O‘ngurlaridan Sariqsuv oqib chiquvchi Oltin tog‘lar tizmasidagi yuksak Qoratog‘ning sho‘rxok yonbag‘irlarida bir sharpa ko‘zga chalindi. Erta tong. Oftobning dastlabki shafag‘i daryoning salqin to‘lqinlari uzra nafis to‘rlarini yoya boshladi. Og‘ir odimlayotganidan, atrofiga qo‘rqa-pisa qarab ilgarilayotganidan bu qoraning ayol kishi ekanligi bilinib turardi.
Belida ingichka kiyik terisi, ustiga yog‘och po‘stlog‘idan to‘qilgan qo‘pol yoping‘ich tashlab olgan. Ohista, bir-bir bosib chakalakzor chetiga keldi, ehtiyotkorlik bilan engashib, yerdan mayda-chuyda singan shox-shabba, qurigan barglarni tera boshladi. Shox-shabba va yaproqlar bilan etagini to‘ldirdi-da, qiyalikdan pastga tushdi.
Tong otgan, atrof butunlay yorisha boshlagandi. Endi ayolning bemajol tanasini zo‘rg‘a ko‘tarib, oyoqlarini sudrab bosayotgani aniq ko‘rinib turardi. Bir g‘orning og‘ziga yaqinlashganida g‘alati tovush eshitildi. Bu yangi tug‘ilgan chaqaloq yig‘isi edi. Ayol entikdi. To‘plangan shox-shabbalarni tashladi-da, bolasini quchog‘iga oldi. Bag‘riga bosdi. Emiza boshladi. Birozdan keyin chaqaloq uyquga ketdi. Ayol terib kelgan barglarini go‘dakning tagiga yoydi, ustiga yopdi. Atrofiga alangladi. O‘t-o‘lan kamlik qilardi. U yana bir quchoq barg terib kelish ilinjida o‘rnidan turdi. Qirq-ellik qadamcha yurgan ham ediki, tepadan shuvullagan ovoz eshitildi. Bu pastga sho‘ng‘igan burgut qanotlarining tovushi edi. Yuragi “shig‘” etib ketdi. Orqaga, bolajoni yotgan g‘orga qarab chopdi. Lekin burgut chaqaloqni panjalari orasiga olganicha yuksalib borardi. Ayol bu bepoyon osmon sultoni uchayotgan tomonga qo‘llarini havolatgancha ancha yugurdi. Achchiq-achchiq hayqirdi. Keyin yashin urgan daraxtdek gurs etib yerga yiqildi-yu, hushidan ketdi.
Burgut bu yumshoq va pushti tanli ovni panjalarida mahkam qisganicha yuksaldi, yuksalaverdi, baland Qoratog‘ning cho‘qqilaridan oshib narigi tomonga o‘tdi. Uni bir qoyaning ustiga tashlamoqchi bo‘lib, changalini yozib yubordi. Chaqaloq butalar orasiga tushdi. Xuddi shu payt pastda, navnihollar tagida bir ona arslon bolalayotgandi. U endigina dunyoga kelgan ikki sherbachchani yalab turgandi. Burgut arslonni ko‘rgach, o‘ljasi atrofida bir necha bor aylandi-da, yana havoga ko‘tarilib uchib ketdi.
Ona arslon bu mitti go‘dakni o‘z bolalari yonida ko‘rib, uni ham o‘zim tuqqanman, deb o‘yladi. Go‘dakni Tangri yorlaqadi, o‘limdan asrab qoldi. Arslon bolalari bilan birga uni ham emiza boshladi. Kunlar, oylar o‘tdi. Go‘dak emikdoshlari bilan ulg‘ayar, onalari ovlab kelgan yovvoyi hayvonlar go‘shti bilan oziqlanardi. Yoshi ulg‘aygan sari kuchi ham ortib borar, bilaklarida, oyoqlarida sher quvvati aks etardi. Birodarlari bilan ayqashar, kurashar, ularni yengar, yerparchin qilardi. Bu g‘alabada unga aql-farosati ham yordam berardi. Chunki u inson farzandi edi…
Endi birodarlari ham uni ko‘rishlari bilan qo‘rqib qochishardi. Bunday hayot unga “Alparslon” nomini tabiiy tarzda bergan edi.
