Parijda 1893 yilning yozi boshlangan bir payt… Tashqarida ungagina xos boʻlgan garmsel vaqti— vaqti bilan  yuzga yoqimsiz urilar, bahorning mayin ob— havosi bilan xayrlashgan bogʻdagi daraxtlarning mahzun qiyofasi saratonda qovjirash uchun zoʻraki tayyorgarlik boshlanganidan dalolat berardi. Deraza orqali koʻrimsiz xonaga tushayotgan quyoshning zarrin nurlarini temir karavotida kuzatib yotgan Mopassan tirikdan koʻra oʻlikka oʻxshar, shu boisdanmi oldiga ruhiy xastalar kasalxonasi bosh hakimi— doktor Blansh kirganida u qimirlab ham qoʻymadi.

— Azizim,— dedi doktor uning qoshiga borgach, sekin engashib.— Men doktor Blanshman. Tanigandirsiz?

Koʻzlari bir nuqtaga qadalgan Mopassan xuddi chaqmoq chaqqandek seskanib, unga jonsarak bir alfozda tikildi. Lahza oʻtib— oʻtmay negadir xaxolab kulishga tushdi. Kulayotganida chakkasining tomirlari boʻrtib chiqib, koʻz osti xunuk koʻkarib ketdi.

— Qayerdasan, Dyurua?— baqirdi u atrofiga alanglarkan.— Eshityapsanmi meni,  yoqimtoy? Sendan  “azizim” maqomini butkul tortib oldim, butkul.

Uning ogʻzidan oppoq koʻpik toshib chiqa boshlaganini koʻrgan doktor bezovtalanib, bir muddat oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Oʻzini qoʻlga olgach,  oʻrnidan turishga intilgan Mopassanni joyiga qaytib yotqizdi. Karavot yonida turgan stol tortmasidan shpris olib, unga stol ustidagi idishda turgan suyuqlikdan yetarli miqdorda tortib, adibning tomirlariga yubordi. U tinchlanib, yostiqqa behol va boʻshashib bosh qoʻygach, ichiga botib ketgan koʻzlari tubini astoydil tekshirdi, bosh barmogʻi bilan sertuk bilagidagi tomir urishini eshitdi.

— Konsilium qilamiz hozir,— pichirladi baqir— chaqirni eshitib, yoʻlakdan xonaga shoshilib kirgan yordamchisiga.— Barcha doktorlarni toʻplang. Ahvoli siz aytgandan ancha ogʻir.

Mopassan ularning suhbatini tinglab yotib, xuddi uyqusida kulgan goʻdakdek koʻzlarini yumgan holda sezilar— sezilmas jilmayib qoʻydi.

— Yana bir marta azizim deb chaqiring,— dedi Blansh turishga chogʻlanganida uning qoʻlidan arang tutib.— Kuni bitgan yozuvchini bir xursand qiling.

Doktor unga achinib,  yordamchisiga esa maʼnoli  qarab qoʻydi— da,  shartta eshik tomon yoʻl oldi.

— Dyurua sendan bu maqomni tortib oldim,— dedi Mopassan shpris orqali yuborilgan dori taʼsirida koʻzlari ilina boshlagach almoyi— aljoyi mingʻirlashni boshlab.— Tortib oldim. Tortib…

Konsilium payti doktorlar uning holatini atroflicha oʻrganishdi. Barcha adib hayoti qil ustida turganligini yaxshi tushunar, tahlil va tekshiruv natijalari shuni yaqqol koʻrsatib turardi.

— Uning hastaligi irsiyat bilan bogʻliq,— dedi Blansh picha oʻylanib turib.— Bu oʻz vaqtida uning onasida ham kuzatilgan. Asab hujayralari taʼsirchanligi meʼyoridan oshishi natijasida ruhiyat izidan chiqqan. Vaziyat tobora yomonlashib boryapti.

— Menimcha, bu hastalik,— dedi uning yordamchisi oʻz fikrini bildirib.— Bir yil oldin qishda misye Mopassan oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlganidan soʻng tez surʼatda avj olgan. Ungacha deyarli koʻzga tashlanmagan.

