Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 2545

Bahorning ilk kunlari edi. Fevral nihoyasida yogʻib, qishdan soʻnggi nishona boʻlib qolgan qor qoldiqlari oyoq ostida erib borardi. Ertalabdan muzdek shamol esayotgan boʻlsa— da, koʻklamning nafasi bot— bot sezilar, zaminning har bir burchida uygʻonayotgan tabiat oʻzidan darak berishga shoshilardi. Men sovuqda shamollab qolmaslik uchun iloji boricha qalinroq kiyinib olgandim. Paltomni hanuz yechmagan, boʻynimdagi sharf joyida, bosh kiyimimni burnimgacha tushirib olib, trotuar boʻylab ketib borardim.

— Sizni mumkinmi, birodar?— dedi eski, koʻrimsiz, shuvoqlari toʻkilib ketgan kinoteatr yonidan oʻtayotganimda kimdir.

Jarangdor ovoz kinoteatr ichkarisidan kelardi. Yoʻlakda turib gapirgani va ichkari qorongʻu boʻlgani bois ovoz egasining aft— angori tuzukroq koʻrinmadi.

— Azazel!— dedim unga yaqinlashgach, qarshimda Bulgakovning “Usta va Margarita” romani personajlaridan biriga duch kelib.— Nahotki, bu sen boʻlsang?

— Azazello desangiz— chi, qadrdon!— dedi u jilmaygancha quchoq ochib menga peshvoz chiqarkan.

Dam oʻtmay u meni quchoqlab, chirpirak qilib aylantirib tashladi. Quchogʻidan boʻshatgach, birdan yuzi jiddiylashdi. Charm plashchining tugmalarini yechib, shlyapasini qoʻliga oldi.

— Mefistofel ham shu yerda. Aniqrogʻi, zalda.

— Mefistofel?!— hayratimni yashirolmay zal tomonga koʻz qirimni tashladim.

— Aynan oʻzi,— dedi Azazel soʻyloq tishlarini koʻrsatib tirjayarkan.— Biz u bilan ikki— uch oy oldin rejissyorlik ishiga qoʻl urgandik. U ham, men ham shu ishga qiziqib qolib, kino oldik— da… Bilasiz— ku bizni, rosa qiziquvchan zotlarmiz. Misha* ham,  Volfi** ham loyimizni  antiqa qilib qorishgan… Xullas, oʻsha filmlar, toʻgʻrirogʻi qisqa metrajli filmlar tayyor boʻldi. Ammo… ammo eng qizigʻi ularni tomosha qilib, baho beradigan odam yoʻq. Birorta ham. Hech kim kinoteatr binosiga kirishni istamayapti. Gʻirt tekin desak ham. Meni turqi sovuq deb qochib ketishdi, Mefistofelni isqirt chol deb taʼblari tortmadi. Nima balo, ularning barchasi Mishaning romanini oʻqishganmi— a? Oʻsha yerda “begonalar bilan gaplashmang” degan oʻgit bor edi, shunga amal qilishyaptimi deyman— da baraka topgurlar.

— Mayli, men roziman. Tekin boʻlsa, boʻlmasa.

— Tekin, tekin,— dedi Azazel yuzi yorishib ketib.

U qoʻltigʻimdan tutib, qorongʻu yoʻlakdan zal tomon yetaklab ketdi. Yuz kishilik zal boʻm— boʻsh edi. Chiroqlari yoqilgan, ekran ham tap— tayyor, lekin hech zogʻ yoʻq. Oldingi oʻrindiqlardan birida Azazelga oʻxshab qora shlyapa va uzun plashch kiygan keksa Mefistofelga koʻzim tushdi. U horgʻin va ancha— muncha zerikkan koʻrinar, ogʻzidagi trubkasidan atrofga erinib— erinib tutun purkardi.

— Otaxon qara,  bitta boʻlsa ham tomoshabin topildi,— dedi Azazel meni koʻrsatib suyunchilarkan.

— Azazello boʻtam, sen dahosan!— deb qoʻydi Mefistofel men tomonga nigohini burib, tutun purkashda davom etarkan.

— Shu kishi filmlarimizga xolis baho beradi, — dedi Azazel  mamnun holda yelkamga qoqib qoʻyib.

