Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 2577


Kun yoyilib ketganiga qaramasdan Nozima erta turish odatiga xilof tarzda shifoxonaning o‘zi uchun ajratilgan, derazasi kunchiqishga qaragan xonasida bir o‘zi yolg‘iz, tashqi dunyo bilan bittagina bog‘lab turgan vosita — deraza tomonga qarab yonboshlagancha ko‘zlarini yumib yotardi. Uning xonasi keng, yorug‘ va barcha qulayliklari bor edi. Devorlari-yu butun jihozlari, pardalaridan tortib choyshablarigacha bo‘lgan hamma narsasi moviy rangda edi. Bir qarashda u uxlayotgandek tasavvur uyg‘otar, uzun qora sochlari parishon, tartibsiz sochilgancha butun yostig‘ini qoplagandi. Qo‘sh qanotlarining biri keng yotoqdan pastga tushib, polga tegay- tegay deb turar, ikkinchisi esa xuddi ustiga chopon tashlab qo‘yilganga o‘xshab uning tizzasigacha yopib turardi. Nozimaga ajratilgan xona katta bir binoning yettinchi qavatida bo‘lib ayvondan butun atrofni tomosha qilish mumkin edi. Ammo Nozima bu ishni har kuni bir necha martalab bajargani uchun qizig‘i ham qolmagandi. Xonasidagi butun jihozlar uni zeriktirgan, faqat bo‘yi barobar keladigan katta ko‘zgugina uning yolg‘iz ovunchog‘i edi. U har kuni o‘zini ko‘zguga solib qarab o‘tirar, ba’zan bu ish soatlab davom etardi. U muolajalar qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini bilish uchun shunday qilardi. Otasining yelib-yugurishi natijasida shifoxonaga keltirilganining dastlabki haftasida u tuzalib ketish umidi bilan o‘zida yo‘q xursand yashadi va shu kunlarda bu ko‘zgu xonasida paydo bo‘ldi. Oradan yana ancha kunlar o‘tib, o‘zida hech qanday ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmagach, umidlari shubha, gumon, ikkilanishlarga aylandi. Keyin zerikdi, so‘ng hammasiga ko‘nikdi. Ayni damda uning ruhida ko‘nikishdan keyingi befarqlik hukmron edi. Jimgina yotgan Nozimaning qulog‘iga dastlab yaqinlashib kelayotgan tanish qadam tovushlari, keyin xonasining doim qulf turadigan eshigining shiqirlab ochilgan eshitildi. U beixtiyor ko‘zlarini ochdi.

— Xayrli tong, qizim, meni jajji farishtam, yaxshi dam oldingmi ?- dedi Nozimaga qarab turuvchi hamshira Munira opa.

Mehr bilan aytilgan bu so‘zlar Nozimaning ensasini qotirdi. U avvaliga bu ayolni yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsa, keyinchalik uning so‘zi va amali boshqa-boshqa ekanligini payqab qoldi. Umuman, keyingi paytlarda Nozima o‘zida avval unchalik e’tibor bermagani — ichki sezgilari bilan odamlarning nima haqda o‘ylayotganini bilib olish qobiliyati paydo bo‘lganini sezdi. U odamlarning so‘zlarini tinglab, ko‘zlariga diqqat bilan tikilib xayolidan nimalar kechayotganini, ayni paytda nimalarni o‘ylayotganini bilib olayotgandi. Munira opaning Nozima bilan tengdosh qizi bo‘lib, uni sog‘ingan ko‘nglini yupatish uchungina Nozimani qizim-qizim der, uni erkalagandek erkalardi. Chunki, Munira opa ham boshqa shifokorlar kabi bu yerdan hech qayerga chiqmayotgandi. Ayni mana shu joyiga Nozima tushunolmay hayron bo‘lardi. Munira opa shartnomadagi ish kuni tugashi bilan bu yerdan uchib ketishga shay turar, keyin qayerdadir Nozimani ko‘rsa yo kimdandir eshitsa bilib bilmaganga olib ketishi ham hech gap emasdi.

— O‘zingni qanday his qilyapsan? – dedi Munira opa xushmuomilalik bilan katta bir daftarining yangi varog‘ini ochib.

