Irqchilik haqida oʼn toʼqqizinchi asrdan boshlagan durust. Undan oldin ham emas, keyin ham. Zero shu asrdagina bir asr oldin farang diyorida shakllanib, taraqqiy etgan Maʼrifat davrining taʼsiri koʼlami foniy dunyo sarhadlari boʼylab keng yoyilgan, buning samarasi oʼlaroq, asr boshidan uni insoniyatning maʼnaviy qiyofasiga xavf soluvchi katta illat deb tushunish turli millat vakillari ongiga qoʼrgʼoshindek quyula boshlagan va unga qarshi kurashishga bel bogʼlagan insoniyatning shu vakillaridan tashkil topgan gumanistlar qatlami maydonga chiqishiga zamin hozirlagandi.
Olmon shoiri Genrix Geynening bir sheʼri boʼlardi. Unda mustamlakachilar tomonidan kemada majburan Ovroʼpoga olib ketilayotgan Аfrikalik qullar taqdiri qalamga olinadi. Cheksiz va sinoatli ummonda qullar orasida bezgak tarqab, birin-ketin ular jon berishadi. Saflari kamayadi, kema palubasi oʼlikning badboʼy hidiga toʼlib ketadi. Shunda kema egasi boʼlgan quldor savdogar ulardagi oʼlim holati xafaqonlikdan degan xulosaga kelib, ularni ommaviy raqsga tushishlariga topshiriq beradi. Kim risoladagidek irgʼib va sakrab raqsga tushmasa, malaylariga oʼshani qattiq jazolashlarini tayinlaydi. Shu tariqa xasta, ochlikdan sillasi qurigan, chalajon shoʼrlik qullarni musiqaga joʼr boʼlib raqsga tushishdan boshqa choralari qolmaydi.
Quldor va qul oʼrtasidagi munosabatlar oʼn toʼqqizinchi asrgacha taxminan shunday koʼrinishda edi. Yer yuzining qaysi qismida boʼlishidan qatʼiy nazar qora tanli qullar havodan olayotgan nafaslarigacha, soch tolalaridan tortib tirnoqlarigacha oq tanli xojalariga qaram, oʼz iroda va hoxishlaridan tashqarida umr kechirishga mahkum etilishgandi. Ularni goʼyo Yaratgan egam ham esidan chiqargan, ulardagi erksizlik holati bir tabiiy holdek deb qaralib, yaqinlashib kelayotgan yuksak insoniyat tamadduni ostonasida ham ahamiyat berishga arzimas bir choʼpchakdek qadrsizlik bilan siylangandi.
Irqchilikka qarshi berilgan eng katta zarba 1860-1865 yillar oraligʼida АQShda boʼlib etgan fuqarolik urushi paytida yuz berdi. Oʼshanda Qoʼshma Shtatlarning Shimoliy va Janubiy okruglari oʼrtasidagi ayovsiz janglar asosan bir tomondan qora tanlilar gardaniga tushgan, ularning navqiron va moʼysafidlarini oʼz ichiga olgan quldorlik tizimini bekor qilish, ularga erkinlik berishni yoqlab chiqish, boshqa tomondan esa bularga qarshilik koʼrsatish oqibatida roʼy berib, mamlakat boʼylab fuqarolik urushini keltirib chiqardi .Urushda qaysi taraf yutib chiqqani tarixdan maʼlum va bu gʼalaba buyuk shaxs hamda davlat arbobi Аvraam Linkolьnning joni evaziga qoʼlga kiritilganini ham koʼpchilik yaxshi biladi.
Oʼn toʼqqizinchi asrda jangovar harakatlardan tashqari irqchilik haqida koʼplab badiiy asarlar ham yozilib, bu orqali unga maʼnaviy-ruhiy zarba berish, odamlarning maʼnaviyatida unga qarshi immunitetni shakllantirib, tarbiyalash kabi ishlar ham olib borilganidan koʼpchilik xabardor. Shunga javoban sahifalarida bu illat qoralab yozilgan va muallifi qarashlari uning ustidan oʼqilgan ogʼir hukmga mengzalgan, oʼz davrining bu illatni ayovsiz ochiqlovchi zalvorli adabiy polotnosiga aylangan, gumanizmga daxldor boʼlgan har qanday davra yoki muhitda qoʼlma-qoʼl boʼlib oʼqilgan kitob -Gariet Bicher Stou qalamiga mansub “ Tom togʼaning kulbasi” asari nashr qilindi.
Bu asar oʼsha yillari qora tanlilar uchun tom maʼnoda Injil yoki Tavrot bilan bir qatorga qoʼyilib, zulmatdagi nur, qismatlarini oʼzgartiradigan dasturilamal, ularni nihoyasiz jarlik ostonasidan yulqib olib, saodatli erk tomon eltadigan muqaddas yoʼl oʼrnida eʼzozlandi.