— Hozir uning yoshi nechchida?— soʻradi yigʻilganlardan yana biri—  doktorlarning ichida eng yoshrogʻi.

— Qirq uchda,— dedi  Blansh unga goʻyo “buning nima ahamiyati bor” deganday qarab qoʻyib.

— Bu yosh bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin,— dedi yosh doktor dadillik bilan.— Erkaklar qirq yoshni xatlab oʻtishgach, ularda ruhiy inqiroz unsurlari koʻzga tashlanadi. Suitsidlar koʻp hollarda aynan shu yosh atrofida ular bilan roʻy berishini endilikda tibbiyot statistikasi ham aytib turibdi.

Blansh  ikki soat davomida bir toʻxtamga kelinmagan konsiliumdan Mopassan yotgan xonaga tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odamdek shumshayib qaytib keldi va boʻsagʻadan oʻtib— oʻtmay u yerda oʻtirgan hamshira qizga koʻzi tushdi. U adibning ogʻziga qoshiqda piyozli shoʻrva tutardi.

— Mehribonsiz judayam, doktor,— derdi Mopassan shoʻrvani arang labidan halqumiga oʻtkazarkan, unga ketma— ket tashakkur izhor qilib.

— U endilikda barchani doktor deb chaqiryapti,— dedi Blansh oʻziga angrayib  qaragan hamshiraning quloqlariga kelib shivirlagancha.

Hamshira adibni amallab ovqatlantirib boʻlgach, idishlarni yigʻishtirib, xonadan chiqib ketdi. Doktor uning qarshisidagi stulga choʻkdi.

— Xoʻsh, qachon oʻlarkanman?— dedi Mopassan yonida yana doktorni payqagach, u tomonga holsizlanib boshini burarkan.

— Oʻlishingizga hali erta,— dedi Blansh unga umid baxsh etish uchun ozgʻin kaftidan asta tutib.

— Floberga oʻxshab ketdingiz shu tobda,— peshonasini tirishtirib yoʻtaldi u.— Hozir oʻrningizda boʻlganida, onamning bolalikdagi doʻsti ham shubhasiz shunday derdi. Qoʻynikiga oʻxshagan koʻzlarini sal qisib, menga boqardi— da: “hali erta bunga” derdi xuddi bir paytlar novellalarimdan kamchilik axtarib topib, qonimni icha— icha oʻttiz yoshimgacha adabiyotga yaqin yoʻlatmagani kabi.

Doktor undan koʻzini olib, kasalxona bogʻiga qararkan, uni yana alahsirayapti, deb oʻyladi. Uning boshi yostiqqa qattiqroq choʻkib, tanasi bir qop goʻshtdan farq qilmay shalvirab qolgandi. Birgina lablarining orada ochilib— yopilishi va moʻylabining koʻtarilib tushishi unda haliyam tiriklik alomatlari mavjudligini bildirardi.

— Azizim soʻzini qoʻshmadingiz bu safar,— nogoh unga jiddiy eʼtiroz bildirdi Parijning birinchi raqamli adibi.— “Azizim, hali erta oʻlishingizga” demadingiz.

Uning birdan jiddiylashgani kutilmaganda es— hushi oʻziga qaytganidan darak berardi. Blansh bundan toʻla boxabar, u shifoxonaga yotqizilganidan beri uch— toʻrt marta shu holat unda kuzatilgan, konsilium payti bir toʻxtamga kelinmaganining bosh sababi ham shu edi aslida. Shunga doktor oʻzini buyogʻiga sergak tutishga urindi.

— Oʻzingizni yaxshi his qilyapsizmi, azizim?

Mopassan unga istehzoli qarab qoʻydi. Pajmurda nigohida alamzadalikka oʻxshash narsa yalt etib balqidi.

— Men bolaligimdan adabiyotga rosa qiziqardim,— dedi soʻng mutlaqo sogʻlom va es— hushi joyida odamlar kabi dona— dona qilib.— Oʻzimcha sheʼrlar toʻqirdim. Ular men tugʻilib oʻsgan diyor— Normandiyaning goʻzal va fusunkor tabiati manzaralari haqida boʻlardi. Shu tarzda litseyda oʻqiy boshlaganimda sheʼrlar toʻqib ancha— muncha qogʻoz qoraladim. Keyin menda toʻsatdan novella yozishga qiziqish uygʻondi. Poeziyadan koʻra prozaga qonim tortib ketdi. Dengiz ishlari vazirligiga ishga kirganimda sheʼr oʻrniga allaqachon novella yoza boshlagandim.

