Nilufar oʻzida yoʻq xursand edi. Nihoyat, u pianino qarshisida oʻtirib, oʻzi sevgan bastakorning sonatasini partiturasiz, hech bir yerida hato qilmay ijro eta oldi. Uning uchun bu haddan tashqari quvonchli yangilik boʻldi. Chunki,  haftalab buning uddasidan chiqa olmayotgan, qancha harakat qilmasin, intilishlari besamar ketayotgan edi. Oxiri tinimsiz va mashaqqatli mehnati taqdirlandi mana.

Endi u uzoq kutilgan ilk konsert dasturida Raxmaninovning mashhur “re-minor” sonatasini partiturasiz, bemalol ijro etishi mumkin. Xuddi shunday. Partituraga ortiq ehtiyoji yoʻq bu sonata boʻyicha.  Shuni oʻylarkan, uning shodligi sarhad bilmas, oʻzini qoʻyarga joy topolmay goh hayajonlanib toʻq qizil pianinosi oldiga borar, goh xona devorlariga osilgan bastakorlarning suratlariga tikilgancha u yoqdan bu yoqqa yengil odimlardi. Hatto, balerinalarga oʻxshab oyoq uchida raqsga tushib ketgisi kelar, biroq xonada hech kim boʻlmasa-da, iymanib fikridan qaytardi.

Mabodo egizaklari hozir yonida boʻlishganida bormi, ularni bagʻriga bosib, yuz-koʻzlaridan oʻpib, shubhasiz ular bilan quvonchini boʻlishgan boʻlardi. Baxtga qarshi ular futbol internatida, hafta oxirida kelishadi. Shuni oʻylab u afsus bilan bosh chayqab qoʻydi. Kechki ovqat tayyorlayotgan paytida bu quvonchini kim bilandir rosayam boʻlishgisi kelayotganini teran his qildi, quvonchi ichiga sigʻmay qoldi, shuning uchun boʻlsa kerak yoʻlakdagi javon ustida turgan qora rangdagi telefon apparatiga tez-tez koʻz tashlab qoʻydi. Bir oz oʻtib,  ilojsiz ravishda uning oldiga keldi. Goʻshakni koʻtarib, kerakli raqamlarni terdi. Hadeganda aloqa tiklanavermadi. U raqamlarni  qayta terib, sim qoqdi. Shundagina aloqa tiklanib, goʻshakka tanish ovoz eshitildi:

-Majlisda edim.

— Bugun uyga ertaroq kelasizmi?- dedi u yettinchi osmonda uchib yurgani sabab erining majlisda ekaniga parvo qilmay.

-Tinchlikmi?- soʻradi eri ensasi qotib.

-Tinchlik,- davom etdi Nilufar uni tinchlantirib.- Kelsangiz aytaman. Ajoyib bir ish boʻldi.

-Yaxshi, boraman.

Goʻshakdan ilkis erining ovozi kelmay qoldi. “Aloqa uzildi”, deb taxmin qildi u. Bundan sal koʻngli choʻkib, goʻshakni xafsalasizlik bilan joyiga qoʻygan boʻlsa-da, boyagi yutugʻi yana esiga tushib, kayfiyatini imkon qadar koʻtardi va yoʻlakdagi devorga osilgan koʻzguga qarab, mamnun tabassum qildi.

Uni ayni paytda hech narsa va hech kim toʻlaligicha ranjita olmasdi, boisi  oʻzi uchun ulkan yutuqni qoʻlga kiritgandi. U shu kungacha faqat Betxovenning Elizaga bagʻishlangan sonatasini, Bramsning valslarini va Shopenning uncha katta boʻlmagan hajmdagi  noktyurnlaridan ikki-uchtasini partiturasiz ijro eta olardi, xolos. Ammo ular qisqa musiqiy kompozitsiyalar boʻlib, buni har qanday havaskor pianinochi bajarishi mumkin edi. Bunga ortiqcha uquv yoki iqtidor talab qilinmasdi. Raxmaninovning sonatasi esa ular bilan solishtirilganda davomiyligi uzunroq va strukturasi murakkab boʻlib, bu ikki unsur mabodo bir lahzaga ham eʼtibor susaytirilsa ijrochini chalgʻitib, xato qilishga majbur qilardi. Hatto, partitura bilan ijro etilgan taqdirda ham.

