Yigirma birinchi asr boʻsagʻada turgan bir paytda Politexnika instituti qoshidagi akademik litseyning yuqori sinfida oʻqirdim. Oʻsha kezlari fevralning oʻn toʻrtinchi sanasida litsey binosi  Boburning tavallud ayyomini nishonlash qolib, ildizi nasroniylarga  borib taqaladigan “Sevishganlar kuni”ni ommaviy tarzda bayram qilishdek kufrga berilgan kelajagi porloq yoshlarning shodon aft-basharalariga toʻlib ketardi. Qizigʻi, har yili shunday boʻlardi.

14-fevral kuni litsey binosining har bitta qavatidagi foye oʻrtasiga parta qoʻyilib, uning ustiga katta-yu kichik va rang-barang yurak tasvirlari tushirilgan yaltiroq qogʻoz bilan oʻralib, yasatilgan qogʻoz quti qoʻyilar, kim koʻnglidagi insonga atab dil izhori bitilgan maktub yozgan boʻlsa ana oʻsha qutiga solar, kunning ertasiga maktublar taqsimlanib, oʻz egalariga yetkazilardi.

Oʻsha kuni bizning sinfda asosan, men va bir qiz sinfdoshimga maktublar yozilgan boʻlardi. “Maʼsul” shaxslar ularni bir dasta qilib qoʻlimga tutqazishganda sinfdagi barcha yigitlarning menga havasi kelar, men boʻlsam konvertlarga ahamiyatsiz bir buyumdek qarab, barini portfelimning ichiga yashirardim. Maktublarni oʻqimasdim, deya olmayman. Oʻqirdim, faqat yolgʻiz qolganda. Koʻpincha uyda. Shunda ham oxirigacha emas. Chunki, ularda nimalar yozilganini, qanday kechinmalar ifodalanganini, boshidan oxirigacha bir xil ruhda yozilgan ssenariy jonivorni yoddan bilardim.

 Har birini qoʻlimga olib koʻrarkanman,  ularga yaqindan tanishish uchun vosita sifatida qayd etilgan elektron pochta manzillarini koʻrib, oʻzimning haligacha elektron pochtam yoʻqligiga miyigʻimda kulsam, bachkana maktublar oxiriga imzo sifatida qoʻyilgan “Xurmat bilan Nilu”, “Samimiyat bilan Nozi”, “oddiygina qiz Dilya” kabi yozuvlar ensamni qotirardi. Oxirida ulardan yuragim batamom siqilar va uh tortgancha har birini gʻijimlab tashlardim.

-Tatyananing maktubiga oʻxshamas ekan, -derdim ularni gurillab yonayotgan choʻyan pechning ichiga tashlarkanman. — Birortasi oʻxshamaydi.  

Pushkinning “Yevgeniy Onegin” kitobi oʻsha yillari eng sevimli badiiy asarim edi. Shubhasiz, bu asarga qattiq mehr qoʻygan, ayniqsa, Tatyana obrazi idealimdagi muqaddas, pok va men jufti halol sifatida hayotimga kirgazmoqchi boʻlgan ayol siymosining quyib quygan oʻzginasi edi.

Men oʻz idealimdagi ayolni betinim unga mengzab yashardim. Har kuni oppoq tong otib, shirin uyqudan uygʻonganimda darrov yonimga oʻgirilarkanman, uni par yostiqqa aziz boshini qoʻyib, koʻzlarini yumib yotgan siymosi koʻzimga koʻrinar, hayajonlanib va seskanib uning istarali yuzini, ingichka lablarini va totli ifor taratib turgan uzun sochlarini qoʻllarim bilan xayolan silab-siypalardim. Nonushta qilayotgan paytimda uni roʻparamda koʻrar, u doim finjonda sut ichgancha meni tamaddi qilishimni jimgina kuzatib oʻtirardi. Ichi toʻkilib ketgan, sogʻ oʻrindigʻi qolmagan avtobus ichida — litsey sari tiqilinch sabab nafasim qaytgan bir alfozda ketayotganimda ham uni yonimda payqab qolardim. Xuddi menikiga oʻxshagan, lekin qizil rangda boʻlgan portfelini menga namoyishkorona koʻrsatib, jilmaygancha qoʻlini silkib, yoʻl boʻyi men bilan yonma-yon ketardi. Zerikarli darslar paytida esa uni oʻzimdan oldingi qatordagi partalardan birida ilgʻar, u vaqti-vaqti bilan men tomonga boshini burib, nima qilayotganim bilan qiziqib nigoh tashlab qoʻyardi.