Vazirlikdagi ishimga deyarli qiziqmasdim. U yerda xizmat vazifamni oʻlganimning kunidan bajarar, bir dasta qogʻozlar orasida zavq olishdan koʻra doim zerikib kunni kech qilardim. Uyda boʻlgan paytlarim boʻsh vaqt topishim bilan oʻzimni adabiyotga urar, yozuv stoli qarshisiga mixlangancha novella ketidan novella yozardim. Bir tomondan, bu menga maʼnaviy— ruhiy ozuqa berar, yozib lazzatni tuyar va orom olardim. Boshqa tomondan, ularni yozib boʻlgach, kimga koʻrsatishimni bilmasdim. Shu narsa yuragimni xijil qilardi. Oʻzim kitoblarini oʻqib hayratlangan Stendal va Balzak allaqachon oʻlib ketishgan, zamonaviy adiblarni deyarli tanimasdim.

Bir kuni onam menga bolalikdagi doʻstini tavsiya qilib qoldi. Uning doʻsti kimsan Gyustav Floberning oʻzginasi edi ( oʻsha “Bovari xonim” romani muallifi). Uning oldiga borganimda, u meni iliq kutib oldi. Rosa onamga oʻxshashimni gapirib, bolalikdagi xotiralari bilan yarim soat oʻrtoqlashdi. Qahva ichishga taklif qilib, oldimga sutli qahva va likopchada shirinlik qoʻydi. Sheʼr va novellalarimni qoʻliga olgach esa birdan qovogʻi uyildi va menga jahl bilan oʻgirildi— da, yuzimga tarsaki tushirgandan beri qilib:

— Bular hech nimaga yaramaydi,— dedi ularni oldimga tashlab.

Shundan soʻng u menga adabiyotning missiyasi, yozuvchining jamiyatdagi oʻrni va hayotiy tajribasi haqida uzundan uzoq maʼruza oʻqidi. Stendal, Balzak va Gyugoni koʻproq oʻqishimni maslahat berdi. Uning oldidan xafsalam pir boʻlib qaytgach, novella yozish oʻrniga yuqoridagi mualliflarning asarlarini topib oʻqidim. Aytganini qilib adabiyotni baholi qudrat oʻrgandim, hayotni chetdan kuzatdim, jamiyatda boy tajriba toʻplashga kirishdim. Bu bir necha oy, hatto yillab davom etdi. Buning natijasida men yozuvchi sifatida unib— oʻsdim, tajriba toʻpladim, koʻplab jahon adabiyoti namunalarini mutolaa qildim. Ammo, har safar yangi yozilgan novellamni olib borganimda, u qoʻlyozmamni oʻqib koʻrib, uni xuddi birinchi safardagidek oldimga uloqtirardi.

— Bular hech nimaga yaramaydi,— oʻsha gapini takrorlardi har gal.— Adabiyot maydoniga chiqish uchun hali sizga erta!

Men oʻsha paytlari yigirma besh yoshli yigit edim. Yuqorida aytganimdek,  dengiz ishlari vazirligida oʻrtacha maoshga ishlar, bir qolipga tushib qolgan hayotimda shu adabiy mashgʻulotim va uning mahsuli boʻlgan novellarlarimdan boʻlak boshqa birorta yuragimga taskin beruvchi ovunchoq yoʻq edi. Shungami deyman Floberning doimiy bir xil mazmundagi gaplari koʻp oʻtmay meni chuqur tushkunlikka tushirib qoʻydi. Ulardan zada boʻlib va yuragim siqilib, jon achchigʻida bu holatdan chiqish yoʻllarini izladim. Eng yomoni, uni izlab— izlab, jamiyatning yengil— yelpi qatlamidan topdim. Takasaltang va bir tiyinga qimmat doʻstlar orttirib, yengiltak va uchinchi nav jazmanlar bilan aloqa qila boshladim. Oqibatda, tasodifan zaxm kasalligini yuqtirib oldim. Kasallikdan eson— omon tuzalganimdan soʻng lablarimda tabassum bilan adabiyotga qaytdim va Xudoga shukrona aytib yana  novella yozishga kirishdim. Ularni oldingilari bilan solishtirib, oʻzimda baland oʻsish kuzatilganini sezgach, oyogʻimni qoʻlimga olib Floberning huzuriga yugurdim. Ularni koʻrib, uning quruq yuzi bir muncha yorishgandek boʻldi. Shunga qaramay novellalarimni huddi avvalgilari kabi tagʻin oldimga uloqtirdi.

