Oʻshanda odamlar bu yerga asosan ummon orqali bahaybat kemalarda kelishardi. Har kuni yuzlab yoʻlovchilar kemalar narvonidan bandargohga tushisharkan, mening tasavvur qilib boʻlmas sirli qiyofamni koʻrib boshlarini koʻtarishganicha ogʻzilari lang ochilar, shu boʻyi joylaridan qimir etmay bir necha soniya sehrlangandek turib qolishar, soʻng uyqudan endi uygʻongandek gandiraklab salobatim ostida oyoq bosishardi.

-Filadelfiya, — deyishardi ular qoʻllari bilan men tomonga ishora qilib bir-birlarini turtishganicha.- Buncha goʻzal shahar boʻlmasa bu Filadelfiya!

Oʻshanda salobatim va mashhurligim jihatidan Amerikada Nyu-Yorkdan keyingi oʻrinda turar, minglab odamlar birgina meni koʻrish uchun dunyoning har burchagidan kelishar, panohimda bir kun yashash ularga ushalmas orzudek tuyulardi.

Qizigʻi, men bir qarashda ularning qayerdan ekanliklarini bilib olardim. Masalan, bandargohga sipo razm solib, sal kekkaygan holda tushgan, koʻpincha inkubatordan chiqqandek bir xil qora kostyum va shim kiygan, boʻyniga yoʻl-yoʻl boʻyinbogʻ osganlar — inglizlar boʻlishardi. Labida sigaret bilan, asabiylashib, soʻkinib, yon-atrofiga tupurib tushganlar — ruslar ekanligini bir zumda taxmin qilish mumkin edi. Fransuzlar doim oʻz ehtiroslarini yashirolmay, yoʻl davomida kemada boshlaridan kechirgan qisqa muhabbat mojarosiga oid hodisalarni goh mingʻirlab, goh baqirgancha bandargohni osmonga koʻtarishardi. Nemislarni kema bortidan tushgach, darrov choʻntaklaridagi siferblatni qoʻllariga olib, vaqtni koʻzdan kechirganliklari orqali tanirdim. Xoʻmraygan va hayotdan norozi bashara sohiblari koʻpincha Lotin Amerikasidan kelgan ispanlar bandargohda paydo boʻlishganda koʻpayar, yahudiylar boʻlsa qoʻllaridagi jomadonlarini mahkam bagʻrilariga bosib, choʻchib qadam olishardi.

Bir kuni (adashmasam oʻtgan asrning elliginchi yillari oxirlayotgan, 1958 yil edi shekilli) bandargohga kelib toʻxtagan kemalardan birining bortidan yoshgina xonim pastga tushdi. Ilk marta  bu yoʻlovchi qayerdan ekanligini aniqlay olmadim. U boshqalarga oʻxshamasdi. Mening salobatimdan boshi aylanishi va hayratlanishi tugul atrofiga qarab qoʻymadi. Kemadan tushgach, oʻzi bilan birga pastlagan — oltmish yoshlardagi, novcha, qora shlyapa kiygan, koʻzoynakli, choʻqqi soqol kishiga ergashib sekin qadam olib keta boshladi.

Uning uzunchoq yuzi kasalmandlarnikiga oʻxshab zaʼfaron, moviyrang koʻzlari maʼyus, oriqligidan beliga qora tasma oʻtkazilgan sutrang koʻylagi esayotgan kuz shabadasida yopishmasdan egnida xilpirar, tovoni baland jigarrang tuflisida yurishga oʻngʻaysizlanib sal oqsoqlanar, qoʻlidagi jomadonini har oʻn besh-yigirma qadamda  u qoʻlidan bu qoʻliga olardi.