Yillar o‘tdi…
Alparslon o‘z hayotidan mamnun emasdi. Jo‘ralari o‘ta tentak, o‘zi esa butunlay yolg‘iz edi. Qanchalar yesa ham och, qanchalar ichsa ham tashna, qanchalar dam olsa ham baribir horg‘in edi. Ba’zan Sariqsuv daryosi sohiliga tushar, suvda aksini ko‘rar, emikdosh birodarlariga o‘xshamasligini sezardi. Miyasi ishlayotganini, yuragi urib turganini his qilardi. Xuddi shunday paytlarda atrofida o‘rmalashib yurgan sherbachchalarga bittadan shapaloq tortib yuborar, tepib ag‘darar va ular chiqolmaydigan daraxtlar tepasiga tirmashib, chiqib olardi. Keyin shoxdan-shoxga sakrar, hayqirardi. Go‘yo chiqayotgan quyoshga xitob qilar, uchib o‘tayotgan bulutlarga tarsaki urardi. Boshqa arslonlar esa uning oldida qaqqayib turishar, dumlarini yerga urishar, yollarini dikkaytirib, tishlarini ko‘rsatishar, tuyg‘usiz ko‘zlarini baqraytirib, unga hayrat bilan qarashardi.
Shu tariqa yillar o‘tar, arslonlarning zurriyotlari ko‘payib borar, lekin unga o‘xshagan birorta bola tug‘ilmasdi…
Arslonlar to‘dasiga u darg‘alik qilardi. Kunora o‘n, yigirma arslonni oldiga solib, tog‘larga olib chiqardi, jarlardan sakrattirardi, ov qildirardi. Keyin esa zerikib, yuragi siqilganidan ho‘ng-ho‘ng yig‘lar edi.
Bir kuni yana butun to‘dasi bilan ovga chiqishdi. Tikka bir tepalikka chiqarkan, hamrohlari singari u ham oyoqlari bilan qiyalikka tirmashar, irillar va hayqirardi. Nihoyat kiyiklar suruviga duch kelishdi. Hammayoq taloto‘p, ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Arslonlar shiddat bilan tashlanar, kiyiklar jonholatda sakrashardi. Butalar egildi, shoxlar sindi, toshlar yumaladi. Bunday manzaralardan yuragi siqilgan Alparslon bir hatlab u yerdan uzoqlashdi. Qiyalikning orqa tomoniga o‘tdi. Maysalar ustiga cho‘zildi-da, o‘yga toldi. Ko‘zlarini tubsiz osmonga qadagancha uzoq yotdi… Shu payt g‘alati bir tovush keldi. O‘z ovoziga o‘xshagan ovoz, tog‘ning etagidan chiqib, sado kelgan tomonga yugurdi. Olisdan o‘ziga o‘xshash bir to‘da soyani ko‘rdi: bular uch ayol, uch erkak va bir qiz edi.
Bir-ikki sakrab ularning yoniga yetib keldi. To‘rt tomonlarini o‘rab olgan arslonlardan qo‘rqib daraxtlarga tirmashgan, avvallari sira ko‘rmagan, lekin o‘ziga o‘xshash ekanliklarini endi tushungan, u ikki oyoqli hayvonlarga yordamga shoshildi. Bir hayqirib arslonlarni bu yerdan quvib yubordi. Yelkalariga tushib turgan sariq sochlari, iyagini qoplagan qizg‘ish soqoli, odam va arslon orasidagi haybati bilan ularga ro‘baro‘ bo‘ldi. Hayrat bilan yuzlariga tikildi. Yurish-turishlarini kuzatdi. Endi u ham qaddini rostladi, ular singari ikki oyoqda yura boshladi. Ularga yanada yaqinroq keldi. Hayratli ko‘zlarida yolvorish, qo‘rquvdan nafaslari ichiga tushgan bu yetti sho‘rlikka qarab balki umrida ilk marta jilmaydi. Insonlargagina xos bu shirin tabassum qo‘rqib, dahshatga tushgan odamlarga halovat baxsh etdi. Endi ular bo‘zlagancha yalinib-yolvorishar, qo‘llarini ko‘tarib omonlik tilashardi. Alparslon bu gaplardan, bu harakatlardan hech narsa tushunmasdi. Faqat ularning o‘ziga o‘xshash ekanliklarini ko‘rib turardi. Endi butunlay yonlariga keldi. Ularning eng kattarog‘i daraxtdan tushdi. Alp uni hidlab ko‘rdi. Qo‘lini yelkasiga qo‘ydi. Endi bir-biriga ancha o‘rganib qolishdi. Bu yetti kishi ham arslonlar arsloni oldida bosh egib, undan marhamat, madad so‘rashdi. U bu vaziyatga qarab turib, shu yovvoyilarning qalbga yaqin imo-ishorasidan bir ongina bo‘lsa ham insonga aylangan edi.
