Garchi litseyda bu fandan doim aʼlo bahoga oʻqigan boʻlsam-da, matematikani hech qachon toʻliq tushunmaganman. Nazarimda uni tushunishdan koʻra ham yoqtirmas, oʻlganim kunidan oʻrganar, chunki litsey unga ixtisoslashtirilgani sabab “Gauss oʻyinchogʻi”ni yaxshi oʻzlashtirmasam ketimga tepib haydashardi. Jonkuyar rahbariyat shunaqa “mehribon” edi.

Matematikada mavjud boʻlgan har xil tenglama, formula, teorema va aksiomalar vujudimni har kuni egovlar, ularga qarasam bosh miyamni kimdir parmada teshib, ichini yorayotgandek koʻz oldim tinib ketardi. Shunday lahzalarda men ruhan siqilib ketib, doimgidek adabiyotga murojaat qilar va u bilan ovunardim.

Misol uchun, differensial tenglamaga duch kelarkanman, erkinlik tenglamasi ham bormikin deb oʻylanar, Pifagor teoremasini yodlash jarayonida borliqda hali yaratilmagan “odam boʻlish” teoremasi xususidagi oʻy-xayollar ortidan dumdek ergashar, bosh ogʻrigʻi boʻlgan trigonometriyalarni yechish formulasi  baxt formulasi borasidagi faraz va taxminlar bilan haftalab yashashim uchun kifoya qilardi.

Litsey va institutdagi oddiy boʻlmagan davr ortda qolgach, matematika bilan hech kim meni bezovta qilmay qoʻydi. Oʻzimni undan manguga xalos boʻlgandek sezib, quvonchim terimga sigʻmasdi. Qanday mazza yoqtirmagan ishing bilan mashgʻul boʻlishga birov seni majburlamasligi! Shunday emasmi? Ammo erkinlik tenglamasi, “odam boʻlish” teoremasi, baxt formulasi kabilar haqida baribir koʻp oʻylardim. Kecha-yu kunduz desam ham boʻladi. Ularni  Lev Tolstoy yoki Onore Balzak mansub boʻlgan xoslar adabiyotini titkilab, ularning durdona asarlarini mutolaa qilish orqali topish mumkin deb bolalarcha qatʼiy ishonardim. Shu ruhda yashardim, ulgʻayardim va izlanardim. Shunga qaramay ularni topolmas, biroq bundan xafsalam pir boʻlmas, shirin ilinj men bilan har daqiqa yonma-yon nafas olardi.

Bir kuni ulardan biriga loʻnda  javob topdim. Oʻzim bir umr izlagan xoslar adabiyoti ichidan emas, tasviriy sanʼat ichidan (albatta, bunga  adabiyot orqali erishdim baribir, yaʼni u vosita vazifasini oʻtadi). Buni qanday roʻy bergani aniq esimda, boisi oʻshanda Somerset Moemning “Oy va chaqa” romanini asliyatda oʻqib oʻtirgan, kundaligimni u haqidagi qaydlar bilan toʻldirardim.

Tashqarida tinim bilmay yomgʻir yogʻar, havo sovub ketgan, adashmasam kechki kuz edi. Daraxtlar tanasidagi sanoqli qolgan barglar derazadan qaraganda sargʻaygan koʻyi shundoq koʻrinib turar, yomgʻir aralash esayotgan shamol ularni shitirlatar, oyoq ostidagi  baʼzilarini esa goʻyo  shashti balandligini koʻrsatish uchun  deraza oynalariga kelib tappa yopishtirib ketardi. Xonaning ichi  oʻrtacha harorat darajasidan ham tushib ketgan, sovuq qotganimdan etim junjikib goh tok quvvati pastligidan oʻlar holatda ishlayotgan isitgichga, goh tashqaridagi algʻov-dalgʻov manzaraga qarab-qarab qoʻyardim.

