Madina shkaf ustidagi gipsdan yasalgan, chiroyli farishtaga o'xshatib ishlangan haykalchaga uzoq tikilib yotdi. Umuman, uni har kuni ko'radi. Ertalab uyqudan uyg'onsa, birinchi unga ko'zi tushadi. Onasining aytishicha, uni ichi to'la eski tangalar emish, og'irligidan u tengi bolalar ko'tarolmasmish. O'sha kundan beri bu alomat haykalchaga yanada qiziqishi ortdi. Ammo unga bo'yi yetmaydi. Onasi esa birovning narsasiga so'roqsiz teginish odobdan emas deb o'rgatgan. Bu haykalcha uniki emas. Demak, tomosha qilish bor, qo'l tekkizish yo'q. Qaniydi taqiqlar shu ishni qilish jur’atini yenggani kabi qiziqishni ham yengolsa. “Birovniki baribir birovnikida”,-deb o'yladi u. Qizcha har kuni ertalab bu haykalchaga tikilib yotadi. Bu qachondan beri davom etyapti bilmaydi. Onasi bilan bobosinikiga mehmonga kelganiga ancha bo'ldi. Ko'p qorlar yog'di, o'rtoqlari bilan ariqda cho'milgan ko'p yozlar o'tdi. Shu yil kuzda esa buvasi aytganday “katta qiz” bo'lib maktabga chiqadigan. Maktab haqida o'ylasa, uni yuragi hapriqib ketadi. Qanday ajoyib-a sumka ko'tarib yangi kiyimlaringni kiyib maktabga borish... Maktabga boradigan kunini o'nta uxlab tursam boraman, beshta uxlab tursam boraman deb kutdi. Nihoyat, uning bitta uxlab tursa maktabga chiqadigan kuni anchadan beri ko'rmagan dadasi keldi. Qizcha dadasining bo'ynidan quchoqlab oldi. Ikkisi ham sog'inganini qattiq quchib izhor qilishdi. Dadasi uni maktabga chiqishini bilib boshdan-oyoq kiyimlar olib kelibdi. Madinaga forma katta kelgan bo'lsa, narsalar ichida qizchaga eng yoqqani, eng ajoyib ko'ringani qizil tuflicha esa biroz kichkina kelib uning oyog'ini siqdi. Tuflichani bazo'r kiyib oldi-da, olam-olam zavq bilan dadasini o'pib minnatdorchilik bildirdi. Tuflichaning taq-taq qilgan ovoziga qiziqib sement qilingan supada u yoqdan bu yoqqa kiyib yuraverdi- yuraverdi. Unga tuflichaning qip-qizil rangi, biroz turtib chiqqan, taq-taq ovoz chiqaradigan poshnasi yoqdi. Xuddi katta qizlarnikidek. Mana endi u o'zicha haqiqiy “katta qiz” bo'lgandi. Yaxshi ko'rib qolganidan hatto kechqurun kiyib uxlab qoldi. Onasi sekingina oyog'idan yechib olayotganda u tuflichasini maktabga kiyib ketayotgani va o'rtoqlarining havas bilan qarayotganini tush ko'rayotgandi.

 Ertasiga Madinaning tushi o'ngidan keldi. Birinchi darsga yal-yal yongan qizil tuflichasini taqillatib, qaramaganni ham qaratib kiyib bordi. U xursandchilik-u hayajonlari ichida oyog'ini tuflisi siqib tashlayotganini ham unutdi. Ammo maktabdan qaytishda bazo'r yurib keldi. Onasi uni yurishidan nima bo'lganini darrov sezdi. Ertasiga esa onasi o'zi olib bergan, hali biror marta kiyilmagan, rangi formasiga mos tuflichani kiydirmoqchi bo'ldi. Madina ko'nmadi. Qaysarlik qilib hatto maktabga borishdan ham bosh tortdi. Undan xuddi eng aziz narsasini tortib olishayotgandek tuflichasini himoya qildi. Tuflichasi endi siqmayotganini aytib onasini ishontirdi ham. Ammo o'zini o'zi aldayolmasdi. Maktabga yetib borgach, tuflichasini parta tagida hech kim ko'rmaydi deb o'ylab yechib o'tirdi. Shunda oyoqchasini orqasida kichkina pufakchalar paydo bo'lganini ko'rdi. Bu beozor ko'ringan pufakchalar tuflichasini kiyganida yorilib ketib, shunday qattiq achishib og'riq berdiki, yurolmay qoldi. Daftaridan qog'oz yirtib yarasi va tuflichasining orasiga qo'ydi xuddiki, bu toza oq qog'oz uni dardidan forig' qiladigandek. Ammo bu “davo chora” ham yordam bermadi. Uyga kechagidan battar ahvolda qaytdi. Onasining bundan qattiq jahli chiqdi. Tuflini-ku amallab yechib oldi ammo qog'oz qonayotgan yaraga yopishib, qotib qolgan ekan uni ajratishni o'zi bo'lmadi. Madina qanchalik og'rimasin, sezdirmaslikka harakat qildi. Aks holda onasi unga tuflichasini kiyishni man qilib qo'yishi mumkin edi-da.