— O‘zingiz- chi ? – Nozima o‘rniga joylashib o‘tirib olarkan, sovuqqonlik bilan javob qaytardi.

— Iltimos, Nozima, bu tahlillar uchun zarur, beradigan barcha savollarimga to‘g‘ri va aniq javob ber.

— Har kuni bir xil savollar, - dedi u hafsalasi pir bo‘lib.

-Ammo, javoblari har kuni o‘zgarishi mumkin.

— …

— Savolni yana qaytaraymi?

— Yo‘q, shartmas. Bilasizmi, Munira opa, o‘zimni, – biroz o‘ylanib qoldi Nozima. So‘ng o‘zi talab qilib xonasiga o‘rnattirgan katta ko‘zguga qarab gapini davom ettirdi – o‘zimni xuddi oppoq, hashamdor, etaklari juda uzun to‘y kuylagida botqoqqa qulagan kelindek his qilyapman. Avvaliga kuylaging uchun iching achiydi, loy o‘z domiga tortavergach esa joning ko‘zingga shirin tuyilib uni unutasan. Sevikli libosing esa seni botqoqqa qo‘shilib yer qa’riga tortaveradi, tortaveradi…

— Bo‘ldi, tushunarli. Ishtahang qanday? – gapini bo‘ldi hamshira.

— Bilmadim. Hech narsa yegim kelmaydi. Ammo, nima bersangiz shuni qoldirmay yeyapman.

— Hojatga chiqyapsanmi, ya’ni ich qotishi yo…

— Hammasi joyida.

— Tanangda yana biror o‘zgarishni sezyapsanmi?

— Sezyapman. «Yelkanlarim» kundan kun o‘sib boryapti.

— Nozima! – biroz ovozi ko‘tarildi hamshiraning. U Nozimaning bunday gaplarini yoqtirmas, injiqliklarini ko‘tarishga harakat qilar, ammo ba’zida haddidan oshsa, uni koyib ham turardi. Bu safar indamadi. To‘ldirayotgan daftariga qarab davom etdi.

— Bu bizga ma’lum. Yana boshqa bir o‘zgarishni, masalan qizarish, shishlar, toshmalar…

— Yana biron nima o‘sib chiqmayaptimi deb so‘ramoqchi bo‘lsangiz, hammasiga umumiy javobim – yo‘q !

Munira opa ortiq Nozima bilan odamga o‘xshab gaplashib bo‘lmasligini tushundi va so‘radi:

— Senga yana nima yoqmayapti, qizim.

“Yana qizim deysiz-a? Shu so‘zingiz onamni sog‘ingan yuragimga xanjardek botishini bilsangiz edi», xayolidan o‘tkazdi Nozima.

— Mana shu daftaringiz, savollaringiz g‘ashimga tega boshladi, opa.

— Yaxshi. Unda daftarni olib qo‘yaman. Sen esa nimalar bo‘layotganini to‘g‘risini aytasan, kelishdikmi? – murosaga kelishga urindi hamshira.

Menga nima bo‘layotganini sizlar mendan ko‘ra yaxshiroq bilasizlar. Axir 24 soat nazorat ostidaman. Meni asabiylashtirayotgani sizlar berayotgan dorilaringiz meni tuzatmayapti, aksincha battar o‘sib boryapti bular, - Nozima kiyimining chap yelkasini jahl bilan tushirib tashladi. Uning oppoq nozik yelkasiga sochlari to‘kildi. U orqasini o‘girib Munira opaga yelkalaridek oq, nozikkina qanotlarini ko‘rsatdi. Qanotlar ko‘krak qafasi umirtqasining taxminan beshinchisidan o‘sib chiqqan bo‘lib, ularni kesib tashlash Nozimaning hayoti uchun xavfli edi. Ammo u qanotlarini o‘zining bir tana a’zosidek qabul qilolmayotgandi. Garchi ular issiq sovuqni sezar, begona qo‘l u yoqda tursin, o‘zi beixtiyor tegib ketsa ham, darrov butun a’zoyi badani boshqacha junjikib ketardi. His qilardi, sezardi, ammo boshqa tana a’zolari kabi qabul qilolmasdi. Qanotlariga xuddi birovning erta-indin olib ketadigan omonatidek, bu meniki emas degandek qarardi. Shunday tong otib kun botayotgan, qanotlar o‘sa boshlagan, otasining ta’biri bilan aytganda «kasallikka chalingan»ining o‘n uchinchi kunida uni shu yerga joylashtirishdi. Umuman, Nozimaga qayerda ekanligini farqi qolmagandi. Chunki hech qayerga chiqmay, to‘rt devor ichida yashayotgan kunlarida, bu devorlar uyinikimi yo kasalxonanikimi- farqi yo‘q edi…

