Qoʻlimda ikkita surat turibdi. Har ikkovi ham oq-qora rangda. Tasviri tiniqmas. Bir oz xira. Ularga uzoq tikilaman. Ham qiziqish, ham achinish bilan. Qiziqishimga birinchi surat zamin hozirlasa, ikkinchisi qalbimda ogʻir achinish hissini uygʻotadi. Ular mohiyati va maʼnosi  jihatidan bir-biridan tubdan farq qiladi. Birida inson ibtidosining ravon, ulugʻvorlik kasb etgan va Xudoga mengzalgan tasviri aks etgan boʻlsa, ikkinchisida uning intihosi sabab ayanchli, nochor va ortidan ogʻriqli mushohadalarni ergashtirib,  javobsiz savollarni ong ostiga qalashtirib tashlaydigan ifoda surat koʻrinishida oʻzini namoyon qiladi.

Qaysi biridan boshlaganim maʼqul? Sharhlashni deyman-da. Suratlarni sharhlash bobida ustasi farang boʻlmasam-da, negadir shu ikki suratga astoydil sharh yozib, ularni  izoh va qaydlar yordamida magʻzini chaqish shu tobda koʻzimga xayrli va koʻngilli ishdek koʻrindi. Ehtimol, shu sharh qurgʻur orqali ilk dafʼa tikilganimda ikkisi yuragimda baravar miqdorda qoldirgan ogʻriqni sal-pal unutarman yoki azaldan borligʻim chiqisha olmagan foniy dunyo neʼmatlariga butunlay koʻz yumarman.

Sharhlashdan oldin ularni qayerdan olganimni aytib oʻtay. Shaxsiy kutubxonamda italiyalik sanʼatshunos Mariya Tibaldi-Kyezaning mashhur skripkachi Paganini hayotiga oid risolalari jamlangan kitobi bor edi. Qachonlardir tanish bukinistlarimdan biri uni arzimagan choychaqaga menga sotib ketgan, shu boʻyi uni kutubxonamda saqlar, ammo anchadan beri boshidan oxirigacha  oʻqib chiqmagandim. Kecha nihoyat uni oʻqib tugatdim. Suratlarni oʻsha kitobga ilova tariqasida berilgan albomdan qirqib oldim. Ochigʻi, qolgan suratlardan koʻra shu ikki surat eʼtiborimni koʻproq tortdi.

Demak, endi suratlarga oʻtsam boʻlar? Ibtidoni oʻzida aks ettirgan suratdan boshlay qolaman. Zero, bu dunyo  Odam Ato zamonidan buyon bor-budi bilan oʻz ibtidosi qovurgʻasida hanuz intiho neligin bilmay nafas olyapti,  soat kabi, yer kabi oʻqi atrofida aylanyapti. Shunday ekan, unga havas qilgan kam boʻlmaydi. Qolaversa, mazkur surat oʻng qoʻlimda turibdi (irim yomon-da baribir).

Oʻng qoʻlimda turgan suratda Ovroʻpo meʼmorchiligining barokko uslubida barpo etilgan katta zal tasvirlangan. Uning baland shiftidagi ulkan qandil atrofiga oʻrnatilgan yuzlab shagʻamlar yordamida zalni yoritib turibdi. Zal oʻrtasidagi yerdan tizza boʻyi tepalikdagi sahnada Paganini savlat toʻkib, bir tomonga ogʻishib va boʻynini choʻzib, zalni toʻldirib oʻtirgan odamlarning tabriklarini birma-bir qabul qilyapti. Bir qoʻlida skripka, bir qoʻli uni olqishlab, yuksak sanʼati uchun tabrik etayotgan ayollarning qoʻllarini minnatdorchilik yuzasidan siqib qoʻyish  va ularga javob qaytarish bilan ovora. Uni tabrik etmoq istagidagi kimsalar goʻyo navbatda turishgandek, ortdagilar esa hayratdan bir-birlariga nimadir deyishyapti. Ularning es-hushi joyidamas, hayajon barchasini boʻgʻzidan tutib yengil nafas olishlariga yoʻl qoʻymayotgandek.

