Mabodo hozir  Nelli Zaks hayot boʻlganida yoki men sal oldinroq tugʻilganimda undan, albatta intervyu olgan boʻlardim. Aytaylik, 1950 yilda tugʻilganimda  yoki u qazo qilmay hech boʻlmaganda yigirma birinchi asrning boshiga oʻtib qolganida bunga ulgurardim (shunday deb oʻzimga koʻp gapiraman. Bunga sabab frau[1] Nellining sheʼriyati taʼbimga mos kelib, judayam yoqqani uchun emas, balki uni yodimga olganimda yuragimni tinmay qiynaydigan bitta savolga undan javob olish uchun).

Shu kunlarda bu haqida yana koʻp oʻyladim. Yuqoridagi ikkita farazni tasavvur qilib, ulardan biriga, aniqrogʻi ikkinchisiga toʻxtaldim. Yaʼni, “frau Nelli omonatini Yaratganga topshirmay, yigirma birinchi asrning boshiga oʻtganida undan qanday intervyu olardim?” degan xayol shuurimni qamrab oldi.

Agar shunday boʻlganida, albatta birinchi galda Stokgolmga borish uchun rosa bir yil yemay-ichmay, yangi kiyim kiymay, dam olish uchun sihatgohlarga bormay, yoqilgʻiga pul ketmasin deb mashina haydamay gonorarlarimni iloji boricha tejab, buvimdan qolgan eski sopol guldonda pul jamgʻarardim. Yetarli miqdorda pul jamgʻarilgach, pasportimning ichiga viza urdirish uchun navbatga qoʻydirardim. Unga vizaning chiroyli muhri urilgach, aviakassaga borib chipta olardim (qarang, biram osonki bu jarayon).

— Kechirasiz, Stokgolmga chipta bormi?

— Qayerga?- derdi shunda sotuvchi ogʻzi ochilib.

Mijozlariga aylangan odam bolalari ogʻzidan Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Tailand, Rossiya kabi davlatlar nomlarini eshitaverib bu bechoralar shunchalik oʻrganib ketishganki, Stokgolm soʻzi quloqlariga boshqacha eshitilib, hayron boʻlishlari tabiiy.

Chiptamni kissamga solgach, unda koʻrsatilgan kun kelishini intiqlik bilan kutardim. Oʻsha kun kelgach, ish joyimdan taʼtil olib, lash-lushlarimni yigʻishtirib, oy borib omon kelishim uchun onamga peshonamni tutib (yogʻli patirning bir chetini tishlash shu yerda esimdan chiqadi), Stokgolmga uchardim. Samolyotda ketayotib, oʻzimdagi uchishga qarshi boʻlgan noxush fobiyani yo styuardessa qizning kalta yubkasidan chiqib turgan oyogʻining boʻliq son qismiga suqlanib qarab, yo  Nelli Zaksning xassos sheʼrlarini pichirlab oʻqib yengishga urinardim. Nazarimda, ikkinchisi boʻlardi. Chunki, chiroyli oyoqlarga  qaraganim bilan yerdan uch ming metr balanlikda “koʻrmoq boru, yemoq” boʻlmaydi baribir.  Xullas, pichirlab sheʼr oʻqirdim:

Vaqt shaffof shaklga[2]

Kirgan mahali

Va quyosh ufqqa

Yonboshlagan payt

Qabrlar ustida ungan

Giyohlar-

Narigi dunyodan kelgan xabardir.

Sheriklarim shunda yerdan uzilib, havoga koʻtarilgani uchun Xudodan eson-omon qoʻnishini soʻrab ibodat qilyapti, deb taxmin qilishardi. Tentaklar. Lekin frau Nellining sheʼrlarini ibodatdan nima kam joyi bor? U oʻz davrida onasi ikkisini Gestapo[3] changalidan asrashi uchun Xudoga tinmay nolalar qilib, shunaqa sheʼrlar yozgan. Demoqchimanki, uning sheʼrlari oʻziga xos ibodatlar silsilasi.

Palma yaproqlarin

Tovlanishida

Kimsasiz biyobon yotar

Yastanib,

Va tanho

Avvalgi hayotda qilingan

Duo

Kelib shuʼlalarga doʻnar-u

Qoʻnar

Marmar buloq uzra ola

Boshlar tin.