— Bu yerga kelganimga bugun 28 kun to‘ldi. Shu holga tushib qolganimga esa 40 kun. Bu nima degani bilasizmi, opa? Men kun sanayapman. Mana shu palakat bilan yashayotgan, – qanotlariga ishora qildi u – oilamdan uzoqda, zerikarli kunlarimni alam bilan sanayapman. Tuzalishga umid qilib kun sanayapman!!! – asabiylashib ketdi Nozima o‘zi xohlamagan bir tarzda.

Munira opa biroz naridagi stulni olib Nozimaning yotog‘iga yaqinroq surdi. Joylashib o‘tirib olib so‘radi:

— Kim seni kasal dedi? – so‘radi uning ahvoliga beparvo qarab.

— Ko‘rmayapsizmi ? Bu shundoq ko‘z o‘ngingizda turibdi.

— Menga qara, qizim, istalgan bitta men butkul sog‘lomman deydigan odamni olib kelib tirnog‘idan sochini uchigacha tekshirsang- eng kamida ikkita kasallikni topasan. Eng kamida! Sendan esa bir oydan beri har kuni tekshirib bitta ham kasallik topolishmayapti. Professor ham boshqa shifokorlar ham hayron. Sen mutlaqo sog‘lomsan.

— Rostmi gaplaringiz? – hayratlanib, allaqanday umidlanib so‘radi Nozima.

— Albatta.

— Bu nimadan dalolat unda? – dedi Nozima orqasiga ishora qilib.

— Qanotchalaringni aytyapsanmi? – kulib qo‘ydi Munira opa, eh seni qara-yu degandek.

— Qizalog‘im, odamlarga o‘xshamaslik, hammadan boshqacha bo‘lish kasalsan degani emas. Boshqalardan farq qilish, yo‘lini topsang ustunlik ham bo‘lishi mumkin.

— Nimani nazarda tutyapsiz?

— Bu chiroying, kelishgan qomating va eng asosiysi insoniyat tarixida hali ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan mana bu haqiqiy qanotlaring bilan (garchi ular hech bir ish bajamasada) butun dunyoni zabt etishing mumkin. Pulning o‘zi daryo- daryo bo‘lib sening yoningga oqib kela boshlaydi. Sen esa unda qanotlaringni rostdan ham yelkan qilib suzib yurishing mumkin va yana…

— Menga bu narsalar kerak bo‘lmasa-chi? – deb hamshiraning to‘lib- toshib aytayotgan gaplarini bo‘ldi Nozima.

— Hozir dunyo e’tibor markazida bo‘lishni istaydiganlarga to‘lib toshgan. Ular buning uchun shunchalik ahmoqona telbaliklar qilishyaptiki, ko‘rib beixtiyor, astag‘firilloh deysan.

— Muhimi Ollohning nazaridan qolmaslik, bandasiniki o‘tkinchi.

— Albatta, qizim shunday.

— Opa, men nima gunoh qildimki, Xudoyim meni bunday jazoladi? Oxirgi paytlar ota-onamni ko‘p ranjitdim shungamikin-a? Ko‘p yolg‘on gapirardim, boshqalarga qo‘shilib g‘iybat ham qilardim, dilozor edim, ko‘cha- ko‘ylarda tilanib yuruvchi beva- bechoralarga rahmim kelmasdi, aksincha jirkanardim, na insoniyatga, na hayvonotga sira foydam tegmagan. Balki, shunga men jazolangandirman? – javdiragan ko‘zlarini Munira opaga tikib, allaqanday o‘kinch bilan gapirdi Nozima.

