Yazdır
Üst Kategori: Özbek Edebiyatı
Kategori: Günümüz Özbek Nesri
Gösterim: 3853

Salom, salom! Men oʻsha Mumuman, aniqrogʻi uning ruhiman. Tirikligida qordek oppoq soch-soqoli doim oʻsib yurgan Ivan Turgenev qalamiga mansub adabiy qissa bosh qahramoni — kaminai kamtarin boʻladi. Rus yozuvchisi men haqimdagi asarini nobud boʻlganimdan keyin ikki yil oʻtib, 1854 yili yozgan va oʻsha yili  “Sovremennik” jurnalida eʼlon qilgandi. Shu boʻyi mening nomim ham, qotilim Gerasimning nomi ham nafaqat adabiyot olamida, balki insonlardan tashkil topgan har qanday jamiyatda rosa mashhur boʻlib ketgan va asarni oʻqigan minglab kishilar shoʻrlik qismatimga achinishgancha goh unsiz, goh uvvos tortib yigʻlashgandi.

Koʻpchilik ikki oyoqlilar, yaʼni odamlar oʻlganlaridan soʻng mashhurlikka erishishgani kabi, hayvon boʻla turib men ham Gerasim tomonidan suvga choʻktirilgach, Turgenev koʻmagida mashhurlikka erishdim. Uning men haqimdagi bitiklari jamlanmasi yuzdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilinib, oʻsha diyorlardagi dini, millati, irqi, kasbidan qatiy nazar koʻplab odamlar tomonidan iliq qarshi olingani va qiziqib oʻqilgani bor gap.

Oʻlimim bilan bogʻliq voqeaning badiiy talqini ortidan jahon adabiyotida qanchadan-qancha taqrizlar, katta-katta monografiyalar, ilmiy maqolalar, doktorlik dissertatsiyalar yozilganini bugun yer yuzida koʻpchilik biladi. Koʻplab adabiyotchilar shu arzimas oʻlimim ifoda qilingan qissa tahliliga ellik-oltmish yillik umrlarini sarflab, soch oqartirishganini ham birov inkor qilmaydi. Bitta kuchuk erishishi mumkin boʻlgan shon-shuhrat boʻlsa shunchalik boʻladi-da.

Yaratganning irodasi bilan endilikda bir yuz yetmish yildan beri Arshi aʼloda umrguzaronlik qilyapman. Bu yerda jonivorlarga yaxshi munosabatda boʻlisharkan. Ayniqsa, oʻsha jonivor yerdagi bashar avlodi tomonidan yaratilgan badiiy asarlar prototipi boʻlgani oshkor boʻlsa,  shoxona va qadri baland boʻlib yasharkan. Atrofida erta-yu kech qanotli, jingalaksoch va doʻmboq farishtachalar girdikapalak boʻlishib, kunini mazmunli oʻtkazishi uchun unga yordamlashishar, turli-tuman jonivorlar suhbatlashish ilinjida bir zum ham uni tindirishmas ekan. Natijada, mana yosh kuchuklar Gerasim bilan bogʻliq boʻlgan oʻsha voqea tafsilotini qaytib-qaytib hikoya qilib berishimni soʻrab holu jonimga qoʻyishmay, tez-tez meni yoʻqlab kelishni odat qilishdi. Farishtachalar qiyomatli doʻstlarimga aylanishdi.

Oʻsha sokin va muzdek koʻlni, irkit qayiqni, kar va soqov Gerasimni bu yerda koʻp eslayman. Koʻl tubiga choʻkayotib koʻzlarimni javdiratib atrofga oxirgi marta tikilganim, sekin-asta pastga shoʻngʻib borganim sari nafas ololmay qolganim, shoʻrlik xizmatkorning ayanchli qiyofasi,  eshkaklari shitirlab uzoqlashayotgan qayiqning ohista ketib borishi — hammasi esimda. Baxtga qarshi bu fojea xotirasi hanuz men bilan ruhimning bir chekkasida yashaydi.

Bugun inim oldida xayol surib yotib, Gerasim mansub boʻlgan va Turgenev qalamga olgan oʻsha jamiyatni, umuman olganda Yerni negadir koʻrgim keldi. Ilk marta uni ziyodroq qoʻmsadim. Avvallari u haqida biror marta oʻylamaganman desam notoʻgʻri boʻladi. Koʻp oʻylagan va sogʻingan vaqtlarim boʻlgan, albatta. Uning maftunkor tabiatini sogʻinishdan koʻra ham qismatimga achinib va kuyinib, Ivan Sergeyevichning qissasini yigʻlab oʻqigan odamlarni koʻrgim kelgandi. Lekin bugungidek kuchli emas. Shungadir tong otib ulgurmay, doʻmboq farishtachalarning biridan qanotlarini soʻradim. U yoʻq demay, bir kunga ularni menga berib turdi. Bu xosiyatli qanotlar bilan kurrai zaminga bir nafasda uchib borish va odamlarning koʻziga koʻrinmay uni istagancha aylanib, holdan toyguncha kezish mumkin edi.