Mefistofel asta oʻrnidan turib, men turgan tomon ogʻir qadam tashladi. Shoshilmay kelib, menga qoʻlini uzatdi. Uning haybatidan koʻra dagʻal va jun bosgan kaftini koʻrib seskanib ketdim. Shunday boʻlsa— da, amallab qoʻl berib koʻrishdim. U qoʻlimni bir— ikki qattiq siqib qoʻydi.

— Volfi tasvirlaganchalik yomon emasman, — dedi trubkasini ogʻzidan olib, bir yoʻtalib olgach. — Choʻchimang mendan, birodar. Ayollarni ham, erkaklarni ham yoʻldan urmay qoʻyganman. Gretxen va Faust oʻtmishda qolishgan. Keksalik buyogʻi. Shunga oʻzingizni boʻsh qoʻying, hayajon va qoʻrquvsiz… Azazello aytgandir, biz rejissyor sifatida oʻzimizni sinab, ixchamgina film suratga oldik. Ikkimiz ham bir mavzuda. Ularni tomoshabin hukmiga havola etmoqchidik. Biroq, kino ixlosmandi anqoning urugʻimi deyman bu yerda yoki bizning aftimiz ularni choʻchityaptimi — har holda birov ichkariga kirishga shu paytgacha xohish bildirmadi (masalan, Azazelloning uzun burni bilan soʻyloq tishlari yoki mening yelkamga tushib turgan paxmoq sochlarim bilan jun bosgan kaftim ularning yuragiga vahm solgan boʻlishi mumkinmi? Mumkin. Menimcha, shunga ularning yuragi betlamadi)… Xullas, ertalabdan ovorai sarsonmiz. Uni ham, meni ham tomoshabin jalb qilamiz deb eshik oldida galma gal tomogʻimiz qirildi. Bu ketishda kinoteatrga toʻlangan ijara puli havoga uchib ketmasaydi, deb turgandim. Yoʻq, mana Xudoning oʻzi biz iblislarga sizni roʻpara qildi. Bir marta marhamat qildi— da… Ammo siz mard inson ekansiz. Sadqai jon deb keldingiz. Aylanay, sizdan. Koʻrinishingizdan yaxshi odamga oʻxshayapsiz. Sanʼatni tushunishingiz ham shundoq chehrangizdan bilinib turibdi.  

— Otaxon, koʻp gapirvording,— dedi Azazel shosha— pisha uning yoniga irgʻishlab kelib. — Filmlar namoyishini boshlaylik. Sen menga qaraganda katta va obroʻliroqsan,  shu sababga koʻra sening filmingdan boshlaymiz.

— Maʼqul, boʻtam,— kulgancha boshini qimirlatib qoʻydi Mefistofel va qulogʻimga pichirladi. — Men yaratgan film moziy haqida. Zero, moziyga qarab ish koʻrmoq xayrlidir, shunday emasmi? Oʻsha vatandoshingiz aqlli gapni topib aytgan.

Ular ikkisi — biri oʻng qoʻltigʻimdan, ikkinchisi chap qoʻltigʻimdan tutib, katta ekranning roʻparasidagi oʻrindiqlar sari olib ketishdi. U yerda uchchalamiz yonma— yon oʻtirdik. Ularning oʻrtasida oʻtirish men uchun boshida noqulay boʻldi. Ammo sal oʻtib buni esdan chiqardim. Chunki, ekranda Mefistofel yaratgan film namoyishi boshlandi.

— Bergmanning ruhidan iltimos qilgandim,— dedi Mefistofel trubkasini burqsitishda davom etib.— Menga badiiy rahbarlik qildi. U bilan oson til topishdik.  

— Menga esa syomka jarayonida Fellinining ruhi koʻrsatmalar berib turdi,— quvnoq soʻz qotdi Azazel.

— Hechqisi yoʻq,— dedim ularga birma— bir qarab qoʻyib.— Ular ikkisi ham tiriklik chogʻida yaxshi rejissyorlar boʻlishgan. Hozirgacha istalgan rejissyor ularga, shuningdek Andrey Tarkovskiy va Milosh Formanga  murojaat qilib turadi.

