Bolaligimda onamning sheʼrlar daftari boʻlardi. Muqovasiga oq atirgulning rasmi yopishtirilgan. Undagi sheʼrlarni tushunmasam-da, koʻpincha daftarni qoʻlimda ushlab oʻtirardim. Sakkiz yashar bolaga unda nimalar yozilganining deyarli ahamiyati boʻlmas, men faqat varaqlardim, qiziqishim sheʼrlarni hijjalab oʻqish va har bir sheʼrga ilova qilingan suratlarni  tomosha qilish bilan cheklanardi, xolos.

Oʻsha yerda harbiycha kiyingan, viqorli va ulugʻvor qiyofadagi, xushsurat va oʻktam yigitning keng va qandillar yoritib turgan zalda goʻzallig-u jozibada tengsiz bir qiz bilan valsga tushayotgani aks etgan suratga tez-tez koʻzim tushardi. Yigit egniga qora frak kiygan, qiz boʻlsa men yoqtirgan keng va korsetli oppoq bal koʻylagida boʻlib, suratdan ixtiyorimga zid ravishda koʻz uzgim kelmas, uning ostiga katta harflar bilan “Andrey Bolkonskiy va Natasha Rostova” deb yozib qoʻyilgandi.

Bolkonskiy sharifiga ilk marta oʻsha yerda duch kelgandim. Keyinchalik uning nomi koʻp marta qulogʻimga chalinib, bu odat tusiga kirdi. Oʻndan ortiq qon-qarindoshlar har safar toʻplanganimizda onamning yaqinlari tengdoshim boʻlgan — xolamning oʻgʻlini semiz va doʻmboq bola boʻlgani uchun Bezuxovga,  boʻyi uzun va xipchabel boʻlganim uchun meni Bolkonskiyga oʻxshatishardi.

Oʻsha kezlari men bunga aytarli eʼtibor qaratmasdim. Ular bergan yaltiroq qogʻozdagi shokolad yoki sutli pechenyeni ogʻzimga solib, dunyoni suv bossa toʻpigʻimga chiqmas, bobom va togʻam bergan hayitlikni choʻntagimga solgach, meni mabodo iblischaga oʻxshatishganda ham ishonchim komilki, jilmayib turaverardim. Ularga esa bu yoqar va yoshu-qari biri olib, biri qoʻyib, biz bolalarni koʻrishlari bilan har gal “ana Bezuxov keldi”, “ana Bolkonskiy keldi” deyishni kanda qilishmasdi. Yangi yil bayramida ham, hayit yoki Navroʻzda ham.

Katta boʻlganim sari Bolkonskiy sharifi qulogʻimga yanayam koʻp chalinadigan boʻldi. Koʻpincha oqshom payti ota-onam bilan televizorda futbol koʻrib oʻtirganimda ularning aqlli suhbatlari bosh mavzusi shu inson boʻlardi. Suhbat adabiyot bilan boshlanib, adabiyot bilan tugar, ayniqsa kuz oqshomlari bunday noodatiy adabiyot va futbolga muxlislik qorishmasi yarim tungacha choʻzilardi.

-Bolkonskiyga Natasha Rostova munosib emasdi,- derdi otam oʻqiyotgan gazetasidan boshini koʻtarib, onamning qoʻlidagi toʻqilayotgan jun paypoqqa norozi bir alfozda qarab.

-U Natashani kechirgan,- derdi onam ishidan chalgʻimay.

-Men kechirmasdim.

-Ayol qalbini tushunish lozim.

Oʻshanda men Bolkonskiy kim ekan deb rosa boshimni qotirgandim. Otam ham, onam ham davlat ishida ishlashar, ularning ish joylarida bunday sharifli hech kim ishlamas, qoʻshnilar ichida ham bitta rus kampiri bilan qizini hisobga olmasa hamma gʻirt oʻzbek edi. Otamning doʻst-tanishlari safida ham bunday sharifli amakini tanimasdim. Onamning dugonalari orasida esa birorta Natasha ismli xola yoʻq edi.

