmay qolishining sababi shu. 

Vatanga muhabbat shu darajada kuchli-ki, bir suhbatda “Har ne bo’lganda ham Vatanda qolish kerak. Qamoqqa tushsa ham chetga qochmasdan Vatanda qolmoq kerak. Qamoq ham O'zbekistonning bir parchasi-ku!” degani hanuz yodimda.

To’rtinchidan, oqin hayotiga faqat siyosatchi nuqtayi nazaridan qaramaslik kerak. Uning lirik qo’shiqlarining o’zi mingtadan oshadi. Bu haqda Abdurauf Parfiy saksoninchi yillarda “uning repertuarida mingdan ziyod  qo’shiq aylanadi” degandi, hofiz esa undan so’ng yana salkam qirq yil ijod qildi. Bemalol aytishimiz mumkinki, musiqa maktablari aro “Dadaxon Hasan maktabi” ham mavjud. Bu alohida ta’kidga ega bo’lgan nuktadir.

Faylasuf olim, falsafa fanlari doktori Abdulqodir Zohidiy esa boshqa besh sabab keltiradi:

“Darhaqiqat, Dadaxon Hofiz:

1) O’z inqilobiy ovozi,sozi va da’vatli qo’shiqlari bilan, milliy ong,ozodlik uchun kurash ruhini uyg’otib yuborgan;
2) Tom ma’noda, XX asr 80-90-yillarida “Turkistonning yangi Uyg’onish davri”ni boshlab bergan, yaratgan, uning bosh bo’g’in, tarixiy zalvorli muammolari-yu, qadamlarini  bir bir tashlashga bosh-qosh bo’lgan;
3) “Birlik Xalq jabhasi” –harakatiga o’z uyida (1988.11.11.) asos solgan, Sho’ro mintaqasida “katto siyosiy g’avg’o”ni boshlab bergan zotdir;
4) Qolaversa,yana bir nechta ijtimoiy-siyosiy jabhalar tuzgan;
5) Hofiz, Fitratning "Amir Temur sag'anasi", Cho'lponning “Go’zal Turkiston”, Mag’jon Jumaboy o’g’lining “Oqsoy Turkiston” kabi Turkiston ota-bobolar ruhini uyg’otishga qaratilgan sharqiylar ruhidagi “Qo’zg’aling!” da’vati, kuy-qo’shig’i – Buyuk da’vatni yaratib, aytish mumkinki, XX asr 90-yillari – mustaqillik arafasida xalqni ko’cha-maydonlarga olib chiqishga erisha oldi.

Bu buyuk besh da’vatsiz, ularning xayrli, ezgu oqibatlarisiz “Turkistonning yangi Uyg’onish davri”, umuman olganda esa, O’zbekiston mustaqiligi to’g’risida gap ham bo’lishi mumkin emas edi”   

Muxtasar so’z o’rnida aytshimiz mumkinki, Dadaxon Hasan musiqa  tariximizda ham, adabiyot o'tmishida ham, siyosat solnomasida ham juda ko’p ishlarni amalga oshirgan zotdir. Uning ijodini kerak bo’lsa, o’rganadigan bitta tashkilot tuzish kerak. Ammo bu biroz keyinroq qilanaturgan ishlardan biriga o’xshaydi. Hozir esa yaxshi umidlar tomon dadil qadam tashlagan mana shu yirik kitob Dadaxon Hasan haqida qisqacha bir so’zdir. Ammo bu birinchi qadamdir. Demakkim, kitob to’plovchilarning keyingi muvaffiyatlarini ham kuzatib boramiz, degan umiddamiz.

Sanjarbek Ikromov 2021-yil iyun.