Mefistofelning filmi oʻn toʻqqizinchi asr birinchi yarmidagi Angliya qishloqlaridan birining tasviri bilan boshlanardi. Lenta orqali birma— bir koʻz oldimdan botqoqliklar, toshdevor uylar, huvillagan adir va tepaliklar oʻta boshladi. Shundan soʻng, kadrda qishloqning bir chetidagi koʻrimsiz xonadon tasviri ketdi. Uning pastak xonalaridan birida uchta qiz bir stol atrofida oʻtirishardi. Qizlarni darrov tanidim. Moskva milliy kutubxonasi tomonidan Londondagi “Opa— singil Brontelar” muzeyi haqida tayyorlangan foto albomda shunday fonda chizilgan ularning suratlariga roʻpara kelgandim. Shuning uchun tanish qiyin kechmadi.

Film asta davom etardi. Opa— singillar goh deraza orqali tashqarida gupillab yogʻayotgan qorga, goh bir— birlarining mashgʻulotlariga tikilgancha, oʻzaro iliq gurunglashishar, oyoq ostida kuymalanib yurgan kuchuklari ularga navbat bilan anqayib termulib chiqardi. Xona ixchamgina boʻlib, derazaga tortilgan pushtirang pardalar bir chetga tortib qoʻyilgan, uning yonida joylashgan jigarrang oynavand javonga turli kitoblar tartib bilan terilgan, bir chekkada turgan toʻq qizil pianino devordagi natyurmort bilan xonaning koʻrkiga koʻrk qoʻshib turar, kaminda qasir— qusur etgancha oʻtin jonivor tobora gurillab yonardi.

— Sharlotta,— soʻz qotdi qizlardan boʻyi uzuni va nozikrogʻi.— “Jeyn Eyr” romaning rosa shuhrat qozondi— a?

— Seni esa “Momaqaldiroqli dovon” romaning, — dedi Sharlotta oʻqiyotgan kitobidan boshini koʻtarib.— Emili, uni menikidan ham koʻproq odam oʻqidi.

— Mening esa sheʼrlarim,— dedi qizlarning kichigi kasalmand odamlardek xazin tabassum qilib.

— Badiiy asar yozishdan maqsadlaring nima boʻlgani haqida hech oʻylab koʻrganmisizlar?— dedi Emili kamin oldiga kelib, choʻk tushgancha olovning shoʻx— shodon raqs tushishiga razm solarkan.— Nega yozyapman, yozishdan qanday maqsad yoki manfaatni koʻzlaganman deb?

Sharlotta oʻqiyotgan kitobidan yana bir marta  boshini koʻtarib, oʻrtancha singlisi tomonga oʻychan nazar soldi. Uning dumaloq yuzi oxirgi kunlarda koʻp oʻqib va ishlaganidan rangparlashib salqigan, koʻz qorachigʻlaridan tortib tanasining har bir aʼzosida elas— elas sezilayotgan charchoq kichkinagina jussasini yanayam kichrayib ketgandek koʻrsatar, stolga tiyab olgan qoʻllaridagi barmoqlari asabiy qaltirardi.

— Jeyn Eyr haqidagi romanni yozishimdan maqsad,— dedi u kamin oldiga kelib qoʻllarini isitarkan.— Jamiyatda ayollar haq— huquqlarini tiklab, qaror toptirish edi. Romanni koʻpchilik oʻqidi. Men ishonaman — kelajakda ham uni koʻpchilik oʻqiydi va haqiqat qaror topib, istalgan jamiyatda ayollar xuddi erkaklar kabi teng huquqli boʻlishadi. Ularga ham barcha jabhalarda erkaklarga berilgan huquqlar beriladi. Ularni parlamentga saylashadi. Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida erkaklar bilan bir ishni bajarishsa, teng holda maosh toʻlashadi. Tamaddun taraqqiy etishida  ularning ovozlari ham inobatga olinib, bunga sezilarli hissalari qoʻshiladi. Romanni yozayotib, shunaqa feministik mulohazalar koʻnglimdan kechgandi. Boshqa hech narsa emas.

— Mendagi maqsad esa,— dedi Emili hanuz olovdan koʻzini uzmay.— Odamlarni muhabbat borligiga, boʻlganida ham begʻubor, pok va ulugʻ muhabbat borligiga ishontirish edi. “Momaqaldiroqli dovon”ni shuning uchun yozdim. Roman orqali odamlarga qarata “sizlar muhabbatga ishonmay qoʻyganingiz uchun aslida keksayasiz, qalbingiz mogʻorlashadi, hislaringiz chirkinlashadi”, deb ichimdagi aytolmagan gaplarimni baralla aytish edi.

