Yo‘lka bo‘ylab xayol surib ketayotib, yelkamga urilgan bir nimadan seskanib tushdim. O‘girilib qarasam – qor to‘pi. Sal narida esa bir nechta yigit-qizlar qorbo‘ron o‘ynashayotgan ekan. Ulardan biri men tomon qadam tashlab:

     — Uzr, opa, adashib otib yuboribman, -dedi.

      — Hech qisi yo‘q, -deb pichirlagandek bo‘ldim-da, bu yerdan tezroq uzoqlashishga shoshildim. “Mana, endi opa ham bo‘lding”, dedim o‘zimga o‘zim. Ilgari faqat “singlim”, “yaxshi qiz”, deyishardi, bugun o‘zim tengi yigitlar uchun opa ham bo‘ldim. Yoki shunchalik… uyog‘ini o‘ylashga istihola qildim, “qarimanmi” deyishga hatto o‘zimdan uyaldim.

     To‘g‘ri, men tengilarning birinchi farzandi maktabga chiqay deb qolgan. Kursdoshlarimga bayramlarda davrani bezaydigan mendek dugonalarining to‘yiga borish nasib etmadi. “Xo‘sh, kim aybdor”, o‘zimga savol beraman. Axir o‘zing-ku, tentak, o‘zing bariga yakun yasading-ku?

    Hammasi kechagidek yodimda. Bugungidek birinchi qor yoqqan, ko‘cha bolalarning qiy-chuvi, yoshlarning qorbo‘ron o‘yiniga to‘lgan bir kun edi. O‘shanda biz kursdoshlar ham nimadir bo‘lib, qorbo‘ron o‘ynashga fakultetdan tashqariga chiqdik. Aslida bu o‘yinni jinim suymasdi, nima zaril muzlab, qorga ko‘milib? To‘ng‘illab, ishim ko‘pligini bahona qilib ketvormoqchi bo‘lib turgandim hamki, yelkamga birinchi qor to‘pi urildi. Qizargancha qarasam, kursdoshim Begzod. Turibdi tirjayib, go‘yo bir nimadan hijolatday… Jahlim chiqdi. Nega aynan menga otadi, shuncha qiz turib? Qo‘limda kattagina to‘p yasadim-da, yuziga qarab otdim. Qayoqda, chap berib qoldi. Alamim kelib otaverdim, otaverdim. Tegmadi, tegmadi. Axiyri to‘nimni teskari kiyib, ulardan uzoqlashdim. Ortimdan darrov yetib keldi.

     — Xafa bo‘ldingizmi, Dilnoza?

     — Yo‘q, xursandman! –dedim achitib.

     Gapimning ohangidan u yurayotgan yerida to‘xtab qoldi. Men esa “ajab qildim” dedim-da, avtobusimga mindim. Avtobus oynasidan unga ko‘zim tushdi: o‘sha yerda mung‘aygancha, mendan ko‘zini uzmay tikilib turibdi. Yuragim allanechuk bo‘lib ketdi.

     Ertasiga o‘qishga borsam, guruhboshimiz Sarvi yonimga keldi.

     — Nega unday qilding, jinni? –dedi xe yo‘q, be yo‘q.

     — Nima qipman?

      — Nega Begzodni… yaxshimas-da, bola bechorani qiynab.

     Gapiga tushunmadim.

     — Axir u seni sevadi-ku, tentak.

     Ustimdan muzdek suv quyib yuborishgandek bo‘ldi.

     — Menimi… nega?

     — Sevadi, tamom. Negamish? Senga aytolmay yuruvdi, qorbo‘ron bahona gaplashib olmoqchiydi…

     — Sen qayerdan bilaqolding, sirlashdingmi? –endi qonim qaynay boshladi.

     — Jinni! Kecha shunaqa qilib ketib qolganingdan keyin qo‘limga manavi maktubni berdi. Qorxat ekan! Keyin yorildi. Ichi to‘la…

     — Dard ekan, degin! Voy, bechoragina-ey!

     O‘rnimdan turdim-da, ketib qoldim. Aslida tabiatim shunaqa: ichimda muhabbatga tashnalik bo‘lsa-da, sirtimga chiqarmayman. Balki munis onamni otam tashlab ketgani, boshqasini topgani uchun yuragim erkak zotiga umrbod qulf, deb o‘zimga so‘z berganim uchundir. Harholda, uning maktubini o‘qimayoq, derazadan qor uyumiga irg‘itib yubordim. Buni auditoriyadagilar ko‘rdi. Kimdir Begzodga ham etkazganov, endi u menga ma’yus, qandaydir alam va g‘amga to‘lgan nigohlarini tikishdan tortinmas, ko‘zlarida “nahot umid yo‘q”, degan ifoda qotib qolgandek edi…

     Umid… bor edi. Balki buni vaqtida anglab etganimda, hozir U yonimda bo‘larmidi… Beozorgina qor otib, o‘sha kungidek hijolatli jilmayib qo‘yarmidi? Qaydam. O‘qishni bitirdimu, uning sovchilari uyimizga serqatnov bo‘lib qoldi. Oyimga “hali yana o‘qiy, ishlay”, degan bahonalarni qalashtirib, ularga rad javobini berdirdim. Shu-shu… umr o‘tdi, o‘qidim, ishladim, barcha niyatlarimga yetdim. Biroq… qalb hamon xuvillagancha, yopiq eshiklarini faqat Begzodgagina ochishini ta’kidlaydi… Uni oxirgi marta ikki yil oldin kursdoshlar yig‘ilishida ko‘rgandim. Hamon o‘sha-o‘sha, nigohlari ham o‘shanday. Uylanmaganini eshitib, yuragim bir qalqidiyu, lekin sovchilariga barham berish uchun “sevganim bor”, deb aldaganim yodimga tushdi… O‘shanda Begzod meni tinch qo‘ygan, shundan buyon hayotimdan izsiz yo‘qolgandi.

     Shu xayollar bilan uyga ham yetib keldim. Kirsam, oyim so‘zsiz imladi: uyda mehmon bor. Kiyinib chiqib, oshxonaga o‘tdim.

     — Kim ekan, oyi?

     — Sovchilar, qizim, sovchilar.

     Oyimning yuzlariga yo‘qolgan quvonchi qaytgan, lablarida tabassum o‘ynardi.

     — Faqat bu gal yo‘q demagin, bolam. Axir meni ham o‘ylasang-chi…

     Qadami uzilayozgan sovchilar kimdan ekan, o‘yladim men.

     — Mayli, roziman, -qo‘l siltadim. Chindan ham bugungi xayollarimga faqat shu gap nuqta qo‘yoladi. Bilmadim, Begzodni unutamanmi, yo‘qmi…

     — Sen taniysan, qizim. Sobiq kursdoshing ekan, avval ham kelgandi-ku…

     Yuragim o‘sha galgidek ojiz titradi.

     — Kim…

     — Begzodjon.

     Sukut saqladim… Ha, bu sukut rozilik sukuti edi. O‘sha kuniyoq non sindirildi. Men esa baxtimni shunchalik ilhaq kutgan ekanmanmi, shu tun to‘yib yig‘ladim. Ertasiga esa… Begzod bilan uchrashdik. Xiyobon bo‘ylab suhbatlashib ketdik.

      Asta atrofga qarayman. Yoshlar qorbo‘ron o‘ynashardi. Bir qiz yuzini yalab o‘tgan qor to‘pidan achchiqlanib, unga hijolatomuz nigohlarini  tikkan yigitga “nega aynan men”, degan ko‘yi tikilib turardi…

Turkiya Turkchasi