Yaqin o'tmish kunlarining hikoyasi.

Orqasi ochiq yuk mashinasi ko'prikdan o'tdi-yu chiyillab to'xtadi.  Avval sumkaning yerga tushgani, so'ng esa xrom etikning tapillagan tovushi eshitildi. Va darozdan kelgan, qisiq ko'zli, qotma yigit haydovchiga astoydil minnatdorlik bildirib, yo'lni kesib o'ta boshladi. Askarcha kiyingan yigitning hozirgi holati bir qarashda anglashilmaydi — ustidagi kiyimiga hamda sog'inchdan entikib turgan ko'zlariga qarab turib, uzoq yillardan beri uyni ko'rmagan odamni; oq-oppoq angoriga, yurganda sal-sal chayqalib, asabiy qadam tashlashiga qarab biror falokat tufayli shoshayotgan odamning qiyofasini ham tuyish mumkin edi.

Ikkinchi taxminimiz ham haqiqatga yaqin ekanligi soy yo'liga burilganida o'z tasdig'ini topdi. Chor-atrofdan kuyindi hidi anqir, havo tutunga to'la edi. Bu esa yigitni xavotirga solib qo'ydi shekilli, qadamini tezlatdi. Marg'ilonning eng katta yo'lida hech kim ko'rinmas, ko'chalar bo'm-bo'sh edi. Qani odamlar?

Askar soyning ko'prigidan o'tib chapga burildi va o'tirib...yig'lab yubordi. O'ng qo'ldagi xonadon ularniki edi. Eshikning biri qiyshayib yotar, ko'chaga qaragan derazalarning ko'zi sinib tushgandi. Shamolda chor-atrofga yolg'izlikning mahzun kuyi taraladi: "g'iyit-g'iyit", "g'iyit-g'iyit"...

Yigit hiqqilab, o'ksib-o'ksib yig'lardi. Sal narida ilk odam siyoqi ko'zga tashlandi: besh-olti yashar qiz ukasi bilan teshilib qolgan velosipedini sudrab chiqdi. Bolakayni unga o'tirg'izdi-yu bu yoqqa qarab yetalab kela boshladi va yigitga yaqinlashganda to'xtab qoldi. Balkim, Askar odamning o'ksib turganiga ajablangandir, balki Askardan qo'rqib ketgandir.

Haytovur, tezgina ikkalovi ham uyga kirib gumdoni chiqdi. Askar ham bu paytda o'zini tutib olgan, o'rnidan turib sumkasini qo'liga olayotgan edi. Dastavval, haligi eshikdan bir ayolning boshi ko'rinib, yana yo'qoldi. Biroz o'tib esa o'zi chiqib kela boshladi.

-Askarbek, sizmi?

Askar unga qarab turib, yuzi yorishdi.

-Ha, men, - dedi xursand bo'lib. - Hamro xola omonmisiz?

-Ha yaxshiman, - dedi Hamro xolaning chiroyi ochilib. - Kiring uyimizga...

-Oldin o'zimiznikiga kirib chiqay, - dedi Askar va tilini tishlab qoldi.

Xolaning yuzida bilinar-bilinmas havotir urchidi.

-Oldin biznikiga kiravermadiz... Har holda o'zimizning bolamizdaysiz... - U shunchalar ishonchsiz gapirdiki, bu o'ziga ham yaqqol sezildi.

Askar ham nimaningdir o'yida ularnikiga qarab yurdi.

Hamro xola atrofida girdikapalak bo'lib uyga olib kirdi. Armiyadagi sharoitni, qiyinchiliklarni surishtirdi. Yaxshi gap eshitsa "Ha, yaxshi" der, agar javob ko'ngildagiday bo'lmasa ro'molining uchini tishlar "voy, bechoragina", der edi.

Uni mehmonxonaga kirgizib yuborgach, xola tashqariladi. Uzoqdan erini chaqirgani eshitilardi.

-Dadasi, hoy dadasi?

-Ha, nima deysan?!

-Askarbek keldi. Oldiga kiring.

-Qaysi Askar? Anavi qo'shnimizni o'g'limi?!.

-Ha-a, sekinroq mehmonxonada o'tiribdi!..

Xolaning ovozi juda muloyim bo'lib yetib kelardi Askarga. So'ng pastroq so'zlay boshladi.