Moemni azaldan sevib oʻqirdim. Baʼzan ingliz tilida, baʼzan ruschada. Davriy nashrlarni varaqlayotganimda uning oʻzbekchaga oʻgirilgan ijod namunalari ham qoʻlimga tushib qolar, hikoyalari, romanlari va pyesalari  didimga mos boʻlib, menda har doim mutolaaga chanqoqlikni yuzaga keltirardi. Yuqorida men tilga olgan romani — oʻttiz yetti yoshigacha birjada dallol boʻlib ishlagan, soʻngra bu faoliyatidan butunlay yuz oʻgirib, oʻzini sevimli rassomchilik ishiga baxshida qilgan inson haqida edi. Roman chindan ajoyib edi. Ilk sahifalaridanoq oʻquvchini oʻziga qaratar, unga bosh suqqan istalgan didli kitobxon boshidan oxirigacha uning ichida yashardi.

Uni oʻqib tugatgach, bosh qahramon Charlz Striklend real hayotdagi kimning prototipi boʻlgani bilan qiziqdim. Moemning kundaliklarida maʼlum qilinishicha, u fransuz impressionist rassomi Pol Gogenning oʻzginasi edi. Men Gogen haqida chala-chulpa bilar, uni faqatgina tasviriy sanʼatdagi postimpressionizm oqimining yirik namoyondasi boʻlganidan boxabar,  rang-barang kartinalarini tomosha qilib koʻrmagan, hayoti haqida ham aytarli hech narsa bilmasdim. Baxtimga taniqli fransuz sanʼatshunosi Anri Perryusho yozgan uning tarjimai holi men aʼzo boʻlgan  neftni qayta ishlash zavodi kutubxonasida bor ekan. Oʻsha yerdan olib, uni oʻqishga muyassar boʻldim. Chizgan kartinalari foto jamlanmasini esa kutubxonaning albomlar va illyustratsiyalar boʻlimidan topdim…

Perryushoning yozishicha, Pol Gogen oʻttiz yetti yoshigacha birjada dallol boʻlib ishlaydi. Avvaliga Parijda, keyin Kopengagenda. U bu kasbni boshini tutib moliyaviy tomondan ancha oʻzini oʻnglab oladi. Uning ortidan qoʻlga kiritilgan jamiyatdagi mavqei, hashamatli xonadoni,  xonadonidagi mebel va ichki jihozlar, oilasining toʻkinlikdagi yeb-ichishi havas qilgudek darajada boʻlib, kundan kunga bu sharoit yanayam yaxshilanib borardi. Birjadagi uning faoliyati shunchalik serdaromad ish ediki, u bir xonadonda koʻp yashamas, imkon topildi deguncha oilasi bilan boshqa yaxshiroq koʻrinish va sharoitdagi xonadonga koʻchib oʻtar, roʻzgʻoridan ortib oʻziga zamondosh boʻlgan impressionist rassomlarning kartinalarini sotib olar, noziktaʼb Parijdagi eng soʻnggi urf boʻyicha kiyinar, chamasi shaxsiy foytuniga ham ega edi.

Dallollik kasbini boshini tutish bilan birga u boʻsh paytlari rassomchilik bilan shugʻullanardi. Xonadonida bunga maxsus xona ajratilgan boʻlib, oʻsha yerda ishdan ortgan paytlari  koʻpincha peyzaj uchun eskizlar chizish bilan mashgʻul boʻlardi. Oʻsha paytlari u batamom havaskor edi. Uning hech bir rassomchilik ishini Kamil Pissaro, Pol Sezann yoki Klod Monening ishlari bilan taqqoslab boʻlmas, ular professional rassom boʻlishsa, Gogen hali bu darajaga chiqmagan, chiqishni ham oʻylamas, chunki oʻzining asosiy faoliyat turini birjadagi dallollik deb tushunar, sanʼatga taxminimcha bir koʻngilochar ermak sifatida qarardi.

Birja, birja, birja! Beshta harfdan tashkil topgan bu dargoh shunaqangi rasvo joy ediki, undagi moliyaviy nayranglar va firiblar sabab bir kunda boy kambagʻalga, kambagʻal  boyga aylanib qolishi mumkin edi. Koʻplab odamlar u yerda bir zumda bor-budidan ayrilib, koʻchada qolar, yana shuncha odamlar  oʻsha xonumonidan mosuvo boʻlganlar oʻrniga yangitda qoʻlga kiritilgan mavqelari bilan jamiyat yuqori qatlami eshigi oldida navbatda turishardi.  Inson bolasi u yerda oʻz insoniyligini yoʻqotar, pulning ketidan quvish oqibatida mashina yoki robotga aylanar, oʻzidagi barcha insoniy his-tuygʻularini oʻldirib, nafs qoʻyniga oʻzini mahkam kishanlardi. Shu yerda Mark Tvenning “Ovsar Vilson” qissasidagi birja haqida keltirilgan hajviy dialog oʻrinliga oʻxshaydi.