U imo-ishora bilan qo‘rqmanglar, deb ishontirdi. Ular ham qarshilarida turgan yigit odam bolasi ekanligini tushunishdi. Lekin shuncha jonivorga bu yigit qurol-yarog‘siz qanday amr etayotganiga sira aqllari bovar qilmasdi. Alparslon cholga taqalib keldi. Uning kiyimini, soqolini qo‘li bilan paypasladi. Cholni titroq bosdi. U yovvoyi yigitning marhamatini qozonish uchun uni ushlab ko‘rdi, keyin peshonasidan o‘pdi. Alparslon seskanib, orqaga tisarildi va ko‘zini ochdi. Bu ikkinchi insonlik xislati vahshiy o‘smirga g‘alati ta’sir qilgandi. Chunki chol meni tishlaydi, deb o‘ylagandi. Oraga jimlik cho‘kdi. Endi yigit uzun, chatishib ketgan hurpaygan sochlarini silkitgancha bir hayqirdi-da, sakrab, ulardan uzoqlashdi. Orqada qolganlar nimaga duch kelganlarini bilishmas, bu hayvonmi, odammi yoki shayton ekanligini tushunishmasdi. Oradan biroz vaqt o‘tar-o‘tmas, haligi yovvoyi quchog‘ida bir kiyik bolasi bilan yana paydo bo‘ldi. Kiyikni burdalab ularga tarqatib chiqdi. Mehmonlarini siylamoqchi bo‘ldi. Lekin uning bu ikromi mehmonlarini unchalik mamnun etmadi. Ular xom go‘sht yeyishmasdi. Yigit o‘siq sochli boshini sarak-sarak qildi. Keyin qo‘lidagi qovurg‘ani kemira boshladi.
Chol ishora bilan allanarsalarni tushuntirdi. Shox-shabba to‘plab, o‘t yoqdi. Xaltasidan bir chimdim tuz oldi. Go‘shtning ustiga sepdi, olovning cho‘g‘iga qo‘yib pishirdi. Bir burda go‘shtni Alparslonga uzatdi. Ularga qarab yeyishga tutindi. Umrida birinchi bor pishgan ovqat yeyishi edi. Avvaliga ijirg‘andi. Keyin yalandi. Qashindi. Yana bir bor tishlab ko‘rdi. O‘ylandi… Pishirilgan go‘sht unga yoqib qolgandi, rosa yoqib qolgandi. Tuz go‘shtni yanayam mazali qilgan edi. Zavqlanib choldan olgan narsasini o‘ziga qaytarib bermoqchi bo‘ldi. O‘rnidan turib, uning peshonasidan o‘pdi. Lekin bunga qanoat qilmadi. Hammani o‘pgisi keldi. Ularning peshonalaridan o‘pa boshladi. Navbat eng orqada o‘tirgan qizga keldi. Kulimsirab qizga qarab yurdi. Lekin qiz qizarib ketdi-da, qaltirab, qo‘llari bilan yuzini berkitib, bir-ikki qadam orqaga tisarildi. Bir qadam oldinga, bir qadam orqaga bosdi, keyin to‘xtadi.
Ayollar baqirishdi. Alparslon hayron bo‘lib, ularning yuzlariga qaradi. Bir to‘da arslonni amriga buysundirgan bu cho‘llar xoqoni, endi bir qizcha qarshisida ojiz, o‘zini yo‘qotgan edi. U orqasiga qaytdi, cholning yoniga keldi. Qoshlarini chimirdi, ko‘zlarini ochdi, mushtlarini qisdi. Tishlarini g‘ijirlatdi. Bu ahvolni ko‘rib qiz yig‘lab yubordi. Sho‘rlik ota bu muammoni hal qilish uchun unga allanarsalarni tushuntirishga urindi. Bir necha soniyadan so‘ng Alparslon ham uni tushunganday bo‘ldi. Boshini quyi solib, o‘ylanib qoldi.
Vahshiy hayvonlardan qo‘rqmay, Alparslonning himoyasida bir necha hafta shu yerda qolib ketishdi. Endi bir-birlaridan yotsirashmasdi. O‘rganib ketishgandi.
Yosh qizning ismi Hanku edi. Alparslonga daraxt po‘stlog‘idan kiyim to‘qir, kiyik terisidan choriq tikardi.