 Ulardan bu haqida soʻraganimda, ikkovlari ham kulishgan va bir xilda “Bolkonskiy-rus yozuvchisi Lev Tolstoyning qahramoni” deyishgan va ulgʻayib uning kitobini oʻqiganimda barchasini tushunib olishimni gap orasida qistirib oʻtishgandi. Meni ularning bu maʼlumotidan keyin negadir mushkulim oson boʻlmagan, aksincha, “endi  Tolstoy degani kim boʻldi?” degan yana bir dilemma qarshisida ojiz qolgandim.

Oʻsmirlik ostonasidan hatlab oʻtgach, kitob oʻqishga qiziqishim ortib, Lev Tolstoy rus yozuvchisi boʻlganini, ota-onam aldashmaganini tushundim. Bu vaqtga kelib uyimizdagi deyarli barcha oʻzbek tilidagi kitoblarni oʻqib tugatgan, baxtga qarshi Tolstoyning kitoblari rus tilida boʻlgani uchun tishim oʻtmagandi. Oʻzim qatnashni boshlagan shahar kutubxonasiga borganimda, kutubxonachi ayoldan birinchi boʻlib Bolkonskiy haqidagi oʻsha kitobni soʻraganim kechagidek yodimda. U dabdurustdan Tolstoyni oʻqimoqchiligimga hayron boʻlgan, ammo qatʼiyatimni koʻrib  ichkaridagi xonadan changlarini qoqib-qoqib ikkita kitob olib chiqqandi. U oldimga  katta, naqd yostiqdek keladigan kitoblarni qoʻyganida, tan olaman, bir oz qoʻrqib ketgandim.

-Buncha katta boʻlmasa ular,- degandim koʻzlarimni katta-katta ochib.

-Shunaqa bolam,- degandi u koʻzoynagi ortidan menga angrayib boqqancha.- Sen nima deb oʻylaganding.

Shu-shu oʻn olti yoshimda ilk marta Bolkonskiy bilan gʻoyibona tanishdim. Kitobni ikki oy oʻqiganimni ham aytib oʻtishim lozim. Uni oʻqish asnosida romandan qanchalik koʻnglim toʻlmasin, qanchalik uning tiniq tasvirlari va tarixiy haqiqatlariga  qoyil qolmay,  qanchalik yozuvchi mahoratiga tan bermay, Bolkonskiy qismatidan ranjidim. Ulugʻ kinorejissyor Sergey Bondarchuk boshchiligida ishlangan bu asarning kino variantida knyaz qismati va iztiroblari ajoyib aktyor Vyacheslav Tixonov ijrosida yanada mukammal ochib berilgandi. Kitob mutolaasidan soʻng, oʻsha kinoni ham qayta-qayta koʻrdim. Lekin kitobni ham, kinoni ham badiiy tahlili uchun bilimim, balki hayotiy tajribam yetmadi.  

Vaqti kelib, knyaz Andreyni Lev Tolstoy bilan son-sanoqsiz qizgʻin bahslarimning bir qismiga aylanishi oʻsha paytlar yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Ammo kunlar ketidan kunlar oʻtib, adabiyot va uning missiyasi boʻlgan ezgulik tarannumi vujudimni tobora kuchliroq band etib, qonimga singib borarkan, oʻzim oʻqigan kitoblar taʼsirida yechimi yoʻq savollar ketma-ket qarshimda koʻndalang turib qolardi. Bolkonskiy qismati ana shu yechimsiz savollardan biri edi.