— Hali sizga erta,— dedi bu safar ham roʻparamda sigarasini tutatib oʻtirarkan bamaylixotirlik bilan.— Nimadir yetishmayapti. Menimcha, badiiylik.

Oʻttiz yoshimgacha vaziyat shu taxlitda kechdi. Bitta ssenariy tegramda aylanaverdi. Bu xuddi repertuarida bir donagina spektakli bor sayyor teatr truppasini eslatardi: men doim novella yozardim va uni Floberga koʻrsatardim. U  boshini chayqab, novellani oldimga uloqtirardi. Soʻngra, yozuvchining jamiyatda tutgan oʻrni va hayotiy tajriba haqida soatlab gapirardi…  Nihoyat, bir kuni unga “Doʻndiq” nomli novellam maʼqul keldi. Oʻshanda kalendarda 1880 yil may oyi edi. Oʻsha yili bu ijod namunam “Medan oqshomlari” almanaxida Emil Zolya va boshqa koʻzga koʻringan yozuvchilarning asarlari bilan birga nashr qilindi.

Doktor uni jimgina eshitardi. Oxirgi marta es— hushi oʻziga qaytganida, Mopassan unga ayollar bilan boʻlgan ishqiy sarguzashtlari haqida gapirib bergan, u esa bunga ahamiyat bermagandi. Endilikda qoʻqqis ijodiy faoliyatidan soʻzlashni boshlagan mijozining bunday qaroriga oʻsha paytdagi kabi ahamiyat bermasa— da, uning hayajon taʼsirida burun kataklari kengayib, koʻz qorachigʻida allaqanday qizil— oq dogʻlar paydo boʻlganidan  u bir oz havotirga berilar va ikki qulogʻi uning hasbi hol mazmunidagi gaplarida boʻlsa, ikki koʻzini tashqi koʻrinishidagi favquloddagi oʻzgarishlardan uzmasdi.

— Oradan bir yil oʻtib Flober olamdan oʻtdi,— davom etdi Mopassan bir tekisda nafas olib.— Men yolgʻiz qoldim. Endi yozgan novellalarimni hech kimga koʻrsata olmasdim. Lekin bu meni tashvishga solmasdi, chunki oʻz yoʻnalishimni va stilistikamni shakllantirib boʻlgandim. Badiiyat borasida ham muammom qolmagandi. Kundan kunga badiiy olamimga tobora teranroq shoʻngʻib, tanaffussiz novellalar yozar, matbuot va nashriyotlar ularni nashr qilib ulgurishmasdi. Men qisqa fursat ichida qiyinchilik va mashaqqatlar evaziga qoʻlga kiritilgan yozuvchilik maqomim rohatini bir boshdan koʻra boshlagan, buning ortidan moliyaviy ahvolim ham yaxshilanib borardi. Shuning evaziga vazirlikdagi zerikarli ishimni tashladim. U yerdagi maoshga ortiq ehtiyojim qolmagandi. Endilikda men adabiyot ortidan yiliga oʻrtacha ellik— oltmish ming frank ishlab topardim. Mashhurligim Zolyanikidan kam emasdi. Shunday ijodiy parvozim davomida 1883 yilda “Hayot” va 1885 yilda “Azizim” romanlarini yozib tugatdim. Ular birin— ketin nashr qilindi. Hamma balo shundan boshlandi. Toʻgʻirogʻi, “Azizim” dunyo yuzini koʻrgach…

Mopassan bir paytlar ayollar qarshisida mastona suzilishni zoʻr uddalagan, endi boʻlsa kirtayib ketgan koʻzlarini doktordan uzib, shift tomondagi boʻshliqqa qadadi.

