—Poyezdga bilet oldim. Ertaga yo‘lga chiqaman.

—Yaxshi. Unday bo‘lsa ko‘proq ovqat g‘amlang. Poyezdda ovqat juda qimmat va bemaza bo‘ladi. Keyin yengilroq kiyining. Poyezdda qulay bo‘lishi uchun.

Uxlaganda deraza tomonidan sovuq keladi, boshingiz yoki oyog‘ingiz sovqotmasin desangiz yaxshilab o‘ranishingiz kerak. Ha, provodnikdan adyol olish mumkin. Ammo juda eskida, yopinging kelmaydi. Choyshablari har tugul yangiroq. O‘zingiz uchun ajoyib sharoit yaratib olsangiz bo‘ladi. Masalan, kofe va kitob oling. Kitob o‘qish uchun qulay imkoniyat. Ammo, hamrohingiz ezma yoki gapdon bo‘lsa urdi xudo. Mabodo shunday bo‘lsa aslo siyosat haqida gapirmang. Yaxshisi, naushnik oling. Musiqa eshitib ketasiz.

Poyezdda choynak piyola bo‘ladi. Ammo, sindirib qo‘ysangiz uch barobar pulini to‘lashingiz kerak. O‘zingizga alohida ichishga biror nima oling. Yana poyezdning yuvinish xonalari uncha ozoda bo‘lmaydi. Suvi muzdek, bet qo‘lingni yuvging kelmaydi. Ehtiyot bo‘lingda, hozir kun sovuq, shamollab qolishingiz mumkin.

Sotuvchi xotinlarning narsalariga e’tibor qaratmang. O‘n barobar qimmatga sotishadi. Yerga tushsangiz, arzon bahoga olishingiz mumkin. Bilaman, qo‘yarda qo‘ymay sotib olishingizga harakat qilishadi. Ammo, siz derazadan manazaraga qarab o‘tiravering. Manzara. Qanday chiroyli. Ayniqsa tunda. Uzoqdan allaqaysi shaharning u yer bu yeridagi chiroqlari ko‘rinib turadi. O‘ylaysiz. U yerda odamlar hozir uyida televizor ko‘rishayotgandir yoki biror yumush bilan band. Sal o‘tgandan keyin qorong‘ulikka singib ketadi poyezd. Yana qayerdadir chiroq ko‘rinarmikin deya ko‘z uzmaysiz derazadan. Deraza terlab ketadi. Tashqaridagi holatni kuzatishning imkoni qolmaydi. Terlagan derazaga nimadir chizgingiz keladi. Men odatda kulib turgan stikercha chizib qo‘yardim.

Musiqa, qahva, poyezd va terlagan deraza. Birdan provodnik pasportlarni ko‘rib chiqish uchun keladi. Chiptangizni berishingizni so‘raydi. Hayron bo‘lmang. Birinchi poyezdga chiqqanimda chiptamni bermayman deb rosa janjal qilgandim. Hozirgacha ularga yo‘lovchilarning chiptalari nima uchun kerakligini tushunmayman. Agar provodnikka ish bo‘yicha ketyapman, chiptam juda zarur desangiz ertalab qaytib berishadi. Ammo olib yana qaytib berish o‘rtasidagi ma’noni anglamasdan tutoqmang. O‘zlari ham bilishmasa kerak.

Poyezd tezligini oshirsa qo‘rqmang. Birorta gazeta olib olsangiz bo‘ladi. Krossvordi boridan oling. Gazetalarda o‘qishga arzirlik nimadir boriligini bilmayman. Krossvord ishlab ketish mumkin. Qo‘rquvingizni yengadi.

Uxlash vaqti kelganda to‘satdan radiodan qo‘shiq yangrab qolsa jahl qilmang. Kimdir norozilik bildirib qolsa o‘chirishadi.

Orada juda ko‘p uyg‘onishingiz mumkin. Bekatlarda poyezd to‘xtaganda sal g‘ala-g‘ovur bo‘lib oladi. Kim aytibdi qorong‘ulik sukunat deya axir. Tun ham jonli.

Manzilga kelganda uxlab qolaman deya hijil bo‘lmang. Poyezd sizni yana olib ketmaydi. Provodniklar juda hushyor. Ular sizni tong sahardan uyg‘otishadi. Choyshablarni chiroyli qilib taxlab, qaytarib berasiz. Yo‘l bo‘yi ularning o‘zlarini tutishiga be’etibor bo‘ling. Baqirishadi, hoholashadi. Chiroyli qizlarga gap otishadi. Ammo, bir kun. Bir kun sabr qilsangiz poyezddan yerga tushasiz. Tushayotganingizda shoshilmang. Baribir poyezd sizni yana olib ketmaydi.

Sizni kutib oladigan odamingiz bormi?
—Yo‘q.
—Menda ham bo‘lmagan. Aslida poyezddan tushishim bilan kimdir ochiq chehra bilan, xursandchilikda kutib olishini juda istayman. Mayli, sizni pastda kirakashlar kutib oladi. Aytgan manzilingizga olib borib qo‘yishadi. Ammo, ular ham juda qimmat narx aytishadi. Odatda men yukim yengil bo‘lsa avtobusga chiqib olaman.

Ha aytganday, poyezddan tushayotganingizda sizga hamroh bo‘lganlar, xayr ma’zurni ham unutib qo‘yishadi. Go‘yo, ular bilan hech qachon ko‘rishmagansiz, birga choy ichmadingiz, ovqatlanmadingiz, bir kupeda uxlamadingiz. Shunday bo‘lsa xafa bo‘lib yurmang.

Umuman poyezdning tartib—qoidalari bor. Bular yozilmagan. Deyarli 20 yildan beri manzilimga poyezdda borib kelaman. Poyezdda yurishni juda yaxshi ko‘raman. Musiqa, kitob, qahva va terlaydigan deraza uchun.