-Janob, birjada yilning qaysi oylarida “oʻyin” oʻynamaslik kerak?

-Yanvar, Fevral, Mart, Aprel, May, Iyun, Iyul, Avgust, Sentyabr, Oktyabr, Noyabr va Dekabr.

Gogen kun chiqar paytidan kun botargacha birjadagi oʻz joyida qimir etmay oʻtirar, narxlar dinamikasi va mahsulotlar oldi-sotdisida faol qatnashar, oʻzi kabi qaysidir firmaning dalloli boʻlgan sheriklari bilan ayovsiz raqobatga kirishar va koʻpincha omadi kelib moliyaviy ahvolini yaxshilar, buning natijasida oʻzida biror bir kemtiklik yoki faoliyatidan qoniqmaslikni sezmasdi.

Ammo, oʻzida qaramlik sezardi. U shak- shubhasiz birjaga, toʻgʻrirogʻi Parij moliya olamiga qaram edi. Bu olamsiz oʻzini mavjud emasdek his qilar, Dekartning “men fikrlamasam mavjud boʻlmayman” degan gaplarini goʻyo “birjaga kelmasam mavjud boʻlmayman” deb idrok qilardi. Gohida suyuqoyoqni eslatadigan narxlar dinamikasining har soatda oʻzgarishidan zada boʻlgan kezlari u dod solib baqirgisi kelar, biroq andisha qilib lablarini tishlar, yuragi boʻlsa qaqshagan asablari va tezkor qaror qabul qilishga moslashishi natijasida horigandek va sust urayotgandek tuyular, shunda xonasida oʻtirgancha deraza orqali koʻchaga tikilar, Parijning qishdagi tund, izgʻirinli havosini yoki seryomgʻir kuzini tashqarida koʻrib peshonasini asabiy tirishtirar va bolaligi oʻtgan Janubiy Amerikadagi Peruning serquyosh iqlimini qoʻmsardi.

-Qachon yer yutarkin bu Parijni?- derdi u koʻpincha deraza oldiga kelib koʻchani kuzatarkan.

Gogen bir yasharligida otasi 1848 yilda boshlangan va Parij oʻchogʻiga aylangan fransuz inqilobining dahshatli oqibatidan choʻchib, onasi ikkovini Peruga olib ketgandi. Peruda onasining qarindoshlari boʻlib, boshqa ular boradigan tinchroq va havfsizroq joy yoʻq edi. Butun Fransiya inqilob kayfiyatiga berilgan, Parij barrikadalar va tartibsizliklardan iborat boʻlib qolgandek, unda faqat otishmalarning ovozi kelar, koʻchalaridan qon daryo boʻlib oqardi.

Otasi Peruga yetolmay, kemada yurak xurujidan vafot etgach, Pol togʻasi qoʻlida katta boʻldi. U Peruni judayam sevardi. U yerdagi odamlarning qizgʻish tanasi, istarali yuzi, yorqin kiyimlari unda qiziqish uygʻotar, oʻlka atrofini oʻragan purviqor And togʻlaridan hayratlanar,  iliq qumga bagʻrini berib yotganicha, tepasidagi quyosh taftida toʻlqinlari qirgʻoqqa tinimsiz uriladigan ummon bilan kun ora suhbat qurardi.

Xonasida oʻtirib, trubkasini burqsitgancha oʻsha kunlarni eslarkan, u moʻylabini siypalab ogʻir xoʻrsinib qoʻyar, goʻyo koʻkda parvoz qilib yurgan qushlardan qanotlarini yalinib soʻrab olib, bolaligining ajoyib damlari oʻtgan afsonaviy mayyalar yurtiga uchib borishni va bu yerdagi siqilish, havotir, nafs ketidan chopish kabi illatlarga barham berishni jon-u dilidan istardi.