 

Paganini oʻz faoliyati davomida odamlarga liq toʻla boʻlgan, keng va yorugʻ, muhtasham zallarning koʻpini koʻrgan. Son-sanoqsizini deyilsa ham aslo mubolagʻa boʻlmaydi. U  yuzdan ortiq mana shunday konsert zallarida, bundan tashqari qirollar saroyi va oqsuyaklar dargohida skripkachilik sanʼati borasidagi oʻz mahoratini ommaga namoyish qilgan, afsonaviy shon-shuhratga burkangan, nomi tillarda doston boʻlgan.

Bu turfa zallar goh Milanda, goh Florensiyada, goh Turin va Rimda  real hayotdan zerikib, sanʼatdan lahzalik orom va ruhiy ozuqa olish istagida boʻlgan oʻz sanʼat shinavandalari bilan unga har doim tantanali ravishda peshvoz chiqqan. Keyinchalik Parij va London kabi koʻrkam shaharlari boʻlgan Ovroʻpodagi zallarda ham u shunaqa sanʼatga koʻngil berganlar qarshisida skripka chalishiga toʻgʻri kelgan. Mana shunday zallarda skripkasi vositasida namoyon boʻlgan  uning qudrati bemislligini, isteʼdodining naqadar zakiyligini, kuylarining jozibadorligini odamlar koʻrishgan va guvohi boʻlishgan. Mana shunday zallardagi konsertlaridan soʻng u haqida gazetalarda tinimsiz uzun taqrizlar va katta maqolalar yozilgan. Mana shunday zallarda ehtimol Genrix Geyne uni uchratgan va u haqidagi oʻzining “Florensiya tunlari” deb nomlangan ajoyib essesini yozgan, unga ergashgan boshqa shoirlar ilhom olib va hayratlanib nazokatli skripkachining ijodini tarannum etgan sheʼrlari-yu elegiyalarini vazn bilan qofiyaga tizishgan, oʻz davrining yetuk rassomlari uning suratini chizish uchun qabuliga yozilishgan.

Zallar… zallar… Sirtdan qaraganda ularning barchasi bir xil. Barchasi barokko uslubida qurilib, mana shunday qandillarga oʻrnatilgan shagʻamlar yorugʻida ichi munavvarlashgan, barchasi keng, har biri qirrali va naqshinkor ustunli, har birining deraza romlari baland. Xullas, bir xil… Ammo, Paganini emas.

Bir xil zallardagi bir xil odamlardan tashkil topgan muhit unga mutlaqo begona edi. Turfa xilligining ilk nishonasi shunda ediki, u oʻz mahoratini yo usta Amati, yo usta Stradivari yasagan skripkalarda  koʻrsatardi. Hech qachon bitta skripkada emas. Mana shunday zallarda qoʻlida qaysi skripka boʻlmasin, Paganini u bilan goh iblisdek vahshiy va buzuqqa aylanar, goh qanotli va begʻubor farishtadek vazminlikka mayl bildirib, birdan  muloyimlashardi. Goh butun konsert davomida uning qovogʻidan qor yogʻilar, goh lablaridan tabassum arimasdi. Goh qaddini gʻoz tutib, yelkasidagi skripkasini baland koʻtarar, goh nomaʼlum darddan qaddi bukilib, bir tomonga enkayib qolardi.

Uning skrpikasi ham  bir xil zallar ichidagi bir xil odamlarni oʻz rang-barangligi va tuslanishi bilan qoyil qoldirardi. Paganini uchun uni nechta tori borligini ahamiyati yoʻq edi. Skripka bitta tordan iborat boʻlsa ham Nikollo unda moʻjizalar yaratar, uning uzun va egri barmoqlari yordamida shoʻrlik skripkaga jon kirar, u oʻz sohibining yelkasida shunchaki chiyillab ovoz chiqarmasdi. U skripka emas, ikkita qoʻli va oyogʻi, koʻz-qulogʻi bor odamdek taasurot uygʻotardi. Amati skripkasi ham, Stradivari skripkasi ham zalga yigʻilgan yuzlab odamlar bilan xuddi ular kabi zaboni bordek ular tushungan tilda gapirardi. Odamlarga Paganini bastalagan musiqiy kompozitsiyani yetkazib beruvchi vositadan allaqachon chetga chiqib, u bamisoli hazrati inson maqomini olgandi. U odamlar qarshisida xaxolab kular, hoʻngrab yigʻlar, kuyinib achinar, dod solib baqirar, aqldan ozdiradigan savollarni koʻndalang qoʻyar, boʻralab soʻkinar, iblisona tavqi-laʼnatlar yogʻdirar, ayrim hollarda esa ularning dardiga oʻzini malhamdek tutar, yutuqlariga sherik boʻlib, muvaffaqiyatsizliklariga hamdard boʻlardi.