— “Azizim” nomli romanim nashr qilingach, bir zumda butun Parijga mashhur boʻlib ketdi. Har yili roman ishlab chiqaradigan fabrikasi boʻlgan Emil Zolyaning romanlari bir chetda qolib, mazkur romanimga Parij ahlida ehtiyoj kuchaydi. Nashriyot uni qaytib— qaytib nashr qildi. U har safar oxirgi adadigacha tarqaldi va arzimagan bir necha oy ichida butun Parijda qoʻlma— qoʻl boʻlib oʻqildi. Adabiyot olamida, oqsuyaklar davrasida, ishchilar orasida birdek eʼtirof— u tahsinga sazovor boʻldi.

Men oʻsha kunlari tom maʼnoda baxtiyor va xushnud edim. Axir, qaysi yozuvchi bunday muvaffaqiyatdan oʻzini sarxush sezmaydi?! Shunday baxtiyor onlarimda “qaniydi, bu kunlarni Flober koʻrsa edi”, derdim. Endi meni butun Parij tanir, adabiy muhit faqat novellachi sifatida emas, romanchi sifatida ham  tan olib, allaqachon jiddiy qabul qilishni yoʻlga qoʻyganini gʻoliblik ruhiga qorishgan ichki sezgim bilan his qilardim.

Biroq, vaqt oʻtgan sari bitta jihat meni hayron qoldira boshladi. Roman bosh qahramoni boʻlgan— buzuq va yengiltak Jorj Dyuruadan butun Parij, ayniqsa ayollar aqldan ozishardi. Bu qahramonim qanchalik salbiy va jirkanch boʻlmasin, Parij ayollari uni yomon koʻrishmas, aksincha unga oʻzgacha moyillik bildirishardi. Ayniqsa, oqsuyaklar davrasidagi noziktaʼb xonimlardan tortib islovotxonadagi irkit ayollargacha romanda taʼrif— u tavsifi keltirilgan uning chiroyini, shirinsuhanligini, magnitdek oʻziga jalb qilish xususiyatini ogʻzilaridan bol tomgancha maqtab charchashmasdi. Adabiy muhitda boʻlsa men qolib, uni koʻproq muhokama qilishar, bu muhokamalar payti men goʻyo ikkinchi planga tushib qolardim. Oʻzim yolgʻiz qolgan paytlarda u xususidagi mulohazalarga berilarkanman, negadir uni koʻp narsaga oson erishganini xazm qila olmasdim. Vaholanki, uni oʻzim shunday qilib yaratgandim. Ammo oʻz oʻtmishimni koʻz oldimda gavdalantirarkanman, uning yutuqlari asabimga tegardi va bir pasda novellalarimni koʻtarib oʻttiz yoshimgacha Floberning uyiga boʻzchining mokisidek qatnagan, uning qarshisida nima derkin deb yosh boladek yurak hovuchlab oʻtirgan, oldimga uloqtirilgan qoʻlyozmalarimda yuzimga tushirilgan tarsaki taʼmini totgan damlarim oʻtardi— da, uni koʻrganim koʻzim, otgani oʻqim qolmasdi.

Aksiga olib, uning shuhrati kun sayin ortib borardi. Sira kamaymasdi. Romanim Parijdagi deyarli har bir xonadondan qoʻnim topgandi. Parij ayollari oʻz suyuklilarini, oʻgʻlilarini, kuyovlarini, hatto jazmanlarini Dyuruaga oʻxshagan abjir, ayol kishini yamlamay yutuvchi, yulduzni benarvon uradigan olgʻir boʻlishini orzu qilib nafas olishardi. Ularga qarab yelkamni qisarkanman, “axir u bir buzuq inson boʻlsa, nimasi qiziq” deb boshim qotardi.