U roʻparalariga kelib toʻxtagan, tepasiga “taksi” yozuvli belgi oʻrnatilgan “Ford”ga oʻtirishdan oldin, yoʻlovchilarni tushirib pishqirgancha yoʻlida davom etgan kema ortidan bir muddat qarab qoldi. Keyin kichkina lablari bilinar-bilinmas pichirladi:

Kema ketib boʻldi

Qoldi faqat ufqqa tomon

Unutilgan oppoq qoʻllaring

(salom, salom)

Qachonlardir kema izidan

Bir qush boʻlib otilgum oʻqday…

Ular taksiga oʻtirib, gʻarbiy qismimda joylashgan arzon kasalxonalardan biriga borishganida esayotgan shabada kuchli shamolga aylanib ulgurgandi. Bu kasalxonada asosan sharqiy Ovroʻpodan kelgan, butun Amerika boʻylab tarqalgan faqir muhojirlar davolanishar, uni Qizil Xoch jamiyati oʻz qaramogʻiga olgan, shungami birorta amerikalik bu yerga sogʻligʻini koʻrsatgani oʻlib qolsa kelmas, kerik tasavvurida or qilar, koʻcha dunyoqarashida bu yer sadaqalardan qaror topgan davolanish maskani hisoblanardi.

-Sizga ajratilgan xona tayyor,- dedi ularni kasalxonada qarshi olgan istarasi issiq hamshira yosh xonim uzatgan qoʻlini siqib qoʻyib. – Uchinchi qavatda. Men bilan yuring!

Uchinchi qavatga liftda koʻtarilib, bir kishilik koʻrimsiz xonaga kirishganida xonaning ochiq qolgan derazasi shamol taʼsirida gʻichirlar, xona ham goʻyo unga qoʻshilib gʻingshib qoʻshiq kuylardi.

-Xalina Posvyatovskaya,- dedi hamshira xonaning derazalarini yopib qoʻygach, qoʻlidagi daftarni  varaqlab koʻrib.

-Ha, men oʻsha,- dedi yoshgina xonim sherigiga bir qarab olib.

— Yoshi yigirma uchda,- davom etdi hamshira.- Polshadan. Amerikadagi polyak muhojirlari tashkiloti tavsiyasiga koʻra yuragini operatsiya qildirgani bu yerga yuborilgan.

-Hammasi toʻgʻri,- dedi shu paytgacha jim turgan kishi. — Operatsiya harajatlarini qisman tashkilot,  qisman Qizil Xoch jamiyati toʻlaydi. Men oʻsha tashkilot vakiliman. Mana bu esa Qizil Xoch jamiyatining yoʻllanmasi.

Hamshira yoʻllanmani olib, uni koʻzdan kechirib chiqdi. Tushunarli degandek boshini irgʻab chiqib ketganidan soʻng, boyagi kishi shoshilmay Xalinaning oldiga keldi.

-Biror narsa zarur boʻlib qolsa aytarsiz, pani Posvyatovskaya,- dedi tomogʻini qirib.- Sizda tashkilotning Filadelfiyadagi boʻlimi telefon raqami bor.

-Minnatdorman barchasi uchun, pan professor!

Xalina bir oʻzi qolgach, xonadagi temir karavotning chekkasiga omonatgina oʻtirdi. Keyin birma-bir ostonada qolgan jomadoniga, xona burchagidagi bittayu bitta kichkina javonga, karavot tepasidagi Isoning xochga mixlangani aks etgan kartinaga tikildi. Oxirida shamol chertib tinmayotgan deraza tomonga…

-Xalina Posvyatovskaya, yoshi yigirma uchda,- dedi hamshiraning gaplarini qaytarib va oʻrnidan turib deraza oldiga keldi. U yerda xuddi bandargohda olislab ketayotgan kemani kuzatgandagidek nigoh bilan atrofga razm soldi va oʻshanda boʻlgani kabi lablari bu safar ham ilkis pichirladi:

Men- Julyetta

Yoshim yigirma uchda.

Qachondir sevgini tatib koʻrgandim

Achchiq edi u

Bir finjon qahvaday.