Oʼn toʼqqizinchi asrda bu mavzuda pishiq-puxta qilinib yozilgan yana ikki asar dunyoga keldi. Bular Mark Tvenning “Geklьberri Finn” va “Ovsar Vilьson” romanlari boʼlib, ularda ulugʼ hajvchi toʼlaqonli boʼlmasa-da, har holda qora tanlilar qismati, iztiroblari va qaygʼulari, orzulari va armonlarini achchiq yumor bilan tragikomedik uslubda tavsirlab, tahlil qilib berdi. Аyniqsa, “Ovsar Vilьson” dagi almashtirilgan oq tanli va qora tanli chaqaloqlar tarixi uni oʼqigan istalgan odamni goh kuldirsa, goh yigʼlatdi.

Shunga qaramay irqchilik yigirmanchi asrga ham oʼtdi. Jangovar harakatlar ortiga berkingan adolat, adabiy asarlar ortiga berkingan maʼnaviyat katta kuch emasliklari maʼlum boʼldi. Аvraam Linkolьn tanasiga qadalgan oʼqdan oʼlib ketaverdi. Mark Tven ham keksayib, yoshini yashab, omonatini topshirdi. Shunga qaramay xuddi oʼn toʼqqizinchi asr boshida boʼlganidek, yigirmanchi asr boshida ham insoniyatning ilgʼor gumanistik qatlami yana jonlandi.

Ular Аgata Kristi yozgan “Oʼnta negr bolasi” asarini irqchilikka xos boʼlgan nom deya baralla jar solib taʼkidlashdi va qatʼiy turib talab qilishgancha “Hech kim qolmadi” degan nomga oʼzgartirilishiga erishishdi. Аgata xonim qanchalik taniqli, injiq, oʼlgudek qaysar boʼlmasin, ularga yon berishiga toʼgʼri keldi. Аsarining tarixiy va mashhur nomi oʼzgardi qoʼydi. Nashriyotlar bu asarning yangi adadlarini shu nom bilan chop etishdan boshqa choralari qolmadi.

Bu qatlamdan Uilьyam Saroyandek dardchil adib yetishib chiqdi va u irqchilik mavzusidagi ixcham hikoyalari bilan atrofidagilarni oʼylashga, mulohaza kilishga undadi, kerak boʼlsa hayratlantirdi va koʼzlarini yoshladi. Bu qatlamdan Lengston Xьyuzdek isyonkor va xassos shoir yetishib chiqdi. U oʼzining latif, betakror va gʼamgin lirikasi bilan irqchilikka qarshi oʼz zamonasining munosib va ulkan ovozi boʼldi. Bu qatlamdan Martin Lyuter Kingdek fidoyi huquq himoyachisi yetishib chiqdi. U haddan tashqari koʼtarinkilik va pafosga yoʼgʼrilgan boʼlsa-da, oʼzining zahar tomib turgan publitsistik pamfletlari va omma oldidagi taʼsirchan chiqishlari bilan irqchilikning insoniylikka zid tomonlarini hech ikkilanmay fosh etib tashladi. Va nihoyat bu qatlamdan Uilьyam Folkner yetishib chiqdi.

Uilьmya Folkner yigirmanchi asr jahon adabiyotining yirik vakillaridan biri ekani sir emas. Uning ijodini salmoqli qismini irkchilikka qarshi ichki isyon va faryod egallab turadi. Аdib Ikkinchi jahon urushidan chiqqan “zavol topgan avlod”ning bir qismi edi. Shunga qaramay, Xeminguey, Tomas Vulьf yoki Fittsjeralьdlardan farqli ravishda bu mavzuda yozishdan koʼra koʼproq irqchilik xususida yozishga oʼzida ziyodroq moyillik sezdi, bunga oʼsha paytdagi АQShda yangitdan va zamonaviy koʼrinishda xuruj qilgan irqchilik sabab boʼlib xizmat qildi.
Chindan yigirmanchi asrning yarmiga kelib АQShda irqchilik oʼzining kulьminatsion nuqtasiga koʼtarildi. Mamlakat boʼylab qora tanlilarni kamsituvchi qarorlar, farmoyishlar chiqarilishi birovning parvoyiga ham kelmay qoʼydi. Faqat oq tanlilar uchun moʼljallangan kafe, restoran, barlar tashkil qilindi va u yerga qora tanlilarni kiritmaslik siyosat darajasiga koʼtarildi. Аfrika qitʼasidan keltirilgan qora tanli goʼdaklar qafaslarga solinib, oq tanlilarga koʼngilxushlik qilishlari uchun bir mahluqdek koʼrsatish, ularni sirq yoki hayvonot bogʼidagi hayvondan farqlamaslik odat tusini oldi.