Har doim Lev Tolstoyni oʻqishim natijasida u bilan bahslarga koʻp berilganman. Deyarli har bir asari mazmuni va badiiy gʻoyasi boʻyicha unga savollarim bisyor edi. Qaniiydi u tirik boʻlsa-yu, shu laʼnati savollarni unga bersam, undan bir ogʻiz javob ololsam, derdim kechayu-kunduz. Aksiga olib, u oʻlib ketgan, asarlari yechimni emas, har safar ogʻriqli va dolzarb, yurakni siqadigan muammolarni oʻrtaga tashlar, stolim ustidagi portreti esa gung-soqovdek tilga kirmasdi.

Andrey Bolkonskiy u bilan bahslarimning debochasiga aylanmagan boʻlsa-da, shu obraz borasida u bilan eng koʻp bahslashganimni aytsam mutlaqo yolgʻon boʻlmaydi.  Knyaz adib bergan tasvirda yuksak tarbiyali, madaniyati havas qilgudek darajada, zukko va bilimli, nozik did sohibi boʻladi. Tashqi koʻrinishi ham risoladagidek. Lekin nega shunday mukammalikka yaqin insonning qalligʻi, boʻlajak xotini- Natasha Rostova Anatol Kuragindek makkor, behayo, olchoq, yengiltak, ayollarga suyagi yoʻq, johil bir kimsaning taʼsiriga tushib qoladi? Mayli, oniy fursat boʻlsa-da. Mayli, bu shunchaki simpatiya boʻlsa-da. Nega shunday? Shuni xayol qilib, bu noreal, notabiiy va sunʼiydek koʻringan romanning ushbu epizodi realistik tasvirligiga, hayotiyligiga ishongim kelmasdi.

Men Tolstoyga shu savolni ochiqdan ochiq berardim: “Nega, graf? Nega shunday?” Bu rostakamiga azobning oʻzginasi edi.  “Urush va Tinchlik”ni mutolaa qilishim davomida bu savol dahshatli toʻlgʻoq azobida tugʻilgan, mendan katta energiya talab qilgan mutolaa yakuniga yetgach, u mustahkam bir qalʼadek mudom xotiramda qad rostlab turardi. Unga javob topish uchun hatto roman haqidagi oʻqimagan taqriz va maqolalarim qolmadi. Ammo qorni katta va koʻzoynakli professorlarning, biqiq adabiyotshunoslarning birortasiyam meni qanoatlantiruvchi joʻyali javob bera olishmadi. Natijada, har safar koʻnglim toʻlmay, ichimdagi boʻshliqda huvillab qolaverdim.

Tolstoy realist yozuvchi edi. Xuddi Balzak va Flober kabi. U har bitta asari qahramonlarini hayotdan olgan, bunda unga boy hayotiy tajribasi qoʻl kelgandi. Men buni tushunardim. Bu ikki karra ikki toʻrtdek gap edi. Faqat Bolkonskiy bilan bogʻliq epizodni negadir butun vujudim bilan qabul qila olmas, tafakkurimdagi yuzlab kurashlar taʼsirida inkor qilardim. Chunki Bolkonskiydek mukammal, idealikka yaqin insonning qalligʻini bunday pastkashlarcha ish tutishi tasavvurimga sigʻmasdi. Shu ishonchga yoʻgʻrilgan tasavvur oqimida bu epizod hayotiy emasdek, hayotda bunday boʻlmaydi, deb qaysarlik qilib, ikki oyogʻimni bir etikka dadil tiqib olardim. Shungadir balki Tolstoy ham adashishi mumkin ekan, degan oʻydan yengil tortgan kunlarim boʻldi. Ammo bu uzoqqa choʻzilmadi. Oʻrtamizda boshlangan koʻp partiyali shaxmat partiyasida, odatiga koʻra qora donalarda dona sursa-da, Yasnaya Polyanalik chol bu gal ham yutib chiqdi.   