U tezlatdi

Yuragim zarbin

Qattiq hazillashib vujudim bilan

Uygʻotdi hislarim

Va ketdi…

Aftidan u bandargohda ham, hozir ham sheʼr oʻqigandi. Buni uning soʻzlash ohangidan va boʻgʻzidan bir ritmda terilib chiqqan soʻzlar ketma-ketligidan anglash qiyin emasdi. Bu yerda ham unga oʻxshab shunaqa gapiradigan ikkitasi bor edi. Biri nuqul mushuklar haqida sheʼr yozadigan- Tomas Elliot boʻlsa, ikkinchisi qadrdonim Nyu-Yorkning faxriga aylangan, Brodvey teatrida har hafta odam toʻplash boʻyicha rekord qoʻyadigan, anshlaglar qiroli — Yudjin O Nill edi. Ammo ular bilan solishtirganda Xalinaning soʻzlari ohangrabodek quloqqa yoqar, uni tinglab ruhim ostin-ustun boʻlib, larzaga kelardi.

Bir muddat jim turgach, kuchli shamol esayotganiga qaramay Xalina deraza oynasini ochdi. Ichkariga shamol otilib kirdi. Unga qoʻshilib kuzning achqimtir havosi yana xona boʻylab taraldi. Ana shu havodan simirib, qiziqish aralash, oyoqlari uchida turib u atrofga boʻynini choʻzdi. Unga eʼtibor qaratarkanman, mana endi u mening asl salobatimni his qilib hayratlanadi deb, taxmin qila boshladim. Chunki, osmonoʻpar binolarimni, koʻchalardagi “Ford” dan tortib “Shevrole”gacha yastanib yurgan rang-barang mashinalarimni, poʻrim kiyingan ishbilarmon va oʻtkir zehnli  oʻgʻil-qizlarimni u bir maromda kuzatishga tushdi.

-Buncha shovqinli boʻlmasa bu shahar, -dedi  bir mahal xafsalamni pir qilib.- Varshavaning tamomila aksi-ku!

Uning gaplaridan men tamakidek tutab ketdim. Turib-turib Varshava bilan meni solishtirgani alam qildi. Men qayerda-yu, chekka va ovloq joydagi Varshava qayerda… Shu kungacha meni Ovroʻpodagi faqat uchta shahar — London, Parij yoki Rim bilan qiyoslashardi. Hatto, Berlin yoki Madrid ham men bilan raqobatlasha olmasdi. Eng baland binosi olti qavatdan tepaga koʻtarilmagan, koʻchalari loy va changga qorishgan, biror bir maqtansa arzigulik hashamatli inshooti boʻlmagan, koʻrimsiz va tund shahar bilan taqqoslanishim beixtiyor bemaʼnilikdek tuyulib, bir pasda nafsoniyatimga tegib ketdi.

Xalina bu vaqtga kelib jomadonini ochib, undan sariq muqovali bir kitobni qoʻliga olgancha shirin mutolaaga shoʻngʻib ketgandi. Kitobning muqovasiga “Adam Miskevich. Tanlangan sheʼrlar va dostonlar” deb yozib qoʻyilgan boʻlib, uning deyarli har bir sahifasidagi yozuvlar ostiga qalam bilan chizib qoʻyilgandi. Hatto, hozir ham Xalina mutolaa qilish bilan birga sahifadan sahifaga oʻtarkan, qalam yordamida ayrim soʻzlarning ostiga chizib-chizib qoʻyardi.

-Yigirma uch yoshli Julyetta,- dedi u picha oʻtib kitobdan boshini koʻtargach, yana deraza tomonga oʻgirilib va oʻziga oʻzi gapira boshladi. – Mana bir oʻzing shu toʻrt devorni ichida qolding. Eh, Julyetta, Julyetta! Vatandan uzoqda, begona shaharda, yot odamlar orasida qolding. Yagona ovunadigan narsang hali qogʻozga tushirmagan sheʼrlaring va aziz ustozing Miskevichning kitobi… Ikki hafta yoʻlda oʻtdi. Ikki haftadan beri Varshavada emassan endi. Avval temir yoʻl, keyin ummon seni qadrdon shahringdan olisladi. Uni har kuni tushlaringda koʻrding. Perronda ham, kayutada ham. Sogʻinding. Toʻgʻrimi, Julyetta? Sogʻinding! Uning koʻp narsalarini sogʻinding. Rahmatli ering Adolf bilan birga qoʻltiqlashib yurgan sokin koʻchalarini, oʻzing doim ertalab shirin kulcha olgani boradigan novvoyxonasini, hududida Shopenning haykali qad rostlagan, dilga payvand istirohat bogʻini, boʻyoqlari koʻchib ketgancha relslarda koʻzlari moʻltirab qatnaydigan tramvaylarini… Hatto, kayutada uni eslab sheʼr yozding, qogʻozga tushirmay, dilingda yozding. Qanday boshlanardi oʻsha sheʼr-a, ha mana bunday:

Azobli sogʻinchdan yozaman sheʼrlar

Bu sogʻinch

Kemirar tanimning kuychi mevasin

Tikilaman yolgʻiz barmoqlarimga-

Ulardan besh doston oʻstira olgum

Qimtilgan labingga teginganimcha

Pichirlayman

Shunda soʻzlar

Ulkan suv ritmida tebrana boshlar

Sheʼrga aylanganicha

Ivigan

Shoʻr sheʼrlar asta oqib tushar

Yuzingdan…

Bir oz oʻtib, hamshira uni chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvga olib chiqib ketdi. Men boʻsh qolgan xonaga jilovsiz gʻazab bilan koʻz tashladim. Birinchi marta Filadelfiyaga kelgan odam bolasi salobatimdan taʼsirlanmagani, qiyofamga befarq qaragani, ruhimni sira payqamagani, menga eʼtibor bermay mensimagani alam qildi. Varshava… Uni qanaqa shahar ekanini yaxshi bilardim. London va Parij qishin-yozin  uning ustidan kulib menga turli-tuman telegrammalar yuborishardi. Endilikda yubormay qoʻyishdi. Rimning aytishicha, Varshava shunchalik abgor va yoʻqsilligidan, hatto mazax qilishga  arzimas ekan. Bu uchchovi oʻz vaqtida men va Nyu Yorkka u haqida rosa koʻp kulguli latifalarni yetkazishgandi. Ular hozir esimda yoʻq. Birortasini eslab qolmaganman hatto. Lekin oʻshanda ularni oʻqib xaxolab kulganim esimda. Yana esimda qolgani anavi uchchala yaramas uni “Moskvaning tutingan ukasi” deyishardi. Shunaqa bir qiyofadagi shaharni manavi oyimtilla sogʻinib, sal boʻlmasa koʻz yoshi toʻkaman deb oʻtiribdi.

-Sal shovqining tinsa-ku Filadelfiya! Buncha sokinlikdan nafratlanasan!

Tibbiy tekshiruvdan qaytgan Xalinaning deraza oldida aytgan mazkur gaplari yuzimga tarsaki boʻlib tushdi. Uning gaplaridan tilim aylanmay qotib qoldim.

-Varshava,- dedi u men hali oʻzimga kelib ulgurmay olislarga tikilib.- Bilaman, sen olisdasan. Huv anavi mavjlanayotgan ummon ortidasan. Meni eshitmaysan. Shunga qaramay senga bitta gapni aytishim kerak. Men Krakov yaqinidagi Chenstoxovada tugʻildim. Bolaligim oʻsha yerda oʻtdi. U yerda yomon yashamadim-hech nolimayman. Koʻcha changitib, yirtiq-yamoq kiyinib, boshqa juldirvoqi bolalardek shoʻxliklar qilib qanday qilib urush boshlanganini sezmay qoldim.

Urush paytida koʻshnilarga qoʻshilib onam bilan qishloq tegirmonchisining yertoʻlasida jon saqlardik. Kunlik taom menyumiz quruq qotgan non va koʻlmak suvidan iborat boʻlardi. Baʼzida aynigan konserva yoki hidlangan kolbasa topilardi… Onam oʻshanda menga ertaklar aytib berish oʻrniga sen haqingda hikoya qilib berardi. Ha, sen haqingda. U shu yoʻl bilan aynigan konserva agʻdargan ichimdagi davomiy ogʻriqni unutkizardi. Oqshom paytlari doim uning hikoyalarini tinglash orqali senga nisbatan yuragimda muhabbat ulgʻayar, seni judayam olisda deb oʻylab entikar, qoʻlim yetmas yerda ekaningga shubha qilmay orzular ogʻushida shirin uyquga ketardim.