Zalda uning ovozini eshitib oʻtirgan notarius bir zumga boʻlsin ish joyidagi nihoyasiz va bir tiyinga qimmat meros masalalarini unutar, tijoratchi muddati oʻtgan veksellari haqida bosh qotirmas, tikuvchi qarzdor mijozlari goʻriga gʻisht qalamas, zargar oʻgʻirlatgan tillalariga kuyinmas, zobit oldinda turgan urush yoki sulhning oqibatlari haqida fikr qilmas, davlat arkonlari bemaʼni va zerikarli siyosiy muzokaralardan qolgan charchoqlarini yozishar, ruhoniy narigi dunyo va qabr azobi haqidagi hatto oʻzi ishonmaydigan vaʼz-nasihatlarini kallasidan chiqarar, qonun chiqaruvchi huquqshunos  faqat boylar manfaati uchun chiqarilgan qonun loyihalarini xas-poʻshlash uchun toʻplangan soxta dalillarini oʻylab vijdoni qiynalmas, beqaror oshiq koʻz oldida oʻz suyuklisining dil izhorini tinglagandek hayajonlanar, vrach tomonidan oʻlim tashxisi qoʻyilgan bemor esa jannatdagi hurlarning ovozini eshitgandek boʻlardi.

 Shu yerda xassos shoirning Paganini haqida yozgan bitiklarida jon bordek tuyuladi:

Mashshoq chalar edi- tomoshagoh gung,

Ishongan edilar Odam Atoga

Jonni Haq kuy bilan kiritganiga

Mashshoq chalar edi — olomon telba,

Ishongan edilar Paganinining

Iblisga qalbini sotganligiga.

Mashshoq chalar edi baxtni, sururni,

Izdihom tebranib biri-biriga

Jonlarin baxshida aylar edilar.

Mashshoq chalar edi gʻamni, qaygʻuni,

Ruhlari jismini tark etib chiqib

Yettinchi falakka yigʻlar edilar.

Zallar… konsert zallari… Paganini ularni biror marta boʻsh boʻlganini eslolmasdi. Hech qachon bunday boʻlmagan. Zal ham, odamlar ham butun konsert davomida uni diqqat bilan, yurak hovuchlab va aqldan ozar darajada taʼsirlanib eshitishardi. Shunday lahzalarda zalda pashshaning uchganiyam bilinmas, devorlaridagi akustikada faqatgina skripka ovozi jaranglar, skripka torlarida dunyoga kelgan ilohiy kuy homuza tortib atrofda  kezinardi.

Kuy emas edi u – tong yirtigʻidan

Goʻdaklar kulgusin oʻgʻirlab chiqqan

Mangu buloqlarning

Qoʻshigʻi edi,

Kuy emas edi bu-mujdakash yelning

Yaralmoq sirini bilmoqlik uchun

Zamindan osmonga

Soʻrogʻi edi.

Konsert tugagach, Paganini olqishlar, tabriklar, guldastalarga koʻmib tashlangani yetmagandek yuksak martabali zotlardan kechki ovqatga yoki balga taklif olardi. Kechki ovqat payti qadahda unga Burgundiyaning eng aʼlo nav vinolari uzatilar, qoʻl qoʻygani joy qolmagan dasturxonga ustritsa, choʻchqa eti, baliq ikrasi kabi shohona taomlar va mevalarning eng saralari tortilardi. Balda u bilan chiroyda tengsiz, korseti beliga yopishgan, sochlari antiqa turmaklangan, aslzoda ayollar sokin kuyga raqs tushishardi.