Darhaqiqat, hayotda ham shunday edi. Men buni yillar oʻtib, boʻyim choʻzilib, ovozim yoʻgʻonlashib, bir nechta koʻylak eskitib, soqol-moʻylabim ustarada olinadigan holga kelib, toʻy-hashamlarga aytiladigan insonlar qatoriga kirganimda- mana shu katta hayotga tobora chuqquroq kirib borganimda his qildim. Baxtga qarshi katta hayot Tolstoyning romanidan-da dahshatliroq edi. U yerda Bolkonskiylarni oddiy til bilan emas, aksariyat hollarda jargon til bilan atashardi. Yoki kesatib “jentlmen” deyishar, yoki masxara qilib “botanik”.  Ayniqsa, “botanik” atamasi qoʻllangan erkakni soddaligimga borib ilk lahzalarda oʻt-oʻlanlarga qiziqadigan oʻsimlikshunos boʻlsa kerak deb oʻylaganim hanuz asabimga tegadi. Qanday bemaʼnilik, shunday emasmi? Bu atamaning tub mohiyati kashfiyotimning ilk kunlari qalbimni bir maromda haftalab ogʻritgan, ming bir azobda “nahot, Bolkonskiylar koʻpchilikka yoqmasa, Kuraginlarning oshigʻi olchi boʻlsa” degandim bazoʻr tishimni tishimga bosib. Ochigʻi shunda ham boshida Tolstoyga tan bermadim. Magʻrurligim tutdi. Gʻururim telbanikidan kam emasdi-da. Yana bir bor unga yutqazishimni xazm qilolmasdim. Shunga oʻzim buni boshimdan kechirishga ahd qildim.

Dastlab Bolkonskiydek boʻlishga urindim. Qoʻlimdan keldi bu. Qisqa fursatda bir insonga kerak boʻlgan tarbiyaning barcha jihatlarini oʻzlashtirdim, madaniyatli koʻrinishda eng yuqori darajaga chiqdim, oʻzimni tutishda, didimni koʻrsatishda benazir boʻldim. Tashqi koʻrinishim sipo va jiddiy koʻrinishga keldi. Kiyinishda koʻzga tashlanmaydigan oddiylik bilan rasmiylikka intildim. Koʻchadagi va atrofimdagi son-sanoqsiz ayollar bilan munosabatlarimda shu jihatlarga urgʻu bera boshladim. Lekin ular bilan masofa saqlab gaplashishim, doimo vazmin  va befarq muloqotda boʻlishim, ularning oldida Gegel falsafasi yoki Remarkning romanlari haqida gapirishim, Yesenin yoki Blok sheʼrlarini yoddan oʻqishim, Van Gog kungaboqarlari yoki Klod Mone manzaralari haqidagi taassurotlarimni bayon qilishim, Shopenning sil kasalidan oʻlib ketganiga yoki Motsartdek dahoning qabri yoʻqligidan afsuslanib xoʻrsinishim, Mikelanjelo yoki Roden yaratgan haykallar tavsifini keltirishim ularni koʻp oʻtmay zeriktirdi. Ular menga xuddi Marsdan kelgan mehmondek munosabatda boʻlishga, qarshimda xomuza tortib oʻtirishga, ortiq men bilan qiziqmay qoʻyishga tushishdi. Oʻzimni ular davrasida xuddi Bolkonskiydek ruhan yolgʻiz seza boshladim.

Keyin grammafon plastinkasini orqa tomoni ham boʻlganidek, oʻzimni teskari rakursdan koʻrgim kelib qoldi. Yuragimdan tajriba quyonchasi sifatida foydalanishni davom ettirdim-da, vaqtincha Anatol Kuragin zoti oliylariga aylandim. U oʻz davrida soʻnggi urfda kiyingani kabi men yigirma birinchi asrning soʻnggi urfida kiyindim: ustimda tizzasi yirtiq shim (modasidan aylanay), tor sport koʻylagi, qoʻlimda qimmatbaho soat, boʻynimda tilla zanjir, oyogʻimda balerinalar kiyadigan yengil poyabzal. Soch turmagimni antiqa koʻrinishga keltirdim: ikki yon tomoni kalta, tepasi qalin va bir tomonga taralgan. Iyagimdan tortib jagʻimni besoqolboz turk aktyorlaridek mayin soqol bilan bejab chiqdim. Oʻzimni tutishim ham Kuragindek boʻldi: sarkazm va kinoyalar orqali oʻzini aqlli koʻrsatish, ayollarga haddan ziyod eʼtiborli boʻlish, biror bir xuriliqoni koʻzdan qochirmaslik, odamlarga mensimay va oqsuyaklarcha munosabatda boʻlish hadisini oldim.

