Men seni kechirdim, isming isingan

Mehribon daraxtlar haqqi-hurmati.

Men seni kechirdim, o‘sha tun singan,

Sinmagan qadahlar haqqi-hurmati.

 

Devona orziqish,

Qish kabi choyshab,

Bo‘lingan,

Ulangan,

Unutilgan gap…

Men seni kechirdim, tonggacha yig‘lab,

Qizargan nigohlar haqqi-hurmati.

 

Ko‘rnamak hislarning gardani og‘rir,

Ulkan tun. Iztirob.

Bo‘lmadi oxir…

Men seni kechirdim, yengil-u og‘ir

Ham shirin gunohlar haqqi-hurmati.

 

Kechirdim.

Ko‘zingni ko‘zim tinglagan.

Giloslar panglagan,

Uzum zanglagan.

Sen menga aytmagan, o‘zim anglagan

Iqror-u izohlar haqqi-hurmati.

 

Umidim cho‘kkanda qo‘lladi cholg‘u,

Ohimda simillab yetildi og‘u.

Men seni kechirdim,

“Cho‘li Irog‘”u,

“Ushshog‘”-u,

“Segoh”lar haqqi-hurmati….

 

Men seni kechirdim, isming isingan

Begunoh daraxtlar haqqi-hurmati…

 

* * *

Sadafday kunlarni yo‘lma-yo‘l sochib,

To o‘lim, gupurib menda oqarsan.

Silasang, qoraysa oqargan sochim,

Silasang, qoraygan sochim oqarsa!

 

Yuragim – qip-qizil toza qalampir,

Sen ista, qarshingda lahzada paydo.

Tilasang, ro‘molcham uchargilamdir,

Tilasang,

Men – Yusuf,

Sen-da Zulayho!

 

Adadsiz rashkimni sabringga sig‘dir,

Qachonki, ko‘zingda yulduz tizilsa.

Ulasang uzilgan umrimni bir-bir,

Ulasang va yana umrim uzilsa!

 

Ayo, baxt sozining ko‘rkam ijodi,

Muhabbat navosin tutib yuksaldim.

Tashnaman, ko‘zlaring obi-hayoti

Quyilsa, kunma-kun gullasa qalbim!

 

Sen meni toparsan o‘zni yo‘qotsang,

Ishq bu – jar,

Ishq – o‘jar,

Osmonga yo‘ldir.

Qulasang, eng chuqur yaramga botsang,

Qulasang, meni-da o‘zimga keltir!

 

Sadafday kunlarni yo‘lma-yo‘l sochib,

Shafaqtus hayotim uzra oqarsan.

Silasang, qoraysa oqargan sochim,

Silasang, qoraygan sochim oqarsa!

 

 

* * *

 

Quyosh ketganida mag’ribga enib, 

Zamin duch keladi boshqa savdoga:  

Butun Toshkent uxlab qolganda, seni

O‘g‘irlab ketaman

Qashqadaryoga!  

Hurkitib Sirdaryo laylaklarini, 

Jizzaxda tulporga to‘qnashadi tong!  

Samarqand bahorgi ko‘ylaklarini 

silkitar

va borliq ura boshlar bong!  

Ho‘-o‘,  undan u yog‘i – tuproq ostidan

Samoga o‘rlagan matonatimdir!  

Eng baland hisoriy qoya ustidan 

Ko‘rganing – jaydari saltanatimdir!  

Mana shu – 

Iskandar navkarlarini

Qilichdan o‘tkazgan ori zada el!  

Mana shu – 

Muqanna kabi bag‘rini 

Janglarga peshlagan olovzoda el!   

Mening tomirimda qaynayotgan qon – 

Jahonning yarmini etib nazorat, 

Tangri inoyati bilan bir zamon 

Muqaddas Turonni qurgan jasorat!  

...Seni o‘g‘irladim.  

Tushun,  barini 

 Qonunga muvofiq qilgayman mudom.  

Dunyoning eng go‘zal sanamlarini

Keshga keltirishni buyurgan bobom.

 

* * * 

Parvoz etar momaqaymoqlar

Shamollarda tebrangan ko‘yi, 

Jim yotaman maygi o‘tloqda,

Kaftlarimga boshimni qo‘yib.

 

Oyday sokin, quyosh kabi tinch

Sezim qoplar yurak qa’rini. 

Bezayotir suvoqrang o‘pich

Qashqadaryo sohillarini.

 

Simiraman quyuq shamolday 

Idrokimga sig‘mas tuyg‘uni: 

“Men dunyoni nega yomonlay,

Axir Tangrim yaratgan uni!?”

 

Manov maysa, mana bu tog‘lar – 

Bari-bari menga berilgan.

Hamon uchar momaqaymoqlar,

Oyoqlarim chalishtirilgan.

 

Bir yonda o‘t, bir yonda pichan – 

Hal qiladi to‘riqning didi... 

Suv tubidan dimog‘imgacha

Suzib kelar baliqning hidi.

 

Qo‘zichoqlar shavqini 

Epkin 

Keltiradi shuurim taraf. 

Men yo-o-otibman, 

yuragim sokin, 

Jim-m yotibman Xudoga qarab!..

 

Parvoz etar momaqaymoqlar...

 

* * * 

 

Qaltiraydi qarshimda yanvar,

Qo‘llaringdan tutaman – olov.

Ikki yonda soqchi qayinlar,

Qo‘shiq aytib boramiz yayov.

Yelkamga muz tashlaydi archa,

Sen qiqirlab to‘qiysan maqol.

Kurashlarning tusidan charchab,

Kuzataman kulgingni xushhol.

O‘! Naqadar shirin soniya,

Ko‘zlaringga ko‘zim tikarman.