Ertasiga esa  yertoʻlaning zax havosidan nafasim boʻgʻilib, gohida  qoʻlimdagi kir lattaga oʻralgan qoʻgʻirchogʻim bilan uning siniq darchasi oldiga kelar va u yerdan turib kuyib kulgan aylangan uylarni, mina pachoqlagan daraxtlarni, snaryad oʻpirgan yerlarni,  koʻchada sasib yotgan oʻliklarni, bir safda qator boʻlib va menga tushunarsiz tilda qoʻshiq kuylab  oʻtayotgan nemis askarlarini kuzatarkanman, bir pasda ularni unutar va quyosh chiqqan mashriq tomonga tikilardim. Chunki onam seni kun chiqar tarafda derdi va unga tikilsam yuzimni silay boshlagan oftobning iliq taftida sening qoʻllaringni  his qilgandek boʻlardim.

Bu dahshatli urush yillaridan ortirganim toʻrt narsa — yoʻqotilgan bolaligim,  murgʻak koʻnglimni ezgan bir olam iztirob,  yuragimni ishdan chiqargan revmakardit kasalligi va senga nisbatan  orttirilgan qaynoq muhabbat boʻldi. Senga muhabbatim shu qadar ulugʻvor va kuchli ediki,  kezi kelganda u tarozuning ikkinchi pallasidagi laʼnati urush qoldirgan jarohat bilan hastalik uqubatlaridan koʻra koʻproq tosh bosardi.

Keyinchalik Adolf hayotimga kirib keldi. Mehribonim, suyanchigʻim, quvonchim…U tufayli seni koʻrdim. Hayotimda ilk marta. Erim qoʻltigʻimdan tutib seni ertalabdan  qosh qoraygunicha aylantirdi. Oʻshanda may edi. Atrofda bahorning iliq nafasi kezardi. Bahorning mayin shabadasi epkiga yuzimni tutgancha, tosh koʻchalaringni oyoqlarim yayrab bosdim, favvoralaringda yuzimni qaytib-qaytib yuvdim, tramvaylaringda xushxol sayr qildim, kafelaringdan birida tamaddi qildim, eng katta teatringda cahnalashtirilgan “Romeo va Julyetta”ni koʻrdim…

Varshava, hozir ham seni oʻlgudek yaxshi koʻraman. Yana seni koʻramanmi yoʻqmi, bilmayman. Ertalab soat toʻqqizda yuragimni operatsiya qilishadi. Undagi nuqson jiddiy ekan. Operatsiyani kechiktirib boʻlmasmish. Vrach tekshirib koʻrib shunday dedi… Men sezyapman. Operatsiyadan tiriq chiqishim gumon. Garchi ozgina umid bor boʻlsa-da… Ehtimol shu operatsiyadan soʻng farishtaga aylanib, suyukligim  Adolfning oldiga uchib ketarman… Ammo oʻzim qaytib bormasam-da,  hech boʻlmaganda jasadim, xokim boradi oldingga. Muhojirlar qoʻmitasiga aytaman, mabodo oʻlsam meni tuprogʻingga — Adolfning yoniga koʻmishadi.

Xalina kechasi bilan uxlolmadi. Karavotga oʻtirib, parishon bir ahvolda, gapirmay, qoʻllari bilan tizzalarini mahkam tutgancha ancha vaqt  mijja qoqmadi. Keyin jomadonidan oppoq qogʻoz, siyohdon va ruchka olib qogʻozni toʻldira boshladi.

Sutkalar shu qadar uzunki

Bir necha bor oʻlmasam

Sutkasiga

Nima bilan toʻldirgum vaqtni?