Tong payti. Hanku soy etagida yuzini yuvib, sochini tarayotgandi. Ovdan qaytgan Alparslon uning yoniga keldi. Yelkasida kiyik bor edi. Hanku unga yuz-qo‘llarini yuvish kerakligini tushuntirdi. Suvda aksini ko‘rsatib, sochlarini, soqolini otasi va akasiga o‘xshatib kesishini so‘radi. Alparslon qizning aytganlarini qildi. Endi yigitning keng yelkalari va gulgun chehrasi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Ular qo‘lni-qo‘lga berib qo‘nalg‘aga qaytishdi.
Alparslonning yetti kishi bilan tanishganidan beri ongi o‘sdi. Asta-sekin sheriklarining tilini tushuna boshladi. Bir bo‘g‘inli so‘zlar bilan ularga javob qaytaradigan bo‘ldi.
Bir kuni uning so‘ragan savoliga javob qaytarishga urinishdi.
— Dunyoda bizga o‘xshagan odamlar juda ko‘p, — deyishdi unga. — Ular ko‘pchilik bo‘lib, uluslar holida yashashadi.
Bu javobdan yigitning qiziqishi yana ham ortdi va so‘radi:
— Nega men sizlardan boshqa hech kimni ko‘rmadim? Nega sizlar bu yerga keldilaring?
Chol unga tushuntira boshladi:
— Bu joylar sho‘rxok yer. O‘t ko‘karmaydi, ekin bitmaydi. Odamlar yashil yaylovlarda, yumshoq tuproqli yerlarda ekin ekib, yirtqich bo‘lmagan hayvonlarni ovlab, kun ko‘rishadi. O‘zlari Chinning shimolidan kelishayotgan ekan. Ovullarini chinlik yog‘iylar bosipti. Uluslari parokanda bo‘lib, mollari talanibdi. Ulgurgan qochib qutulibdi, orqada qolganlar o‘ldirilgan yoxud asir olingan. Bular ham qochib ulgurishgan ekan. Lekin yo‘ldan adashishibdi. Baland Qoratog‘ etaklariga kelib qolishibdi. Necha oylardan beri sarsari aylanib yurishgan ekan. Ular tatar ekanlar.
Shunchalik tafsilotga muqobil tarzda Alparslon ularga o‘z nasli — otasi, onasi haqida biror xabar berolmasdi. To esi kirgunga qadar o‘zini arslonlar orasida ko‘rgan, arslonlar bilan birga ulg‘aygandi. Unga sut bergan ona arslon o‘lib ketgan, emikdosh birodarlari ko‘payishgandi. Endi uning o‘ziga o‘xshash odamlarga qo‘shilgisi, ular bilan yashagisi, ayni paytda shuncha yil birga yashagan, birga o‘sgan birodarlari bilan uchrashib turgisi kelardi. Lekin endi uning sariq yoli qirqilgan, tirnoqlari olingan, odamga o‘xshab qolgandi. Hanku uning qo‘lidan ushladi, o‘ziga tortdi, bo‘ynini egib, yalindi.
— Bormagin, kelolmay qolsang-chi?!

Bir kuni tong chog‘i yetovlon oftobga qarab tiz cho‘kib, bosh egib duolar o‘qishdi, keyin bari birga g‘arbga qarab yo‘lga chiqishdi. Alparslon sig‘inishni bilmasdi; quyosh nima-yu, Tangri nima — tushunmasdi. Yo‘l-yo‘lakay chol har kimga bir iymon nozil bo‘lganini tushuntirar, koinotga jon baxsh etuvchi quyoshga, uning xotini oyga, ularning bolalari yulduzlarga, yerda otashga sig‘inmasdan, sajda qilmasdan yashash mumkin emasligini ta’kidlardi. Bu ahvol kunlar bo‘yi, haftalar bo‘yi davom etdi.