Kechqurunlari  oʻqituvchilar tomonidan berilgan uy vazifalarini har gal vaqtli bajarib boʻlgach, ogʻir yuk yelkamdan agʻdarilgandek yengil tin olar, baʼzan xursandchilikdan baqirib xonamni boshimga koʻtarardim. Chunki, buyogʻiga erkinligim taʼminlanib, tonggacha birorta arzigulik badiiy kitob oʻqishim mumkin boʻlardi-da. Men boʻlsam qoʻlimga yana “Yevgeniy Onegin”ni olar va har safar Tatyananing maktubini ovozimni chiqarib oʻqir, oʻqishim davomida xonada bolalarcha begʻubor kulgu taralar va koʻp oʻtmay uning bir burchida oppoq, uzun va keng koʻylakda turgan sochlari uzun Tatyanaga koʻzim tushardi.

Men sizga yozaman — yana ne darkor?

Ne deya bilaman sizga myen yana?

Lekin bilamanki, sizning ixtiyor

Jazo bersangizda menga nafrat-la.

Shu yerdan men oʻqishni boshlagan maktubni goʻyo u davom ettirardi.

Qora yozmishimga bir tomchi qadar

Marhamat va shafqat qilgʻaysiz, lekin

Tashlab ketmagaysiz yanchib xayolim;

Avvallar men sukut etmoq istadim…

Shunday lahzalarda, biz u bilan bahru bayt oʻynayotganga oʻxshardik. Navbat bilan men toʻrt qator, u toʻrt qator aytar, ayrim hollarda maktub yakunini ovoz chiqarib oʻqish unga nasib qilardi. Maktub yakunlangach men oʻzimda jilovlanmagan sarxush kayfiyatni tuyarkanman, bir pasda oʻzimni har qanday bezovtaligu tushkunlikdan abadiy forigʻ boʻlgan kimsadek tutishni boshlardim.

Maktubni aslida  Onegin uchun moʻljalangani sira meni xafa qilmasdi. Tatyanani undan qizgʻonmasdim, rashk qilmasdim. Aksinsa, oʻzim Oneginga oʻxshashga intilardim. Birov bilan muloqot qilgan chogʻlarim unga oʻxshab dona-dona va sal kinoya bilan gapirar, koʻchada boshimni magʻrur, qaddimni alp tutib sal yon tomonga tashlab yurar, har sohada bilimdonligimni davra va gurunglarda haddim sigʻib namoyish etar, xullas unga taqlidimda hamma unsurlarni mayda detaligacha koʻzdan kochirmas, oʻzimni birgina jamiyat uchun ortiqcha odamdek tutmasdim, xolos.

Oʻshanda bu tomosha oʻspirinning shunchaki taqlididan koʻra men uchun koʻproq  ahamiyat kasb etardi. Gʻoʻr tafakkurimda shunday boʻlgan taqdirimdagina hayotda idealimdagi Tatyanani uchratishim mumkin, unga albatta Oneginga oʻxshaganlar yoqadi, boshqalar aslo yoqmaydi, maktubidan ayon barchasi deb oʻylar, oʻz navbatida menda ham Tatyanaga oʻxshamagan istalgan qizga nisbatan tuygʻularim sust, 14-fevralda menga maktub bitadigan Nilu, Nozi va Dilyalarga sirayam ehtiyojim yoʻq edi.