Qoʻllarim toʻldirgan uni

Toʻldirgan kokillarim

Oʻrgimchakning zahmatli mehnati

Bu toʻr

U ketgan chogʻ

Yengil tortgum negadir gʻoyat

Maʼnosin yoʻqotgan

Bir parcha yerday…

Uyqusida u yanayam xotirjam koʻrinardi.  Xuddi qachonlardir Parij soʻzlab bergan  “Uyqudagi malika” ertagidagi sohibjamolga oʻxshab uxlardi. Uyqu elitganda uning zaʼfaron yuzi tiniqlashib, onda-sonda pirpirayotgan kipriklari uning favqulodda chiroyli koʻzlariga oʻzlarini qoʻriqchilik qilayotgandek tutishar, qirmizi lablari esa bilinar-bilinmas yengil titrardi. Men deraza yaqiniga kelib, uning yuzini xayolan silarkanman, ayni shu damda uyqu nimaligini bilmay panohimdagi koʻngilochar maskanlarda tong ottirayotgan oʻzimning oʻgʻil-qizlarim xayolimdan oʻtishdi.

Ular… Filadelfiyaning bolalari… Ular ham meni shu mushtipar ayol Varshavani sevgani kabi sevisharmikin? Eng soʻnggi urfda kiyinadigan, Amerikaning faxriga aylangan avtokonsernlar ishlab chiqargan mashinalarda lablaridagi sigaretni burqsitib, kibr bilan yuradigan, kinoteatrlarda Chaplin va Viviyen Lining oʻttizinchi va qirqinchi yillarda ishlangan filmlarini sira meʼdalariga tegizmay koʻradigan, restoranlarda jazz tinglab, shotland viskisi va ispan tekillasidan boshqa ichimlikni ogʻzilariga olmaydigan, oxirgi paytlarda kundalik mavzulari kursisidagi muddati tugayotgan Duayt Eyzenxauerdan soʻng prezidentlik lavozimiga kim munosibligini muhokama qilish-u yosh siyosatchi Jon Kennedi irod qilgan nutqlarni maqtash boʻlib qolgan va yetarli pul jamgʻarishlari bilan qoʻllarini oyoqlariga olib Nyu-York sari juftakni rostlaydigan bolalarim meni bir otadek koʻrib, chin dildan, sof muhabbat bilan sevishadimi yoʻqmi?!

Men Xalinaning yuzini xayolan tinmay silardim. Dagʻal qoʻllarim bilan deraza oynasi ortidan unga otalarcha boʻsa yuborarkanman, negadir shu tobda yuragimda unga nisbatan mehr va hayrixohlik uygʻona boshlaganini ilgʻar, uning keyingi taqdirini oʻylab besaranjom boʻlardim. Qolaversa, nafasim boʻgʻilib olisdagi  Varshavaga murojaat qilardim.

“Varshava, bir umr ustingdan kulib keldim. Bearmon kuldim, mazax qildim, seni bir tiyinga olmadim.  Seni oʻzim hurmat qilgan London, Parij va Rim bilan bir qatorda koʻrmadim. Biror marta mensimadim, eʼtiborga olmadim. Ammo bugun bildimki, aslida mening ustimdan kulish kerak ekan. Chunki, hali birorta oʻgʻil-qizim oʻzga yurtda meni sogʻinib qoʻmsaganini eshitgan emasman. Manavi qizing esa seni tinmay esladi. Qoyil! Bu yerga kelgan kunidan boshlab uyqu uchun yostiqqa bosh qoʻygunicha sening noming tilidan tushmadi. O, Varshava! Duo qil uni, maylimi? Xalinani duo qil!”

— Xalina, tayyormisiz?

Hamshira sherigi bilan gʻildirakli zambilda xonaga kirganini koʻrib Xalina bir unga, bir qoʻlidagi noʼmalum erkakning (eri Adolfning boʻlsa kerak) suratiga qarab mahzun kulimsiradi.

-Soat tezda toʻqqiz boʻldimi?

Hamshira xuddi shunday degancha yelkasini qisib qoʻydi va qoʻltigʻiga qistirilgan oppoq matoni unga uzatdi.

-Kiyimlaringizni yechib buni kiyib oling. Operatsiya paytida bemorlar kiyadigan koʻylak.