— Qo‘y qizim, unday dema. Hammamiz ham shundaymiz. Sanasam, aytsam hozir qilayotgan har bir ishimiz gunoh, yurgan yo‘limiz gunoh. Sen bunday be’mani narsalarni o‘ylab boshingni qotirma. Bo‘layotgan har bitta ish behikmat emas. Mana sen hech kimga foydam tegmagan deysan, axir, sen sabab nechta professor-shifokorlar ilmiy ish boshlab olamshumul yangilik qilish arafasida turishibdi. Ular sen sabab butun dunyoga mashxur bo‘lishadi, axir. Sen – Odam evolyusiyasida yangi bosqichni boshlab berayotgan bo‘lishing mumkin. Buni nima ekanligini tasavvur qilyapsanmi?

— Shoshmang, shoshmang! Qanaqa ilmiy ish, qanaqa olamshumul yangilik? Axir ular dadamga meni bu ahvolim haqida hech kimga aytmaslikka va’da berishgan edi- ku, - hayron-u lol bo‘lib qoldi u.

Munira opa suhbat qizib ketganidan aytishi mumkin bo‘lmagan gaplar og‘zidan chiqib ketgani uchun labini tishlab qoldi.

— Demak, men sog‘lom bo‘lsam, ular meni… shuncha kundan beri fanga hali noma’lum bo‘lgan bu tezo‘sar qanotchalardan davolayapmiz deb aldab, ilmiy ishi uchun tajriba quyonchasidek qamab o‘tirishgan ekan- da? – ko‘zlaridan o‘t chaqnab Munira opaga tikildi Nozima.

— Yo‘q, yo‘q qizim, unday emas. Sen noto‘g‘ri tushunding.

“Yo‘q, endi hammasini tushundim, hammangizni endi tushundim. Meni bu yerda butun dunyodan uzib, ota-onam bilan ham uchrashtirmay mahbusdek tutib turishning boisi – meni birinchi bo‘lib kashf qilish ekan. Aniqrog‘i esa na odam, na qush bo‘lgan arosatdagi mavjudotni olamga “Odam evolutsiyasining yangi bosqichini boshlab beryapti” deb jar solib o‘ziga obro‘, menga esa mashxurlik deb atayotganlari – sharmandalik keltirishmoqchi! Siz aytgan “mashxurlik” menga kerakmasligini koshki tushuna olsangizlar edi. Men el qatori yashashni istayman. Birov bilib, bilmay, birov tanib, tanimay. Tushunasizmi shuni, oddiy odamdek yashashni istayman!» Munira opa jon kuydirib nimalarnidir tushuntirishga urinar, Nozimaning quloqlari ortiq hech narsani eshitmayotgandi. To‘g‘rirog‘i, ortiq yolg‘onlarni tinglashni istamasdi. Munira opa Nozimaning indamay qolganini o‘zicha tushunib, har kungi dorilarini berdi. Nozima hech bir qarshiliksiz ularni ichdi. Bundan hamshiraning ko‘ngli joyiga tushib, xavotirlarini o‘rinsiz deb topib xonadan chiqib ketdi. Nozima anchagacha bundan keyin nima qilishni o‘ylab boshi qotib o‘tirdi. Derazaning moviy pardalari yengil shamolda o‘ynar, nimasi bilandir u Nozimani o‘ziga tortardi. U deraza yoniga yaqinlashdi. Pardalarning shamoldagi “raqsiga” ko‘zlarini yumib yuzini tutib berdi. Tashqaridan u juda xotirjam ko‘rinsa-da, qimtilgan labidan, yumuq ko‘zlarining pir-pir uchishidan, chuqur-chuqur nafas olishidan uning ichida bo‘ron qutirayotganini sezish mumkin edi. Biroz shu holicha turgach u derazani yopib qo‘yib o‘z “qafas”iga yana bir bor ko‘z yugurtirdi. Hamma narsa medaga tegmaydigan moviy rangda! “Jin ursin bu rangni – birinchi marta o‘zining sevimli rangiga nisbatan nafrat bilan qaradi u – shu paytgacha yolg‘onni sevib, ardoqlab kelgan ekanman-ku. Suvni moviy rangda ifodalaysan. Qo‘lingga olib qarasang unda bu rangdan asar ham yo‘q bo‘ladi. Osmonni moviy deysan, U shunchaki, rangsiz. Olis yo‘qliklar ko‘zingga shunday ko‘rinadi. Moviy tog‘lar ham yo‘q aslida, hammasi yolg‘on, soxta, aldamchi! Men shu xonada, shu paytgacha yolg‘on ichida yashab kelgan ekanman.