Eng qizigʻi, shu lahzalik qiyofam atrofimdagi ayollarga yoqa boshladi. Ularga asliyatim sevgan adabiyot, falsafa, tasviriy sanʼat, musiqa haqida gapirish oʻrniga isqirt bilyard stolidagi muvaffaqiyatlarimni, boulingda barcha tayoqlarni urib yiqitish sir-sinoatlarini,  Chorvoqdagi eng qulay dala hovlilar tavsifini, Chimyondagi sport kompleksida changʻi uchishning insonga foydali tomonlarini, chilim  va spirtli ichimliklarning achchiq, oʻtkir turlarini, Versaci dan tortib Cristian Dior moda brendlari narx-navolarini bayon qilarkanman, ular menga mahliyo boʻlib tikilib oʻtirishar, suhbatimga intiq boʻlishar, har yerdan meni axtarishar, vaqt oʻtgach esa eʼtiborimga sazovor boʻlish uchun bir-birlari bilan raqobatlashishardi.

Kuragin qiyofasida goʻyoki hamma narsa oson edi bu hayotda. Eri bor ayolni ham yoʻldan urish, yoshimiz orasidagi farq oʻn yosh boʻlgan qizning diqqatini jalb qilish, opam tengi ayollarni yasama telba nigohim yoki bemaʼni suhbat mavzularim bilan aqldan ozdirish, ularni dil izhoriga majburlashdan tortib restoran-u dala hovligacha yetaklab olib kelish — hamma-hammasi bu sovuq obraz bilan xamirdan qil sugʻurgandek kechardi.

Bu hech bir aktyorning oltin repertuaridagi omadli rolidan qolishmaydigan tarzdagi rolim Tolstoyni shu roman fonida anglashimning soʻnggi bosqichi edi. Uning romani hayotiyligini, unga uchralgan magʻlubiyatimni yana bir bor tan olishdan boshqa choram qolmaganini tushunarkanman, oʻzimni abgor boʻlgandek, sochilib mayda-mayda boʻlib ketgandek his qilardim. Bolkonskiylar bor ekan, Kuraginlar yashar, bunga koʻnmasdan ilojim yoʻq edi. Faqat bu magʻlubiyatning toshi doimgilaridan koʻra ogʻir bosgandi, chunki oʻzim istamagan tarzda knyaz Andrey Bolkonskiy kumirimga aylangandi.

Hozir ham Tolstoy bilan bahslarim tugamagan. Gohida vaqtim boʻlgan kezlarda oynavand javonimda turgan “Urush va Tinchlik”ni qoʻlimga olib varaqlab qoʻyaman. Onamning sheʼrlar daftari titilib, eskirib ketgan boʻlsa-da, hali hanuz shaxsiy buyumlarim orasida bor. U yerdagi Bondarchukning kinofilmi kadridan olingan Tixonov ijrosidagi knyazning suratini doim birinchi boʻlib tomosha qilaman. Unga tikilarkanman, turib-turib oʻtmish xotiralarim uygʻonib ketadi va bolaligimda qarindoshlarimni men tomonga qarab  “ana, Bolkonskiy keldi” deyishganini deraza oldiga borib xomush eslayman. Shunda hayotim xuddi ikki bosqichga boʻlingandek boʻladi: “Urush va Tinchlik” romanigacha boʻlgan va undan keyingi davrga…

2020 yil, iyun. Fargʻona