Bu asarni necha marta oʻqib chiqqanimni aniq eslolmayman. Koʻp marta qayta oʻqiganimdan bu esimda qolmagan yo sanoqdan adashib ketganman. Oybek tarjimasidagi oʻzbekcha variantini ham, asliyatdagisini ham qaytib-qaytib oʻqiganman. Har doim oʻqiganimda Tatyananing maktubi meni u yerdagi boshqa satrlarga qaraganda ziyodroq maftun etib, yuqorida aytganimdek oʻziga ipsiz bogʻlab olardi. Maktubda men istagan, nainki istagan, balki har bir ayol zotida men koʻrishni orzu qilgan barcha narsa — samimiy kechinmalar sharhi, bokira hislar ifodasi, sokin feʼl-atvor tarannumi mujassam edi.

Bir tomonda yillar bir-birini quvib oʻtaverardi. Nadomatkim, Tatʼyanadan darak boʻlmas, u faqatgina tasavvurimda yashar, u bilan xayolan yigirma toʻrt soat  birga boʻlsam-da, jisman unga egalik qila olmasdim. Oʻn toʻrtinchi fevral ham har yili takror-takror kelaverardi. Shu kuni odatdagidek oʻsha parta ustiga boshqatdan yasatilgan yaltiroq quti qoʻyilar, uning ichi otashin maktublarga toʻlar, kunning ertasiga maktublar yana oʻz egalariga topshirilardi. Doimgidek menga oʻtgan yilgidan qolishmagan sifat va sondagi maktublar yetkazilar, yildan yilga maktub oladigan sinfdoshlarim koʻpaygani sari maktublardan tashkil topgan xazinamga endi hech kim koʻzlarini baqraytirib eʼtibor bermas, birgina maktub yuborgan qizlarning yangilangan elektron pochtalarini hisobga olmasa, vaziyat aytarli oʻzgarishsiz yakuniga yetardi.

Toʻgʻri, baʼzida shunaqa paytlar boʻlardi. Birorta qiz koʻnglimga yoqib, qiziqishim sababchiciga aylanardi. Kiyinishimi, oʻzini tutishimi yo tashqi chiroyimi — ajratolmasdim buni. Feʼl-atvori desa ham boʻlaveradi. Lekin undan Tatyananing sifatlarini izlashim bilan darhol koʻnglim qolar, shu boʻyi litsey kutubxonasi yoki  majnuntol ostidagi bir-ikki kunlik qizgʻin suhbatdan soʻng unga boshqa qoramni koʻrsatmas, u bilan bir umrga xayrlashardim.

Boshqa tomondan oʻquvchilikdagi hayotim nihoyalab, institut talabasiga aylanarkanman,  jahon adabiyotiga qiziqishim butun borligʻimni mahv etib, tobora ongu-shuurimni yorugʻlik tezligida egallab borar, oqibatda, kundalik hayotim turli-tuman janrda yozilgan, yangidan yangi ajoyib asarlarni xazm qilishga bagʻishlanib ketib, kezi kelganda Tatyana haqida oʻylash tugul oʻzimdagi mutolaa ishtahasini nazorat qilishni, unga vaqtimni ravon tasarruf qilishni eplolmay qolardim.

Institutga endi qadam qoʻyganimda “Yevgeniy Onegin” hanuz sevimli asarim boʻlib, Tatyana obrazi idealimdagi pok ayol siymosi sifatida qilt etmay turar, men haligacha uni real hayotda uchratish mumkin deb, bunga ishonib yashardim. Shu bilan birga yangi qarashlar, yangi mulohazalar oʻchogʻiga aylanib borayotgan tafakkurim borgan sari turli-tuman ayol xarakterlari va prototiplariga duch kelishni boshlagan, bu meni andak havotirga ham solardi.