Oxiri sheʼr oʻqishim bilan sheriklarimning joniga tegaman. Samolyot Stokgolmga uchishi uchun avval Moskvaga borib, odam toʻldirishi kerak. Shu oʻy lop etib ong ostimda paydo boʻlib, peshonamni gʻingshib tirishtiraman va oʻzimni yolgʻondakam uyquga solib, boʻlajak intervyuni xayolimda pishitib ketaman. Shubhasiz, Stokgolmga borishim bilan darrov frau Nellining huzuriga bormayman. Avval xuddi davlat xavfsizlik xizmati xodimi kabi uni yaxshilab oʻrganaman, feʼl-atvorini, turmush tarzini, begonalarni qabul qilish-qilmasligini va hokazolarni soʻrab-surishtiraman. Balki dastlab shaharni aylanarman. Stokgolm oqshomda rosa chiroyli boʻladi deyishadi-da. Hozir bahor, koʻklam oqshomidagi shahar tarovatini tasavvur qilyapman…

Aeroportda choʻntagimdagi Benjamin Franklin[4]ning suratlaridan birini Gamilton[5]ning oʻnta suratiga almashtirgach, taksiga oʻtirib shaharning Nelli Zaks istiqomat qiladigan qismiga boraman. Tarjimai holida bu yerga kelganidan beri u bir xonali xonadonda yashashi aytilgan. Hamon oʻsha yerda yashashini kvartalga kelgach, uning biqinida joylashgan kafe bosh oshpazidan bilib olaman. Oshpaz fast fud, bifshteks, tovuf filesi  kabi goʻshtli taomlarni sotaverib, oʻzi ham bir qop goʻshtdan farq qilmay qolgan baqaloq boʻladi. U Nelli Zaks haqida men bilmagan koʻp narsalarni gapirib beradi. Toʻgʻridan toʻgʻri emas, albatta. Gapirishdan oldin oʻzini taroziga solib, hech nimani bilmasligini roʻkach qilib, chimildiqqa kirgan qizdek rosa diydiyo qilib nozlanadi. Gollivud kinolarida boʻlganidek, Gamiltonning ikkita suratini unga tutqazganimda u bir pasda bulbuldek sayrab ketadi:

— Sizga aytsam,- deydi u boshidagi oq qalpogʻini toʻgʻrilab olib.- Frau Nelli hech qachon kunduz kunlari koʻchaga chiqmaydi, uyida ham birovni qabul qilmaydi. Odamoviroq ayol. Asosan oqshom choʻka boshlagach, egniga jigarrang plashchi bilan  boshiga qora shlyapasini kiyib, hassasiga tayanib koʻchaga chiqdi. Shaharni piyoda bir aylanib chiqqach, qaytishda shu yerga kiradi va pomidorli sous aralashtirilgan tovuq filesi yoki qoʻy goʻshtida tayyorlangan bifshteks isteʼmol qiladi. Keyin xuftongacha gazeta oʻqib oʻtiradi. Koʻpincha Simonaga (u bizning doʻndiqcha, fenomen pianinochimiz) choy-chaqa berib, unga nemis bastakorlaridan birortasining kuyini chalishga buyurtma beradi va koʻzlarini yumib oʻsha kuyni tinglaganicha hordiq chiqaradi.

Men bu “qimmatli” maʼlumotlarni bilib olgach, omadim kelganini tushunib, hech qayerga chiqmay, shu kafeda oqshom choʻkishini kutib oʻtiraman. Oqshom choʻkkach, frau Nellining xonadonidagi koʻcha tomonga qaragan qiya derazalar zichlab yopiladi va koʻp oʻtmay u koʻchaga chiqadi. Yigirma birinchi asr boshi boʻlgani uchun kampir aniq yuz yoshdan oʻtgan boʻladi. Shungami  hassasiga tayanib, bir amallab va goʻyo sudralib yuradi. Kafe bosh oshpazi tasvirlagan plashch va shlyapada boʻladi. Trotuar boʻylab shahar markaziy qismi tomon yoʻl oladi. Men deraza oldida oʻtirgancha uni kuzatib qolaman. Taxminan yarim soat oʻtgach, u ortga qaytadi va hamma bilan salomlashib kafening eshigidan kirib keladi (shu yerda kelasi zamon feʼlida gapirishdan hozirgi zamon feʼliga oʻtsam maylimi? -Mayli, mayli.)