Bilasanmi, Sharlotta, romanni yozish jarayonida doim erta turardim (oʻsha paytda sizlar ham, otam ham shirin uyquda boʻlardilaring). Oyoq uchida yoʻlakdan oʻtib, apil— tapil yuz— qoʻlimni yuvardim. Keyin nonushta qilmay, toʻgʻri oʻsha dovon sari yugurardim. U yerdagi tanish harsangtoshda koʻzlarimni yumib uzoq vaqt oʻtirar, tongni qarshi olib, koʻkka boʻy choʻzayotgan quyoshni iliq kutib olar yoki tomchilayotgan yomgʻir ostida orzularimni jonlantirardim. Shunday kezlarda roman bosh qahramoni Xitkliffning kaftini yuzimda, sochlarim orasida his qilar, totli boʻsasining tafti lablarimni yoqimli kuydirar, belimdan quchgan bagʻrining oʻtkir ifori dimogʻimdan ketmay vujudimni mast qilardi. Aslida bu shamol, quyosh yoki yomgʻirdan biri boʻlardi, lekin men tasavvurimda xuddi tirik Xitkliff bilan xarsangtoshda yonma— yon oʻtirgandek oʻzimni ishontirar, shu bois koʻzlarimni sirayam ochgim kelmas va baxtdan masrur holda oʻsha yerda soatlab qolib ketardim.

Uyga kelgach esa romanning davomini yozardim. Oʻzimni xuddi Ketrin bilib, Xitkliffga qalbimdagi mavjud mehrning oxirgi tomchisigacha berar, kitobxonga u qanchalik qaysar, magʻrur va alamzada inson boʻlmasin, aslida insoniy parvarishga muhtoj va sevish— u sevilishga ehtiyojmand, toza qalb egasi ekanligini jon kuydirib tushuntirgim va bayon qilgim kelardi. Roman boshidan oxirigacha muhabbat haqida. Unga ishongan va ishonmagan odamlar haqida. Ishonganlarning iztirob va fojeasi, ishonmaganlarning zerikarli va bir xillikda oʻtayotgan hayoti haqida. Uni oʻqigan odam shubhasiz, muhabbatning fusunkor jozibasi bilan bir necha kun yashaydi. Uni yozishdan maqsadim shu oʻzim anglagan narsalarni oʻquvchiga yetkazish boʻlgandi. Boshqa hech qanday maqsadni oʻz oldimga qoʻymaganman.

Patqalamni tinmay siyohga botirib,  oq qogʻozni sheʼriy misralarga toʻldirayotgan qizlarning kichkinasi — janob Brontening erkatoyi Anna opalariga shahlo koʻzlari bilan birma— bir boqarkan, gapirishga dastlab uyaldi. Kulchadek yuzini kamin tomonga burishga iymanib, oyogʻi ostidagi kuchukka diqqatini qaratdi va uning hurpaygan tuklarini  qoʻllari bilan silay boshlaydi.

— Men nimayam derdim,— dedi shundan soʻng qoʻlidagi patqalamni siyohdonning chetiga qoʻyib.— Sheʼr yozishdan men ham biror bir maqsad yoki manfaatni koʻzlamaganman. Shunchaki sheʼrlarimni oddiy odamlar oʻqishini orzu qilganman, xolos. Ertalabdan kechgacha, kuniga kerak boʻlsa oʻn sakkiz soatlab, hatto dam olish kunlari ham konlarda, fabrikalarda, sanoat korxonalarida ogʻir mehnat sharoitlarda ishlayotgan odamlarning koʻngliga ular koʻmagida sal boʻlsa— da chiroq yoqishga umid qilganman. Oʻsha bir guruh shoʻrliklar hech boʻlmaganda sheʼrlarimni oʻqib, beminnat sheʼriyat olamida oniy lahza baxtiyor va xushnud boʻlishlarini, tegralaridagi ogʻriqli va iztirobli borliqni vaqtincha unutishlarini, adolatsizlikka gʻarq boʻlgan jamiyat dunyoga keltirgan fojeali sitamni bir muddat tanalarida his qilmasliklarini va shu orqali ertangi saodatli kun uchun oʻzlaridagi ishonchni mudom tirik saqlashlarini istaganman.