Farzandimga aytarsan deya,

Tomog‘ingga alla ekarman.

Bu dunyoning nimasi bor, ayt?!

Ginasi bor, dardi, hasrati!

Barchasiga boqqancha loqayd,

Senga ulkan sevgi asradim.

Dil asradim, qorong‘u kecha 

Osmoningni yoritar porloq. 

So‘z asradim atrokday o‘jar

Va muqaddas Turon kabi pok. 

Vazmin ruhim, tabiatimga

Yo‘latmadim ig‘voni zinhor.

Dovullarni qamab ichimga,

Etaverdim jahlimni inkor.

Bularni qo‘y, 

Yanvarni kuzat.

Oppoq qorda yugurar tulpor.

Muz ostida dasturxon tuzab,

Kutayotir bizlarni bahor.

 

* * *  

 

Bir yerda tinch vatan qurmoqchi edim,

Davrada aylandim tilla qadahdek.

Yelkamni qushlarga bermoqchi edim,

O, nasib etmadi menga daraxtlik…

Ismimni chaynaydi sobiq do‘stlarim,

Men xira farahlar allasida mast.

Kavsarim, hamonam moviy ko‘zlarim

Qop-qora daryoga do‘nmagani rost.

Men itday ergashdim ko‘nglim ortidan,

Suyanib ho‘ngradim tushlarga gohi.

Oqibat: osmonday yarim-yortiman,

Ko‘zimda beuya qushlar nigohi!

Baribir daraxtga aylanmoqchiman,

Behuda sarflanib ketmasdan kuchim.

Aminman, yetarli mendagi chidam,

Boltalar zarbini ko‘tarmoq uchun!

Aminman, qirg‘oqqa boshini urgach,

Mung‘ayib qaytuvchi to‘lqin – bahodir;

Uning hech nimani etmasdan ro‘kach,

Shuddat-la ortiga qaytishi bordir.

Qaytaman hazonrang saharlaringga,

Bir dunyo bahorni olib qaytaman.

Qushlarim, yelkamga qo‘narsiz hali

Barvasta bir daraxt bo‘lib qaytaman!

 

 

* * *

Qo‘shotar miltig‘i tushdi yelkadan,

Etikdan qaytarib oldi oyog‘in.

Talab et yo yalin yoki erkalan –

Boshqacha bo‘lmaydi endi bu yog‘i…

U yovvoyi o‘rdak cho‘qigan ko‘lning

Tubidan laqqalar sug‘irmas endi.

Shaytondek g‘ingshigan chiyabo‘rining

Bo‘g‘zidan g‘ijimlab, do‘g‘irmas endi.

Loyxo‘rak patining ortidan quvib,

Tuxumlar keltirmas kuchuklariga.

Eng chuqur kamarga badanin yuvib,

Uchuqlar qo‘shmaydi uchuqlariga.

Endi xom yong‘oqning to‘nidan oqqan

Jigarrang quvlik ham qo‘lga xinomas,

Kurashlar avjida yonib, tutoqqan

Qonini qaynatib turmaydi Yofas…

Endi u Jek London asarlariga

Taqlidan hindulik qilmaydi, afsus,

U muhlat bermoqda asablariga,

U to‘plash bilan band balchiqdek nufuz…

Halicha, yetmadi quduq tubiga,

Tozarib olishning boshqa yo‘li yo‘q.

(Kim quyosh oldida to‘siq to‘qigan,

Har holda, soyani o‘ldirmaydi o‘q.)

…O‘shanda, ming botmon sabr bitar, bas,

Ko‘nmaydi tepkining bo‘sh yotariga.

Ig‘voni, nifoqni, bitta-bittamas,

 

Qo‘shshalab otadi

Qo‘shotarida…

 

*  *  *

Bu ulkan tushlarni senga asradim,

Qoyadek hasratim kukunlikka shay,

Quyoshga evrilsin nuru nusratim

Va qolgan umrimni bugundek yashay.

 

Bu foram orzular senga tegishli,

Bir dasta gul kabi quchoqla barin.

Nimaki istadim,

shunga erishdim –

Ko‘nglingga erishdim, ko‘ngli gavharim.

 

Tuyuqday tuyular gohi muhammas,

Gohi bir misraga sig‘ar muhabbat,

Bu dunyo, bilaman, meniki hammas,

Munchoqmi, kishvarmi –

mudom muvaqqat

 

Baribir barini unutmoqchiman,

Hovuching ushatgan mehringdan bo‘lak.

Osuda orom ol,

o‘zim soqchiman,

Ertaga bugunlar bo‘lmasa kerak…

 

Bu ulkan tushlarni senga asradim…

 

* * *

 

Qizlarning sochiga umrini bog‘lab,

Suvoriy yigitlar ho‘ngragan zamon.

Seni haqoratlab,

Seni arqog‘lab

Yasharman, ey sochi to‘zg‘igan makon.

Sharafning eng o‘tkir quyqasidir bu,

Qontalash yuzingdan o‘parman arang,

Bo‘g‘ilib, bosiq oh tortadi burg‘u,

Tobora asabdek qizib borar jang.

Qo‘ymijoz notiqning boshida mahsi,

So‘ylarkan, egnida shoyi va bahmal.

Shirakayf hurujning qondagi raqsi

Qorbarsi singari bo‘g‘zimga mahtal.

 

Alaf yalayotir atrokning bog‘in,

Butasi, tomiri xanjar tashigay.

Xo‘mrayib kezarman atrofni, horg‘in 

Qo‘shini bodaxo‘r lashkarboshiday.

Yanayam urchiydi keskin haqorat,

Sindirib tavoze g‘aladonlarin,

Uyg‘oning! Arqonni kessin harorat,

Sochlarga o‘ralgan Qorajonlarim!