U rosayam qarib ketgandi. Nihoyasiz ajinlar sabab yuzi bujmayib, koʻzlari osti osilib-osilib ketgan, qoqsuyak qoʻllari qaltirar, shlyapasi ostidan koʻrinib turgan bir tutam oppoq sochlari quruqshab ketganga oʻxshardi.

— Doimgidek tovuq filesimi, frau Nelli?- soʻradi ofitsiant yigit uning oldiga kelib.

— Bu safar qoʻy goʻshtidan tayyorlangan bifshteks,- dedi kampir stol ustidagi sochiqni havorang va yengi uzun koʻylagining boʻyin qismi ichkarisiga tiqib.- Shuningdek, guruchli non bilan sodali suv keltiring.

Ofitsiant buyurtmalarni keltirgach, frau Nelli stol ustida yaltirab turgan sanchqi va pichoqni qoʻliga olib, taomni ishtaha bilan tanovul qila boshladi. Men bu vaqtga kelib kafening doʻndiq va fenomen cholgʻuchisi boʻlgan- jingalaksoch Simonaning yonida turardim. Unga Gamiltonning suratidan birini tutqazib, nemis bastakorlari bisotidan nimadir chalib berishini iltimos qildim. U Bramsning[6] “venger ohanglari” turkumidan sonata chalsam maylimi, deb qoldi.

— Bramsning oʻsha turkumi zoʻr-da, — dedim unga ochigʻi mumtoz musiqani u kabi tushunmasligimni bildirishni istamay.- Mayli, undan chala qol.

Simona Bramsning kuyini chala boshlagach, frau Nelli shoshilgancha ovqatdan boshini koʻtarib, lol qolib pianino tomonga qaradi. Simonani oldida turganimni koʻrib, buyurtmachi men ekanimni tushundi-da, boshini tavoze bilan menga irgʻab qoʻydi. Qaytib joyimga kelayotganimda bir muddat menga alanglab koʻzlari porladi. Nuroniy chehrasi yorishdi, ishtahasi yanada ochilib, taomni quvnoq holda isteʼmol qilishga oʻtdi. Tamaddini yakunlagach, lablarini sochiqqa artdi. Stakandagi sodali suvdan bir-ikki xoʻplab, oʻrnidan turdi-da,  toʻgʻri men tomonga keldi.

— Vielen Dank![7]— dedi roʻparamda turib, pianino tomonga ishora qilarkan.

Unga inglizcha javob qaytarganimni koʻrib, jilmaygancha oʻsha tilda minnatdorchilik bildirdi. Rasmiyatchilik ishlari yakunlangach, stolimga oʻtirish uchun izn soʻradi. Xudo odamning mushkulini oson qilsa, shunday boʻlarkan-da. Oradan hech qancha fursat oʻtmay mashhur nemis shoirasi roʻparamda oʻtirardi.

— Frau Nelli,- dedim u qarshimga joylashib olgach, yengil tomoq qirib yoʻtalib olarkanman.- Men olis Oʻzbekistondan keldim. Sizdan intervyu olgani.

U intervyu soʻzini eshitib, birdan qah-qah urib kula boshladi. Umri davomida shunchalik koʻp intervyu berganidan bu joniga tekkanini yuz-koʻzidan taxmin qilsa boʻlardi.

— Qari kampirdan intervyu olib nima qilasiz?- dedi u kulaverib yoshlanib ketgan koʻzlarini shoyi dastroʻmoliga artib olib.- Fikrim endi kimni ham qiziqtirardi? Shartim ketib partim qolgan boʻlsa.

— Shoir sifatida jahon adabiyotida oʻz oʻrningiz va ovozingizga egasiz,- unga eʼtiroz bildirdim.

— Qaysi jurnalning muxbirisiz?- u bexos soʻz qotdi.

Men kallamga birinchi kelgan jurnal nomini aytdim.

— “Jahon adabiyoti” jurnalining.

— U yerda sheʼrlarim koʻp marotaba chiqqanmi?

Shu yerda boshim qotdi. Qari kampirni “Jahon adabiyoti” jurnali muxbiriman deb aldaganim yetmagandek, endi u yerda bir martagina chiqqan sheʼrlarini koʻp martaga chiqqanga oʻzgartirib aldashda davom etaymi yo rostini aytaymi?

— Bir necha marotaba chiqqan,- dedim baribir yolgʻon gapirishda davom etib (Xudo oʻzi kechirsin, jurnal bosh muharriri ham).