Qanotlarni oʻzimniki qilib olgach, boshida ularda uchish noqulay boʻldi. Xuddi Da Vinchi amakining kashfiyotidagi sunʼiy qanotlar kabi bularda ham kamchilik borday tuyuldi. Ammo ayb oʻzimda ekan. Qulochimni keng yozmasdan uchayotganim bois muammoga duch kelibman. Koʻp oʻtmay, uchish ruhimga rohat bagʻishladi. Rohatlanib yerga qanday kelib qolganimni sezmay qoldim. Yaxshiyam koʻzga koʻrinmayman. Aks holda, osmon uzra parvoz qilayotgan  kuchuk haqidagi gap dam oʻtmay butun yer yuzini qamrab olardi.

Qoʻlimdagi narsa roʻyxat edi. Unda men haqimda oʻqib, qismatimga eng koʻp achinib yigʻlagan va ogʻir ruhiy holatga tushib qolib, ancha vaqt oʻziga kela olmagan muxlislarimning ismi-shariflari bilan  xonadonlari raqamlari qayd etilgandi. Men ularni  yaqindan koʻrib, oʻzlari bilan zimdan tanishmoqchi va har biriga quyuq minnatdorchilik bildirmoqchi edim. Yerga qaytishimdan bosh maqsad ham aslida shu edi.

Yuqorida aytganimdek, Yer koʻrindi. Koʻp qavatli osmonoʻpar binolar va bir tekisda qurilgan hovlilar koʻzga tashlandi. Qanotlarim sehrli edi. Ular oʻzlari meni boshqarib ketishar, roʻyxatdagi ism-shariflarning qaysi birini xayolimdan oʻtkazsam, ular oʻshalar huzuri tomon oshiqishardi. Birinchi boʻlib koʻp qavatli binolardan biriga duch keldim. Uning toʻrtinchi qavatidagi xonadon derazasi qarshisiga bordim. Nazarimda, bu yerda qandaydir laboratoriya joylashgandi. Chunki uning ichkarisida har xil hayvonlar temir qafaslarda saqlanar, ularning oʻrtasida oq kiyingan, koʻzoynakli, tepakal erkak ivirsigan stolda bukchayib oʻtirardi.

-Roʻyxatda  birinchi oʻrinda qayd etilgan kishi shumi?- dedim avval oʻng, keyin soʻl qanotimga boqib.

Ular xuddi shunday deyishgandek bir-ikki qimirlab qoʻyishdi. Men derazaga tappa yopishib, unga obdon nazar soldim. Demak, shu kishi menga eng koʻp achingan, qissani oʻqib chin dildan koʻz yosh toʻkkan ekan-da, dedim ruhim lovullab. U holda uning qalbi xassos va judayam pok, oʻzi boʻlsa rahmdil inson… Daqiqa sayin unga nisbatan menda minnatdorchilik tuygʻusi joʻsh urib, tezroq u bilan tanishish istagida yona boshladim. Deraza orqali ichkariga kiraman deb turganimda, mendan oldin xonaga boshqa — u ham oq kiyingan, koʻzoynakli, lekin sochlari paxmoq kishi eshikdan kirib keldi.

-Vaksina tayyor boʻldimi, professor?- dedi u muxlisimga qarata.

-Hozircha yoʻq,- dedi muxlisim mikroskopdan boshini koʻtarib.

-Sinab koʻrganingizga ishonmayman,- dedi paxmoqsoch uning qarshisiga borib.

Shunda eng taʼsirchan muxlisim ensasini qotirib, shoshilmay oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Qoʻlqopini kiydi va yuziga niqobini taqib, xonadagi oynavand javondan qandaydir preparatni oldi. Uni stoldagi mikroskop yonida turgan suyuqlikning ichiga qoʻshib, uzoq aralashtirdi va unda hosil boʻlgan kimyoviy birikmani shprisga toʻldirdi. Keyin shprisni koʻtarib, qafaslardan birida yotgan kuchuk oldiga bordi. Kuchuk dalmatin zotidan boʻlib, yotgan yerida behol gʻingshirdi. Doktor uni tashqariga chiqarib,  shprisdagi suyuqlikni uning tanasiga yubordi. Kuchuk boshida amallab qarshilik koʻrsatdi, lekin majoli yetmay oxiri taqdirga tan berdi. Sal oʻtib, u butunlay nafas olmay qoʻydi. Koʻzlari bir nuqtaga tikilgancha qotib qoldi.