* * *

Bir ajoyib tong edi. Alparslon uyg‘onib, ko‘zlarini uqaladi. Butalarning orasidan Hanku ko‘rindi. Sho‘x va quvnoq edi. Alparslonni rom etdi. Shafaq yorishib borardi. Orqalarida qolib ketgan Oltintog‘ning cho‘qqilaridan tunning, go‘yo tim qora baxmalning noziklashib, suzilib, erib, kumush parda holiga kirgan so‘nggi damida bular ham qoya ustiga chiqib, ulkan qarag‘ay tagida cho‘kkalashgandi… Butalar orasida uxlagan qushlar ham uyg‘onib, chug‘urlashga tushib ketishgandi. Ufqdan bosh ko‘targan quyoshning ular ustidan sochayotgan zarrin nurlari qushlar sayrashiga qo‘shilib, atrofni yanada latofatli ko‘rsatardi. Yovvoyi gullar, tog‘ chechaklari, yuzlarini silab o‘tgan nurlar og‘ushida asta-sekin ochila boshlagandi. Hanku bilan Alp atrofga ko‘z yugurtirishgan zahoti har bir zumrad maysa uzra bittadan olmos porlab turganini ko‘rishdi. O‘zlarini unutib, orzular olamiga ko‘chdilar. Yuzlarini chiqayotgan quyoshga burishdi, zavq to‘la ko‘zlarini unga tikkancha uzoq qarab turishdi.
Endi Hanku asta-sekin Alpga nima qilsa taqlid qilishini, nima desa takrorlashini uqtirdi. Ular birgalikda murojaat qilishga boshlashdi:
— Ey Quyosh, ey yorug‘likning xoqoni! Taxting osmoni falakdir — qanotlar yetolmaydi; ko‘shking keng zamindir — so‘ngsiz, adoqsiz; bog‘ing dengizlardir — ibtidoyu intihosiz!
— Ey Quyosh, ey dunyoning ruhi! Ko‘zlarimiz sening nuring bilan ko‘radi, qonimiz sening harorating bilan qaynaydi, sening kuching bilan urar yuragimiz ham!
— Ey Quyosh, ey go‘zallar otasi! Chechaklar, yonoqlar sening o‘pichlaring bilan qizargay mudom, maysalaru dengizlar sening erkalashing bilan ko‘karib turar, olmoslar, ko‘ngillar sening boqishingdan porlar hamisha!
— Ey Quyosh! Yuziga qora parda tutgan rafiqang Oy, sariq sochli qizlaring — yulduzlar bilan boshimiz uzra aylan, bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshla!
— Ey Quyosh, ey yuksak va porloq Tangri! Tomirlarimizga qon, qo‘ylarimizga kuch-quvvat ber… Qirlarimiz semiz ho‘kizlar, adirlarimiz uchqur arg‘umoqlar bilan to‘lsin… Biyalarimiz ketidan toychoqlari o‘ynoqlab yursin… Sigirlar ortidan chopsin buzoqlar. Sovliqlar yonida sakrab yursin qo‘zichoqlari. Suruvning bir uchi buloq boshida, yana bir uchi qo‘ralarni to‘ldirib tursin!
— Ey Quyosh! Shamol qanotlaringni yoz! Nur tolali sochlaringni yoy! Moviy bulut pardalaringni yop! Shunday go‘zal ko‘rin bizga doimo! Ruhimizni shudring tomchi misol ko‘ksingga bos, toki seningdek biz ham musaffo tug‘ilib, musaffo o‘laylik!
— Ey Quyosh, ey hayotning sohibi! Bizga filday kuchli, tulpor misol uchqur, to‘g‘rul kabi baland parvoz, qo‘ydek yuvosh o‘g‘il va qizlar ber! Dunyoni nuring misli zurriyotimiz bilan to‘ldir!
— Zurriyotimiz bilan to‘ldir!
Murojaat tugagandi. Alparslon hayajonlanib hayqirishda davom etardi:
— Zurriyotimiz bilan to‘ldir!
Atrofdagi tog‘lar — qoyalar aks sado berardi:
— “To‘ldir…dir!”
Ko‘zlari quyoshdan qamashgan, tomog‘i qurib qolgandi. Ikkalasi birdan nam maysalar ustiga cho‘zilishdi. Boshlarini ohista ko‘tarib, bir-birining yuziga tikilishdi. Ikkalasining ham ko‘zlari chaqnab ketdi. Keyin bir-birining quchog‘iga singib ketdilar.
Bu sakkiz kishi endi Sharqqa qarab yurishayotgandi. Yo‘lda qulagan bir kulbaga, so‘ngan o‘choqqa duch kelishdi. Singan bir cho‘kich, ezilgan qozon topishdi. Dumalab yotgan g‘ildirak e’tiborlarini tortdi. Bu yerdagi palapartish odam izlarining sabablarini chol Alpga tushuntirib berdi.
Bir kuni egasiz biyani, yana bir kuni ho‘kizni uchratishdi. Bir necha kun bir daraxt tanasini yo‘nish bilan ovora bo‘ldilar. Nihoyat, bir arava yasashdi. Ustini shoxlar bilan yopib, ho‘kizni unga qo‘shishdi. Goh qo‘nib, dam olib, goh aravaga qo‘shilgan ho‘kizni haydab oylab yo‘l bosishdi. O‘ldirgan bo‘rilar, tulkilarning terilarini kiyishdi, ovlagan kiyiklarining go‘shtini yeyishdi.