U Brams qurgʻurning musiqasini Simona tomonga boshini burgan koʻyi koʻzlarini yumib bir necha daqiqa tinglagach, menga mamnun holda oʻgirildi.

— Savollaringizni beravering, men tayyorman.

— Oʻzi bittagina savolim bor xolos,- dedim unga yelkamni qisib.

— Bitta xolosmi?- dedi u ishonib-ishonqiramay.   

— Xuddi shunday. Ellikta beʼmani savoldan bitta maʼnili savol berilgani yaxshi emasmi ijodkor uchun.

U ohista qarsak chalib, dangal fikrimni olqishlab qoʻydi. Men davom etdim.

— Ochigʻi, menga soat nechchida uygʻonib, yozuv stoliga qachon oʻtirishingiz, qaysi paytlari ijod qilishingiz, uyda mushuk yoki kuchuk boqishingiz, qahvaning sutlisini yo achchigʻini yoqtirishingiz, shaxsiy kutubxonangizda kimlarning kitoblarini saqlashingiz, husnixatingiz chiroylimi yo xunukligi, birinchi va oxirgi muhabbatingiz kim boʻlgani kabilarni qizigʻi yoʻq. Sizni bular haqida gapirishga majbur qiladigan ahmoqona savollar berishdan yiroqman.

-Oʻsha bir donagina savolingizni bering, bolam,- dedi u  tushundim degandek boshini qimirlatib tabassum qilarkan.

-Nega sheʼriyatingiz bir xillikdan iborat?- dedim unga shu payt oʻzim bermoqchi boʻlgan savolimni ochiqlab.- Nega hamma sheʼrlaringiz faqat bitta ruhda — hadik va qoʻrquv ruhida yozilgan?

U savolimga javob berishdan oldin chuqur oʻyga toldi. Qoqsuyak qoʻllarini bir-biriga asabiy ishqaladi. Xira koʻzlari yanayam xiralashib ketgandek koʻrindi. Gapirishdan oldin ikki-uch marta xoʻrsindi. Koʻkragi qisgandek qiynalib-qiynalib nafas oldi.

 -Men nemis adabiyotida juda kech — asosan yigirmanchi asrning 30-yillari boshlangan bir paytda koʻzga koʻrina boshlandim. Ungacha sheʼr yozsam-da, bu sheʼrlar havaskorlik namunalaridan boshqa narsa emasdi. Men ularga jiddiy yondoshmasdim. Yoshim qirqdan oʻtgan bir paytda sheʼriyat qismatimga aylana boshlanganini sezdim. Oʻsha davrlar — ogʻir davrlar edi. Germaniyada hokimiyat tepasiga kelgan Gitler va uning hamtovoqlari boʻlgan natsistlar yahudiylarga kun bermay qoʻygan zamon allaqachon ostonada eshik qoqib turardi. Men jurnallar uchun sheʼr yozsam-da, fikru xayolim shu oʻzgarayotgan siyosat bilan band boʻlar, onam ikkimizning bu zamindagi ertangi kunimiz tobora mavhumlashib borayotgani dilimni oʻrtardi. Sheʼriyatim shu kayfiyatimni oʻzida aks ettirar va hadik, qoʻrquv, ishonchsizlik kabi inson yuragini xavf yuzaga kelgan paytda egallab oladigan tuygʻular meni  oʻz iskanjasiga olishga ulgurib, unga ham batamom koʻchgandi.

39-yilga kelib Gitler Germaniyasida yahudiylar uchun odamga oʻxshab yashashning ilojisi deyarli qolmadi. Endi ular bizni istagan koʻylariga solishar, koʻcha-koʻyda haqorat qilishar, mayda-chuyda xatolarimiz uchun ham panjara ortiga tiqib, it azobini boshimizga solishardi. Gohida onam bilan uyda nonushta yoki kechki ovqatni tanovul qilayotgan chogʻimizda, koʻchadan nemis Gestaposining signali yoʻgʻon qora mashinasi oʻtganida yuragimiz bir xavotir bilan urib qoʻyardi. Xuddi ular bizni uyimizdan sudrab olib chiqib ketadigandek eshik tomonga choʻchib qaragancha, ovqatni qayerimizga yeganimizni ham bilmay jonsarak oʻtirardik.