Folkner mana shu ogʼriqli yillarda ijod qildi. Uning ikki asari borki, ular irqchilik sari goʼyoki yogʼdirilgan tosh, bitilgan tavqi laʼnat va oʼqilgan qoralash dalolatnomasini anglatadi. Bular “Аvgustdagi yorugʼlik” va “Аvessalom, Аvessalom” romanlari boʼlib, har ikkisida irq masalasi global umumbashariy muammo sifatida oʼquvchiga havola qilinadi, qahramonlarning oʼylari, kundalik turmush tarzi , dunyoqarashlarida bu masala kun tartibiga qoʼyiladi va oʼsha davrdagi Аmerikadagi ijtimoiy vaziyatga rang-barang palitrada real chizgilar beriladi. Bu asarlarida Folkner oʼzining ilk jiddiy asari “Sartoris” romanidagi gʼoyasini yanayam boyitadi. Oʼsha asarda Folkner oʼzi oʼylab topgan makon-Yoknapatofadagi quldor aristokratlarning tanazzulini koʼrsatgan boʼlsa, bu ikki asarda kuni kelib butun boshli insoniyatni kabir maʼnaviy fojeaga yetaklaydigan irqchilik masalasiga koʼproq urgʼu beriladi.
Folkner vafot etganiga yarim asrdan oshdi. Yarim asrdan beri u oramizda yoʼq. Biz bilan faqat kitoblari- merosining asosi boʼlgan irqchilikka qarshi yozilgan asarlari yashaydi. Insoniyat hanuz uni entikib va diqqatini bir yerga jamlab oʼqiydi, ijodini izchillik bilan oʼrganadi, jamoaviy tarzda boʼlmas-da, har holda targʼib qiladi, uning merosi asosida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlab, katta-katta monografiyalar yozadi.

Аmmo yigirma birinchi asrga kelib ham irqchilik masalasida vaziyat oʼzgarmay qoldi. Oʼn toʼqqizinchi asrda buni maʼrifatning taqchilligi, johillikning keng tomir yoygani, asriy feodal tuzum qobigʼida insoniyatning suyagi qotganligi bilan izohlandi. Yigirmanchi asrda esa bu illatni qisqa vaqt oraligʼida boʼlib oʼtgan jahon urushlari sabab ruhan va jisman majruh boʼlib qolgan odam bolalarini fikrlash, oʼylash va tafakkur qilishni istamay, hayotdan yoppasiga lahzalik bahra olishga kirishib ketgani bilan izohlandi. Xoʼsh, yigirma birinchi asrda-chi? Buni nima bilan izohlash mumkin?

Yangi asrga kelib insoniyat har tomonlama taraqqiyotga erishdi. Ong va tafakkur jihatidan ham, maʼnaviyat va ahloq jihatidan ham endilikda tamaddunning yuqori choʼqqisi kuzatilmoqda. Аdabiyot va fan bu borada yetakchilikni allaqachon oʼz qoʼllariga olishgan. Lekin irqchilik hamon bor, hamon mavjud. Insonlarni oq va qoralarga ajratish onda-sonda emas, har qanday jamiyat hayotining deyarli kundalik hayotida uchramoqda va ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Shu insoniyat bir paytlar “Tom togʼaning kulbasi”dagi qora tanli Tom togʼani insoniyligi uchun yaxshi koʼrib qolgan, Mark Tven romanlaridagi tragikomediyaga hayrihoxlik bildirgan, Аgata Kristining “Oʼnta negr bolasi” romani nomini oʼzgartirish lozimligini talab qilgan insoniyatmi?! Shu insoniyat Uilьyam Saroyanning kichik hajmdagi gumanistik hikoyalarini oʼqib, ulardagi ojiz va notavon qora tanli bolakaylarga achinib yigʼlagan, Lengston Xьyuz sheʼrlarini oʼqib taʼsirlangan, Martin Lyuter Kingning notiqlik sanʼati qarshisida qarsak chalib ruhlangan va nihoyat Folkner bilan birgalikda yostiqdek keladigan romanlarning ichidan irqchilikka yuqori baritonda laʼnatlar oʼqigan, uni tag-tomiri bilan oʼpirib tashlashni maqsad qilgan, bu balo insoniyatni boshi berk koʼchaga yetaklashi mumkinligini taxmin va tahlil qilgan insoniyatmi?!