Shu yerda kutilmaganda “The End” degan yozuv ekranda paydo boʻldi. Buni koʻrib, xafsalam pir boʻldi.  Oʻng tomonimdan oʻtirgan Mefistofel yengil tin oldi. Azazel oyogʻi kuygan tovuqdek pitirlab qoldi. Oʻrnidan turib asabiy tarzda u yoqdan— bu yoqqa borib kela boshladi.

— Mefistofelning filmi tugadi,— dedi kelib tagʻin qoʻltigʻimdan tutgach. – Endi men yaratgan film namoyishi boʻladi. Meniki ham xuddi shunday mavzuda. Nomi ham bir xil: “Uch opa— singil”. Faqat badiiy— publitsistik. Otaxonnikiga oʻxshab toʻliq badiiy emas. Fellini bilan maslahatlashib, shunga kelishdik— da.

U xi— xilab kulib qoʻydi. Mefistofel trubkasining tutunlaridan havoda turli tuman rasmlar yasashga kirishib ketib, biz tomonga aytarli ahamiyat bermay qoʻydi. Azazel filmini ekranda koʻrsatdi. Unda dastlab qandaydir atrofi togʻlar bilan oʻralgan, xushmanzara, koʻm— koʻk oʻtloqli va soylari shildirab oqayotgan joy tasviri kadrda koʻrindi. Soʻng ana shunday soylardan biri oldida suhbat qurib oʻtirgan uchta qiz  namoyon boʻldi. Azazel rejissyorlik ishining ilk qaldirgʻochi boʻlgan film bosh qahramonlari ham ijodkor opa— singillar boʻlib, u Mefistofelnikidan ikkita tavofut bilan ajralib turardi. Birinchisi — voqealar hozirgi zamonda kechgan boʻlsa, ikkinchisi — qizlar tutingan opa— singillar edi.

— Zomin— ku!— dedim xushmanzara joy tanish chiqib qolgach, Azazel tomonga oʻgirilib.

— Shunaqa ziyrak tomoshabinlarni koʻrsam, ilhomim joʻshib ketadi— da,— dedi u peshonamdan choʻlp etib oʻpib qoʻyib.— Tomosha qilishda davom eting, qadrdon!

Opa— singillarning uchchovi ham bir xil kesimda boʻlib, kattasi choʻrtkesarroq, oʻrtanchasi tegma nozik, kichigi oʻta romantik koʻrinishardi. Ular bir xilda kiyinishgani uchun chetdan qaragan odamga hozirgina inkubatordan chiqqandek taassurot qoldirishardi. Har birining qoʻlida kitob boʻlib, qizigʻi biri “Jeyn Eyr”ni, ikkinchisi “Momaqaldiroqli dovon”ni, uchinchisi Anna Brontening sheʼriy kitobini ushlab olgan, gurunglari orasida kitoblarni onda— sonda varaqlab qoʻyishardi.

— Ijodkorning yozishdan maqsadi nima yoki uning ostida qanday manfaat yotadi?— dedi ularning kattasi nogahon kitobdan boshini koʻtarib.— Shu haqida hech oʻylab koʻrganmisizlar?

— Ochigʻi, men uyushmaga tezroq aʼzo boʻlishni istayman,— dedi oʻrtanchasi kitobni yopib qoʻyib shaddod bir ohangda.— Hozircha ikkita kitobim nashrdan chiqdi. Bir necha tavsiyanomalarni toʻplab, zarur hujjatlarni yigʻib, yaqinda ularni uyushmaga topshirdim. Aʼzolikka qabul qilishguncha endi tinmay sheʼr yozaman. Bir kuni qabul qilishsa, azaliy orzum ushaladi. Shunda kitob chiqarish ham muammo boʻlmaydi. “Adib va jamiyat” ruknida navbat bilan uyushma hisobidan kitobim chiqaveradi. Har yili bepul yoʻllanma asosida sihatgohlarga borib, hordiq chiqarib kelaman. Navbatga yozilsam, ehtimol katta shoirlardan ortsa, imtiyozli kredit hisobiga uy olarman. Bu ham uyushma yordamida amalga oshadi va ketidan  “propiska” masalasi  ijobiy hal boʻladi— da, ortiq Toshkentda sigʻindiga oʻxshab qimtinib yashamayman. Vaqti kelib xalq shoiri boʻlishim ham mumkin, chunki uyushmaga aʼzo boʻlganlarda bu unvonni qoʻlga kiritish imkoniyati rosa yuqori boʻladi.