-Jon dadasi, shu bola bechoragina ikki yil Berlin chegarasida issiqni issiq demay, sovuqni sovuq demay turib keldi. Endi qo'shni bo'lib oqibat qiling-da. Boring, oldiga kiring...

Biroz o'tib, eshik ochilib Rahim tog'a ko'rindi.

-Keling, o'g'lim, eson-omon yetib keldingizmi? Qiyinchiliklar bo'lmadimi?

Askar o'rnidan turib ko'rishdi.

-Assalomu alaykum, amaki, yaxshimisiz? Yo'o'q, sizday tuug'anlarim bor ekan-u menda qiyinchilik bo'larmidi? - Askar gapni kulib gapirdi-yu mum tishlab qoldi.

Ammo Rahim tog'ada o'zgarish sezilmadi.

Hamro xola qo'lida qand-qurs bilan kirgach, duo qildilar. Tan-jonlarini sog' qilishini, yurtning tinch bo'lishini so'rab yuzlariga fotiha tortdilar...

Eshik ozgina ochilib, bizga tanish kichkintoylar ko'rindi.

-Ke, Karima, Askar akang ekan, so'rashinglar, - dedi xola ularni chaqirib. - Akasi, bularni eslasangiz keraga, Abdusattorjon o'g'limning bolalari. Siz ketayotganingizda bu zumrashalar  kichkina edi, manavi O'tkir(qop-qoragina bolani ko'rsatdi) beshikda yotardi. Mana endi kap-kattagina bo'lib qolishdi. Hademay, es ham kirib qolar-a?

Xola sekingina kulib qo'ydi. Askarbek ham o'zini ancha erkin his qila boshladi.

-Voy, esim qursin, boringlar jon bollarim, qo'shnilarni chaqiringlar! Ha shunday joydan akalaring keladi-yu qo'shnilar chiqmaydimi? Biznikidalar deng... Hamma chiqsin. Bo'la qolinglar.

Yigitning mehri tovlanib ketib, yuragida qandaydir ichki bir orziqish sezdi.

Shunda Rahim tog'a so'roqqa tutdi.

-Qani, soldat, qaylarda bo'ldingiz, nelarni ko'rdingiz, o'zlaring aytmoqchi, bir boshdaan suylang-chi?

Yigit bir kulimsirab qo'ygancha biroz o'zbekchada qiynalibroq so'zlay boshladi.

-Asosan, Berlinda bo'ldim...ikki yil. Xat-xabarda yozgan edim-ku. Chegarada turardim. Ajab! Berlin deganlari Tashkendan sal kattaroq shahar. Ammo shuni bir qismini bizning davlat, ikkinchisini esa g'arbliklar bo'lib olishgan ekan. Shu, bir millat bo'la turib, ular bu tomonga o'ta olishmaydi, bular u tomonga. Agar o'tish mumkin zonada bo'lmasa... Oilalar parokanda bo'lib ketgan. Hukumatlar chegarani buzgan odamlarning orqasidan g'ijillashadi. Millatchilik kuchli...

Gap qayoqqa qarab ketayotganini sezib, askar uchinchi marotaba jim qoldi. Rahim tog'aning qoshlari chimirildi.

Oraga ma'noli sukut cho'kdi. Shu lahzada jondosh qo'shnilar chiqa boshladilar. Qo'llarida har xil narsalar — atab qo'yilgan ko'ylak, yap-yangi etik, xipcha bel qizning surati tushirilgan osh tovoq... Ularning barchasi yigit bilan juda iliq so'zlashar, go'yo orada hech nimarsa yo'qday...

Xola yugurib-yelib erkaklar uchun mehmonxonani, ayollar uchun qo'shni uyni tayyorladi. Kichikroq qozon osdilar. Kechga yaqin osh taraddudi boshlandi...

Hamma ikki yilda bag'irlarga qaytgan o'g'illarining atrofida parvona bo'lar, uning eson-omon kelgani uchun shukrlar keltirardilar.

Askar ham o'zida yo'q xursandligidan, ertadan keyin nima qilishi kerakligini, boshini qaysi devorlarga urishi-yu, ota-onasini qay tomonlardan izlashi kerakligi haqidagi o'ylarni unutib, xandon-xushon chahchahlik qilardi.

 

2020-yil dekabr