Kech kira boshlagan bir paytda tepalik ustiga chiqib olgan Hanku chaqirdi:
— Qaranglar! Qaranglar!
Olisdan bir yorug‘ ko‘rinardi. Itlarning vovullagani eshitilardi. Tunni o‘tkazib, ertalab yo‘lga tushishdi. Ikki soatlar chamasi yurishgach, bir qishloqqa kirib borishdi. Alparslon g‘alati ahvolda edi. Bir jonivor ini bilan odam uyi orasidagi farqni bilishga oshiqardi. Qishloq chetida uch nafar ozg‘in bolani ko‘rishdi. Alp ularga tikilib qaradi, o‘zi ham bolaligida shularga o‘xshagan edi. U ham mayda toshlar, tayoqchalar bilan o‘ynaganini esladi.
Ro‘paralarida yilqilar uyuri kishnar, sigirlar podasi o‘tlab yurardi, ovul aholisi begona kishilar atrofini o‘rab olishdi, ularni bir keksaning uyiga boshlashdi. Qariya shu ovulning oqsoqoli ekan. Boshdan kechirganlarini oqsoqolga aytib berishgach, kohinlar xabar qilgan, baxshilar ta’rifini kuylagan yigitning, peshonasi qashqa ayiqni o‘ldiradigan botirning shu o‘smir bo‘lishi kerakligiga ishonch hosil qildilar.
Ayiq voqeasini Alpga gapirib berishdi:
Ikki ko‘zining oralig‘ida qora dog‘i bo‘lgan bu maxluq bir vaqtlar inson edi. Otasining mozorida qora ayg‘irni qurbonliqqa so‘yishdan ogohlantirgan onasiga jahli chiqqan, kechasi mast holda uni bo‘g‘ib, chodir bilan birga yondirib yuborgandi. Tun qorong‘usida quyosh uning aybini ko‘rolmay qolgan, deb o‘ylagandi. Lekin Tangri ko‘rib turardi, uni yorug‘likdan abadiy mahrum qilish uchun muzlatib qo‘ydi. Qor uyumiga aylantirib, g‘or ichiga qamadi. Ammo mushfiq onaning ruhi quyoshga yalinib-yolvordi. Tangri marhamatidan o‘g‘lini mahrum etmaslikni iltijo qildi. Quyoshning onaga rahmi keldi. Qor uyumiga jon ato qildi. U oq ayiqqa aylandi. Faqat qilgan jinoyatining azobini doimo tortib yurishi uchun onasining kuyib ko‘mirga aylangan yuragini peshonasining o‘rtasiga yopishtirdi va bu maxluqning o‘ldirilishini ona, ota shafqatini tatib ko‘rmagan bir botir qo‘li bilan amalga oshishini tiladi. Ana shu ayiq endi o‘ldirilishdan qo‘rqib, necha yildan beri ovulning yigitlarini, xususan, yetim o‘g‘il bolalarni bitta-bitta bo‘g‘ib, nobud qilardi. Kimdir o‘ldirilmagan biror hafta o‘tmasdi. Bu devning xurujidan ovul borgan sari yakkalana boshlagandi. Endi qishloqda biror yigit, biror sog‘lom bola qolmagan edi.

* * *

Bundan yigirma yil avval bu ovulga olislardan, Chinning ichkarisidan yolg‘iz bir ayol kelgandi. Ismi Turkon Xotun edi. Bu ayol boshidan juda og‘ir kunlarni o‘tkazgan edi. Erini, bolalarini Chin qaroqchilari burdalab tashlagandi. Bir o‘zi sarson-sargardon yurganida Qoratog‘ yonbag‘rida so‘nggi farzandini tuqqan edi. Ana shu o‘g‘il farzandini bir burgut olib qochgan ekan. Ko‘p yurgan, qancha azob-uqubatlarni boshidan kechirgan bu ayol ham o‘tmishdan, ham kelajakdan xabar berardi. Turkon Xotun burgut uchirib ketgan o‘g‘lining omon ekanligiga, zaiflashgan turk-tatar naslining bir kun kelib ana shu bola tufayli yana ko‘payishiga, dunyoning har tomoniga tomir otishiga ishonardi. Buning uchun ertalab uchgan qushlarga don sochar, uyalariga cho‘p-xaslar tashlar, tong chog‘i chiqayotgan Quyoshdan, tunlari Oydan, yulduzlardan o‘g‘lini so‘rab-surishtirardi. Ovul ahli bu ayolning avliyoligiga ishonardilar. Ko‘p yashadi. Bir kecha oydinda uni Oyga qarab ikki qo‘lini cho‘zganicha qotib, o‘lib qolgan tarzda topishdi. Ovuldan olisdagi bir terakning tagiga ko‘mishdi. Endi negadir oq ayiq shu terakning tagida in quribdi. Qo‘rqqanidan hech kim ayol qabrini ziyorat qilgani borolmasdi.