Koʻp oʻtmay  Germaniya yahudiylardan tozalana boshlandi. Gitler oʻz siyosatini ikki yoʻsinda olib borardi: dunyoni egallab oʻz imperiyasini tuzish va uni yahudiylar tugul barcha oliy irq boʻlmagan millatlardan tozalash. Buning natijasi oʻlaroq, Germaniya shaharlari boʻylab tarqalgan yahudiylar siquvga olinib, birin-ketin Gestaponing oʻlim yertoʻlalariga yoki eseschilar qoʻriqlaydigan konslagerlarga joʻnatila boshlandi. Gestapo yertoʻlasida ularning tirnogʻi etidan sugʻurib olinar yoki terisi shilinar, konslagerlarda esa yoshu-qarisi krematoriyda tiriklayin yoqib yuborilardi.

Bunday vaziyatda yagona najot yoʻli — Germaniyani iloji boricha tezroq tark etish edi. Men havaskorona sheʼrlar yozib yurgan paytlarim shved yozuvchisi Selma Lagerlyof[8] bilan doʻstlashgan va u bilan doimiy maktub almashib turardim. Bir kuni oxirgi yuborgan maktubimda undan  Shvetsiyada yahudiylar uchun yashash imkoniyati qandayligini soʻradim. Ijobiy javob olgach, onam bilan taraddud koʻrishga tushdim. Shvetsiyaga chiqib ketishning oʻzi oson boʻlmadi. Ming bir xayol bilan koʻcha kezish, transportda yurak hovuchlab oʻtirib ketish, bojxonadagi qogʻozbozliklar kabilar meni ancha ruhan siqib, holdan toydirdi.

Nihoyat, Shvetsiyaga ham yetib keldik. Bu davlatda tinchlik hukmron boʻlib, uning havosi boshqa Yevropa davlatlaridan farqli ravishda Gitlerning natsistik gʻoyalari bilan zaharlanmagandi. Selma Lagerlyof bilan uchrashish nasib etmadi (u kelishimdan sal oldin qazo qildi). Stokgolmning chetidan bir xonali xonadon sotib olib, onam bilan birga yashay boshladim.  Bitta tor xonada ikki kishi siqilishib, lekin sokinlikda va xotirjam yashardik. Ammo 1939 yilda boshlanib, 40-yillarda avj olgan Ikkinchi jahon urushi baribir halovatimni oʻgʻirladi. Men hatto Germaniyadan uzoqda boʻlgan Stokgolmda ham oʻzimni xotirjam sezmasdim, chunki ketma- ket yevropa mamlakatlari Gitler tomonidan bosib olinayotgani tinch yashashimga imkon bermas va men qachonlardir Gestaponing mashinasini toʻldirgan malaylari Stokgolmga ham yetib kelishlarini, bir xonali xonadonimdan sochlarimdan tutgancha sudrab olib chiqib ketishlarini,soʻng doʻzaxdan farqi boʻlmagan Osvensim yoki Buxenvald kabi konslagerlardan biriga yuborishlarini oʻylab dahshatdan oʻzimni qoʻyarga joy topa olmas, yuragim kuchli vahima natijasida qinidan chiqib ketishga shay turardi. Bu dardni unutish va chalgʻish uchun esa sheʼrlar yozardim. Ular doimgidek hadik, qoʻrquv va ertangi kunga ishonchsizlik kabi bezovta tuygʻularni tarannum etardi. Men boshqacha yozolmasdim. Boshim ustida turgan havfni sezib, ochiq-oydin koʻrib turib hayotdan rohatlanish yoki optimistik ruhdagi sheʼrlarni istasam-da, bita olmasdim.

Ikkinchi jahon urushi toʻrt yil davom etdi. Men shu toʻrt yilni uyimga qamalib, doimiy ravishda Gestaponing malaylarini ostonamda kutib oʻtkazdim. Urush tugagach ham, undan qolgan jarohat hadeganda bitavermadi. Shu jarohat taʼsirida 1946 yilda Germaniyada nashrdan chiqqan kitobimni “Oʻlim makonlari” deb nomladim. Keyingi kitoblarimga ham gʻalati va gʻayrioddiy nomlar qoʻydim: “Yulduzlarning soʻnishi” va “Keyin qanday boʻlishini hech kim bilmaydi”. Hatto, pyesamga ham (“Qochish va oʻzgarish”).