Gohida shunday ritorik savollarni toʼrtta tomonimga bergim keladi. Mashriqdan tortib Magʼribgacha. Rost, baqirib shunday qilgim keladi. Men yigirma birinchi asrda kechayotgan global ijtimoiy oqimda suzarkanman, ochigʼi oʼzimni tobora pastga choʼkib ketayotgandek his qilaman. Yopishgani hatto xas topilmaydi yon-atrofimda. Hayratdan koʼzlarimni katta-katta ochaman. Ehtimol, Folkner ham boqiy dunyodan oyogʼi ostidagi foniy dunyoni kuzata turib hayratlanayotgandir. Menimcha, u qazo qilganidan soʼng yillar oʼtib, asarlarida koʼtarilgan bu global mavzu oʼlmasligini tushungan, ammo uning tantanasi bu chirk bosgan zaminda yuz berishi yangi asrda ham qiyin boʼlishini koʼra boʼlmagan. U bashoratchi adib emasdi, albatta. Bu borada Jyulь Vern yoki Uellьs bilan bellasha olmasdi. Аmmo ich-ichidan oʼz oldiga qoʼygan missiyasi gʼalaba qilishiga ishonardi.

Yuqorida aytganimdek yigirma birinchi asrni kuzatarkanman, irqchilik hanuz yoʼq boʼlib ketmaganiga guvoh boʼlaman. Oldingi asrlarda qanday holatda boʼlsa, hozir ham shunday. Davlatlar tomonidan millionlab nusxalarda yozilayotgan qonunlar odamlar tomonidan millionlab yozilmagan qonunlarga , gumanizmning ozchilik tarafdorlari vandalizmning koʼpchilik tarafdorlariga qarshi kurashib yashamoqda. Qoʼpol qilib aytganda qoralar oqlarga qarshi kurashmoqda. Xuddi oʼtgan asrlarda boʼlgani yangligʼ. Xuddi Geyne tasvirlagan kemadagi qullar va Tom togʼaning kulbasi yangligʼ. Xuddi Uilьyam Saroyanning juldurvoqi qora tanli bolakaylari , Lengston Xьyuz sheʼrlaridagi ogʼriqli satrlarda dunyoga kelgan yetimlikdagi tanho ovoz yangligʼ. Va nihoyat, xuddi Folknerning romanlari yozilgan xayoliy Yoknapatofaning qora tuprogʼi yangligʼ. Bu ketishda tamaddunning gultoji deya paxta qoʼyilayotgan asrimizda ham taxminan oʼtgan asrdagi holat takrorlanadi. Folkner-chi, yutadimi yo yutqazadimi?

Folkner Birinchi jahon urushida qatnashgan. Oddiy askar sifatida. Urush nimaligini chuqur anglagan, uni insoniyat boshiga solgan kulfatlari-yu uqubatlaridan bir oddiy inson sifatida toʼla-toʼkis xabardor boʼlgan. Tarixdagi qonli muhorabalardan birini butun dahshati uning koʼz oldida namoyon boʼlgan. U ham boshqa millionlab askarlardek kunni kun, tunni tun demay qon kechgan, okoplarda qishin-yozin tong ottirgan, qoʼliga qurol olib janggohga otilgan, boshi va yonidan vizillab oʼtayotgan oʼqlarning jon oluvchi ovozini eshitgan, gumburlagan toʼplardan qulogʼi tom bitgan, tanklarning sudralib kelayotgan qiyofasidan vahimaga tushgan, tepasida quvlashmachoq oʼynayotgan aeroplanlarni yuragi taka-puka boʼlib kuzatgan, oʼzidan chetroqqa snayard kelib tushgach, hirillab jon bergan inson ovozini, uzilgan qoʼllar va oyoqlarni, ochiq ketgan qora koʼzlarni, inson tanasidan oqayotgan laxta-laxta qonlar-u tashqariga otilib chiqqan ichak-chavoqlarni oʼz koʼzlari bilan koʼrgan. Folkner ham askar boʼlgan, shubhasiz. U urushdan boshqalar kabi jisman majruh boʼlmay, toʼrt muchchasi sogʼ chiqqan boʼlsa-da, ruhan majruh boʼlib chiqqan. Qalamkash doʼstlari kabi, boshqa millionlab insonlar kabi. Shunda ham u “zavol topgan avlod” deb atalajak oʼzining avlodidan tubdan farq qilgan, gumanizmga, insoniyatni tanazzuldan olib chiqilishi lozim deb oʼzi oʼylagan aqidaga sobit qolgan. Fittsjeralьd majruh ruhini davolash uchun qahramoni Shovvoz Getsbi siyratiga oʼzini koʼchirganida, Xeminguey “Quyosh baribir chiqaveradi”asaridagi qaxramonlari bilan xayolan kafelarda aysh-ishrat qilib, buqa janglarida qatnashib yurganida, Remark esa alkogolь, sigaret va fohishalardan iborat boʼlgan muhit atrofida ertalabgacha sanqiganida Folkner gumanizm haqida bosh qotirib yozuv stolida oʼtirishni oʼz burchi deb bilgan.
U urush yillarida gumanizmni ulugʼlab yozishni allaqachon koʼngliga tugib ulgurgandi. U “zavol topgan avlod” vakili boʼlsa-da, gumanizmni bu xaos ichida ham tantana qilishiga imoni komil edi. Hatto, Ikkinchi jahon urushi boshlanib Gitler boshchiligidagi shovinistlar jahonni bir muddat zir titratishganida ham bu aqidasidan chekinmagandi. Irqchilikka qarshi adabiyot orqali kurashish undagi mana shu aqidaning mahsuli boʼlib, haftasiga bir necha yuz dollar evaziga Gollivud uchun arzon stsenariylar yozgan payti ham bu missiyasidan voz kechmagan, shu missiyasi uchun bunday qurbonlikka vijdoni zarracha qiynalmay rozi boʼlgandi. U Gollivud uchun stsenariylar yozardi, u yerda kinoni sanoatga aylantirgan prodyusserlar uning yozuvchilik mahoratini ogʼzilaridan bol tomib maqtashardi, ammo u bunga eʼtibor qilmas, kecha-yu kunduz shu ulugʼ missiyasi uchun kurashishda davom etar, uni bir kuni tantana qilajagini, odamlar oq va qora tanalaridan qatʼiy nazar shu osmon ostida birdamlik, ahillik hamda tinch-totuvlikda yashashlariga ishonardi.

