"Topilmagan javoblar" turkum

So'roq

Kecha bir sòz eshitdim,

Nomin dedilar vijdon.

Ma'nosin hech tushunmay,

Men bòldim juda hayron.

 

Nelgin bilish uchun,

Savollar berdim talay.

...keling, U ne ekanin,

Sizga ham tushuntiray.

 

Vijdon bu:

 

"Ikki karra ikkini

Beshga teng!" demasligim.

Ukamning shokoladin,

O'g'irlab yemasligim.

 

Ha, yana bitta savol

Meni qiynar erta-kech,

Lekin shuncha urinib,

Javob topolmadim hech:

 

Vijdon degani faqat

Bizlarda bo'ladimi?

Yo odam katta bo'lsa,

U òlib qoladimi?!

 

 

Bola dardi

Katta bo'lsam,

osmonlarga uchmoqchiman,

Oppoq-oppoq bulutlarni quchmoqchiman.

 

Juda katta bir ixtiro qilaman,

Uni-elga xizmatim deb bilaman.

 

Katta bo'lsam,

Bo'laman ko'p mehribon,

Meni ko'rsa quvnaydi har bolajon.

 

Katta bo'lsam, katta bo'lsam, katta bo'lsam...

 

Lekin qiziq,

Dadam ko'kka uchmaganku?!

Yoki hecham xalq muammosin yechmaganku?!

 

Nega onam quchog'ini eslolmayman?!

Tizzasida erkalaniiib uxlolmayman?!

 

Ayting ular menday orzu qilmaganmi?!

Yoki hali hanuz katta bo'lmaganmi?!

 

Fursat

"-Shu kunlarda ishim ko'p,

Vaqtim yo'q bosh qashlashga.

Ko'nikib ham kettim-ey -

Eshshakdayin ishlashga.

 

-Sen shunday desang do'stim,

Nimasini aytay man?

Yumushim ko'pligidan,

Xuddi itday charchayman."

 

Shunday suhbatlar bilan,

To'ldi bugun qulog'im.

Hali kichik bo'lsam ham,

Ne qilay, o'yga toldim.

 

Ular go'yoki og'ir,

Musibatda qolishgan.

Qiziq, vaqt topisharmi,

Biroz odam bo'lishga?!

 

Bog'ichning degani

Kuz keldi, loy-u ko'lmak-

jonga tegdi aslida.

Og'ayni, bizga qiyin,

Yilning yog'in faslida.

 

Bechora botinkavoy,

Har kuni bo'ladi kir.

Bizlar qachon, qaysi payt

Toza bo'lamiz axir?!

 

Bir tomondan xursandman,

Gapni aytsam rostida.

Yaxshiyamki yurmayman,

Botinkaning ostida.

 

Falsafa

Har gal mehmonga borsam,

Ko'p xursand bo'lar tog'am.

O'zi yaxshi odam-u,

Meni o'ylar: "Aqli kam".

 

Tuflimni "-Bu menga"-, deb,

Olib qo'yadi doim.

Menchi, parvo qilmayman,

Buzmay tinchlik saroyim.

 

Chunki yaxshi bilaman,

Didimiz har xilligin.

Tog'alar-chi tuflini

Kiymas pushti gulligin.