Urush allaqachon tugagan boʻlsa-da, mendagi qoʻrquv hissi tugamagandi. Shu sababdan urushdan keyin ham koʻcha-koʻyga faqat oqshom choʻkkanida chiqar va kun boʻyi uyimda davom etgan diqqinafaslikni Stokgolmning iliq kuzgi yoki mayin bahorgi oqshomlari bilan tarqatar, qorongʻulikdagina meni Gestapo topa olmasligiga ishonib, xotirjam tarzda trotuar boʻylab sayr qilar, shahar markazidagi istirohat bogʻidagi oʻrindiqda toza havodan toʻyib-toʻyib nafas olardim. Shu tarzda hayotimda aqalli  kichkina oʻzgarishga chora topa olgandim. Stokgolmning oqshomlari bunga koʻmak berardi. Ammo, sheʼriyatim hech oʻzgarmasdi. Men tom maʼnoda bir xil ruhdagi sheʼrlar yozishda davom etardim. Yuragimdagi bitmagan jarohat, achchiq va qonli oʻtmish zalvori hanuz sheʼriyatni boshqacha his qilishimga toʻsqinlik qilar va men tirnogʻimdan boshimdagi soʻnggi tolamgacha birxillik qobigʻidan chiqish uchun urinar, lekin ming afsuski, chiqa olmasdim.

Urushdan horib-charchab chiqqan Yevropa aksiga olib meni oʻqishda va maqtashda davom etardi. Men tobora mashhur boʻlib borar, kitoblarim Germaniyada ham qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilar, zavol topgan avlod sheʼrlarimdan oʻziga najot yoki taskin topishga harakat qilardi. Men esa shunda ham oʻzimdan qoniqmas, boshqacha yozishga intilaverar, shunga qaramay bu ish yana qoʻlimdan kelmasdi. Hayotning goʻzalligini qanchalik tasvirlashga urinmay, biror bir sheʼrni yozib tugatgach, unda hayotning goʻzalligi emas, uning qay bir burchagida yashirinib yotgan xavf belgisi koʻzga tashlanardi. Inson qalbida nish uradigan goʻzal tuygʻularning fusunkorligini kechinmalarim yordamida qanchalik ulugʻlashga urinmay, faqat undagi hukm suradigan qoʻrquv haqida oʻquvchiga hikoya qila boshlardim. 1965 yilda Tinchlik, 1966 yilda Nobel mukofoti bilan meni taqdirlashganida ham shu bois bu mukofotlar menga tatimadi.

Men uni lablarimga qistirilgan sigaret bilan tinglar, stol ustidagi kuldonga uni muntazam bostirib-bostirib, orada apelsin sharbatidan ichar, oyoqlarimni chalishitirib oʻtirgancha, koʻzimni undan uzmas, qulogʻim ostida esa goh uning hikoyasi, goh Simona ijrosidagi Bramsning kuylari jaranglab aks sado berib turardi.

— Men hozir ham kunduz kunlari koʻchaga chiqmayman,- davom etdi frau Nelli.- Hanuz qoʻrqaman. Hanuz koʻchada yurganimda Gestapo mashinasi roʻparamdan chiqib, uning malaylari sochimdan tortib olib ketadigandek tuyulaveradi. Shuning uchun shaharni odatimga koʻra kun boʻyi xonadonim derazasidan kuzatib oʻtiraman. Shomga yaqin quvonib kiyinaman va koʻchaga otilib chiqaman. Trotuardan sekin yurib, hech kim bilan salomlashmay, oʻzimni tanitmaslik uchun shlyapamni burnimga qadar bostirib, istirohat bogʻiga boraman. U yerda toza havodan nafas olib, oʻzimning tanish oʻrindigʻimga oʻtiraman. Yonimga shunda eski tanishlarim-uysiz kuchuklar kelishadi. Plashchim choʻntagidan ularga deb olgan kolbasalarni, non boʻlaklarini har biriga tarqataman. Soʻng hassamga suyangancha xayol surishga oʻtaman. Otamni, onamni, tugʻilgan shahrimni, balet raqqosasi boʻlishni istagan yoshlik yillarimni, mehribon Selma xonimni xotirlayman. Bogʻdagi xilvat va sokinlik bu xotiralarni jonlantirishimga, ular bilan oniy fursat yolgʻiz qolishimga koʻmak beradi. Shu tarzda vaqtimni oz-moz mazmunli oʻtkazaman. Ammo shunday kezlarda ham sheʼriyatim haqidagi bezovta oʻylardan qochib qutula olmayman. Xoʻrsingancha men ham boshqacha, rang-barang yozishim mumkin edi-ku deb, qassob qoʻlida jon berayotgan qoʻydek har tarafga tipirchilashga tushaman. Toʻgʻrisiyam shu-da. Boshqacha yozishim mumkin edi. Afsuski, ilojisi boʻlmadi. Bir xillik qobigʻidan chiqib keta olmadim. Bunga nazarimda Ikkinchi jahon urushi sabab boʻldi. Agar urush boʻlmaganidami…