Shunday lahzalarda, Paganini oʻz ibtidosining eng goʻzal lavhalariga roʻpara boʻlar, bundan qalbida beixtiyor masrurlik va shodonlik tuyar, oʻzini tangriga yaqindek yettinchi osmonda sezar, boz ustiga bu lavhalar ertasiga va indiniga bundan-da goʻzalroq sifatda roʻy berib, yanayam yorqin manzaralarda oʻzlarining davomiyligiga uni toʻliq ishontirishardi. Boshqa tomondan undagi ogʻriqli yillar va mashaqqatli mehnat shakllantirgan skripka ijrochilik mahorati kundan kunga mukammalashib, insonga berilishi mumkin boʻlgan kamyob baxt aks etgan bunday ajib lavha va manzaralarning umri uzoq boʻlishini taxmin qilishiga turtki berardi…

Chap qoʻlimdagi suratga ham navbat yetib keldi. Menimcha, uning sharhiga toʻxtalishning ayni payti (temirni doim qizigʻida bosish kerak). Bu suratda Italiyaning Parma shahridagi Paganini dafn etilgan dahma tasvirlangan. Dahmaning ustida gumbaz, uni chamasi oltita ustun koʻtarib turibdi. Uning atrofi temir panjaralar bilan oʻralgan, peshtoqiga “Nikollo Paganini” degan yozuvlar katta harflar bilan lotin tilida oʻyib joylashtirilgan. Balki ichki qismida, yaʼni kadr ortida marmartoshga skripkachining tugʻilgan va qazo qilgan sanalari yozib qoʻyilgandir. Har holda, dahma boʻlgandan keyin shunday boʻlmay iloji yoʻq.

 

Shu dahma ichida oʻlik Paganini yotganiga ishonish qiyin. Paganini 1840 yilda olamdan oʻtgan. Demak, bu dahmada bir yuz sakson yildan beri u mangu uyquda. Balki, yerning ostida undan endilikda bir uyum suyaklardan boshqa hech nima qolmagandir. Tobuti ham chirib, qoldiqlari qurt-qumursqalarga yem boʻlib, hidlanib, poʻpanak bosib ketgandir.

Bu dahma qoʻriqlayotgan narsa faqat Paganinining nomi, xolos. Toʻgʻrirogʻi, ismi va sharifi. Shu yerga uning koʻmilganini koʻrsatib turish dahmaning asosiy vazifasi. Paganini esa jisman borliqni tark etgan. Uning bir paytlar odamga oʻtli nigoh tashlagan koʻzlari manguga yumilgan, yunonlarniki kabi uzun boʻlgan burni endi hid bilmaydi, lablari butunlay qimtilgan, doim yelkasiga tushib yurgan sochlaridan asar qolmagan, skripkada moʻjizalar yaratgan barmoqlari tarashadek qotgan, tuyaning oʻrkachiga oʻxshagan yelkasi odam anatomiyasi darsida eksponat sifatida koʻrsatiladigan ustixonning shu aʼzosidan farq qilmaydigan ahvolga kelib ulgurgan.

Shu yerda oʻylanasan kishi. Uning skripkachilik mahorati, egallagan bilimi-chi? Qayerga yoʻqoldi? Nahot, shunday intiho uchun har bir inson oʻzida ibtidoni shakllantirsa, rivojlantirsa, mukammal holga keltirish uchun oʻzini oʻqqa-choʻqqa ursa, izlansa, kunni kun va tunni tun demasa? Paganini tirikligida bolaligidan boshlab tinimsiz mashqlar qilgan, musiqa nazariyasini — fuga, kontrapunkt, kompozitsiya, notalar birikmasi kabi balo-battarlarni oʻrgangan, skripkani mahoratli chalish uchun kecha-yu kunduz mehnat qilib uning muqaddas ilmini egallagan. Bir kunda esa bularning barchasi havoga uchib ketgan va endi mana bu dahma ichida yotgan skripkachidan bir uyum suyaklar, ismi-sharifi, tugʻilgan yili va qazo sanasi aks ettirilgan marmartoshli plitadan boʻlak hech nima qolmagan (ijodiy merosi oʻz yoʻliga).