-Ana koʻring,- dedi doktor hamkasbiga xafsalasi pir boʻlib qararkan.- Vaksinani unga yuborgandim, u  tuzalish oʻrniga jon taslim qildi. Vaksina tayyormas, kamchiligi bor. Biror bir odam tanasiga yuborsangiz, u ham shu kuchukka oʻxshab darrov jon beradi.

-Tajriba uchun jonivorlaringiz kam qolibdi,- dedi paxmoqsoch aybini tan olgach, mavzuni boshqa oʻzanga burish maqsadida qafaslarni koʻzdan kechirarkan. — Xoʻjalik boʻlimi boshligʻiga yetkazaman. Ertaga manavi oʻlgan kuchuk oʻrniga boshqasini beradi. Yana mavjud quyon va mushuklardan ham.

Jon taslim qilgan kuchukka achinib-achinib deraza oldidan uzoqlashdim. Ichkariga kirishga yuragim betlamadi. Kayfiyatim tushib ketganini koʻrishib, qanotlarim ikkinchi muxlisimning xonadoni tomon tezlikda olib ketishdi. U kattakon hovlida yasharkan. Baraka topgur aylanmasiga uy solganidan atrofda oyoq qoʻygani joy topilmasdi. Xonalar ham rosa koʻp edi (ularni koʻzdan kechirarkan, shuncha xonaning uch yo toʻrtta jonga nima keragi bor deb, odam tugul istalgan hayvon hayratga tushardi).

Bu muxlisim oʻz vaqtida men haqimda oʻqib, achinish hissi oqibatida  ishtahasi buzilgan va uch kun ovqat yemay, oʻziga ochlik eʼlon qilgan ekan. Qanotlarimning unga tavsif berishlariga koʻra, shundan soʻng u tushkunlikka tushib, oʻz joniga qasd qilmoqchi ham boʻlgan. Naqadar hissiyotli inson-a, shunday emasmi?

Son-sanoqsiz xonalarni axtarib chiqib uni topa olmadim. Bu xonalar labirintga oʻxshar, ularning ichidagi rang-barang jihozlar kirgan odamning yuragiga vahm solardi. Men kuchuk edim. Shunga ularga eʼtibor bermadim. Hissiyotli muxlisimni  hovlidan topdim. U qirtishlangan boshiga doʻppi kiygan, sersoqol, burni kartoshkadek katta, oʻzi oriq bir kishi edi.

-Shunday tarzda ushlab turaymi?- derdi u oyogʻi ostida tipirchilayotgan qoʻyning oyogʻiga bogʻlangan arqonni qattiqroq tortib qoʻyib, roʻparasidagi qassob yigitga yuzlanarkan.

-Xuddi shunday,- javob qaytardi qassob qoʻlidagi pichogʻini charxlarkan.

-Qancha goʻsht berarkin, chamangizni ayting-chi?- dedi muxlisim tiz choʻkkan koʻyi uning aytganini bajargach.

-Kamida oltmish kilogram,- deb qoʻydi qassob qoʻyning qornini bir ushlab koʻrib.

Qoʻy hamon tipirchilar va boshini bir tomonga uzatib, tutqunlikdan chiqib ketishga urinardi. Bir oz oʻtib, qassob uning boʻgʻziga pichoq tortdi. Atrofga tirqirab qon sachradi. Qoʻyning xirillashi eshitildi. Muxlisim uning qaltirayotgan qorni va oyoqlaridan mahkam ushlab turdi.

-Boʻldi, oyoqlarini qoʻyib yuboravering, -dedi qassob uning joni uzilgach, peshonasidagi terlarni artib qoʻyib.

-Bola-chaqa bilan qoʻy goʻshtiga toʻyib, bir semirarkanmiz-da,- tirjayib qoʻydi muxlisim oʻrnidan turib kerisharkan.- Pushti magʻzi bilan biqinidagi goʻshtini alohida qilib, kundada maydalab berasiz. Ulardan dam olish kunlari kabob va kotlet tayyorlayman. Sizga aytsam, bu ish menga estetik zavq ulashadi.

Ortiq uning sovuq nafasi oldida turgim kelmay, katta mashina yoʻliga chiqdim. Kun kech boʻlishga chogʻlanardi. Qayerdandir kelayotgan azon tovushiga quloq tutib turganimda, qanotlarim toʻsatdan shu asfalt yoʻlda ketayotgan qora mashina ortidan meni uchirib ketishdi. Mashina rulida qirq yoshlar atrofidagi, semizligidan baqbaqalari osilgan, koʻzlari qisiq kishi ketar, uning yonidagi oʻrindiqda xaltadan boshini chiqarib olgan katta oq-qora mushuk unga hamrohlik qilardi. Qanotlarimning aytishicha, bu kishi roʻyxatda uchinchi oʻrinda qayd etilgan boʻlib, men haqimdagi qissani hanuz qayta-qayta oʻqirkan. Ilk marta oʻqiganida kuchli his-hayajonga berilib, Gerasimni bu ishga majburlagan zamonni rosa laʼnatlagan va shu boʻyi Turgenevning barcha kitoblarini portretiga qoʻshib, uyidagi shaxsiy kutubxonasida saqlarkan.