Alparslon bu hangomani tinglaganidan so‘ng g‘azablanib u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Chodiriga kirib oldi. Ancha vaqtgacha uyqusi kelmadi. Ertalabga yaqin tushiga Turkon Xotun kirdi. U Alparslonga qarab to‘g‘ri yurib kelibdi. Yigitning ko‘ksini ochib hilolga o‘xshagan xolni ko‘rsatibdi. Alparslon uning o‘g‘li ekanini isbotlovchi yagona dalil shu xol edi. Uni yoqasidan tortibdi, silkitibdi:
— Uyg‘on!.. Yer yuzi seni va o‘g‘illaringni kutyapti… Olamga qon ber, jon ber… Yurgin va boshqalarni orqangdan ergashtirgin…
Alparslon bosinqirab uyg‘ondi. Hanku hali uyquda edi. Ohista xotinining manglayidan o‘pdi. Turib, boltasini beliga ildi. Cho‘qmorini yelkasiga oldi. Pichog‘ini kamariga qistirdi, chodirdan chiqdi. Ovul atrofini aylanib kelmoqchi edi. Ancha vaqt aylanib yurdi. Uyulib yotgan qorning qimirlaganini ko‘rdi. Sergaklandi. Bir oq ayiq unga qip-qizil ko‘zlari bilan tikilib turardi. Orqaga tisarildi. Atrofga quloq soldi. Har tarafga ko‘z yugurtirib chiqdi. Biroz o‘ylanib turdi-da, qaddini rostladi. Shiddat bilan qor uyumiga tashlandi. Hammayoq taloto‘p bo‘lib ketdi.
Endi qordan oppoq ko‘piklar sachrar, bug‘ ko‘tarilardi. Orqa oyoqlarida tikka turgan ayiq boshiga tushgan bolta zarbidan yerga ag‘darildi. U bilan birga terak ham qulab tushgandi. Alp yana sakramoqchi bo‘lgan ayiqning kekirdagiga uzun pichog‘ini sanchdi, sug‘urib, yana sanchdi. Nihoyat, jonivor quladi. Alp biroz nafasini rostladi. Dam oldi. Keyin ayiq terisini shildi. Bu orada o‘zi ham jarohatlangandi. Yaralariga qor bosdi. Qonini to‘xtatdi. Po‘stinni orqalab, ovulga qaytdi.
Alpning bahodirligini eshitgan ovuldoshlari uni o‘rab olishdi. O‘ldirilgan ayiqning manglayida qora dog‘i bor edi. Bu belgidan necha yillardan beri ovulning eng jasur yoshlarini burdalab tashlagan, keng qirlarni ularga tangu tor qilgan shu ayiq qiyofasiga kirgan devning po‘stini ekani ma’lum bo‘ldi. Ular bu ayiqni kim o‘ldirsa, yurtga hokim bo‘lishini ham yaxshi bilishardi…
Ovulning piri Alpning qo‘lidan ushladi. Uni ayiqning iniga yetakladi. Bu yer Turkon Xotunning qabri bo‘lgani uchun muqaddas joy hisoblanardi. Ayiqning dastidan bu qabrni ziyorat qilgani kelisholmasdi. Qariya Turkon Xotun Alparslonning onasi ekanini taxmin qilardi. Ular ag‘darilgan terakning to‘nkasiga o‘tirishdi. Botayotgan quyoshga iltijo qildilar. Pir shu terakning tagiga qo‘milgan va ko‘pdan beri ziyorat qilinmagan Turkon haqida gapirib berdi. Yigit kechasi ko‘rgan tushini aytdi. Endi barcha sir oshkor bo‘lgandi. Alparslonning Turkon Xotunning o‘g‘li ekaniga shubha qolmagandi. Qariya Alparslonning peshonasidan o‘pib:
— Endi sening yoningda qiladigan ishim qolmadi, — dedi.