Bu roman atrofidagi vokealardan vaqti kelib shunchalik zerikdimki, bir kuni Fransiyadan tashqariga bosh olib chiqib ketdim. Avvaliga 1886 yilda Angliyaga sayohat qildim, keyin yangi ixtiro qilingan  havo sharida dunyoni kezdim. Jazoirga bordim. 1888 yili qalamhaqlarim evaziga  sotib olgan yangi yaxtamda Oʻrta yer dengizini, maftunkor Italiyani sayr qildim. Rembrandtning kartinasidagi daydi oʻgʻilga oʻxshab Fransiyaga qaytgach, yana qahramonimning mislsiz shon— shuhrati roʻparasidan chiqdim. Baxtga qarshi u haliyam Parij ayollari orasida urfda edi. Ayollar hanuz undan hayratlanishar va sevishardi.

Bora— bora men oʻz “bolam”ga hasad aralash gʻazab bilan boqa boshladim. Hasad  qilishim chetdan qaraganda erishdek tuyulishi mumkin. Ammo gʻazabim keng tasavvurimda asosli edi. Meni adabiy muhitda ikkinchi planga tushib qolganim yoki Dyuruani mendan farqli ravishda oʻz yutuqlariga oson yoʻl bilan erishgani emas, jamiyatni unga haddan tashqari hayrixoxligi dargʻazab qilardi. Bu gʻazab taʼsirida kallamga u bilan bemaʼni raqobatga kirishishdan boshqa narsa kelmadi oʻshanda. Shu tarzda endilikda kiyinishda, oʻzimni odamlar davrasida tutishda, ayollar bilan munosabat oʻrnatishda undan oʻzishga urinar va kezi kelganda vaqtimning ziyodroq qismini yozuvchilik faoliyatimga emas, kiprik qoqmay shu kabi mayda— chuyda narsalarga sarflab yuborardim. Shunday boʻlsa— da, buning zarracha nafi tegmas, undagi olqishlangan qusurlarni oʻzimga tabiiy yopishtira olmasdim. Masalan, oqsuyaklar davrasida shirinsuhanlik qilishimga ularning saviyasiz dunyoqarashlari koʻpincha xalal berar va atrofda siyqasi chiqib aylanayotgan kundalik  maishiy mavzularga darrov gʻashim chiqar, buning oqibatida suhbatni davom ettirishga boʻlgan ragʻbatim yoʻqolib, oʻzimni ularni berilib eshitayotgan ahmoqdek koʻrsatish qoʻlimdan kelmay qolardi. Xuddi shunga oʻxshash holat ayollar bilan yaqin munosabatimda ham koʻzga tashlanar va men qanchalik oʻzimni Dyuruadan oʻtkazishni istamay, birdaniga ikki yoki uchta ayol bilan koʻngilxushlik qilishdan tom maʼnoda jirkanardim. Islovotxonada biror bir ayol bilan yolgʻiz qolganimda esa oʻzimni qoni qaynoq va ehtirosli koʻrsatib, turli— tuman fantaziyalar taʼsirida hindlarning shu mavzuga bagʻishlangan eposi boʻlgan— “Kamasutra”da tavsirlangan ishqiy lazzatga erishishning yetmish ikki xil usulini xayolimda nechogʻlik pishitmay, ularni birma— bir amalga oshirganim bilan baribir tasavvurimda qahramonim darajasiga chiqolmas va qarshimda qip yalangʻoch holda yotgan, yuz— koʻziga pardoz vositalarini chaplab olgan – men hatto ismini— da bilmaydigan ayol ham goʻyo buni taʼkidlab “Dyurua buni sendan yaxshiroq uddalardi” deyayotgandek boʻlardi.

— Axir, u buzuq— ku!— derdim shunday kezlarda achchigʻim chiqib oʻzim bilan oʻzim olisharkanman.— Hech qanaqasiga u yoqimtoy emas. Unga “azizim” maqomi mos emas. Romanda men uni kinoyali tarzda shunday ataganman. Nahot, laʼnati Parij shuni tushunmasa?