Gogen badavlat edi. Shunday boʻlsa-da,  ertaga oʻzi bilan nima sodir boʻlishini bilmas, bir kuni birjada omadi chopmay qolib qashshoqqa aylansa, oilasi koʻchada qolishini va sarson-sargardonlikda umrguzaronlik qilishini oʻylab kechalari uxlolmas, shu tomondan olib qaraganda birjadagi faoliyatidan sira koʻngli toʻlmasdi. Shungadir balki erkinlikni ming xayol qilmasin u chidashga majbur boʻlar, tishini tishiga bosib, har safar tongda bir finjon qahvani xoʻplab birja sari otlanar, kechqurun esa topgan-tutganini seyfiga joylardi. Qolaversa, Peru ham uzoqda edi.

Bolalik xotiralari va Parijning zerikarli manzarasi yetaklab kelgan tushkunlik onlarida tasviriy sanʼat qaysidir maʼnoda unga oʻzi istagan tasallini berardi. Buni ustaxonada havaskorlik namunalarini chizib oʻtirgan kezlari yoki oʻzi xarid qilgan va anchadan buyon xonadoni devorlarida zeb ulashib turgan impressionist rassomlarning kartinalariga boqqanida u teran anglardi. U rasm chizishdan koʻra ham ana shu kartinalarga qishning uzun kechalari sham yorugʻida, ustma-ust qoʻyilgan gʻoʻlalar chirsillab yonayotgan kamin oldida soatlab tikilib oʻtirar, impressionist rassomlar chizgan kartinalar oʻzlarining tabiat bilan sof uygʻunlashgan holda namoyish etilgan erkin kayfiyat va ruhiyatlari bilan unda havas uygʻotar, ularga qarab u bolaligida boshidan kechirgan, ulgʻaygach esa oʻzida qondirilmay qolgan erkinlik hissi uchun shu yoʻl bilan tovon olishga mayl bildirardi.

Vaqti kelib, Gogen birjadagi faoliyatidan oʻlgudek beziydi. Qoʻli ishga bormay qoladi. U dastlab buni bir yerda koʻp ishlashning hosilasi deb oʻylaydi va ishini Kopengagenga — xotinining ona shahriga koʻchiradi. Baxtga qarshi u yerda ham oʻzini yomon his qiladi. Birja ishi unga azaldan zavq bermagan boʻlsa, begona shaharda ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilib, koʻnglini aynita boshlaydi.

Kopengagenda u Peru tabiatida oʻzini boshdan oyoq koʻrsatgan va imressionistlarning kartinalarida tarannum etilgan erkinlikni telbalarcha qoʻmsay boshlaydi,  Parijda qolgan rassomlar kabi shu ruhda kartinalar chizishni istaydi. Birjada kun boʻyi serquyosh iqlim dardida, quvonch baxsh etmaydigan ish bilan band boʻlish yoki xonadonidagi kartinalar qarshisida oddiygina muxlis boʻlib oʻtirish undagi erkinlikka talpinish azobiga boshqa taskin bermay qoʻyadi. U intilishni, oʻz qoʻllari bilan yuragi sogʻingan oʻsha erkinlikni yaratishni niyat qiladi. Buni esa xotini tushunmaydi va uning birjadagi ishidan ketishini oila uchun katta fojeadek qabul qiladi.  Uning qarshiligiga qaramasdan Gogen dallollikni tashlaydi. Bu qaroridan ranjigan xotini bolalarni oladi-da, uni tashlab ketadi.

 

-Men misoli bank edim,- deydi nega xotini uni tashlab ketganini soʻragan tanish-bilishlariga u kinoya qilgancha.- Bank inqirozga yuz tutgach, zoti oliyalarining ortiq unga ehtiyoji qolmadi.