Mashinadan ortda qolmay, uning ortidan uchib ketaverdim. Nihoyat, orqa oyna orqali ichiga kirib oldim. Turgenevparast muxlisim jimgina rulni eshib ketar, hamrohi boʻlgan qari mushuk onda-sonda miyovlab qoʻyar, shuni hisobga olmasa kabinadagi sukunat buzilmas, bunday jimjitlik beixtiyor shirin uyquni chaqirardi. Hatto meni ham uni buzishga haddim sigʻmadi. U bilan tanishish uchun ming urinmay, har safar istihola qildim. Orada koʻzlarim ilindi. Nogahon telefon qoʻngʻirogʻi jiringlaganda, bu sukunat buzilib men bir choʻchib tushdim.  

-Kech qolib ketdim, toʻgʻri,- dedi muxlisim qoʻl telefonini qulogʻiga tutgach, oʻzini oqlab gapirarkan.- Jonginam, asabiylashma! Oʻynashimning oldiga ketayoganim yoʻq-ku! Yoʻlda, mashinadaman. Axir, oʻzing uni uzoqroq joyga eltib, adashtirib keling demaganmiding. Mana uzoqroq joyga olib ketyapman. Uyimizni qaytib topib kelmasin deyapman men ham. Mushuklar isni yaxshi olishadi-da.

Uning telefonda aytgan gaplarini eshitgach, mashina ichida oʻtirishdan hech qanday maʼno koʻrmadim va tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib tashqariladim. Qanotlarim osmon-u falakda erkin quloch yozib, uchib ketishayotganida yerga shom choʻka boshlagandi. Ular yana pastlashdi. Shunda roʻyxatdagi toʻrtinchi odamning xonadoniga ketayotganimizni tushundim. Bu kishi men haqimda bolaligida oʻqigan, maktabida rasmimni chizib devoriy gazetaga qoʻygan, sinfida sheriklari bilan jonli burchak tashkil qilgan ekan. Sehrli qanotlarim u haqida shunday tavsif keltirishdi.

Xonadoniga borganimda dastlab uni topolmadim. Hovlidagi koʻpgina daraxtlar orasida adashib qolmaslik uchun ulardan birining ostida qisinib-qimtinib turdim. Vaqt allamahal boʻlganida u darvozadan kirib keldi. Bir oʻzi emas, qandaydir xoʻrozni quchoqlaganicha. Qorongʻulikda uning aft-angori yaxshi koʻrinmadi. Chiroq yorugʻiga kelgach, asabiylashayotgani yaqqol bilindi. Xoʻrozning esa yuzi va boʻyni qonga belangan, boshidagi toji osilib tushgan, jonivor zoʻrgʻa nafas olardi.

-Xotin, hali ovqatga qozon osmadingmi?- soʻradi u kela solib baqirganicha.

-Yoʻq, ulgurmadim,- dedi xotini oshxona tarafdan yugurib chiqib.- Tomorqada ish koʻpayib ketdi.

-Chopqini keltir,- dedi u xotiniga koʻzi tushgach.- Manavini soʻyib, goʻshtidan hozir shoʻrva tayyorlaymiz. Baribir janglarga yaramayapti. Ahvoliga bir qara. Yana yutqazib, el-yurt oldida meni sharmanda qildi. Shu bilan uchinchi marta.

…Qanotlarim bilan arshi aʼloga qaytganimda qoʻlimdagi roʻyxatni tashlab yubordim. U sekin-sekin pastlab, fazoda koʻzdan yoʻqoldi. Fursat oʻtib, u odam bolalariga toʻla boʻlgan yer bagʻriga borib tushadi va u yerdagi maydalab yogʻayotgan yomgʻir ostida loyqalanib, koʻlmak suvga boʻkib, ehtimol bir necha soat ichida titilib ketadi.

-Omonatingni ola qol,- dedim ostonada meni kutib oʻtirgan farishtachaga qanotlarini qaytarib berarkanman.

-Yer oʻzgaribdimi, Mumu?- soʻradi farishtacha ularni qabul qilib olayotib.

-Oʻzgarmabdi,- dedim bir xoʻrsinib qoʻygach.- Bir yuz yetmish yil oldin qanday  boʻlsa, hozir ham shunday ekan.

2020 yil, aprel. Margʻilon.

Sherzod Ortiqov