— Men hozircha shahar deputatlar kengashiga saylandim,— gapni ilib ketdi savolni oʻrtaga tashlagan ularning kattasi bir payt.— Sheʼrlarim orqali mashhurlikka erishgach, tugʻilgan shahrimga deputat qilib saylashdi. Xalq bir ovozdan shu shoir qizimizni saylaymiz, dedi. Galdagi maqsadim— Oliy Majlisga deputat boʻlish. Albatta, yana yaxshi sheʼrlar yoza boshlasam, bu maqsadimga erishaman hali. Hozircha uchta kitobim nashrdan chiqqan. Toʻrtinchisi chiqqach, bu maqsadimga andak yaqin kelaman va xalq oldida obroʻyim  yanada oshib, ular Oliy Majlis deputatligiga ham meni saylashadi.

Qizlarning kenjasi sal gʻalatiroq edi. U qoʻlidagi kitobni ochiq qoldirgan holda koʻzlarini yumib oʻtirar, tutingan opalarining suhbatiga deyarli aralashmasdi. Bir mahal uning qorachiqlaridan yosh toʻkila boshladi.

— Nima boʻldi senga?— dedi qizlarning kattasi.

— Aytarli hech nima,— dedi u hayajonlanib.— Anna Brontening sheʼrlari zerikarli ekan, ruhiyatimga mos tushmadi. Nika Turbinaning sheʼrlarini sogʻindim. Koʻzimni yumib, ayni shu damda Nika bilan xayolan dardlashayotgan edim.

— Mendagi roman ham qiziqish uygʻotmadi,— dedi qizlarning oʻrtanchasi.— Yigirma betgacha arang oʻqiy oldim. Oʻtkir Xoshimov va Paolo Koelo boshqacha yozishadi baribir.

 — Bronteni koʻp oʻqiy olmayman,— davom etdi kenjatoy qoʻlidagi kitobga ishora qilib.— Nika Turbina  boshqa gap. Kecha u ruhimga mos tushdi, u bilan bir— birimizni yaxshi tushundik. Brontedan farqli ravishda uni ruhiyatimga, ichki olamimga dadil kirgizdim. Avvalgi kunlari, hatto ilgari kuni ham uni chiziqdan oʻtkaza olmay qiynalayotgandim. Endi u bilan ham opa— singil tutindim xuddi Bella Axmadullina yoki sizlarga qiyomatli singil boʻlganim kabi. O, bu qanday shirin baxt! Dugonalarim soni yana bittaga koʻpaydi. Nika endi menga tunlari hamroh boʻladi, xayolimdagi qiyofasi har tun qulogʻimga sheʼrlar pichirlab chiqadi, xassos ruhi bilan tongda yonma— yon koʻz ochaman. Bronte esa…  

— Senga ham shu savol: nima uchun badiiy ijod bilan shugʻullanasan?— soʻradi qizlarning kattasi undan.

Kenjatoy boyagidek koʻzlarini katta— katta ochib, uning koʻzlariga entikib va jilovlanmagan hissiyotlar ogʻushida sarson boʻlib qaradi.

— Nahot, shu savol borasida bahslashayotgan boʻlsalaring? Axir, buning javobi oddiy— ku! Vatanim ravnaqi uchun, uning taraqqiy etishi uchun yozaman. Men shu yurtning qiziman. Manavi purviqor togʻlar, koʻm— koʻk oʻtloqlar, shildirab oqayotgan soylar mening bir boʻlagim. Shu zaminda tugʻilganim uchun bir umr serquyosh yurtim oldida qarzdorman. Bu yil vatanim ijodkor qizlari uchun moʻljallagan nufuzli mukofotga meni loyiq koʻrdi (oʻtgan yili loyiq koʻrilmaganimda , yigʻlab oʻzimni oqayotgan soyga tashlayman degandim onamga). Hali kechqurun xonamda oʻsha orden bilan diplomni koʻrsataman sizlarga… Bu mukofotning yuki ogʻir. Ishonaveringlar, ogʻir. Meni taqdirlagani — vatanimning menga yuksak ishonch bildirganini anglatadi. Endi men unda boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida yozib, zamon qahramonlarini asarlarimda gavdalantirishim kerak. Minbardan turib xalqqa shuni vaʼda berganman. Dovonlar, suv omborlari, temir yoʻllar va hokazolar haqida yozishim lozim. Men boshlanishiga uning kelajagi sifatida baholanayotgan atom elektrostansiyasi haqida sheʼr yoki doston yozaman. Oʻtmishi buyuk boʻlib, shunday kelajak sari intilayotgan yurt farzandlariga bu loyihaning beradigan ulugʻ imkoniyatlari haqida yozish men uchun katta sharaf boʻladi.