Frau Nelli mahzun kulimsirab qoʻydi. Uning ajin toʻla zaʼfaron yuzi kafedagi son-sanoqsiz chiroqlar yorugʻida yanayam rangparlashgandek tuyuldi.

— Mana bitta-yu bitta savolingizga javob, bolam,- dedi soʻng keksa yoshi sabab qaltirashni odat tutgan qoʻllarini koʻksiga bosib va qon bosimi oshib ketgan kimsalardek chakkasini uqalay boshladi.- Bundan koʻra oʻsha ellikta beʼmani savolni bersangiz yaxshi boʻlardi. Shunday boʻlsa-da, xursandman. Ichimni yana bir bor boʻshatib oldim.

Men frau Nelli bilan kafeda koʻp oʻtirmadim. U bir ozdan soʻng Simonaga havodan boʻsa yuborib, menga oʻzi bilan birgalikda Bramsni tinglab suhbatdosh boʻlganim uchun tashakkur aytib, hassasiga tayanib oʻrnidan turdi.

— Endi meni maʼzur tutasiz. Erta yotishga odatlanganman.

U sekin qadam olib, hassasiga suyanib-suyanib kafe tashqarisiga chiqdi. Ortidan qarab qolarkanman,  ijodkor insonga baʼzida ellikta bemaʼni savol bergandan koʻra bitta  maʼnili savol bergan yaxshi degan fikrimni yana maʼqulladim (oʻsha savol unga ogʻir botsa-da, achchiq xotiralarini yodiga solsa-da). Faqat oʻsha yagona savolni unga topib berish kerak. Ayrimlar buni uddalaydi, ayrimlar esa yoʻq…

… Nelli Zaks arshi aʼloga shoshilmay, yigirma birinchi asr boshigacha yetganida  u bilan uyushtiradigan bittagina savolni oʻz ichiga olgan suhbat-intervyum taxminan shunday ruhdagi ssenariy asosida kechardi. Ham quvnoq, ham mahzun. Biroq u 1970 yilda olamdan oʻtgan, men esa hech boʻlmaganda 1950 yilda tugʻilmaganman. Barchasi risoladagidek boʻlganida ham bu intervyuning amalga oshishiga koʻzim yetmasdi. Xoʻp, amalga oshdi ham deylik. Keyin uni qayerda nashr qildirardim? Toshkentdagi “Jahon adabiyoti” jurnalidami? U yerda Panama yoki Senegal kabi gadoy topmas davlatlarda yashagan oʻrtamiyona shoirlarning taqdiri sheʼrlari bilan birga katta qiziqish uygʻotadi, xolos. Boshqa davriy nashrlardami yo? Ularda oʻnta, yigirmata va nihoyat ellikta beʼmani savolga berilgan javobdan iborat boʻlgan turli-tuman ijodkorlarning intervyulari toʻlib-toshib yotibdi. Qolaversa, shu yerda eng asosiy narsa yodimdan koʻtarilay debdi: Stokgolmga borish uchun pulni qanday jamgʻarardim? Axir, gonorarning oʻzi yoʻq-ku!

-----------------------------

2020 yil, may. Fargʻona.

[1] frau- nemislarda ayollarning ismi oldiga hurmat tariqasida qoʻshib aytiladi.

[2] Sheʼrlar Nozima Xabibullayeva tarjimasida berildi.

[3] Gestapo – Gitler paytidagi nemis siyosiy politsiyasi.

[4] Bu yerda 100 AQSH dollari kupyurasi nazarda tutilyapti.

[5] Bu yerda 10 AQSH dollari kupyurasi nazarda tutilyapti.

[6] Brams — buyuk nemis bastakori.

[7] nemis tilida “koʻp rahmat” degani. 

[8] Selma Lagerlyof — shved yozuvchisi, Nobel mukofoti laureati.