Nozima alamli o‘ylar iskanjasida derazani qayta ochdi. Avvalda xonasi uchun zeb deb bilgani, ayni paytda ko‘ziga balodek ko‘rinayotgan, “musaffo osmon imidjiga” hech qachon yopishmagan ko‘zguni bor kuchi bilan ko‘tardi-da, derazadan pastga tashlab yubordi. Yettinchi qavatga uning qarsillab yerga tushgani eshitildi. Birozdan so‘ng uning xonasi nima bo‘layotganini tushunolmay qo‘rqib ketgan “mehribonlari” bilan to‘ldi.

Nozima mingan, derazalari qoraytirilgan mashina o‘z uyining oldiga kelib to‘xtaganda vaqt tushlikka yaqin edi. U qafasdan qutilayotgan qushdek mashinadan tushishga shoshilayotgan bir paytda ming bir vazifa olgan Munira opa, uni to‘xtatdi va Nozimani davolayotgan, ayni paytda esa uning ustida ilmiy ish olib borayotgan professorning gaplarini yana bir bor eslatmoqchi bo‘ldi.

— Munira opa, hammasi esimda. Aqlli qiz bo‘lib uydan chiqmaslikka va’da beraman, - dedi u qat’iy ishonch bilan.

Bir necha soat oldin sodir bo‘lgan o‘sha ko‘zguning sinish voqeasidan so‘ng uning ruhiy ahvolini yaxshi emas deb topgan shifokorlar bir kechaga uyiga borishiga ruxsat berishdi. Bundan asosiy ko‘zlangan maqsad esa Nozimaning ko‘nglida tug‘ilgan shubhalarni yo‘qqa chiqarish va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish edi. Nozima ko‘chada odam yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yopinchig‘ini ustiga tashlab uyiga kirib keldi. Ularning darvozasi doimgidek qulflanmagan, dadasi ishda, uyda esa onasidan boshqa hech kim yo‘q edi. Bu kutilmagan tashrifdan Sharofat opa juda xursand bo‘ldi, xuddi uzoq kutgan aziz mehmoni kelgandek o‘tqazgani joy topolmay qoldi. Qizi uchun tikib qo‘ygan yangi kuylagini olib ko‘z-ko‘zladi. Nozima avvalgidek kiyim-kechakka o‘ch emas edi, u onasining istagi uchungina ko‘ylakni egniga kiyib chiqdi. Sharofat opa tikuvchi bo‘lib ko‘pchilikka turli xildagi kiyimlar tikkan, qizi uchun ham shu jumladan. Ammo, birinchi marta hozir Nozimaning egnidagidek etak va yenglari uzun, orqa yelkasi yo‘q kuylak tikishi edi. Bu ko‘ylak Nozimaning hozirgi holatiga mos va unga juda ham yarashgandi. U shu turishida ertaklardagi farishtalarni eslatardi. Nozima ko‘ngli allanechuk bo‘lib, o‘zini onasining bag‘riga otdi. Bir so‘zsiz, ko‘z yoshlari bilan minnatdorchilik bildirdi…

Ba’zan qilayotgan ishingni oxiri ko‘ngilsizlik bilan tugashini oldindan sezib tursang-da, o‘sha ishni katta tavakkal bilan qilasan. Azbaroyi qiziquvchanligingdan emas, notinch o‘ylar ichidagi arosatdan qutilish uchun shunday qilasan. Nozima ham biroz kech tushishini kutib so‘ng qalb amri bilan uydan chiqdi. Anchadan beri kelmagan joyi – boqqa kirib keldi. O‘ziga yaxshi tanish va qadrli bo‘lgan keksa oq teraklar ostidagi o‘tirg‘ichda notinch o‘ylarining sababchisi- Asqar uni besabrlik bilan kutib o‘tirardi. Nozima uni uzoqdan ko‘rib tanidi, yuragi qattiq-qattiq ura boshladi. U yog‘iga borishni ham, bormaslikni ham bilmay to‘xtadi. “Meni ko‘rib qay ahvolga tushadi. Qanday qabul qiladi. Qani unga qo‘ng‘iroq qilganimdagi jasoratim, u birdan qayerga yo‘qoldi?!» deb xayolidan o‘tkazdi u. Nozima ortga qaytmoqchi ham bo‘ldi, ammo kechikkandi. Asqar uni uzoqdan, yoping‘ichi- yu, yoqa qalpoq kiyganiga qaramasdan tanib qoldi. Va ildam yurib unga yaqinlashib kela boshladi. Nozima shoshib qoldi. Yuragi battar bezovta ura boshladi. Miyasida esa faqat birgina savol charx urib aylanardi: Meni ko‘rib qay ahvolga tushadi. O‘z taxminidan o‘zi qo‘rqib ketardi shuni o‘ylasa.