Azazelning filmi ham xuddi Mefistofelnikiga oʻxshash mavzudagina boʻlib qolmay, toʻsatdan tugab qolishi ham oʻxshardi. Goʻyo ular ikkisi kelishib olishgandek edi. Mavzu, gʻoya, filmning metraji, qoʻqqis yakuni — barchasi bir xil edi. Faqat aktrisalar boshqa edi, xolos.

— Qaysi birimizniki maʼqul boʻldi?— dedi Mefistofel Azazelning filmi ham xuddi unikiga oʻxshab qizgʻin pallasida yakunlanib, ekranda yana “The End” yozuvchi koʻringach.

— Ayta qoling, qadrdon,— dedi sukut saqlab turganimni koʻrib,  Azazel betoqat boʻlgancha oʻrnida bir— ikki sakrarkan.— Yuragim ezilib ketadi, aks holda.

— Ikkovi ham yaxshi,— dedim men ozgina ikkilanib turgach.

— Bittasini tanlash lozim, bittasini,— dedi Azazel yana u yoqdan bu yoqqa borib kelib.

— Biz Azazel bilan bahs boylashganmiz,— dedi Mefistofel qalin qovoqlarini uyib, norozi boʻlgancha.— Bittasini tanlash lozim.

Men tanlay olmadim, deya olmayman. Mefistofelniki menga koʻproq yoqdi. Azazelniki palitrasiz boʻlib, hayotdan odamning koʻnglini qoldirardi. Shunga qaramay,  ulardan birini xafa qilgim kelmadi. Shu tobda ular iblislardan koʻra begʻubor bolakaylarga aylanib qolishgandi. Yuzlariga boqib, filmlarni ajratish yoki tomoshabin sifatida tahlil qilish orqali ularga ozor berib qoʻyishim mumkinligini oʻyladim va betaraf yoʻl tutishni afzal bildim.

— Unda sizga ruxsat,— dedi Mefistofel menga kutilmaganda eshik tomonni koʻrsatib.— Azazel, bu janobni eshikkacha kuzatib, darrov boshqa tomoshabin topib kel.

Azazel boshini egib, xoʻrsinib qoʻydi va qoʻltigʻimdan tutgancha zaldan olib chiqib ketdi. Yoʻlakdan yurib tashqarilagach, meni eshik oldida qoldirdi. U yerda mavjudligimni  bir pasda esidan chiqarib, yon— atrofni sergak koʻzdan kechirishga tushdi.

Men yoʻlimdan qolmay ketish oʻrniga bir chetda uni kuzatib turdim. Aksiga olib, u men turgan yerga boshqa eʼtibor bermadi. Fikru zikri goʻyoki kinoteatr oldidan oʻtayotgan odamlarda edi. Koʻp oʻtmay trotuarning yarmigacha chiqib, ularni tekinga film koʻrish uchun birma— bir kinoteatrga taklif qila boshladi. Bu jarayon anchaga choʻzildi. Turib— turib zerikib ketdim. Ortiq joyimda qolmay, avtobus bekati tomon ketayotganimda ham uning yalinish ohangidagi ovozi, odamlarning esa zardali tahdidlari hanuz trotuar boʻylab eshitilib turardi.

— Janob, tekinga ikkita film namoyishiga tushmaysizmi?

— Yoʻldan qoch, soʻyloq!

— Siz kira qoling unda. Koʻrinishingizdan bamaʼni xonimga oʻxsharkansiz.

— Buncha turqing sovuq boʻlmasa?!

Izohlar:

*Mixail Bulgakov nazarda tutilyapti.

**Iogann Volfgang Gyote nazarda tutilyapti.

2020 yil, aprel. Margʻilon.