Dahma… dahma… U qishin-yozin oʻzgarmaydi. Shunday turaveradi. Salkam ikki yuz yildan beri shunday turibdi, buyogʻiga ham uning abgor qismatiga ziyon-zahmat yetmaydi. To qiyomatgacha shunday boʻladi,  vallohi aʼlam! Tirik Paganinidan farqli ravishda oʻlik Paganini bu yerda yolgʻiz. Oʻz vaqtida konsert zallarida shuhrat va guldastalarga koʻmilgan, qimmatbaho foytunlarda gastrol ketidan dunyoni kezgan, necha-necha ulugʻvor kimsalarning xonadonlarida partoʻshak va yumshoq yostiqlarda tong ottirgan, noz-neʼmatlarga toʻla dasturxonlarda oliymaqom mehmonga aylangan, sohibjamol ayollarning suyuklisi boʻlgan, skripkasi orqasidan taʼriflab boʻlmas boylik orttirgan Paganini endi manavi koʻrimsiz, ustunlari uringan, atrofini begona oʻtlar bosgan dahma ostidagi ikki metrgina joyda, taxta tobut ichida bir oʻzi yotibdi. Bir oʻzi… Na oilasiz, na doʻstu birodarisiz, na uni koʻklarga koʻtargan muxlislarisiz va na uni sevgan ayollarisiz…  

Qishda atrofga qor yogʻib, havo sovib, izgʻirin boshlanganida odamzod tugul mushuk yoki qargʻalar ham dahma atrofida qorasini koʻrsatmaydi. Bahor kelganida tabiat jonlanib, atrof koʻkalamzorga aylanganida uning qarshisida  qora qutiga solingan skripka yoki violonchelini yelkasiga osgancha bir-ikkita yosh musiqachilar paydo boʻlib qolishadi va u yerda oʻzlarini “selfi” qilib,  quvnoq fotosessiya uyushtirishadi. Bu ish jonlariga tekkach,  bir-birlarini turli rakurslarda suratga ola boshlashadi. Baʼzan dahma ustuniga suyanib, oʻychan turgan qiyofada suratga tushishsa, baʼzan uning oʻrtasida qoʻllarini chalishtirib oʻzlarini lentaga muhrlashadi. Shundan soʻng, ular bu suratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib, unda qalashib yotgan bekorchi obunachilari bilan baham koʻrishadi. Yoz kelib saraton oʻz tafti bilan borliqni kuydirishga tushganida dahma yana yolgʻiz qoladi. Yozning iskanjasida qovjiraydi. Kuz hukmronligi oʻrnatilganida uni janub yomgʻiri tinimsiz yogʻib savalaydi, Apennin yarim orolining quyuq tumani qoplaydi, shamol uchirib kelgan xazonlar uning ostonasida jon berib, hayot bilan vidolashishadi.

Paganini unda yolgʻiz yotishda davom etadi.  Keyingi manzili qayerligini bilmay, koʻzlarini yumib, sukut saqlab… Na odamlar bor atrofida, na boshi ostida yumshoq yostiq, na ustida partoʻshak… Dahma hududida esa uning mahshargacha choʻzilgan iztiroblari, yakuni yoʻq dod-faryodi va xirillagan ovozi birgalashib xuddi arosatda qolgan daydi ruhlardek sarson-sargardonlikda uchib yurishadi…

Ey, menga olqish-u sanolar aytib

Poyimga bosh urgan ojiz bandalar!

Ey, menga sanʼatda xudosan, degan

Behisht quvgʻindisi-gunohkor pushtlar!

Aytingiz- qayerdan quyosh va zulmat,

Qayerdan muhabbat, qayerdan nafrat?

Koʻzingiz yashirmang, ayting-boshlanar

Qayerdan doʻzax-u, qayerdan jannat?

Suratlarni picha vaqt oʻtgach almashtirib koʻraman. Oʻng qoʻlimdagisini chap qoʻlimga va aksincha qilib. Lekin, ulardan qolgan achchiq taassurot baribir oʻzgarmaydi.  Shunda oʻylanib qolaman: intiho roʻy bergach, Paganini kabi musiqa sanʼatida beqiyos boʻlgan skripkachining yelkasida koʻtarib yurgan  ibtidosidan jisman hech narsa qolmabdiki, boshqalar oʻz ibtidosini boshida koʻtarib yurishi, unga bir osiy kabi sigʻinib yashashi shartmikin? Baribir  Odam Ato bolalarining barchasini ustidagi jismdan vaqti kelib zarracha ham qism qolmaydi va ikki dunyo oraligʻida u beqiyos boʻladimi yoki sariq chaqagayam arzimasmi, soʻroqsiz albatta yechib olinadi. Bu grammafonning titilib ketgan eski plastinkasidek gap va bir vaqtning oʻzida yangisidek ham.

2020 yil, aprel. Margʻilon

Esseda Aziz Saidning “Paganinining soʻnggi konserti” dostonidagi  misralardan foydalanildi.