-Nima gap oʻzi?- dedi eri soʻzida turib, ish joyidan ertaroq qaytgach.

Nilufar uni ostonada koʻrib, xursandligidan qarsak chalib yuborishiga oz qoldi. Konserti kuni ham zalga shunday tarzda-orasta kiyingan, kelishgan qiyofada, buning ustiga qoʻllarida guldasta bilan kirib kelsa qaniydi, deb xayol qildi va bu xayolini tez kunda roʻyoda yuz berishiga chippa-chin ishonib koʻngli tagʻin togʻdek koʻtarildi. Shu xayolni oʻzidan uzoqlashtirmay, uni qoʻlidan ohista tutib, toʻgʻri pianino turgan xona tomon oshiqdi. Xonaga kirib, u yerdagi jigarrang  kresloni pianinoga yaqin surdi-da, eridan unga oʻtirishini iltimos qildi. Hech nimaga tushunmay turgan eri kresloga behol choʻkkach, oʻzi pianino qarshisiga kelib toʻxtadi.

-Raxmaninovning “re minor” sonatasini yoddan chalaman,-dedi  stulga oʻtirarkan.-Diqqat bilan tinglang.

Eriga yosh boladek  koʻrsatkich barmogʻini koʻrsatib, uni havoda oʻynatarkan,  ikki yanogʻi hayajondan qizarib ketdi. Soʻng barmogʻini burniga olib keldi va eriga qarata hazil tariqasida “tsss!” deb qoʻydi-da, sonatani partiturasiz ijro etishga kirishdi. Musiqaning asrlar boʻyi inson qalbini goh larzaga solgan,  goh unga taskin berib baxtiyor etgan, goh hayot soʻqmoqlaridagi uning rangsiz umriga jilo va mazmun baxsh etgan, goh pokiza muhabbati va alamli nafratini oʻzida ifodalagan, goh oppoq orzulari va iztirobli armonlariga sherik boʻlgan tanish, koʻrinmas, sir-u sinoatlarga toʻla ohangi  pianino klavishlari koʻmagida xona boʻylab sokin taraldi. Ohang bu safar inson bisotidagi oʻtmish xotiralarini oʻzida mujassam qilgandi.

Bu sonata doim Nilufarning bolaligini yodiga solib, qalbining xilvat goʻshalaridan uni izlab topardi. Konservatoriyada oʻqib yurgan kezlari ham, turli-tuman tanlovlarda uni shaxsiy dasturiga kiritganida ham,  qachon va qayerda ijro etmasin, hatto shunchaki u tushirilgan partiturani koʻzdan kechirganida ham bolaligi darhol esiga tushaverardi. Boya ham, kecha ham shunday boʻlgandi. Hozir ham shunday boʻldi. Uzun va ingichka barmoqlarini oq-qora klavishlar uzra harakatlantirib, bir tekisda uni ijro etarkan, olisda qolgan  betashvish va xushnud bolaligi bilan bogʻliq boʻlgan shirin xotiralari birin-ketin koʻz oldida gavdalandi. Onasini peshonasiga oq durra bogʻlab, tandirda issiq non yopishlari bu xotiralarning debochasi sifatida xuddi eski  kino lentasiga muhrlangan rang-barang kadrlardek qalbini bir zumga toʻzitib yubordi.

 Bolaligida onasi doim yakshanba kunlari tandirda non yopar, u hajman oʻzidan ham katta boʻlgan savatni koʻtarib, uning yonidan hech qayerga siljimasdi. Nonlar qizarib va boʻrsildoq holda pishgach, onasi ularni uzib savatga tashlar, u boʻlsa tezroq sovushi uchun ularni yayratib-yayratib turar, orada oʻziga atalgan mitti, xamiri sutda qorilgan kulchalarni issiq holicha va oʻgʻrincha paxtali kamzuli choʻntagiga solib qoʻyardi. Shundan soʻng, koʻchalaridan oqib oʻtadigan muzdek ariq suviga ularni boʻktirib sovutar va oʻrik daraxtiga suyanganicha chaynab rohatlanardi.