1885 yilda Parijga qaytib kelganida Gogen oʻttiz yetti yoshda edi. Shundan soʻng uning haqiqiy rassomchilik hayoti, buning negizida oʻzi orzu qilgan erkinligi boshlanadi. U Edgar Dega va boshqa rassomlar bilan shaxsan tanishadi, ularning taʼsirida havaskorlikdan oʻsib professional darajaga koʻtariladi, koʻrgazmalarda chinakam rassom sifatida ishtirok etadi, Martinika va Panama kabi ekzotik yurtlarga safarlar uyushtiradi. Moliyaviy ahvoli bir muncha yomonlashgach, Fransiyaning ovloq yeridagi Arl qishlogʻida Van Gog bilan — u jinnixonaga tushguncha bir tom ostida uch oy yashaydi va ijod qiladi.

Oʻz moliyaviy imkoniyatlari chegaralana boshlangach, u bundan nolimaydi. Oldinlari har oyda bir necha ming frankka ishlagan Gogenning oylik daromadi endi ming frankka ham yetmas, agar chizgan kartinalarini Van Gogning ukasi  oʻrtada turib sotib bermasa yoki tijoratchi Dyuran-Ryuel sotib olmasa, u shundan ham mahrum boʻlardi. Lekin buni oʻylab qoʻymas, ahamiyatga molik narsa — erkinligi edi. Tabiat bilan hamnafas boʻlish uning pasaygan moliyaviy imkoniyatlaridan qolgan dogʻni yuvib tashlar, qalbi buyurgan ishga mehr bilan berilar, bir marta kelinadigan hayotda oʻzi sevgan kasb bilan shugʻullanayotgani uni baxtiyor qilardi.

-Gogen juda ham baxtiyor,- deb yozadi Van Gog shu bir necha oy ichida ukasi Teoga yozgan maktubida.- U kun boʻyi tabiat qoʻynida.  

Gogen Parijdan juda zerikkandi. Shunga boʻlsa kerak, keyingi besh yil davomida u yerda kam koʻrinish beradi. Martinika va Panamada oʻzi boshdan kechirgan hissiyotlar va koʻrgan manzaralari, Arlning tabiati unga Parijdagi bir xillikdan koʻra mazmunliroqdek tuyuladi va bolaligi oʻtgan Perudan qolgan shirin xotiralarini yangi koʻrinishda qarshisida gavdalantirib uni ortga qaytishiga yoʻl qoʻymaydi. Parijni u istamay qoladi. Taraqqiyot oʻchogʻiga aylangan va kundan kunga shiddat bilan yangilanayotgan Parijni ogʻir xastalikka chalingan bemorga qiyoslaydi va undagi temir yoʻllar, baland binolar, telefon va telegraf vositalari, odamlar uyidagi va tashkilotlardagi maishiy hayotga kirib kelgan boshqa taraqqiyot namunalari uni holdan toydirib, taʼsirchan tabiatini yaralaydi, hayotini rangsizlantiradi.

-Jamiyatga nima boʻlyapti?- hayron boʻladi u qahvaxonada gazeta oʻqib oʻtirgan paytlari boshini koʻtarib oldidagi pivodan hoʻplarkan.- Zamonga-chi? Nega ikkovi ham kun sayin oʻzgarib, murakkablashib ketyapti? Eh, taraqqiyot, taraqqiyot!

Buning natijasida, u kemaga oʻtiradi-da, 1891 yilda Fransiya mustamlakasi boʻlgan Taiti sari yoʻl oladi. Oʻsha yerda baliqchilar chaylasida yashaydi. Bu yurtning Peruga oʻxshash iqlimi bilan oq yoʻrgakka oʻralgan pok tabiati undagi gʻayrat va sermahsullikni oshirib yuboradi. Buning samarasi oʻlaroq,  doimiy musaffo va koʻm-koʻk osmon ostida u bir yil ichida saksonta kartina chizadi. Bu kartinalarda oʻsha yurtning taraqqiyot oyogʻi yetib bormagan manzaralari va u bilan hamnafas yashayotgan erkin fuqarolarining murakkablikdan xoli boʻlgan, sodda va begʻubor turmush tarzlari tasvirlangan. Ayollar, erkaklar, bolalar… Ularning orasida rassom nihoyat oʻzi yillar boʻyi izlagan, bolaligida nafasini tuyib, katta boʻlgach bir muddat yoʻqotib qoʻygan narsasini- qalb erkinligini toʻlaligicha topgandek boʻladi.