 Ammo bu ishi foyda bermadi. Onasi unga tuflichasi kichkina ekanligini, bozordan o'zi boshqa xuddi shunaqasining kattarog'ini olib berishini yaxshi gap bilan, erkalab tushuntirishga harakat qildi. Madina onasining xuddi shunday erkalagan va yalingandek muloyim gapirishidan qo'rqadi. Har safar onasi shunday gapirgandan so'ng o'zi yaxshi ko'radigan narsalardan ayriladi. Oxirgi marta tog'asining yig'loqi qizi qo'g'irchog'ini so'rab injiqlik qilganida ham shunday avrab olib qo'yishgandi. Shundan keyin u qo'g'irchoqni qayta ko'rmadi. Tog'asining qizi turli xil o'yinchoqlari bo'lsa ham uning bitta-yu bitta dadasining uyidan olib kelgan qo'g'irchog'iga osilgani jahlini chiqargandi. Hozir shuni eslarkan Madina tuflichasini boshqa ko'rmaydigandek onasiga bermasdan quchoqlab oldi. “Dadam menga sovg'a qilganlar, hech kimga bermayman”,-deb yig'ladi. Bu ko'zyosh oyog'ining og'rig'iniki deb o'ylagan ona qizining qo'lidan oyoq kiyimni tortib olmoqchi bo'ldi. Baxtga qarshi Madina dadasini qanday qattiq quchgan bo'lsa, tuflichasini ham mahkam quchoqlab oldi. Ha deb bitta gapni qaytarib, qaysarlik qildi Madina “Dadam menga sovg'a qilganlar, hech kimga bermayma-a-a-a-n”! Oxiri toqati toq bo'lgan, asablari tamom bo'lgan onasi oyoq kiyimni joni boricha tortib oldi-da chirqirab qolgan qiziga tarsaki tushirdi. Madina kuchli zarbdan ko'rpachaga o'chib tushdi. Yuzini yostiqqa bosib, nafasi qaytib yig'layverdi... So'ng hiqillab-hiqillab uxlab qoldi. Bir payt nimadandir bezovta bo'lib uyg'onib ketdi. Qarasa, onasi uning tepasida yig'lab o'tiribdi. Umuman Madina onasining yig'lashlariga ko'nikib ham qolgan. Avval dadasi bilan yashashganda ham yig'lardi. Uning bolalik nazarida onasi dadasining baqirganidan qo'rqib yo urganida og'rigani uchun yig'lardi. Endi dadasi yo'q, ammo haliyam onasi kechqurunlari yig'laydi. Undan “Nega yig'layapsiz onajon”-deb so'raganida “Agar shunday qilsa, odamning yomon tushlari yuvilib chiqib ketadi. Yomon tushlardan qo'rqib yig'layman”-degandi. Madina esa “Yomon tushlarizni men ko'ray, siz ko'p yig'lamang, xo'p”-degandi onasining yuragini battar o'rtab. Hozir ham turib onasini yuzlarini artib qo'ygisi keldi-yu, ammo arazdaligi esiga tushib, teskari qarab oldi. Madina ertasiga yurolmasdan maktabga bormadi. Indiniga esa maktabiga borishga hojat qolmadi. Chunki uni dadasi bo'yniga mindirib, o'z uylariga olib ketdi. Endi u boshqa maktabga boradigan bo'lgandi. Madina yaxshi ko'rgan narsasini saqlab qolish uchun uni og'rig'iga ham chidagani kabi onasi ham yaxshi ko'rgani, Madinasi uchun turmushiga ko'nikishga qaror qilgan edi.