Azizim soʻzini unga kinoyali tarzda qoʻllaganimni afsuski, kamchilik payqagan  va ularning aksari adabiyot odamlari ekani kundek ravshan edi. Adabiyot olamidan tashqarida  u shu taxallusga aylangan kinoyali nomi bilan Parijning ardogʻida boʻlib, uni taxtdan tushirish borgan sari imkonsizdek tuyulardi. Baʼzida bu qorongʻu labirintning ichida birgina chiqish yoʻli koʻzga tashlanardi. Bu yoʻl “Azizim”dan oʻtkazib yangi roman yozish va shu orqali Dyuruani jamiyatning isqirt xotirasidan oʻchirib tashlashdan iborat boʻlardi.

Men aynan oʻsha yoʻldan ketdim. Qisqa fursat ichida koʻp mehnat qildim, yozuv stolimdan deyarli turmay qoʻydim, uyimdan haftalab tashqariga chiqmadim va bularning samarasi oʻlaroq,  uch yil ichida uchta roman yozdim. Bular— “Mont Oriol”, “Pyer va Jan”, “Oʻlimdek kuchli” romanlari boʻlib, har biri oʻziga xos boʻlishiga qaramay, ming afsuski hech qaysisi  “Azizim” erishgan yutuqning oʻndan birini ham takrorlay olmadi. Ulardagi bosh qahramonlar xuddi men kabi Jorjning shon— shuhrati soyasida qolib ketishdi.

Baʼzida shunday kunlar boʻlardiki, men xuddi oyparastga oʻxshab kamin oldida soatlab bir nuqtaga tikilib oʻtirardim. Hushim oʻzimga qaytganida, qoʻlimga “Azizim”ni olib, uni ensamni qotirib varaqlar, gohida yod boʻlib ketgan sahifalarini qaytadan qiziqib oʻqib koʻrardim. Bundan maqsad oʻsha soʻtakning biror bir ijobiy boʻlmasa— da, hech boʻlmaganda oʻziga tortadigan qandaydir xislati borligini ilgʻash edi. Aksiga olib, har safar uning feʼl— atvorida faqat buzuqlik va maʼnaviy qashshoqlikka duch kelardim. Kitobni yoparkanman, tashqarida odamlar bilan toʻlib— toshib, qozondek qaynayotgan Parijga derazadan turib qarab “ham onasi, ham qizi bilan koʻngilxushlik qiladigan buzuq senga rostdan yoqadimi”, deb ayyuhannos solishni istardim. Ammo bu hatti— harakatim bilan kulguli ahvolga tushib qolishdan qoʻrqar va shunga balki tilimni tiyardim.

Bora— bora Dyuruani butunlay jinim suymaydigan darajaga borib, u haqida eshitsam asablarim qaqshab ogʻriydigan boʻlib qoldi. Shu vajdan davralarda kam koʻrinish berishni yoʻlga qoʻydim, odamoviligim ortdi, ayollar bilan yolgʻiz qolishdan koʻnglim bezillashni odat tutdi. Gohida shunaqa lahzalarda  “Azizim”ni hamma adadini toʻplab, togʻdek uyum qilib, ustiga kerosin sepib, yoqib yuborgim kelardi. Biroq, bunday qilolmasdim. U nafaqat Parij, balki butun Fransiya boʻylab tarqab ulgurgan, “bolajonim” fransuz jamiyatining yoqimtoyiga aylangandi. Shu menga alam qilardi.  

Kuchli asabiylashib yashash oqibati, albatta oʻzidan qandaydir iz qoldiradi. Oʻzimda bir kuni buni sezdim. Boshimda kuchli ogʻriq paydo boʻldi va men dod deb yubordim. Tanish doktorimga murojaat qilganimda, u koʻp yozayotganimni, yozuvchilik faoliyati bilan vaqtincha shugʻullanmay turishimni maslahat berdi. Uning aytganini qildim. Foydasi boʻlmadi. Bosh ogʻrigʻi kundan kunga kuchayar, bu ayniqsa Dyurua haqida oʻylaganimda oʻzining kulminatsiyasiga chiqar va shu damda miyam qisishni boshlardi. Oʻzimni yoʻqotar darajada gʻazablangan paytlarim bosh ogʻrigʻiga qoʻshilib, es-hushim ham meni tamomila tark etar, xayolan buzuq qahramonim bilan olishib kun qanday kech boʻlganini yoki xizmatkorim ovqatlanish uchun ismimni aytib qayta— qayta chaqirganini anglamay qolardim.