Institutni tamomlash arafasida Dostoyevskiy, Tolstoy, Balzak kabi daholarning soʻz va fikr mahorati mahsuli boʻlgan asarlari dunyoqarashimni yorib kirib, u yerda oʻz hukmronligini allaqachon oʻrnatib boʻlishgandi. Men buni avvaliga sezmadim, keyinchalik butun ogʻriqlari va tashvishlari bilan sezdim. Qachonki Remark, Kafka va Kamyu hayotimga kirib kelishganida bu ogʻriq yaqqol oʻzidan dalolat bera boshladi. Tasavvurimdagi Tatyananing siymosi yonida oʻnlab va yuzlab uning orasta qalbiga sira oʻxshamagan qalbdagi, begʻubor samimiylikdan minglab kilometr uzoqlikda boʻlgan, dilga mehrdan koʻra hadik solish xususiyatidagi satang, yengiltak, isyonkor ayol qiyofalari koʻrinish berib, bir pasda muqaddas idealim borasidagi qarashlarimga chang solib, uni ostin-ustun qilib, toʻzitib yuborishdi.

 Shunda tasavvurimda necha yillar muqim yashagan romantizmga janoza oʻqildi. Oʻlganning ustiga tepgan qilib Pushkin koʻzimga oddiydek koʻrina boshladi. “Yevgeniy Onegin” haqidagi qarashlarim jamlanmasiga hali sezilarli putur yetmagan boʻlsa-da, kutilmaganda koʻp oʻtmay Tatyanani boshqa orzulamay qoʻydim. Albatta, uni hamon xayolimda gavdalantirar, u mudom oʻsha yerdan ketmas, biroq men endi uni hayotdan topishga boshqa urinmas, umidim soʻnib, xafsalam pir boʻlib,  bu qiynalib yashashimga arzimaydi degan bemaʼni xulosa bilan kun kechirardim. Qoʻshimchasiga mutolaa qilgan kitoblarim natijasida tasavvurim chalkashib, unga kirib kelgan son-sanoqsiz ayol obrazlari taʼsirida asab hujayralarim kuchli zoʻriqqan va bu koʻngilsiz holat Tatyana bilan bogʻliq pokiza xayollarimga salbiy taʼsir qilardi. Endilikda men faqat  Tatyana haqida oʻylamas, aksincha Pushkin yuragimga mixlagan oʻsha ayol obrazidan tubdan farq qiladigan koʻplab noshud ayollar haqida ham xayol surardim.

Nazarimda, hayot ham zoʻr berib uni yoʻqotishimni kundan kunga tezlashtirardi. Unda toʻlib-toshib yotgan Nilu, Nozi va Dilyalar talabalik paytimda boshqacha qiyofalarda roʻparamdan chiqib, yanayam bachkana va xunukroq tuyulishar, ularga qarab hatto besh daqiqa suhbatlashishga koʻzim yetmas, oqibatda asabiylashib nishimni duch kelgan odamga sanchar, Tatyana kabi ideal ayol obrazini atrofda yoʻq deb baralla jar solar, kinoya va istehzolarim yangi ustozlarimning saʼy-harakatlariga evrilgan holda birgalikda meni soat sayin oʻtkir realist sifatida tarbiyalashardi.