Quyosh allaqachon botgan, atrofni qorong‘ulik qoplagandi. Alp o‘tirgan daraxt to‘nkasi ko‘tarila boshladi. U qaddini rostlarkan, asta-sekin yorug‘likka aylanib borardi. Terakning shoxi ayrisida o‘tirgan Arslon hang-mang bo‘lib qolgandi. Daraxt butunlay tikka turgach, nurdan yasalgan ustun holiga keldi. Bir seskandi, tomirlari yerdan ajraldi, osmonga ko‘tarila boshladi. Buni ko‘rib shoshib qolgan Alp qo‘lini kimdir qisayotganini sezdi. Yoniga qaradi. Kecha tushida ko‘rgan onasi edi. Daraxt zulmat qo‘ynida uchib borar, osmonda yulduz misol iz qoldirib janubga qarab suzayotgandi. Bir paytlar yerning eng kuchli pahlavoni bo‘lgan Alparslon endi osmoni falakda Asad burjiga o‘xshab ketdi. Qop-qora bulutlar ichidan, porloq yulduzlar orasidan nur taratib parvoz qilardi. Nihoyat, daraxt tanasi Himolay tizmasidagi Xon Tangri tog‘ining cho‘qqisida muallaq turib qoldi. Shu asnoda tun sharqdan yuz ko‘rsata boshlagan Buyuk Tangrining, Quyoshning huzurida, qora chodirning etaklarini sudraganicha dunyoning boshqa bir tomoniga chekina boshladi. Shu paytgacha, sukut saqlab turgan Turkon Xotun o‘ng qo‘li bilan Alpning ko‘zlarini uch bor siladi. Yigit nazaridan masofa to‘siqlari o‘chdi. U dunyoning bir qismini — Osiyo va Avruponi, Afrikaning shimoliy qismini ko‘ra boshladi. Turkon Xotun ol libosga burkangandi, oppoq sochlarining bir qismi yelkasi uzra yoyilib turardi. Ikkinchi qismi boshiga turmaklangan sochday yonib turgan gulxanga o‘xshardi. Ona chap qo‘lini Arslonning yelkasiga qo‘ygan, o‘ng qo‘lini osmonga ko‘tarib, olislarga ishora qilardi. Tongning oq pushti pardasi sirg‘alib tushgan sari tiniqlashib borayotgan samoga sukunat cho‘kardi. Shamol tingan, bulutlar qilt etmaydi. Arslonning yuragi to‘xtagan, ko‘zlari ochilgandi. Turkon Xotun ohista, shirin ovozda xitob qildi:
— Bolam! Ey Turk farzandi! Boshingni ko‘tar, ko‘kragingni ker, atrofingga g‘urur bilan qara! Oyog‘ing ostida yastanib yotgan shu keng dunyoning hokimi sensan, sening naslingdir. Bu olamning eng buyuk qahramonlari, jahongirlari sendan tug‘iladilar…
Hamisha tirish va izlan, doimo axtar va yuksal! Odil va rahmdil bo‘l! Qo‘rqitishdan, dahshat solishdan yiroq bo‘l, muruvvatli bo‘lishga harakat qil!
Turkon Xotunning bu so‘zlarini tinglarkan, Alparslon ko‘z ilg‘amas kengliklarga o‘zgacha bir g‘urur, zavqu shavq bilan tikildi. Keyin tiz cho‘kib, onasining qo‘llarini o‘pdi. Shu payt daraxt qimirladi, bir silkindi-da, osmoni falakka ko‘tarildi va shimolga qarab parvoz qila boshladi.
Oq ayiq o‘ldirilgan joyga kelgach, terak tanasi yerga qaytib tushdi. Xuddi shu asnoda Turkon Xotunning siymosi ham so‘ngan bir olov misol g‘oyib bo‘ldi.
Alparslon qishloqqa qaytganda butun ovul ahli maydonga to‘plangandi. Qizlar raqs tushib qo‘shiq aytishardi. Alpning shu tong dunyoga kelgan to‘ng‘ich o‘g‘li sharafiga bayram boshlangandi. Arslonni go‘dakligida olib qochgan burgutga taqlid qilib, uning o‘g‘lining ismini “To‘g‘rul” qo‘yishdi. Turkiy qavmlar shu tariqa g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, koinotga yoyildilar.

Budapesht, 1334 (1918) yil, 12 mart.

Turkchadan Fayzi Shohismoil tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 2-son