 

Bundan tashqari u yillar mobaynida ana shu erkinligini boʻgʻib kelgan rasmiyatchilik va turli xil ijtimoiy kodekslardan ham qutuladi. Qirgʻoq yaqinidagi bambukdan yasalgan chaylasida, zaytun barglari ustiga qoʻyilgan guruchli non, pishirilgan losos baligʻi va kokos mevasidan iborat boʻlgan nonushta yoki tushligiga qararkan, pichoq va sanchqining toʻgʻri ushlagan-ushlamaganini oʻylab xavotirga tushmay, bu neʼmatlardan xohlaganini qoʻllari bilan isteʼmol qilishi, qoʻshni chaylada yashaydigan erkaklar bilan ijtimoiy ahloq-odob va oʻzi mansub boʻlgan jamiyat oʻrnatgan soʻzlashuv tartib-qoidalariga rioya qilmay bemalol suhbatlashishi, qizil tanli tanish ayollar bilan ularning tanasini taomil yoʻl qoʻygan qismidan ushlamay ham raqsga tushishi mumkinligini oʻylab yengil nafas oladi, olisda qolgan “ijtimoiy kasal” Parijni koʻz oldiga keltirib istehzoli kulimsiraydi.

-Ilk marta ommaviy hastalikka chalinmagan odamlarni uchratishim,- deydi u yelkasiga molbertini tashlab, Taitini yayov kezgancha uning aholisi bilan birma-bir tanisharkan.-  Yashasin, Taiti! Yashasin, erkinlik!

Taiti darhaqiqat, u istagandek  Parijning butunlay teskarisi edi. Cheksizlikka yondoshgan ummon, baland zaytun daraxtlari, qirgʻoqdagi chaylalar, mayda qum zarralari, mango va kokos daraxtining shirin mevalari va nihoyat taraqqiyot-u ijtimoiy kodeks kabi viruslarga chalinmagan oqkoʻngil va sodda odamlar… Gogenga shu kerak edi. U mazkur manzaralarni va odamlar turmush tarzini moyboʻyoq yordamida bir butun kartina holatiga keltirarkan, aslida bu bilan tafakkurida erkinlikni qanday tushunishini koʻrsatar, galma gal dunyoga kelgan shu ruhdagi kartinalari bir tenglama koʻrinishida bu mavzudagi mavjud dilemmaning Gogencha yechimini oʻrtaga tashlardi…

…Somerset Moem romani ham,  Anri Perryusho asari ham oʻz holicha goʻzal va jozibali. Ular ikkisi ham Gogen haqida yetarli maʼlumot beradi. Ammo ularning hech biri rassom Taitida chizgan ana shu saksonta kartinachalik uning oʻziga xos boʻlgan erkinlik tenglamasini oʻquvchiga oddiy tilda tushuntirib va yetkazib bera olmaydi. Yuqoridagi adabiy asarlar shunchaki debocha, xolos. Taʼbir joiz boʻlsa shunday. Kulminatsiya  oʻsha saksonta kartina. Shuning uchun boʻlsa kerak  Anri Perryushoning kitobini oʻqib chiqqach kutubxonaga darrov qaytarib bergan boʻlsam-da, Gogen Taitida chizgan kartinalari foto jamlanmasini ancha vaqtgacha abonentlik kartamga qayta-qayta rasmiylashtirib, oʻzim bilan olib yurdim.

Hozirga kelib Perryushoning kitobi oʻsha kutubxonada bor-yoʻqligini bilmayman. Kartinalarning foto jamlanmasini ham. Shoʻrolar paytida nashr qilingan materiallar sifatida ular allaqachon makulaturaga topshirilib, yoʻq qilib yuborilgan boʻlishi mumkin. Rosti buni menga qizigʻiyam yoʻq, chunki Gogenni endilikda har safar koʻz oldimga keltirsam uning tarjimai holi bitilgan oʻsha toʻq qizil muqovali kitob bilan Taitida u chizgan saksonta kartina bir pasda koʻz oldimga keladi va men  koʻnglim tusagan mahal xayolan kitobni oʻqishda, kartinalarni tomosha qilishda davom etaman.   

2020 yil, aprel.  Margʻilon