— Nozima! – o‘sha sog‘inib ketgani, yoqimli, ehtirosli ovoz eshitildi uning qulog‘iga.

— Asqar, – jilmayishga urinib ko‘rdi Nozima ham.

— To‘xtang, — qat’iy gapirdi Nozima. – Menga… yaqin kelmang.

— Nima bo‘ldi o‘zi, tinchlikmi? Menga ham tushuntirib berasanmi? – hayron bo‘lgancha turgan joyida qoldi Asqar.

— Ha, tushuntiraman. Men… kasal bo‘lib qoldim !

— Buni eshitdim. Seni chet elga ketib davolanyapti deyishdi. Uyingga necha marta borib bir so‘z aytolmay ortimga qaytdim. Telefon qilaverib charchadim. Sendan qanchalar xavotir olganimni bilasanmi?

— Har qancha gina qilishga haqqingiz bor, -ko‘zlarini yerga qadab gapirdi u.

— Nahot, bir og‘iz telefon qilish, “Yaxshiman” deb qo‘yishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa? – kuyunib gapirardi Asqar.

— Mendan xavotir oldingizmi? – dedi Nozima ko‘zlarini yerdan uzib Asqarga mehr bilan tikilarkan.

— Xavotir olish ham gapmi? Aqldan ozishimga sal qoldi.

-Asqar, esingizdami, bir paytlar menga “Sen qo‘llarimdan tutsang bas, men ularni har qanday vaziyatda ham qo‘yib yubormayman», degandingiz.

— Degandim, Nozima, degandim. Sen bilan birga o‘sib, birga katta bo‘ldik. Hayotimizning qolgan qismini ham birga o‘tkazishga va’dalashganmiz. Har ne bo‘lsa ham men sendan voz kechmayman, Nozijon. U qanday kasallik bo‘lsa ham birga yengamiz, ishon,- Asqar bu gaplarni chin dildan, bir-bir qadam bosib yaqinlashib kelib aytdi. Va sekingina Nozimaning titroq qo‘llarini kaftiga oldi. Uning gaplari samimiy ekanligini sezib turgan Nozima qo‘llarini tortib olmadi, aksincha, uning qo‘llarini mahkab tutdi va … yoping‘ichini yechib yubordi. Atrofga kech tushgan, bog‘ning xira, ko‘kish chiroqlari Nozimaning ortidan nur sochib turardi. Shuning uchun Asqar dastlab hech nimani payqamadi. Ammo keyin yerga tushgan qora yoping‘ich ustiga nimadir tushib turganini, va u sekin-sekin harakatlanayotganini ko‘rdi. Nozima Asqarning yuz ifodasiga ko‘z uzmay qarab turdi va boyadan beri yashirishga urinayotgan qanotlarini qoqdi. Asqar hayratda edi. U ko‘rib turgan ko‘zlariga ishonmayotgandi.

— Asqar, bu men sizga aytolmagan “kasalligim”, – dedi u chuqur qayg‘u bilan.

Asqar beixtiyor qo‘llarini kuch bilan tortib oldi. U bu ishi bilan shunday bo‘lishi mumkinligini kutgan, ammo ayni paytda kutmagan Nozimani siltab yuborgandi.

— Buuu bbbo‘lishi mumkinmas. Hazillashyapsan-a men bilan Nozima? – dedi ovozi qaltirab Asqar. Uning harakatlari Nozimaning ko‘nglini chilparchin qildi. Javob kutib turgan Asqarga “Yo‘q” degandek bosh chayqadi va qanotlarini boricha yozdi. Asqar tirik murdani ko‘rgandek orqaga tisarildi. Orqasiga ishonchsiz, paydar- pay qadam bosib Nozimadan uzoqlashdi.