Sonata yarimlaganida bolalik xotiralari yanayam tiniq koʻrinishda xotirasida jonlandi. Mana u koʻchalaridagi chirigan simyogʻochga peshonasini tegizib, sanoq sonlarini qaytaryapti. Kichkinagina, sinchalakdek keladi oʻziyam. Sochlari sariq, oʻshanda ham uni hamma “sariqsoch” deb atardi. U toʻxtovsiz bir va ikki xonali sonlarni tartibini buzmay tilga olarkan, oʻrtoqlari bu vaqtda turli joylarga berkinishardi. Bir oz vaqt oʻtgach, u har yerdan ularni axtarardi. “Berkinmachoq”, deb entikdi u klavishlar ustida tinmayotgan qoʻllari birdan boʻshashib.  

Yoz kunlarida otasi quloqlari ustiga ilib qoʻygan giloslarga eʼtibor bermay, onasi majnuntol novdalariga oʻxshatib oʻrib qoʻygan sochlarini hilpiratib, koʻchadan beri kelmasdi. Oʻyinqaroq edi-da. Qish kunlarida gupillab qor yogʻsa, uning uchun rosa bayram boʻlardi. U bolalar bilan koʻchaning oʻrtasida qorbobo yasar yoki koʻchani boshiga koʻtarib qorboʻron oʻynar, otasi olib bergan chanasini yetaklab kunni kech qilardi.

Koʻp oʻtmay, oʻzini koʻchalari boshidagi nisholda sotadigan amakining qozoni oldida koʻrdi. Bolaligida ramazon paytlari  qoʻlidagi kosasini oʻsha amaki har safar nisholdaga toʻldirib bergach, to uylariga yetguncha u nisholda ustini barmogʻi bilan yalab ketardi. Qoʻltigʻida kir qoʻgʻirchogʻi, oyogʻida ichidan suv oʻtadigan poyabzali. “Biram shirin boʻlardi nisholda”, dedi u bexos shuni xotirlab. Ortidan muqaddas oy oqshomlarida koʻchalaridagi bolalar bilan har bir uyga kirib, ramazon qoʻshigʻini aytib yurgan kezlari koʻz oldidan oʻtdi.

“Ramazon aytib keldik eshigingizga

Xudoyim oʻgʻil bersin beshigingizga…”

Shu qoʻshiqni aytishardi. Mana esladi. Qoʻshiq uzun edi. Afsuski, boshi esida qolgan, xolos. Shunday boshlanardi taxminan. Bolalar bilan birgalashib aytishardi. Oʻgʻil va qiz bolalar aralash holda, qoʻllariga uzun dasturxonni yoyib olgancha… Har bir xonadon ostonasida… Baqirib-chaqirib… Qoʻshnilar goh choy-chaqa, goh shirinlik, qand-qurs va meva berishar, dasturxon lahza oʻtmay ular bergan narsalarga toʻlib ketardi. Keyin koʻchaning boshidagi harsangtoshga oʻtirib, bolalar bu “oʻlja”larini teng taqsimlashardi. Unga koʻpincha olma va shokoladli pechenye tegar, tangalarni oʻgʻil bolalar olishardi.

Sonata nihoyalayotganda uning koʻzlariga yosh keldi. Olisda qolgan bolaligini, olamdan oʻtib ketganiga hech qancha boʻlmagan ota-onasini judayam sogʻinganini tushundi. Aslida bu sonatani yoddan chalishga oʻrgatgan narsa ham koʻpchilik sanʼatshunoslar tan olgan uning iqtidori emas, aynan bolalik sogʻinchi edi. Nazarida shunday. U bolaligini sogʻingani uchun bu sonatani soʻnggi paytlarda koʻp va alohida ishtiyoq bilan ijro qilardi. Erkin ijodkor sifatida konsert oʻtkazishga rozilik berganiga ham shu sabab edi, ochigʻi. Ehtimol, Sergey Raxmaninov ham AQSH da muhojirlikda yashagan yillari, vatanida qolgan bolagini koʻp qoʻmsagan, shunga boʻlsa kerak bu sonatani Amerika shaharlari boʻylab gastrol safarlarida koʻp marta ijro etgan va olqishlarga koʻmilgan, eʼtiroflarga sazovor boʻlgandi.   