Koʻylakni qoʻliga olgach, Xalina bir lahza unga dovdirab tikilib turdi. Dimogʻiga tutib uzoq hidladi. Uni kiyishdan oldin karavot tepasidagi chormixga tortilgan Iso paygʻambar tasvirlangan kartinaga qarab uzoq choʻqindi. Choʻqinib boʻlgach, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

-Xalina, hali hayotingiz oldinda,- dedi buni koʻrib hamshira uni quchib dalda berarkan.- Operatsiya yaxshi oʻtadi, bunga ishoning!

-Ishonaman, -dedi u koʻz yoshlarini birma-bir artib.- Ishonmasdan qayerga ham borardim. Operatsiyadan chiqqach, koʻp yotmayman. Tezda Varshavaga qaytaman. U yerda Universitetga oʻqishga kiraman. Falsafani oʻrganaman. Sheʼr yozishda davom etaman. Mayli qofiya va vaznga solinmagan sheʼrlar boʻlsa-da, oʻqiganlar ularni Miskevich darajasidan past, bir havaskorning sheʼrlari deyishsa-da,  yozaveraman, yozaveraman.  Koʻp yozaman. Har kuni, har soat, har daqiqada… Ular vaqti kelib ommaviy tarzda gazetalarda chiqadi. Keyin ularni katta kitob holida nashr qildiraman. Universitetni tamomlagach esa  Miskevich, Varshava va Polsha tarixi haqida maqolalar yozaman. Erim Adolf haqida xotiralar, memuar ham.

U soʻzlash bilan bir vaqtda operatsiya paytida bemorlar kiyadigan yengsiz koʻylakni kiyarkan, hamshira unga zimdan achinib qarardi.

-Keyin bir kun kelib adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofoti olasiz, -uning gapiga yakun yasadi hamshira koʻp oʻtmay yana bir marta uni quchib, taskin berarkan.

-Nobel mukofoti?!- hayron boʻldi Xalina zambilga yotib, ustiga choyshabni tashlarkan va birdan qah-qah urib kulib yubordi.- Ha, Nobel mukofotini ham olaman. Demak, uzoq umr koʻrarkanman. Chunki, ushbu mukofotni chol va kampirlarga berishadi-da!

Uni zambilda xonadan olib chiqishganda, eshik oldida  shlyapasini qoʻliga tutib, mulzam holda turgan professor unga yaqinlashdi. Unga koʻzi tushgach, Xalinaning rangi birdan oqarib ketdi. Lablaridagi kulgudan asar qolmadi.

-Professor, professor,- dedi uning qoʻllarini qattiq ushlab ogʻir-ogʻir nafas olarkan- Qarang bularni… qarang… meni operatsiya stoliga olib kirib ketishyapti. Buncha tez boʻlmasa… buncha tez… Varshavani yana koʻrarmikinman? Ayting, yana koʻramanmi? Qadrdonim Varshavani…

Professor peshonasidan oʻpib uni tinchlantirgandek boʻldi.

-Albatta, pani Posvyatovskaya! Varshavani koʻrasiz yana. Nasib qilsa hali birga qaytamiz. Oʻsha kemada.

-Mabodo, operatsiyadan chiqmasam bu yerga dafn etmanglar meni. Xoʻpmi? Jasadimni Varshavaga olib boringlar! Erim Adolfning yoniga qoʻyinglar! Qoʻmitaga ayting shuni. Soʻz bering aytishga, iltimos!

-Xoʻp, qizim… Xoʻp…

Yoʻlakda odam koʻp edi. Hamshiralar, vrachlar, bemorlar bir-birlariga halaqit bergancha uni toʻldirishgan,  boz ustiga gʻala-gʻovur quloqni qomatga keltirardi. Buning natijasida zambilni gʻildiratib yetaklab liftni oldiga borguncha koʻp vaqt oʻtib ketdi. Yigʻlayotgan koʻzlarini yoʻlak boʻylab yumib ketgan Xalina liftga kirgachgina ularni ochdi.

-Men — Julyetta, yoshim yigirma uchda,- dedi liftning eshiklari yopilgach, shiftga bemajol tikilarkan nogahon.- Varshavani yana koʻrarmikinman?!

Esseda Gulnoz Moʻminova tarjimasidagi Xalina Posvyatovskaya sheʼrlaridan foydalanildi.

2020 yil, aprel, Margʻilon