— Bo‘lishi mumkin emas, - derdi u hayrat-u qo‘rquvini ifodalashga boshqa so‘z topolmasdan.

Shunday tuyg‘ular bo‘ladi, so‘zlar ifodalashga ojiz. Yoki inson tuyg‘ulari zalvoridan uni tiliga chiqarishga irodasi yetmay qoladi. Bular – sevgi, nafrat va yoki sog‘inch bo‘lishi mumkindir, ehtimol. Asqar ham ayni damda his qilayotganlarini tiliga chiqarolmayotgan bo‘lsa- da, u hammasi haqida o‘ylardi. Shuning o‘zi Nozima uchun yetarli bo‘ldi. Nozima avvaldan ko‘p izohlarni diliga tugib kelgan, ammo Asqarning ko‘zlarida ko‘rgan sovuq ifoda va xayolidan o‘tkazganlaridan so‘ng tilini tishladi. So‘ngra u izzat-nafsi kabi yer bo‘lgan yopinchig‘ini tezda olib, o‘ziga qo‘rquv, achinish va hatto jirkanish bilan qarayotgan yigitdan uzoqlashib qorong‘ulikda ko‘zdan yo‘qoldi. Asqar go‘yo sehrlangandek turgan joyida qotib turaverdi. Faqat, Nozima uzoqlashib ketganidan so‘nggina o‘zidan boshqa hech kim eshitmaydigan, ojiz tovushda “Nozimaaa” deb chaqirdi. Oqshom cho‘kkan ko‘chalarni chiroqlar yoritib turar, Nozima tez-tez qadam bosib qayergadir ketib borardi-yu, qayergaligini o‘z ham bilmasdi. “Ehh, nimaga ham keldim, nimaga tinchgina shifoxonamda qolavermadim. Endi ko‘ngling taskin topdimi? Asqarning yuragini yorib, o‘z- o‘zingni sharmanda qilib nimaga erishding, Nozima? Nimaga, nimaga?! – Nozimaning ichi o‘t bo‘lib yonar, dardi- dunyosi qop- qora edi uning. Asqar shu bugungi kungacha hayotining ajralmas bir bo‘lagi edi. Usiz kelajagini, hayotini tasavvur qilolmasdi. Endi uni bir umrga yo‘qotdi. Ha, endi u yo‘q edi Nozima uchun. Ertaga u izlab kelsa ham, hech nimaga qaramay hammasi avvalgidek qolishini aytsa ham Nozima uni qabul qilolmasdi. Chunki u buni o‘zi istab emas, Nozimaga achinganidan qilardi. Nozima uchun esa bundan ortiq xo‘rlik yo‘q edi. Bu tanish ko‘chalar uni o‘z uyiga olib kelganida darvoza qarshisida biroz to‘xtadi. Ko‘z yoshlarini tiyib turolmagani uchun uyga kirishga shoshilmadi. Ammo ichkaridan otasining qattiq-qattiq ovozi eshitilgach, xavotir olib uyga kirdi.

— Kalta o‘ylaysan- da doim. Men nega o‘sha shifoxonaga uni joylashtirib keldim-a? Savolimga javob ber- chi? – otasi odatda sekin, vazmin gapirardi. Ayni paytda esa juda jahli chiqib ketgan, bunday paytlarda onasi kim haqligidan qat’iy nazar jim turardi. Nozima sekin kelib ayvon derazalaridan ichkariga qaradi. U otasini juda sog‘ingan, ayni paytda borib quchoqlab ko‘rishgisi keldi, ammo, unday qilolmadi.

— O‘sha yerda qolib davolansa tezroq tuzaladi dedim. Odamlar ko‘zidan, ortiqcha gap- so‘zlardan nariroq bo‘lsin dedim. Sen nimani o‘ylaysan o‘zi? Xo‘p, sog‘inib kelibdi, nega ko‘chaga chiqarvording. Kimdir ko‘rib, tanib qolsa nima bo‘ladi. Kimsan palonchiyevichni qizi shunaqa bo‘lib qolibdi deb gap tarqasinmi endi?