Sonatani ijro etib boʻlgach, u eriga savolomuz qaradi. Uning nigohida “yaxshi ijro etdimmi?” degan savoldan koʻra “sizning ham bolaligingiz yodingizga tushdimi?” degan savol koʻproq zohir boʻlgandi. Shuningdek, keyingi hafta shahardagi madaniyat uyida boʻladigan ilk konserti haqida unga aytmoqchi edi. Eri esa aksiga olib yer chizgancha, nigohidan qiziqishga oʻxshash biror bir nishona yoki belgi bermay oʻtirar, aftidan sonata uning ham xotiralarini yo uygʻotib yuborgan, yo boshqa tashvishli oʻylar bilan kallasi band koʻrinardi.

-Shu sonatani partiturasiz ijro etyapman endi, -dedi u eridan sado chiqmagach ochiq chehra bilan. — Shuni sizga aytmoqchi edim. Yana shuni aytmoqchi edimki, keyingi hafta ilk konsertim boʻladi. Madaniyat uyida.

Uning gaplarini eshitgach, eri tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odamdek oʻrnidan qoʻzgʻalib, peshonasini tirishtirgancha, boʻyinbogʻini sal boʻshatib, oldiga keldi.

-Shu odatingni yomon koʻraman-da, -dedi ermak qilgandek pianino klavishlarini bir-ikki ezib, ustidan barmoqlarini yurgizarkan.- Arzimagan narsalar uchun doim meni ovora qilasan. Mana bugun ham… Sen tufayli yangi tovarimizning shu oqshomga moʻljallangan prezintatsiyasida  qatnasholmayman endi. Esiz, tadbir!  

Nilufar bir xoʻrsinib qoʻydi-da, lablarini qattiq tishladi. “Qonab ketsa qaniydi”, deb pichirladi ularni tishlari orasidan qoʻyib yuborgisi kelmay. Keyin miyigʻida kinoyali kulib, pianinoni loqaydlik bilan yopdi. Uning ustiga nogoh holsizlangan qoʻllarini qoʻyib, anchagacha shu alfozda ularni zoʻrlab ushlab turdi. Qoʻllari qaltirab, qontalash boʻlib ketgan lablari titradi. Eri uning jim boʻlib qolganini koʻrib, boshini chayqadi-da, eshik tomon yurdi.

-Aytgancha,- dedi  xonadan chiqib ketayotib.- Ertalab oshga borishim kerak. Bosh menejerimiz toʻy qilyapti. Shunga kulrang kostyumim bor-ku, oʻshani bir dazmoldan oʻtkazib qoʻyarsan. Anchadan beri javonda turibdi, kiyilmasdan. Oxori buzilgan boʻlishi mumkin.

Nilufar oʻzini majburlab, u tomonga maʼyus qaradi. Yangitda dunyoga kelib, yuragida qaynagan, otilib ketishga shay boʻlib, toʻlib-toshgan  boyagi quvonchidan asar ham qolmagandi. U oʻrnidan turgisi kelmas, ikki oyogʻiga ogʻir tosh bogʻlangandek, ularni hech qimirlata olmasdi.

-Hoziroq dazmoldan oʻtkazib qoʻyaman,- dedi siniq ovozda.- Siz ovqatlanib boʻlguncha.

Shunday deb u ikki qulogʻini mahkam berkitib oldi. Bu bilan uning ostida yangrayotgan ovozlarni boʻgʻib tashlashni istadi. Ammo foydasi boʻlmadi. Qulogʻi ostidan bolaligida qolgan oʻzi va oʻsha bolalarning shodon, begʻubor va hayot tashvishlaridan xoli boʻlgan shirin ovozlari ketmadi:

“Ramazon aytib keldik eshigingizga

Xudoyim oʻgʻil bersin beshigingizga…”  

2020 yil, iyul. Fargʻona