Oʻtgan yili onamni koʻrgani borganimda ham shunday boʻldi. Uning oldida kechki ovqatni tanovul qilib oʻtirarkanman, Dyurua esimga tushib ketdi. U romanda aynan men kabi stolning toʻrida oʻtirar, xonimlar davrasida qoshiq va sanchqini nazokat bilan ishlatar, bokaldagi vinodan lablarini qimtib simirib, atrofidagi ayollarga sirli qarab qoʻyardi. Men ham oʻzim bilmagan holda unga oʻxshab harakat qilayotgandim. Bir payt shu oʻy tepa sochimni tikka qilib yubordi va gʻazablanib boshimni changallab qoldim. Ogʻriqdan koʻz oldim qorongʻulashib, onamga uzrimni aytdim— da, oʻzimga ajratilgan xona sari yoʻl oldim. Oradan hech qancha oʻtmay oʻsha yerda oʻz jonimga qasd qildim. Bu bilan hecham tugamaydigan qalb azobidan qutulmoqchi edim. Ammo peshonamga yana bir oz yashash yozilgan ekan. Oʻlmadim. Mana, endi bu yerda yotibman.

Doktor endilikda uni diqqat bilan  eshitar, oppoq kaftidagi bir— biriga chirmashgan semiz barmoqlari onda— sonda qaltirab qoʻyardi.

— Sizda ruhiy holat keskin buzilgan,— dedi u nihoyat Mopassanga boshini koʻtarib xoʻrsingancha.

— Oʻz qahramoni bilan raqobatlashishning mahsuli bu,— dedi Mopassan lablari titrab— titrab.— Axir, uni oʻzim yaratganman, oʻzim!

— Sogʻayib ketasiz,— dedi Blansh negadir shu soʻzlariga oʻzi ham ishonmay.

Diydasi qattiq boʻlgan Mopassan unga beixtiyor yigʻlamsirab tikildi.

— Yana Dyurua bilan raqobatlashish uchunmi?!

…Oradan bir oyga yaqin vaqt oʻtib, 1893 yil 5 iyul kuni uning ahvoli birdan yomonlashdi. Xonaga otilib kirgan  Blansh uni ikkita feldsher yigit qaramogʻida koʻrdi. U karavotida yotgancha ikki qoʻlidan mahkam tutgan yigitlarga kuchli qarshilik koʻrsatar, ogʻzidan koʻpik sachrab, koʻzlari ola— kula boʻlib, ularni dagʻal soʻzlar bilan haqorat qilar, es— hushi umuman joyida emasdi.

— Dyurua buzuq!— derdi u yigitlarning kiyimlaridan tortib.— Aslo yoqimtoy emas. Buzuq, buzuq!!!

Ertasiga doktor oʻz xonasida oʻtirib, tibbiy hisobotiga quyidagi soʻzlarni yozdi: “Gi de Mopassan, taniqli yozuvchi. Kasalxonamizda olti oy yotib davolandi. Soʻnggi kunlari ishtahasi deyarli yoʻqolib, tomogʻidan hech nima oʻtmay qoldi. Es— hushidan vaqti— vaqti bilan ayrildi, birov bilan gaplashishni istamadi va erta— yu kech oʻzi yozgan romandagi allaqanday Jorj Dyurua degan toʻqima shaxs bilan  urishib yashadi. Uni davolash uchun qoʻlimdan kelganini qildim. Ammo kecha ahvoli doimgidan ham yomonlashib ketdi. Bugun butunlay aqldan ozgan odamdek koʻzlari kosasidan chiqib, lunji osilib, bazoʻr nafas oldi va uzoq davom etgan oʻtkir asab buzilishi  hastaligidan  vafot etdi. Jon berayotgan paytida oʻzim uning oldida boʻldim. U faqat bitta soʻzni takrorladi: “Zulmatni koʻryapman, zulmatni…”. Oʻlim vaqti: 1893 yil, 6— iyul, soat 11— 45.”

 2020 yil, may. Margʻilon