Momomning aytishi bo’yicha bobom
Esini yeb qo’ygan qari chol edi.
Dadamning aytishi bo’yicha bobom
Savodi-yu ilmi o’rta hol edi.

Bobom aso tutdi qarigan palla,
Asoni ko’raman yod qilgan sari.
Ko’plarga oddiy chol, ammo “Buyuk” deb,
Atashar bobomni og’aynilari…

Nihol ekar edi bobom muttasil,
Ulug’vor ko’rardi qishloq — zamonni.
Zamin nihollarga kuch berdi, faqat
Quchog’iga oldi sho’rlik bobomni.

Yalangoyoq chopib tuproq ko’chada
Qoqilib-yiqilsam hechqisi yo’q.
Momom koyir edi: esin yeb qo’ygan
Boboyning bolasisan-da esi yo’q.

Hammasi yaxshi-ku, dadam ba’zida
Oqshomlari ko’zin yummay uxlaydi.
Mening nazarimda momom tunlari
Esi yo’q cholini eslab yig’laydi.

Bobomni qayirish istadi kimlar,
Sira qulamadi iroda qasri.
Men bugun bobomga qilaman havas,
Esi yo’qlar buyuk bo’larkan asli.