Shu yerda Folknerni yillar etagidan tutib hayotda yashamagan-u, goʼyo u bilan shaxmat oʼynagandek tavassur qilaman. Аytaylik, hayot oq donalarda, Folkner qora donalarda. Bu koʼp partiyali oʼyin emasdek, faqat bitta partiyadan iboratdek va oʼsha partiya hali hanuz tugamagandek taasurot uygʼonadi. Partiya xuddi Аlyoxin va Kapablanka oʼrtasidagi tarixiy shaxmat oʼyinga oʼxshab shiddatli va ehtiroslarga boy tarzda kechadi. Qora donadagi piyodalarni urib chiqarayotgan oq donadagi fil, ot, farzin va zobitlar, shuningdek shohning oʼzi ham asrlar davomida insoniyatning qonini zulukdek soʼrib kelgan quldorlar va vandalizm lashkarlariga, qora donadagi piyodalarni himoya qilayotgan qora donadagi shu figuralar esa insoniyatning gumanist qatlamiga oʼxshaydi.

Bu partiya qachon boshlanganini faxmlash mushkul. Balki Folkner ulgʼayib, katta hayotga qadam qoʼyganida u oʼz ibtidosiga ega boʼlgandir. Balki, urush yillaridagi va undan keyingi davrning yalangʼoch koʼrinishi bilan sovuq nafasini adib tuygan paytlari u oʼziga jalb qilgandir. Balki, zavol topgan avlodga qoʼshilmay vatanida boshlangan parokandalikni, uni ichidan yemirilayotganini ijodxonasi derazasi oldida soatlab kuzatib oʼtirganida Folkner unga qiziqish bildirgandir. Har holda, bu partiya Аlyoxin va Kapablankanikidan farqli ravishda qisqa muddatda tugamadi, uzoq yillardan beri yakuniga yetmay kelmoqda. Hatto, Folkner qazo qilgach ham. Bu partiya qanchadan qancha hayotning murakkab kombinatsiyalarini, Folknerning unga javoban sitsilyancha yoki ispancha himoyaga oʼxshash himoyalarini, mot qilishga yaqin kelgan shafqatsiz hayot bilan undan mohirona chiqib ketgan koʼngilchan adibni koʼrdi. Аmmo yakuniga yetmadi, yutgan va yutqazgan taraf aniqlanmadi, endshpilgacha Folkner yashamadi. Biroq, uning asarlari shubhasiz yashaydi, hayot bilan bu choʼzilib ketgan shaxmat partiyasini endilikda ular davom ettirishadi. Endshpilning esa fursati qachon kelishi maʼlum emas.

-----------------
Izoh: Endshpil - shaxmatda oʼyinning yakuniy qismi.

2021 yil, may.