Nozimaning nafasi bo‘g‘ziga tiqildi. Boshi aylanib, oyoqlaridan mador ketib devorga suyandi.

— Nega unaqa yomon niyat qilasiz? Axir, qachondan beri bir xonadan tashqari chiqmaydi. Biroz toza havoda aylanib kelsa, buni nimasi yomon? – siniq ovozi eshitildi onasining.

— Yomon! – qat’iy javob qaytardi otasi – juda ham yomon. Nozima endi avvalgidek emas. U endi avvalgidek odamlar orasida bemalol yurolmaydi, bemalol yasholmaydi, hatto biz bilan ham. Sen onasisan, buni ko‘ngliga tegmaydigan qilib tushuntirishing kerak edi.

Nozima ortiq otasining gaplarini eshitishga kuchi yetmadi. Qanday bildirmasdan kirib kelgan bo‘lsa shunday chiqib ketdi. U ortiqcha tushuntirishlarsiz hammasini tushungan edi. U yana tanish ko‘chalaridan yurib ketaverdi…

Nozima ko‘p qavatli uylardan birining tomida, pastga qarasang ko‘z tinadigan darajadagi balandlikdan yerga tikilgancha xomush turardi. U avvallari balandlikdan juda qo‘rqardi. Endi esa bu qo‘rquvdan ham kuchlilarini boshidan kechirgach, u arzimasdek bo‘lib qolgani uchunmi yo yettinchi qavatdan yerga tikilaverib- tikilaverib ko‘nikib ketgani uchunmi, har xolda qo‘rquvdan asar ham qolmagandi. Nozima anchadan beri bir joydan ko‘z uzmay qarab turar, bu joy taxminan agar o‘zini shu yerdan tashlasa borib tushishi kerak bo‘lgan asfalt yo‘lakcha edi. U ko‘p o‘ylab shunday qarorga kelgan, ammo bundan zarracha qo‘rqmayotgandi. Uning hozirgi holati dunyodan yuz burgan odamning ichki xotirjamlikni topgandagi holatiga o‘xshardi. Vaqt yarim tundan og‘ib, Oy tikkaga kelib qotib qolgandi. Shu payt tungi shamol Nozimaning yuziga kelib urila boshladi. U charchagan ko‘zlarini yumib o‘zini shamolga topshirdi. Atrof dunyoni unutib, ikki qo‘lini keng yozdi. Shu turishda uzoq turib qoldi. Shunda, shamol, toza havo, osmon-u undagi jimir- jimir yulduzlarni his qila boshladi. O‘zini ularning bir parchasidek, ular bilan bir butundek his etdi. Shunda, butun tanasi yengillashganini, allaqanday bir yoqimli tuyg‘u iliq qondek vujudi bo‘ylab aylanayotganini sezdi. Qanotlari esa yanada o‘sib, o‘z- o‘zidan pastga tushdi. Uning nozik uchi yerga tegay- tegay deb turar, ko‘rinishidan doiraga qoplangan terini eslatuvchi, ammo undan oq va shaffof, tom ma’nodagi afsonalardagi farishtalarni eslatuvchi qanotlari bilanar-bilinmas silkinar, chamasi… uchishga shaylanardi. Nozima esa buni sezmas, bir maromda nafas olardi. O‘zini odamlar orasiga begona, aslida esa tabiatning bir parchasidek his etdi. Ilk bor o‘z- o‘zini boricha qabul etdi va qanot qoqdi. Uning shu turishini kuzatishga musharraf bo‘lgan odam go‘zallikdan, tabiat mo‘jizasidan ko‘z uzolmay qolardi. Nozima xuddi qanot qoqishni oldindan bilgandek ko‘rinardi. U bir me’yorda shoshmasdan nihoyatda bir nafislik bilan qanot qoqar, u bag‘oyatda go‘zal edi, o‘zi esa buni tasavvur ham etolmasdi. Avvalda Nozimaning oyoqlari yerdan ohista ko‘tarildi keyin kimdir tutib qolishini astoydil istab o‘zini pastga tashladi. Ammo u pastga qulash o‘rniga havoda muallaq qoldi.

Yerdagi qirq birinchi kun yakuniga yetay deganda, u vaqt o‘lchovi ahamiyatsiz bo‘lgan samolar sari parvoz qilardi.

 

08.08.2020