Osmon olis edi, osmon jim edi,
Soddaman, bilmasdim chaqmoqning kuchin.
Tunov kun yoningda turgan kim edi?
Ko’nglimni tarjima qildim siz uchun.

Atirgul ko’klamni tark etdi — firoq,
Ko’ksimni poralar Momaqaldiroq,
Qachon javob topar abadiy so’roq —
Ko’nglimni tarjima qildim siz uchun.

Mag’lubiyat bo’ldi mening zafarim,
Sening yuragingga qilgan safarim,
Tunlar eslab senga yetgan mahalim
Ko’nglimni tarjima qildim siz uchun.

Pushkinni tarjima qilsam bo’lardi,
Balki o’qiganning ko’ngli to’lardi,
Muhammad Yusufni hamma bilardi…
Ko’nglimni tarjima qildim siz uchun.

Seni Yesenindan rashk qilgan paytim,
To’pori bolaydim, o’zimday baytim,
Hech qaysi so’zimga bermading qaytim,
Ko’nglimni tarjima qildim siz uchun.

Kunduz Quyosh guvoh, oqshom Oy guvoh,
Gohi savob qilib, gohida gunoh,
Ming istiholayu, ba’zan tortib oh,
Ko’nglimni tarjima qildim siz uchun.