Tatyana tasavvurimda qoʻl yetmas kengliklarga uzoqlasharkan, men ham qalbimdagi romantizm koʻmilgan qobigʻimdan tobora olislab, yangitda oʻzlashtirilgan realistik nuqtai nazarim oqibatida odamovi, chidab boʻlmas jizzaki va alamzada inson roliga kirar, bu rolim orqali tegramdagi odamlarning idrokida bir hissiz, yuragi boʻm-boʻsh, mehr berishga qodir boʻlmagan insonga aylanib borardim. Pushkin vujudimda tarbiyalagan romantizmning tuprogʻi sovumay turib, yangi ustozlarim tarbiyasidagi realizm Tangri qorgan loyimning zuvalasini toshdek qotirar, buning evaziga ayollarga ham qandaydir shu laʼnati realizm asnosida yondoshardim. Chunki tasavvurimda endi Tatyanaga oʻxshagan qishloqning tortinchoq, uyatchan va samimiy qizlari hayotda umuman uchramaydi degan xulosaga kelgan, har qanday jamiyat eriga xiyonat qilib bola orttirgan va isnodga chidolmay oʻzini poyezd ostiga tashlagan Anna Karenina, kuppa kunduz kuni foytun ichida oʻynashi bilan koʻngilxushlik qiladigan Bovari xonim, nuqul koʻk roʻmol kiyib yuradigan aqli noqis Sonya Marmeladova, otasi janob Gorioning oxirgi pullari evaziga oʻynashining qartada yutqazgan qarzini toʻlaydigan madam De Resto, karyera uchun hamma narsaga tayyor boʻlgan baxtiqaro Kerri va Remarkning piyonista-yu kashanda ayollaridan iboratdek, ularning orasida mening Tatyanam yoʻq boʻlib ketgandek tuyulaverar, u endi oppoq, uzun va keng koʻylakda hecham menga koʻrinmas, ortimdan esa borgan sari “Hissiz inson”, “U sevishga qodirmas”, “Oʻziga bino qoʻygan olifta” kabi gap-soʻzlar tinmasdi…

…Bugungi kunga kelib “Yevgeniy Onegin”ni oʻqimay qoʻyganman (Pushkinni-ku, umuman). U kitob javonimda — yuzlab kitoblar orasida qoʻl tekkizilmay yotadi. Ularning changini artayotganimdagina koʻzim tushadi, shunda ham eʼtibor bermayman. Har kuni Fargʻonadagi ish joyimga ketayotganimda esa zarurat yuzasidan haftada bir yoki ikki marta oʻzim oʻqigan litsey yonidan oʻtaman. Hozirgi kunga kelib uning darvozasi oldiga bekat tushgan, svetofor oʻrnatilgan va piyodalar yoʻlakchasi chizilgan. Shungami tez-tez qizil chiroqqa duch kelib, bekat yaqinida oʻttiz soniyaga toʻxtayman. Shunda koʻzim toʻrt qavatli litsey binosiga va bekatga kelib toʻxtagan avtobus ichidan otilib tushayotgan oʻquvchilarga tushadi. Tikilganim sari boʻgʻzimga nimadir tiqiladi. Vaqtning shu arzimas soniyalari ichida litsey, har yili 14-fevralda zalga qoʻyiladigan parta va yaltiroq quti, qizlarning oʻsmirlarcha ishqiy maktublari va oxirida Tatyananing pok siymosi koʻz oldimdan oʻtadi. Shu fursat oraligʻida yana oʻsha Tatyanani sevgan, uni oʻz ideali sifatida koʻrgan, unga topingan xayolparast oʻspiringa aylanaman. Ammo koʻk chiroq yonishi bilan ortimdagi mashina signal chala boshlaydi va endigina jonlana boshlagan oʻtmishdagi xotiralarimning beliga tepadi. Men  tezda oʻzimga kelib, gazni bosaman. Mashinani ikkinchi tezlikka olganimda, ortimdan signal chalgan mashina katta tezlikda chap tomonimdan quvib oʻtadi. Norozi bir qiyofada unga peshonamni tirishtirib, soʻkinishga shay holda qarayman. Uning rulida eri olib bergan mashinaga yastanib oʻtirib olgan, eng soʻnggi urfda kiyingan, pardozni doʻndirgan, oʻttiz yoshdan oshib ulgʻaygan “Xurmat bilan Nilu”, “Samimiyat bilan Nozi” yoki “Oddiygina qiz Dilya”lardan biriga  lip etib koʻzim tusharkan, kulimsirab hamda istehzoli nigohlarim bilan uni oldinga kuzatib qoʻyaman.

-Bovari xonim-ku!- deyman kinoya qilgancha mashinamni uchinchi tezlikka olarkanman. — Oʻlay agar huddi oʻzi!     

2020 yil, aprel. Margʻilon